Jamiyat

 “Prezidentni o‘g‘irlash normal emas” – o‘zbekistonliklar Venesueladagi operatsiyani qanday kuzatdi?

Published

on


2026 yilning dastlabki kunlaridan AQShning Venesueladagi operatsiyasi eng asosiy siyosiy hangoma bo‘lib turibdi. Dunyo hamjamiyati ko‘proq Trampning bu qarorini tanqid qilmoqda, suveren davlatning prezidentini o‘g‘irlab ketish – uning va mamlakatining daxlsizligi buzilishi deya baholanmoqda. Xo‘sh, o‘zbekistonliklar bu voqealarni qanday kuzatdi? Kun.uz yurtdoshlarimiz o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

2 yanvardan 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh maxsus kuchlari Venesuela prezidenti va uning rafiqasini yashin tezligida o‘g‘irlab, Nyu Yorkka olib ketdi. Operatsiyani amalga oshirishga 1 soat ham vaqt ketmadi, hammasi silliq kechdi. Buning uchun maxsus xizmatlar oylab tayyorgarlik ko‘rgani matbuotda ko‘p yoritildi.

Ayni dam Nikolas Maduro va uning rafiqasi Nyu Yorkda, keyingi sudni kutmoqda. AQSh o‘z ishini oqlaydi, Maduro boshliq ro‘yxatda borlar Amerikaga narkokontrabanda va boshqa xavflarni yaratishda ayblangan. Biroq jahon hamjamiyati, AQShning NATOdagi ittifoqchilari va dunyo siyosatchilari bu borada Trampning yonini olayotgani yo‘q. Maduroning diktatorligi yoki emasligi ikkinchi darajaga tushgan.

Hafta boshida Toshkent shahar IIBga Donald Tramp ustidan shikoyat yo‘llagan fuqaroning qo‘ng‘iroq yozuvlari keng tarqalib, muhokamaga sabab bo‘ldi. Kun.uz poytaxtliklar o‘rtasida ayni mavzuda so‘rovnoma o‘tkazdi. Mikrofon tutilgan ko‘pchilik avvalo, bu mavzuda gapirishni istamadi. Biroq o‘z fikrini bayon etganlarning deyarli hammasi AQShning bu operatsiyasini keskin qoraladi.

“Maduro suveren davlat prezidenti, AQSh bu mamlakat chegaralarini buzib kirdi va prezidentni o‘g‘irlab, uning daxlsizligini buzdi. Agarda sud BMT qonun-qoidalari asosida bo‘lganida, buni balki tushunsa bo‘lardi, lekin hozirgi sharoitda Amerikaning tutgan yo‘lini umuman oqlab bo‘lmaydi”, deydi yosh respondent.

Yurtdoshlarimiz bo‘layotgan qonunsizlikda dunyo davlatlarining o‘zini, tizim va ayniqsa BMTni ham ayblashdi.

“Negadir bo‘layotgan voqealar fonida hamma jim, davlat rahbarlari jim o‘tiribdi. BMT kelishuvlari bor, shu asosida hal qilish kerak edi. AQSh nohaqlik qildi, Venesuela xalqiga nisbatan ham. Biroq xalqning qo‘lidan ham hech nima kelmaydi”, deydi o‘zbekistonliklar.

Yana bir ayol esa AQShni “qonunsiz davlat” deya atadi. Har bir davlat prezidentiga nisbatan shunday yondashilsa, nima bo‘ladi, deya qo‘shimcha qiladi ayol.

Yana bir javob beruvchi yurtdoshimiz hammasi ortida AQSh manfaatlari turgani, Venesuelaning boyligi va nefti uchun bunday qilinganini aytdi.

“Boyligi, nefti uchun qildi. Aytilayotgan gaplarning hammasi bahona, u bahonalarni O‘zbekistonga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Venesuela neftga eng boy davlat, lekin eng qashshoqlardan ham”, deydi vatandoshimiz.

So‘rovnomada qatnashganlar ichida O‘zbekistondagi tinch siyosiy tizimda shukronalik ruhida yashayotgani uchun rahbariyatdan minnatdor, AQSh-Venesuela kabi mavzularning muhokamasi joiz emas degan qarashdagilar ham bor.

So‘rovnomani Kun.uzʼning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qiling.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version