Connect with us

Jamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoyev iftorlik marosimida ishtirok etdi (foto)

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi hamda iftorlik marosimida ishtirok etdi. 

Marosimga hududlardagi studiyalar orqali nuroniylar, olimu ulamolar, keng jamoatchilik vakillari ulandi. Shuningdek, turli millat va diniy konfessiyalar a’zolari, diplomatik korpus namoyandalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan yana bir bor chin qalbdan tabrikladi. Shu ulug‘ ayyom kunlariga barchamizni tinch-omon, sog‘-salomat yetkazgani uchun Alloh taologa behad shukronalar aytildi. 

Ramazon oyi – mehr-oqibat, ezgulik va savobli amallar ramzi. Bugungi kunda davlat va nodavlat tashkilotlar, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mahallalar uyushmasi, Musulmonlar idorasining “Vaqf” xayriya jamoat fondi, hududlardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, shuningdek, saxovatli tadbirkorlar tomonidan keksa va nogironlar, kam ta’minlangan oilalar, ko‘makka muhtoj insonlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Tibbiyot bo‘linmalari olis va chekka hududlarga chiqib, ayollar, bolalar va nuroniylarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda, og‘ir bemorlarni operatsiya yo‘li bilan davolash ishlari olib borilmoqda. 

Bunday xayrli ishlar jamiyatimizda inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va umummilliy birlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari hozirgi g‘oyat tahlikali zamonda tinchlik naqadar ulug‘ va bebaho ne’matligini, 38 milliondan ziyod aholimiz yagona xalq, ahil bir oila bo‘lib yashayotgani eng katta boyligimiz ekanini yanada chuqur his etish zarurligini ta’kidladi. Davrada O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari ham qatnashayotgani muqaddas dinimizning insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlariga, mamlakatimizning ochiqlik siyosatiga hurmat ifodasi sifatida baholandi.

Bu kun xalqimiz uchun yana bir tarixiy voqea – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilayotgan kun ekani alohida ta’kidlandi. 

– Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-ma’rifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman.

Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda rivojlangan davlat va erkin jamiyat poydevorini barpo etish uchun “Eng avvalo, ilm va ta’lim” degan oliy maqsad hayotga joriy etilmoqda. Zero, muqaddas islom dini ham insonni doimo ilmu ma’rifatga da’vat etadi. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazining Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga Qur’oni karimning “Iqro!” – “O‘qi!” degan muborak oyati muhrlab qo‘yilgani ramziy va teran ma’noga ega ekani aytildi.

Markazni barpo etish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida e’lon qilingan ezgu tashabbus jahon jamoatchiligi, ayniqsa, islom hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Loyiha shoshilinch emas, chuqur o‘ylangan, ilmiy tadqiqot va izlanishlar bilan uyg‘un holda amalga oshirildi. Natijada Hazrati Imom majmuasi yonida betakror arxitekturaga, chinakam milliy ruh va milliy qiyofaga ega bo‘lgan sharqona shaharcha qad rostladi.

Markazda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va sivilizatsiyasi durdonalarini yagona ma’rifiy makonda ko‘rish, shu asosda xalqimizning intellektual va madaniy salohiyatini yanada teran anglash mumkin. 

– Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, o‘zining qanday ulug‘ meros egasi ekanini his etib, qalbi g‘urur va iftixorga to‘ladi, – dedi Prezidentimiz.

Nafaqat yurtimiz, balki butun mintaqaning ma’naviy mulki bo‘lgan bebaho boylikni chuqur o‘rganish va jahon miqyosida targ‘ib etish maqsadida uni Islom sivilizatsiyasi degan nom ostida birlashtirishga qaror qilingani aytildi. Xalqaro ekspertlar e’tirof etganidek, bugun O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha o‘ziga xos katta ilmiy maktab shakllanayotgani, mamlakatimiz o‘zining qanchalik katta intellektual salohiyati borligini dunyoga namoyon eta olgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz markazning ko‘lami va imkoniyatlari haqida to‘xtalib, ushbu noyob majmua salkam 10 gektar hududda joylashgani, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etishini qayd etdi. Bu yerda “O‘zbekiston zaminida islomgacha bo‘lgan davr”, “Birinchi va Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori” kabi ekspozitsiya zallari mavjud. 

Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirilib, o‘tgan yilning o‘zida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qo‘lyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgan. Xorijiy auksion uylari, yirik kolleksionerlar va art-dilerlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 743 ta eksponatning asl nusxalari yurtimizga keltirilgani ta’kidlandi.

