Jamiyat
Prezident zamonaviy yo‘l, energetika va shaharsozlik loyihalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Viloyat markazini M-39 xalqaro avtomobil yo‘liga bog‘lash maqsadida qariyb 290 milliard so‘m hisobidan 700 metrlik yo‘l o‘tkazgich va 4 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurildi.
Yangi yo‘l har kuni 14 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Shu paytgacha mazkur yo‘nalishdan aholi shaharga kirish-chiqish uchun 25 kilometrlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur edi. Yangi inshoot tufayli bu masofa 4 kilometrgacha qisqardi, eski yo‘ldagi tirbandliklar bartaraf etildi. Bu nafaqat haydovchilar, balki tadbirkorlar, logistika va xizmat ko‘rsatish sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Metall konstruksiyalardan zamonaviy texnologiya asosida barpo etilgan o‘tkazgichning xizmat muddati 100 yil deb baholanmoqda. An’anaviy temir-beton o‘tkazgichlar odatda 50 yil xizmat qiladi. Demak, xizmat muddati ikki barobarga uzaydi.
Loyihaning yana bir muhim jihati – ilgari yo‘lovchi va yuk poyezdlar o‘tgan paytda avtomobillar temir yo‘l kesishmasida to‘xtab qolishga majbur edi, endilikda esa yo‘l o‘tkazgich qurilgani tufayli tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va boshqa maxsus xizmatlarning harakati ancha yengillashadi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga atom energetikasi loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berildi.
Ayni paytda Jizzax viloyatida integratsiyalashgan ikkita kam quvvatli reaktor va ikkita katta reaktordan iborat atom elektr stansiyasini barpo etish boshlangan.
Hozirgi bosqichda reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari faol pallaga kirgan. Qurilish-montaj bazasi uchun yer tekislash, betonlash, armatura o‘rnatish ishlari bajarilmoqda. Quruvchilar yashashi uchun vaqtinchalik turar joy majmuasi barpo etilgan.
Atom elektr stansiyasi uchun zarur qurilish materiallarini mahalliylashtirish, oliygohlarda soha uchun kadrlar tayyorlashni kengaytirish rejalari taqdimot qilindi.
Bo‘lajak elektr stansiyada mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun monoshaharcha qurish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan, 10 ming kishiga mo‘ljallangan bo‘ladi, unda barcha zarur infratuzilma, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ko‘zda tutiladi.
Prezidentimiz Jizzax shahriga kirish qismini zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha master-reja va renovatsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi.
Renovatsiya dasturi asosida Jizzaxda eski uy-joylar o‘rnida zamonaviy, qulay va xavfsiz turar joylar barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, IT-markaz binosini barpo etish, hunarmandchilik markazini tashkil etish, ayrim mavjud majmualarni rekonstruksiya qilish hamda gavjum ko‘chalarni tartibga keltirish kabi loyihalar bilan tanishildi.
– Jizzaxga kelishimizdan maqsad – viloyatni yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash va ro‘yobga chiqarish. Bugungi Jizzax – kechagi Jizzax emas. Viloyatni salohiyati, imkoniyati karrasiga oshdi, odamlarning hayotga, ishga munosabati tubdan o‘zgardi. Shu imkoniyatlarni aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan aniq loyihalarga aylantirishimiz kerak, – dedi Prezident.
Taqdimotlar davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Jamiyat
Toshkentda Yevropa kuni nishonlanadi
Joriy yil 2-may kuni Toshkent shahrida Yevropa kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ushbu sana munosabat bilan poytaxtda Yevropa Ittifoqi festivali tashkil etiladi.
«Bu Yevropa jamoasi ruhidagi ochiq shahar tadbiri bo‘lib, bir makonda xalqaro loyihalar, YeIga a’zo mamlakatlar elchixonalari va bugungi kunda mavjud imkoniyatlarni yaxshiroq tushunishni istagan insonlar uchrashadi», – deb xabar berdi YeI delegatsiyasi.
Festival doirasida Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan dasturlarning vakillari bilan bevosita muloqot qilish, ta’lim, ko‘nikmalarni rivojlantirish, ekologiya, hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa yo‘nalishlardagi xalqaro tashabbuslar O‘zbekistonda qanday ishlayotgani borasida qimmatli ma’lumotlar olish mumkin.
Dasturning alohida qismi YeI mamlakatlari bilan jonli tanishuv bo‘lib, elchixonalar o‘z turizm salohiyatini, ta’lim olish imkoniyatlarini va madaniy xilma-xilliklarini taqdim etadi.
