Connect with us

Jamiyat

Prezident Shavkat Mirziyoyev Binali Yildirimni qabul qildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Kengashning ko‘p tomonlama tashabbuslarni muvofiqlashtirish va ilgari surishdagi o‘rni hamda faol ishtiroki ortib borayotganini hisobga olib, tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yilda Budapesht va Gabala shaharlarida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan strategik takliflarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz Oqsoqollar kengashining institutsional salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, turkiy xalqlarning milliy an’analari, ma’naviy merosi va madaniy birligini saqlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Profilaktika inspektori, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmati yagona tizimga birlashtiriladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda jinoyatchilikni baholashda raqamlar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to‘liq voz kechilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi.

Buning uchun profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.

Mamlakatdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda. Davlat rahbari bu katta kuch ekanini ta’kidlab, jinoyatchilikni jilovlashda, avvalo, profilaktika inspektori ishini to‘g‘ri tashkil qilish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Amalda profilaktika inspektoriga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifa yuklatilgani, ayrim hollarda ularning mahallama-mahalla yurib, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish o‘rniga boshqa ishlar bilan band bo‘lib qolayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi to‘g‘risida axborot berildi. Unda profilaktika inspektorining huquqiy maqomi, vazifalari, huquqlari, majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi, rag‘batlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchining yuqori darajasiga erishish va xizmat hududida jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi. U xizmat hududida tergovga qadar tekshiruv va profilaktikani amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.

Profilaktika inspektoriga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi. Uning huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi. 

Loyihaga ko‘ra, profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, unga taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar va asossiz yuklamalar berish taqiqlanadi. 

Profilaktika inspektori huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik ko‘rsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, o‘zining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.

Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qat’iy rioya qilish, huquqbuzarliklar to‘g‘risida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.

Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilgan xodimlar uchun pensiya ta’minoti bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilmoqda.

Profilaktika inspektoriga qo‘shimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash vakolati kengaytiriladi, ayrim moddalar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.

Taqdimotda Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 ga, masofaviy ta’lim kvotasini 300 gacha oshirish taklif qilindi.

Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.

Ta’lim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.

Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’limdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Kasbiy ta’lim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik ta’lim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.

Yangi dual ta’lim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish – amaliyot – faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi.

Prezident takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Andijonda Malibu piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan uch kishini urib ketdi

Published

on


Andijon shahrida Malibu 2 haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan uch nafar piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchilardan ikki nafari shifoxonada vafot etgan. Haydovchi qamoqqa olingan.

Andijon viloyati Andijon shahrida piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar qildi.

Hodisa 25 iyun kuni soat 17:55 larda shaharning «Yangi Bo‘ston» MFY, Amir Temur shohko‘chasida yuz bergan.

1997 yilda tug‘ilgan R.Z. o‘ziga tegishli Malibu 2 rusumli avtomobilda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodaga yo‘l bermagan va ularni urib yuborgan.

Voqea aks etgan videoda ularning kamida bir nafari bola ekanini ko‘rish mumkin.

YTH oqibatida jabrlanganlar shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalarga qaramay, ulardan ikki nafari vafot etgan.

Hozirda haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olinib, holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekiston bolalar huquqlari bo‘yicha xalqaro reytingda pastladi

Published

on


O‘zbekiston bolalar huquqlarini ta’minlash darajasini baholovchi xalqaro KidsRights Index 2026 reytingida 194 ta davlat orasida 96-o‘rinni egalladi. Bu o‘tgan yilgi natijaga nisbatan bir pog‘ona past ko‘rsatkichdir. 2025 yilda mamlakat 95-o‘rindan joy olgan edi.

Reyting BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan davlatlar o‘rtasida tuziladi. Davlatlar bolaning yashash huquqi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, himoya hamda bolalar uchun qulay muhit yaratish kabi beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi.

Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yaxshi natijani Qozog‘iston qayd etib, 24-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (75-o‘rin), Qirg‘iziston (82-o‘rin), Tojikiston (92-o‘rin) va O‘zbekiston (97-o‘rin) joylashgan.

Jahon reytingida Lyuksemburg birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, yetakchilar qatoridan Islandiya, Monako, Germaniya, Niderlandiya, Norvegiya, Gretsiya, Belgiya, Sloveniya, Avstriya va Tailand o‘rin olgan.

Rossiya reytingda 151-o‘rinni egallagan. AQSh esa BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini haligacha ratifikatsiya qilmagani uchun indeksga kiritilmagan.

Reytingning eng so‘nggi — 194-o‘rnini esa uchinchi yil ketma-ket Afg‘oniston egalladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Elektr ta’minoti tizimida mansabdorlar pora bilan ushlandi

Published

on


Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimida faoliyat yurituvchi ikki mansabdor shaxs pora olish bilan bog‘liq holatlarda qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan.

U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish qoidalari buzilgani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagichini o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida muhandis avval olgan 200 AQSh dollari va 1 mln 50 ming so‘mdan tashqari, qolgan 500 AQSh dollari hamda 2,4 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari ham korrupsiya bilan bog‘liq holatda qo‘lga olindi.

U tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining oylik faoliyat ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobotlarini viloyat filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, ulardan pul talab qilgan. Tezkor tadbirda mansabdor shaxs xodimlar tomonidan yig‘ib berilgan 300 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.

Har ikki holat yuzasidan mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekiston importda mashina va transport uskunalariga eng ko‘p mablag‘ sarflagan

Published

on


2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 mlrd AQSh dollarini tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Hisobotga ko‘ra, import tarkibida eng katta ulushni mashina va transport asbob-uskunalari egallagan. Mazkur toifadagi mahsulotlar importi 5,5 mlrd AQSh dollariga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga oshgan.

Shuningdek, sanoat tovarlari importi 2,5 mlrd dollar (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 2 mlrd dollar (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari hamda tirik hayvonlar 1,9 mlrd dollar (+47,2 foiz), xizmatlar esa 1,6 mlrd dollar (+15,5 foiz)ni tashkil etgan.

Mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 1,4 mlrd dollarga (+25,8 foiz) yetgan.

Bundan tashqari, turli xil tayyor buyumlar importi 585,7 mln dollar (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) 464,8 mln dollar (+34,5 foiz), hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar 217,7 mln dollar (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 100,5 mln dollar (+24,3 foiz)ni tashkil qildi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.