Markazning asosiy zali – muqaddas Qur’on zalida dunyodagi eng qadimiy oltita Qur’oni karimdan biri bo‘lgan mo‘’tabar Usmon Mushafi o‘zining yuksak maqomiga munosib sharafli o‘rin topgan. Shuningdek, turli davrlarga oid nodir Qur’on qo‘lyozmalari ham shu yerda jamlangan. 

Qayd etilganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi 2025 yilning o‘zidayoq minglab xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular orasida qator davlatlar prezidentlari, parlament va hukumat rahbarlari, deputat va senatorlar, vazirlar, elchilar, ilm-fan va jamoat arboblari, diniy tashkilotlar rahnamolari bor. Markazni loyihalash, qurish va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashda Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlardan malakali mutaxassislar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ushbu majmuani bunyod etishga munosib hissa qo‘shgan loyihachi va quruvchilar, muhandislar, olimu ulamolar, xorijiy hamkor va ekspertlarga, jumladan, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati a’zolariga, barcha fidoyi insonlarga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mazkur yirik va murakkab madaniy inshootni qurishda homiylik yordamini ko‘rsatgan mahalliy va chet ellik tadbirkorlar, madaniyat va sport namoyandalariga alohida rahmat aytildi. 

– Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etishga kirishar ekanmiz, men, dunyoning qayerida bo‘lmasin, tariximizga tegishli bir varaq qo‘lyozma bo‘lsa ham, bitta eksponat bo‘lsa ham topib, yurtimizga olib kelishni orzu qilgan va shu vazifani o‘rtaga qo‘ygan edim. Ming shukrki, bugun ana shu maqsadimizga asta-sekin erishyapmiz. Bu ishlarni, albatta, davom ettiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Jahonning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalarni aniqlash va o‘rganish uchun yangi xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilishi ta’kidlandi. Bu ishlarga mahalliy va xorijiy olimlar, yetakchi xalqaro ilmiy markazlar keng jalb etiladi.

Shuningdek, Markaz faoliyatini keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yish maqsadida bu yerda ICESCO, IRCICA, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Fransiyadagi Temuriylar jamiyati, TURKSOY kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik asosida ofislar tashkil etilgani qayd etildi. Endi ular bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi belgilandi. 

Markazda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham o‘zining yangi qarorgohiga ega bo‘lgani, bu yerda islom merosini chuqur o‘rganish, diniy xodimlar va imom-xatiblar malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Yaqin kelajakda BMT qarorgohida ham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining taqdimotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyat uchun fundamental baza bo‘lishini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarda shu yerda o‘qishi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilimi va malakasini oshirishi nazarda tutilgan. Eng muhimi, markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari olim va tadqiqotchilar, shoir va adiblar, diniy ulamolar, rejissyor va rassomlar, jurnalistlar, ijodkor yoshlarga murojaat qildi: 

– Bu tengsiz boylikdan ilhomlanib, sizlar yaratadigan ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitob, kino va teatr asarlari, kartina va ko‘rsatuvlar uch ming yillik tarix va madaniyatning so‘nmas ovozi bo‘lib dunyoga taralsin! Yangi O‘zbekistonni tinchlik, ezgulik, bilim va ma’rifat diyori sifatida olamga tarannum etsin! Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun tarbiya va milliy g‘urur maktabiga aylansin! – dedi Prezidentimiz.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi el-yurtimiz va jahon ahliga hamisha beminnat xizmat qiladigan tinchlik, ezgulik, bilim va ma’rifat maydoni bo‘lib qolishiga ishonch bildirdi. 

Iftorlik marosimida Qur’oni karimdan tilovat qilindi. Muqaddas Ramazon oyida tutilayotgan ro‘zalar, qilinayotgan ibodatlar qabul bo‘lishi, Yaratgan Parvardigor xalqimizni va Vatanimizni o‘z panohida asrashini so‘rab, duolar qilindi. 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Jizzaxdagi xususiy bog‘chada basseynga cho‘kib o‘lgan bola ishi bo‘yicha hukm o‘qildi

Published

on


Bog‘cha rahbari va tarbiyachisiga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tumani sudi «Mehrli yulduz» xususiy bog‘chasida yuz bergan fojia – basseynga cho‘kib o‘lgan bola hodisasi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. 17 mart kuni chiqarilgan va Kun.uz tanishib chiqqan hukmga ko‘ra, bog‘cha rahbari Mavluda Yaqubova va tarbiyachisi Zilola Abilqosimovaga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Hodisa 2025 yil 24 oktyabr kuni sodir bo‘lgan edi. Tushlik payti bolalarni ovqatlantirishga olib chiqishda 1,5 yoshli qizni yo‘qotib qo‘ygan tarbiyachi biroz o‘tib uni basseynga cho‘kkan holatda topgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Mirzacho‘l tumani sudi «Mehrli yulduz» xususiy bog‘chasi rahbari, 66 yoshli Mavluda Yaqubovaga 5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi va 20,6 mln so‘m jarimaga tortdi. Shuningdek, bog‘cha tarbiyachisi, 38 yoshli Zilola Abilqosimovaga 3 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmadi, tomonlar shikoyat qilishga, prokuror protest keltirishga haqli.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qashqadaryoda qidiruvdagi yigit ayol qiyofasida yashirinib yurganida qo‘lga tushdi

Published

on


Ta’kidlanishicha, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazaridan chetda qolish maqsadida ayollarga xos kiyinib, o‘zini tanitmaslikka uringan.