Bolalar hamda kattalar uchun yengil va ochiq shahar bayrami formatidagi festival interaktiv zonalarni ham o‘z ichiga oladi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, qiziquvchilar tadbirga oila a’zolari va yaqinlari bilan tashrif buyurishi mumkin. Kirish bepul.
Yevropa Ittifoqi festivali 2-may kuni soat 11:00–16:00 da Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida (Mustaqillik shohko‘chasi, 2) bo‘lib o‘tadi.
Jamiyat
Buxoroda 5 mingga yaqin sportsevar ko‘chaga chiqdi (foto)
Buxoroda «Ark» qo‘rg‘onidan start olgan yurish marofoni eski shaharning tarixiy obidalari orasidan o‘tib, Labi Hovuz ansamliga qadar davom etdi. Salkam 5 mingga yaqin sportsevarlar mazkur ommaviy tadbirda birlashishdi.
Buxoro viloyati hokimligi, viloyat Sport boshqarmasi hamda Oliy ta’lim muassasasalari hamkorligida o‘tkazilgan marafon marshrutida professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
– Bugungi marafonni faqat sport musobaqasi sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Zero, bu yoshlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtiradigan muhim ijtimoiy tashabbus hamdir, -deydi Buxoro davlat Pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov.
Ishtirokchilar tarixiy obidalar oralab o‘tish jarayonida milliy meros va sog‘lom hayot uyg‘unligini his qildilar. Talabalarning ta’kidlashicha, bu kabi ommaviy tadbirlar ularga ham jismoniy, ham ma’naviy kuch bag‘ishlaydi.
– Buxoroyi sharifga uchinchi bor kelayapman. Ishonsangiz, har gal safarim yilning turli fasllariga to‘g‘ri keladi. Bundan qat’iy nazar, yo forum, yoki festivallar ustidan chiqib qolaman. Buxoroning eski shahri har doim zamonaviy va o‘ziga xos bayramlarga to‘la. O‘zbekiston jamiyatining jamiyatda sog‘lom muhitni yaratish uchun olib borayotgani amallari meni lol qoldiradi. Bugungi marafon ham shu amallarning biri. Ko‘z tegmasin! Havas qildim. Men ham bevosita shu marafonning ishtirokchisiga aylandim, – germaniyalik sayyoh Angela Klum.
Jamiyat
“Egnidagi formasiga ishonib qolibman” – Andijonda YXHB inspektori odamlarni chuv tushirdi
Andijon viloyati IIB YHXB inspektori Bekzod G‘oyibnazarov avtomobilini sotuvga qo‘ygan bir necha kishini chuv tushirdi. U odamlarning ishonchiga kirishda o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan, rasmiy formada videolarga tushib, va’dalar bergan. Serjant hali o‘z nomiga o‘tmagan mashinalarni sotib yuborib, pullarni onlayn qimorga tikkani aytilyapti.
Bekzod G‘oyibnazarov 2025 yilning 13 oktyabr kuni Gentra mashinasini sotayotgan Abdulloh Ne’matov bilan uchrashadi. Avtomobil 8 500 dollarga savdo qilinadi va xodim 20 dekabr kuni bu pulni berishini ma’lum qiladi. Lekin oradan 7 oy o‘tibdiki, na puldan va na mashinadan darak yo‘q.
Formali xodim aldamasa kerak, deya o‘zini ovutishga harakat qilgan Abdulloh nihoyat chuv tushganini anglab yetadi va bu haqda inspeksiya va Andijon shahar prokuraturasida xabar qiladi.
YHXB inspektori bu vaziyatdan ham chiqib ketish yo‘lini tutib, mashina egasidan arizasini qaytarib olishni so‘raydi, evaziga har oy oylik maoshidan 1 000 dollardan berib borib qarzini to‘lashini va’da qiladi. Lekin bu gal ham Abdulloh Ne’matovning qo‘yni puch yong‘oqqa to‘lgan edi.
Serjant Bekzod G‘oyibnazarov boshqalarning ham ishonchiga kirib, pulini qo‘lga kiritib, bermay yurgani ma’lum bo‘ldi.
“Formada syomkaga tushib beraman, sotavering uka…”
Xodimning hiylasiga uchgan Abdulloh Ne’matov:
— Gentra mashinam bor edi, Andijon viloyat YHXB xodimi Bekzod G‘oyibnazarov 2025 yilning oktyabr oyida mashinani menga sotasiz, deb qo‘yarda qo‘ymay iltimos qildi. Yo‘q, sotmayman, desam ham, “uka, formada syomkaga tushib beraman”, deb turib oldi. 8 500 AQSh dollariga savdoni pishitdik. Kelishilgan pulni 20 dekabr kuni berishi kerak edi.
