Connect with us

Jamiyat

Prezidentga Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilganidek, mazkur loyihalar ilg‘or xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ularda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadli ko‘rsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda. 

Islohotlar dasturlari va Davlat dasturining bir-biridan farqli jihatlariga alohida to‘xtalindi. 

Islohotlar dasturlari davlatimiz rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan. 

Bular mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish hamda ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish hamda davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni ta’minlash orqali uni yuksaltirish. 

Bu dasturlarda “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga o‘tilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga mo‘ljallangan ijro natijalari bo‘yicha KPI belgilangan. Dasturlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan mas’ul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.

 “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026 yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi. Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, 23 yanvar – 1 fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targ‘ib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Oliygohlar va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari o‘tkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qo‘shimcha tashabbuslar bildirildi. 

Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, Davlat dasturi loyihasiga kiritildi. 

Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar qo‘llab quvvatlandi. 

Shuningdek, mahalla mablag‘lari sarfi bo‘yicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yo‘llar, piyodalar va veloyo‘laklarni tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qat’iylashtirish, energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar qiziqarli deb topildi.

Bundan tashqari, AQSh, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozog‘istonda vatandoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qo‘shimcha takliflar olindi. 

Xorijdagi vatandoshlar nodavlat maktablar faoliyatini rivojlantirish uchun aniq, barqaror va shaffof litsenziyalash hamda nazorat mexanizmlarini joriy etish, amaliyot jarayonida o‘quvchilarni yo‘naltiruvchi korxona mutaxassislari uchun rag‘batlantirish va mas’uliyat tizimini tatbiq qilish, bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha xavf guruhlarini aniq belgilaydigan yagona raqamli skrining tizimini joriy etish, imtiyozli kreditlarni ajratishda “natijaga bog‘langan imtiyoz” (performance-based subsidy) modelini, eksport qiluvchi korxonalar uchun esa “Export-as-a-service” modelini joriy qilish, ya’ni logistika, bojxona, sertifikatlash, marketing va to‘lov masalalarini yagona operator orqali kompleks xizmat sifatida taqdim etish, advokatlar uchun elektron navbat olish jarayoni bo‘yicha qo‘llanma va videoyo‘riqnomalar tayyorlash kabi takliflarni bildirgan.

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion so‘m ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. 

Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi. 

Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan mas’ullar har chorakda ijro holati yuzasidan Prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qat’iy nazoratga olish uchun mas’ul bo‘ladi. 

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi. Barcha islohot va chora-tadbirlar, avvalo, odamlar hayotida aniq natija berishi – yangi ish o‘rinlari ko‘payishi, daromadlar o‘sishi va aholi roziligida o‘z aksini topishi zarurligi qayd etildi.  



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Jaziramada ochiq havodagi ishlar cheklanishi mumkin

Published

on


O‘zbekistonda anomal issiq va jazirama kuchayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.

Inspeksiya tavsiyasiga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — soat 11:00dan 16:00gacha tashqi ishlar qisqartirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi lozim. Shuningdek, ushbu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklash ham tavsiya etilmoqda.

Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi.

Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga xodimlarni doimiy ravishda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, soya yoki sovutiladigan dam olish joylarini tashkil etish, yengil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish, issiq urishi va suvsizlanish alomatlari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.

Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shartligi eslatildi.

Inspeksiya mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish faqat tavsiya emas, balki ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyati ekanini ta’kidladi. Ogohlantirilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi

Published

on


Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.

Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.

Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.

Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.

“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi

Published

on


Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.

Foto: EPA / YONHAP / TASS

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi

Published

on


Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.

2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.

Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi

Published

on


Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.

17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.

Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.

Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.