Qarshi shahrida ichki ishlar xodimlari qidiruvda bo‘lgan yigitni ayol qiyofasida yurgan payti hibsga oldi. Bu haqda 14 mart kuni Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotgan paytda jamoat xavfsizligini saqlash xodimlari Jinoyat kodeksining 228- va 168-moddalari bo‘yicha ayblanayotgan va qidiruvda bo‘lgan 25 yoshli yigitni ushlagan. Ta’kidlanishicha, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazaridan chetda qolish maqsadida ayollarga xos kiyinib, o‘zini tanitmaslikka uringan. Hozir u vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Jinoyat kodeksining 228-moddasida hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanganlik uchun jazo nazarda tutilgan. 168-modda bilan esa firibgarlikka qo‘l urganlar jazolanadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamaganlar javobgarlikka tortilmoqda

Published

on


Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanishda yo‘l haqini to‘lamaslik holatlariga qarshi nazorat choralari kuchaytirilgan. Bu haqda Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi ma’lum qildi.

Foto: Toshshaxartransxizmat

Qayd etilishicha, avtobuslarda chiptasiz harakatlanayotgan yo‘lovchilarni aniqlash maqsadida reyd tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. Nazoratchilar tomonidan yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasi 5-qismiga asosan ma’muriy choralar qo‘llanmoqda.

2026 yil 16 mart holatiga ko‘ra, avtobuslarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan 4 781 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Yil boshidan bu ko‘rsatkich 26 564 tani tashkil etgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, har bir to‘langan yo‘l haqi jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish, xizmat sifatini oshirish va infratuzilmani yaxshilashga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan yo‘lovchilardan belgilangan tartiblarga amal qilish va yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash so‘ralmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Rossiyada qo‘lga olingan voyaga yetmagan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Published

on


Rossiyada mehnat qilayotgan vatandosh murojaati asosida qo‘lga olingan voyaga yetmagan o‘zbekistonlik elchixona ko‘magida vatanga qaytarildi. Ma’lum qilinishicha, bola Moskvadagi voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitatsiya markazlaridan biriga joylashtirilgan.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi mazkur holat bo‘yicha zudlik bilan ishga kirishib, tegishli tashkilotlar va vakolatli idoralar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Diplomatlar bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda uni oilasiga qaytarish choralarini ko‘rdi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida voyaga yetmagan fuqaro oilaning ishonchli vakiliga topshirilib, sog‘-salomat O‘zbekistonga olib kelindi.

Elchixona Rossiya hududidagi vatandoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning xavfsizligi va huquqlarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratishda davom etmoqda. 

Shu munosabat bilan fuqarolarga farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslik, murakkab vaziyatlarda esa o‘z vaqtida diplomatik vakolatxonalarga murojaat qilish tavsiya etildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Poytaxtda narkotik savdosi bilan shug‘ullangan onlayn tarmoq fosh etildi

Published

on


Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng ko‘lamli tadbirlari doirasida Telegram orqali narkotik va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullangan onlayn tarmoq faoliyati fosh etildi. Ushbu narkodo‘kon maxsus bot orqali ishlagan bo‘lib, unga 1500 dan ortiq foydalanuvchi ulangan.

Operativ tadbir davomida tarmoq tashkilotchisi — 2003 yilda tug‘ilgan Ruslan ismli fuqaro qo‘lga olindi. Uning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, izolentaga o‘ralgan bir necha o‘ramlar, zip-paketlardagi oq kukunsimon moddalar, “gashish” hamda boshqa turdagi narkotik vositalar, shuningdek, magnitlar va qoplash vositalari topilib, ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.

Tekshiruv davomida ushbu tarmoq orqali narkotiklarni tarqatish bilan shug‘ullangan Yelena va Valeriy ismli shaxslar ham aniqlanib, qo‘lga olindi. Jami yettita manzil tekshirilib, 15 gramm mefedron, 50 gramm gashish va kannabis moyi asosida tayyorlangan moddalar, shuningdek, bir nechta mobil telefon va noutbuk musodara qilindi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.