Mashinaga o‘tirib kelishuv haqida video ham qildik. Formasiga ishonib mashinani qanday qilib sotib yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Gentra’ni kimgadir sotgan ekan. Uni sotib olgan odamning nomiga xujjatlarni ham rasmiylashtirib berdim.
Oradan 7 oy o‘tibdiki, puldan ham, mashinadan ham darak yo‘q. Bu haqda inspeksiyaga murojaat qildim, inspeksiya xizmat tekshiruv olib borib, xujjatlarni prokuraturaga chiqardi. Ish prokuraturaga chiqqandan keyin Bekzod G‘oyibnazarov: “Arizangizni qaytarib oling, har oyning 25-sanasida oyligimdan 1 000 dollardan beraman, 8 oyda qutulaman qarzimdan”, deb iltimos qildi. Ko‘ngliga qarab bu safar ham xo‘p, dedim. Lekin u endi telefonimni ham ko‘tarmay qo‘ydi.
Odamlarning aytishiga qaraganda, xodim onlayn qimorga yutqizib qo‘yib ko‘pchilikdan qarz bo‘lib ketgan ekan. Do‘konchidan 5-6 ta iPhone olib, uni ham bermay yurgani haqida eshitdim. Yana bir kishining Captiva mashinasini olib, uni ham pulini bermay sotib yuborgan ekan.
Formali odamni aldab ketishi aqliga sig‘maydi-da, bunday bo‘lishini xayolimgayam keltirmagan edim. Arizamni qaytarib olganimdan keyin yana yo‘q. Hech qayerdan topib bo‘lmayapti. Aloqaga chiqmayapti. Telefon qilyapman, o‘chiq telefoni. Telegram’dan yozsam o‘qimayapti. Hech qayerdan topib bo‘lmayapti. Ishxonasidagi xodimlar bilan ham gaplashdim. Qarzi juda ko‘p, kechib yuboraver pulingni deyishyapti.
Tegishli tashkilotlardan pulimizni olib berishlarini iltimos qilamiz…
Abdulloh Ne’matov
“Uyimizni sotuvga qo‘yganmiz, sotilsa beraman…”
Inspektorga aldanib qolgan Sherzod Xoldorov:
— Mashinafurushman. 21 yanvar kuni inspektor Bekzod G‘oyibnazarov sotiladigan Captiva bor, deb chaqirdi. Uchrashdik. Mashina bir ayolning nomida ekan. 7 200 dollarga kelishdik. Men bu pulni o‘sha ayolning ukasiga berdim. Inspektor pulni mashina egasidan olib, onlayn qimorga tikib yuborgan ekan. O‘zi ham buni tan olyapti: “1XBET o‘ynab yomon yo‘lga kirib qoldim, akalar, ozgina muhlat beringlar”, dedi.
Captiva egasi bo‘lgan ayol endi mashinani nomimga o‘tkazib bermayapti. Mashina uyimda turibdi. Boshim qotgan. Pullarini to‘lab berganmiz, bizda syomkalarigacha bor.
Telefonlarini o‘chirib olgan, uyiga borsak, “pul yo‘q”, deyapti. Onasi tinmay yig‘lab: “Uyimizni sotuvga qo‘yganmiz, sotilsa beraman”, deyapti. Lekin uy sotiladi deb yozilgan e’lon ham yo‘q-da…
Sherzod Xoldorov
“Inspektor ishdan bo‘shatilgan…”
Andijon viloyati IIB YXHB Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i Abdumajid Rayimjonov:
— Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 5-safarbar guruh inspektori, serjant Bekzod G‘oyibnazarov 2013 yildan beri tizimda ishlab kelgan. 2025 yil oxirlarida xodim ustidan bir necha arizalar kelib tushgan. Ya’ni, pul oldi-berdi masalasida.
Abdumajid Rayimjonov
Xodim ustidan murojaatlar ko‘payib ketganligi sababli viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati tomonidan holat tanqidiy muhokama qilinib, xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida attestatsiya tartibiga muhokamaga havola etilgan va attestatsiya tartibida ko‘rib chiqilganidan so‘ng, bu xodimni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga asosan 2026 yil 30 martda Ichki ishlar organlari safidan, ya’ni tizimdan bo‘shatilgan.
Jamiyat
Qamchiq dovonida sotuvchini miltiq bilan jarohatlagan erkak 4 yildan ko‘proqqa qamaldi
33 yoshli erkak qo‘lida miltiq bilan do‘konga kirib kelgan va sotuvchi ayolning boshiga urgan. So‘ngra rastadan oshib o‘tib, unga tan jarohati yetkazgan. Sud erkakni o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish va bezorilik jinoyatini sodir qilishda aybli deb topdi.
