Iqtisodiyot
Prezident O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlarini tabrikladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi:
Qadrli yurtdoshlar!
Hurmatli dehqon va fermerlar, agrar soha jonkuyarlari!
Avvalo, siz, azizlarni, o‘z hayotini qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlagan yurtimizdagi barcha olijanob kasb egalarini qutlug‘ bayram — Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda sizlarning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki butun iqtisodiyotimizni yuksaltirish, xalqimiz farovonligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ulkan xizmatlaringizni yana bir bor minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.
Ayniqsa, bu yil, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramasdan, agrar sektor rivojida sizlar bilan birga tub burilish yasashga muvaffaq bo‘ldik.
Paxta, g‘alla va meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha yangi navlarni ekish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga yuqori hosildorlikka erishdik.
Bu yil 3 mingdan ziyod mirishkor fermerlarimiz paxtachilikda hosildorlikni o‘rtacha 50-60 sentnerdan, ularning 1,5 ming nafari esa 70 sentnerdan oshirganlari, g‘allachilikda esa 3,5 mingdan ortiq tajribali fermerlarimiz o‘rtacha 100 sentnerdan hosil olganlari, hech shubhasiz, ushbu tarmoqlar rivojida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.
Yana bir e’tiborga molik jihat shundan iboratki, qishloq xo‘jaligida eksport salohiyatimiz ortib bormoqda. Birgina shu yilning o‘zida meva-sabzavotlarimiz yetkazib berilgan davlatlar soni esa 18 taga ko‘payib, 83 taga yetdi.
Albatta, ana shunday raqam va ko‘rsatkichlar ortida dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida jonbozlik ko‘rsatayotgan har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligi mujassam, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun ham mazkur bayram arafasida sizlar bilan joriy yildagi faoliyatimizni atroflicha muhokama qilib, agrotarmoq vakillaridan 110 nafariga davlatimizning yuksak mukofotlarini topshirdik. Ana shunday yuksak e’tirof bilan ularni yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Global iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi sharoitida xalqimizning sifatli oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash eng ustuvor vazifaga aylangan bugungi kunda barcha sohada bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham faqat zamonaviy bilim va tajriba, innovatsion yondashuvlar asosida ish olib borgan taqdirdagina ko‘zlagan ezgu maqsadlarimizga erisha olamiz. Buni dehqon va fermerlarimiz ham chuqur tushunib yetmoqda. Yaqinda Samarqand, Jizzax va Sirdaryoda sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan tanishib, bunga yana bir bor amin bo‘ldim.
Shu ma’noda, qishloq xo‘jaligi sohasida Yangi O‘zbekistonning strategik yo‘lini amalga oshirishda men avvalo sizlarga, agrotarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan 3,5 million nafardan ortiq yurtdoshlarimizga tayanaman. Sizlar uchun yana qanday sharoit va imkoniyatlar yaratish kerak bo‘lsa, barchasini ta’minlab berishga tayyorman.
Chunki qishloq xo‘jaligining taqdiri va kelajagi — butun mamlakatimizning taqdiri va kelajagidir.
Shu maqsadda kelgusi yildan boshlab, qo‘shimcha ravishda paxta hosilining 50 foizini o‘z hisobidan yetishtirgan fermerlarga 5 foiz subsidiya, shuningdek, soliq, lizing va kreditdan qarzi bo‘lmagan fermerlarga esa imtiyozli kredit 2 foizgacha pasaytirilgan stavkada beriladi.
Qishloq xo‘jaligida subsidiyalarni boshqarish bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, 6 ta vazirlik tomonidan berib kelingan 53 turdagi subsidiyalar endi faqat Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda subsidiyalarni ajratishdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlanadi hamda fermer va dehqonlar subsidiyalarni olish uchun faqat elektron platforma orqali murojaat qiladi.
Yana bir imkoniyat — qishloq xo‘jaligida hosilni sug‘urtalash bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yamiz. Endi qishloq xo‘jaligi hosilini sug‘urta qilishda dehqon va fermerlar xarajatlarining 50 foizini davlat qoplab beradi. Hosilni yo‘qotishdagi zarar Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi orqali to‘liq qoplab beriladi.
Ilg‘or fermerlarni ustoz sifatida kam hosil olayotgan fermerlarga biriktirib, har ikki tomonga ham manfaatli bo‘ladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bundan tashqari, “Yangi agronom” dasturi doirasida 180 nafar iqtidorli talabalarimizni yuqori malakali kadrlar sifatida tayyorlaymiz.
Birgina paxtachilikning o‘zida dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga 35 trillion so‘m yo‘naltiramiz.
G‘alla yetishtirayotgan fermerlarga paxtadagi kabi yetishtirgan hosilining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratish tizimini yo‘lga qo‘yamiz. Bog‘dorchilikda yangi bog‘ va tokzorlarni tashkil qilish, eskilarini yangilash bo‘yicha ishlarni uch yillik dastur asosida tashkil qilamiz.
Bundan buyon baliqchilikda naslni yangilash, natijadorlikni oshirish va shaffoflikni ta’minlash uchun yangi rivojlantirish dasturini qabul qilamiz. Bunda karp va sovuq suv baliqlari naslchiligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vengriyalik va norvegiyalik hamkorlarimiz bilan ishlarni boshlaymiz.
Chetdan nasldor baliqni olib kelish xarajatlarining 50 foizi budjetdan qoplab beriladi.
Baliq xo‘jaliklari inkubatsiya, laboratoriya, yopiq suv aylanma tizimlarini import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi. Intensiv baliqchilikni yo‘lga qo‘ygan xo‘jaliklar uchun yer va mol-mulk soliqlari 2 barobar kamaytiriladi.
Qishloq xo‘jaligidagi salohiyatdan to‘liq foydalanish maqsadida “ilm-fan – ta’lim – ishlab chiqarish” integratsiyasini ta’minlaydigan Qishloq xo‘jaligi fanlar akademiyasi tashkil etiladi.
Ana shunday keng ko‘lamli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishda siz, azizlar faol ishtirok etasiz va soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shasiz deb ishonaman.
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Joriy yilda erishgan ulkan yutuq va zafarlaringiz bardavom bo‘lsin!
Mehnatingizning rohatini ko‘ring, azizlarim, qadrdonlarim!
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot7 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
