Jamiyat
Prezident Toshkentning Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi yerosti avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi.
Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish – muntazam jarayon. Bu, ayniqsa, aholi soni oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala.
Xususan, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston ko‘chasida istirohat bog‘i, uy-joylar, universitet va Olimpiya shaharchasi qurildi. Bu ko‘cha kelgusida Yangi Toshkent shahriga olib boruvchi asosiy yo‘llardan biri bo‘ladi.
Shu bois, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab uzunligi 468, kengligi 25 metr bo‘lgan yerosti avtomobil yo‘li barpo etildi. U soatiga 10 mingdan ziyod avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Tunnelning usti yashil hududga aylantirilib, «Yangi O‘zbekiston» bog‘i bilan Olimpiya shaharchasi o‘rtasida piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlandi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishda loyihalashtirilgan metro yo‘li uchun tunnel va bekat ham qurildi.
Aytish joizki, yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir loyihada ekologik jihatlar alohida inobatga olinadi. Yangi O‘zbekiston ko‘chasida barpo etilgan yerosti avtomobil yo‘li mashinalarning vaqt sarfini 2 barobarga qisqartirib, kuniga 1 tonna yonilg‘i iqtisod qilinishiga va atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdori 2 tonnaga kamayishiga sabab bo‘ladi.
Davlat rahbari yerosti avtomobil yo‘lining zamonaviy standartlar asosida tashkil etilganiga e’tibor qaratdi. Bu kabi ravon yo‘llar xalqimizga qulaylik yaratib, turizm rivojiga hissa qo‘shishi qayd etildi.
Jamiyat
O‘zbekistonda uch oyda 62 kishi ish joyidagi baxtsiz hodisalarda halok bo‘ldi
Yanvar-mart oylarida mehnat faoliyati bilan bog‘liq 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ularning 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Eng ko‘p baxtsiz hodisa sanoat va qurilish sohalarida qayd etilgan.
O‘zbekistonda 2026 yilning 1-choragida 62 kishi mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yanvar-mart oylarida respublikada mehnat faoliyati bilan bog‘liq 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ularning 9 tasi guruhiy, 139 tasi og‘ir oqibatli, 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan.
Baxtsiz hodisalar oqibatida:
146 kishi og‘ir tan jarohati olgan;
15 kishi yengil jarohatlangan;
62 kishi vafot etgan.
Sohalar kesimida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar:
sanoat – 71 ta;
qurilish – 54 ta;
qishloq va suv xo‘jaligi – 9 nafar;
savdo va xizmat – 8 nafar;
transport – 8 ta;
ta’lim – 4 nafar;
sog‘liqni saqlash – 4 nafar.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida kuzatilgan – 44 ta baxtsiz hodisa. Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo (36 ta), Toshkent (29 ta), Navoiy (18 ta), Buxoro (16 ta), Andijon (15 ta) viloyatlari qayd etilgan.
O‘zbekistonda 2025 yilda ishdagi baxtsiz hodisalarda 248 ta o‘lim kuzatilgandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda har ming oiladan 175tasi ajrashadi – tadqiqot
Hududlar kesimida Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatida ajrimlar soni ko‘pligi kuzatilmoqda.
2025 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nikoh barqarorligi koeffitsiyenti 175,6 promilleni tashkil etdi. Bu 1000 ta nikohga o‘rtacha 175 ta ajrim to‘g‘ri kelishini anglatadi.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tahlillariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich xalqaro miqyosda past bo‘lib, O‘zbekistondagi ajrimlar darajasi ko‘plab boshqa davlatlarga nisbatan «ancha kam ekanini» ko‘rsatadi.
Xususan, nikoh barqarorligi koeffitsiyenti Moldovada – 642,7, Ozarbayjonda – 431,9, Qozog‘istonda – 328,2, Qirg‘izistonda esa – 289,6 promilleni tashkil etadi.
“Tahlillardan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda ajrimlar darajasi xalqaro ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha past bo‘lib, bu jamiyatda oilaviy qadriyatlar ustuvor ekanini va nikohlar barqarorligini ko‘rsatadi”, deyiladi xulosada.
Oila va gender instituti tayyorlagan nikoh barqarorligi haritasi
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida nikoh barqarorligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatida esa ajrimlar nisbatan yuqoriroq ekani kuzatilmoqda.
Jamiyat
Saida Mirziyoyeva Samarqanddagi bir qator infratuzilma loyihalari bilan tanishdi (foto)
Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bir qator infratuzilma loyihalari hamda «Yangi O‘zbekiston» massivini rivojlantirish ishlari bilan tanishdi.