Ohangaronda do‘konga qurol bilan bostirib kirib, sotuvchiga tahdid qilgan erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan D.K. 2025 yil 22 oktyabr kuni tunda Qamchiq dovonidagi do‘konda savdo qiluvchi Sh.N.ning oldiga borgan. Ular avvaldan o‘zaro tanish bo‘lishgan. Erkak Sh.N.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, qo‘lidagi miltiq bilan uning bosh qismiga urgan. Oqibatda sotuvchi ayol jarohatlangan.
D.K. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib, ayolni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini aytgan. Erkak o‘z ko‘rsatmasida Sh.N. bilan oila qurmoqchi bo‘lganini, Rossiyada ishlab yurganida uy olish uchun unga pul jo‘natganini, so‘ngra undan shu pullarni so‘ray boshlaganini aytgan.
“Turli bahonalarni aytib, meni aldab keldi. O‘sha kuni ov qurolim va 2 dona patronni olib, hovlida yurgan daydi itlarni otish uchun uydan chiqdim. Shu orada unga qo‘ng‘iroq qilib, olgan narsa va buyumlaringni berib yubordingmi, deb so‘radim. U “Vaqtim bo‘lmayapti, har kuni ishdaman” dedi. Shunda tayyorlab qo‘yishini, o‘zim borib olib ketishimni aytdim. So‘ng ko‘chada bo‘lganim sababli pivo ichdim.
Shu orada taksi chaqirdim. Ov qurolimni uyga tashlab chiqishga erinib, o‘zim bilan birga olib ketdim. U ishlaydigan do‘konga bordim. Oldiga kirib, o‘zimning narsalarimni so‘ragan vaqtimda u meni eshitishni istamasdan, gap qaytardi. Shunda bosh qismiga ov qurolimning qo‘ndog‘i bilan bir marotaba urdim”, degan u sudda.
Jabrlanuvchi Sh.N. esa haqiqatan ham D.K. Rossiyadan pul jo‘natganini, uning ma’lum qismini o‘rtog‘i olib ketganini, yana bir qismini esa uning o‘zi bo‘lib-bo‘lib olganini aytgan.
“Shundan keyin oramizga sovuqchilik tushib, tez-tez urishadigan bo‘ldik. U meni o‘zining uyida ov miltig‘i bilan o‘ldirishini aytib, qo‘rqitib keldi. Ushbu holat bo‘yicha uning yaqin qarindoshlariga ham bir necha marotaba aytganman. Shunda ham u o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, menga tazyiq o‘tkazishda davom etib keldi”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.
JIB Ohangaron tuman sudining 2026 yil 1 apreldagi hukmi bilan D.K. Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 4 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilandi.
D.K. Qamchiq dovonidagi savdo do‘koniga miltiq bilan bostirib kirib, sotuvchini urgani avvalroq xabar qilingandi. Oradan ko‘p o‘tmay u qamoqqa olingandi.
Jamiyat
Buk-kafe ochgan tadbirkorlarga imtiyoz beriladi
2026 yilda Farg‘ona viloyatidagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi. Buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlaridan imtiyoz beriladi.
Axborot xurujlari avj olayotgan hozirgi davrda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish har qachongidan ham dolzarb. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasidagi yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shu maqsadda 2026 yilda viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlaridan imtiyoz beriladi.
Shavkat Mirziyoyev “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, ushbu tadbirga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusini bildirdi.
Prezident o‘zbek adabiyoti tarixida Qo‘qon adabiy muhitining o‘rni beqiyos ekani, bu zaminda 300 dan ziyod shoir va adib yashab ijod qilganini ham qayd etdi.
Shunday adiblarni yetishtirgan Qo‘qon UNESCO’ning “Adabiyot shahri” maqomini olishga ham munosib. Lekin bunday boy meros haligacha tizimli o‘rganilmagani, ilmiy tadqiqotlar olib borilmagani qayd etildi
Shu bois, Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi.
-
Dunyodan5 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Ikki oyda xorijga 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotildi
-
Iqtisodiyot5 days agoBirinchi chorakda O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 13 foizga oshdi
-
Dunyodan3 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Jamiyat2 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan3 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoYevroittifoq O‘zbekistonning ikkita korxonasiga sanksiya kiritdi
-
Siyosat4 days ago
Prezident eksport qilishda tadbirkorlarga yordam bermayotgan hokimlarni ogohlantirdi