Xususan, musiqa maktabi kabi yangilanishga muhtoj binolar ko‘zdan kechirildi. «Geologlar» mahallasidagi bog‘cha nafaqat kapital ta’mirlanadi, balki tubdan qayta quriladi. Rekonstruksiyadan so‘ng u Samarqanddagi eng yirik maktabgacha ta’lim muassasasiga aylanadi va 600 nafargacha bolani qabul qiladi.
Tashrif yakunida Samarqand viloyati va tumanlari rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, hududlardagi bunday o‘zgarishlar Prezident tomonidan olib borilayotgan tizimli islohotlarning bir qismidir. Bunday tashriflardan asosiy maqsad — topshiriqlar ijrosini qog‘ozdagi hisobotlarda emas, balki joyiga chiqqan holda real ko‘rish va amaliy ko‘mak berishdan iborat.
«Rahbarimiz topshiriqlarining joylardagi ijrosini ta’minlashga jamoam bilan birga ko‘maklashish, haqqoniy holatni qog‘ozlardagi hisobotlarda emas, balki o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun ham bu yerga tez-tez kelib turaman», — dedi Saida Mirziyoyeva.
Jamiyat
Korrupsiyaga qarshi kurashdagi oqsashlar tanqid qilindi
O‘zbekiston prezidenti 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va qat’iy pozitsiyani e’lon qilib, 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashda «favqulodda holat» yili sifatida belgilanishini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida o‘tgan tanqidiy tahliliy yig‘ilishda komplayens nazorati tizimining bugungi holati va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.
2030-yilgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida korrupsiya oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra, uning omillarini barvaqt aniqlash va preventiv mexanizmlar orqali tizimli korrupsiyaning oldini olish zarurligi qayd etildi, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, yangi komplayens nazorati tizimi yordamida jinoyat ishlari doirasida 4,2 trln so‘m, yashirin iqtisodiyotni jilovlash hisobiga esa 8,5 trln so‘m mablag‘ undirilishi ta’minlangan. Shuningdek, 1,3 trln so‘mlik ortiqcha budjet xarajatlarining oldi olingan.
Shu bilan birga, ayrim bo‘linmalar faoliyatida hanuzgacha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmayotgani keskin tanqid qilindi va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ochiq muhokama qilindi.
Birinchidan, komplayens bo‘linmalarining asosiy vazifasi korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli preventiv choralarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘lsa-da, aksariyat davlat organlari va tashkilotlari tomonidan faoliyati talab darajasida ish tashkil etilmagan.
Shuningdek, ayrim davlat organlarida komplayens bo‘linmalari qonunchilikda belgilangan minimal mezonlar asosida tashkil etilmagan. O‘rganilgan 50 ta tashkilotning 23 tasida bu talablar bajarilmagan.
Ikkinchidan, ayrim vazirlik va hokimliklarda nazorat tadbirlari umuman o‘tkazilmagan. Ba’zi tashkilotlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda esa moliyaviy qonunbuzilishlar umuman aniqlanmagan, bu esa nazorat samaradorligiga shubha uyg‘otadi.
Uchinchidan, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha ishlar yetarlicha samara bermayapti. Xususan, joriy yilning o‘zida manfaatlar to‘qnashuvi yo‘l qo‘yganlik bo‘yicha 105 ta ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan.
To‘rtinchidan, ayrim davlat organlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilmayapti.
Beshinchidan, komplayens tizimida kadr va tashkiliy muammolar saqlanib qolmoqda, ayrim lavozimlar uzoq vaqt vakant holatda qolmoqda.
Oltinchidan, davlat xaridlari sohasida korrupsiya xavfining yuqoriligi saqlanib qolmoqda. So‘nggi yillarda 800 nafardan ortiq shaxs ushbu yo‘nalishda jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy mas’uliyatini oshirish hamda tizimni natijador mexanizmga aylantirish bo‘yicha qat’iy vazifalarni belgilab berdi. Bundan buyon komplayens bo‘linmalari faoliyati korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va preventiv choralarni samarali amalga oshirish darajasiga qarab baholanadi. Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi, deyiladi xabarda.
Jamiyat
«Haj» ziyorati uchun 18 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi
Andijon viloyatida «Haj» ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollar evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni «Haj» ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahridagi tuman elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar muhandisi pora bilan ushlangandi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot5 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Dunyodan4 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan4 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Iqtisodiyot5 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Jamiyat5 days agoKoreyada vafot etgan o‘zbekistonlik qiz haqida rasmiy bayonot berildi
-
Dunyodan2 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi
