Siyosat
Prezident Mirziyoyev oliy darajadagi ikki tomonlama maslahatlashuvlar uchun Gruziyaga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening taklifiga binoan 2-3 iyul kunlari rasmiy davlat mehmoni sifatida ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Tbilisiga tashrif jadvaliga Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili va bosh vazir Irakliy Kobaxidze bilan ikki tomonlama muzokaralar kiritilgan. Sammitda asosiy e’tibor O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar, ko‘p yillik do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratiladi.
Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish va ikki mamlakatning turli mintaqalari o‘rtasida yaqin sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni baholaydilar. Kun tartibi, shuningdek, savdo hajmini sezilarli darajada oshirish va qo’shma madaniy-gumanitar almashinuvlarni rag’batlantirishga qaratilgan.
Iqtisodiyotning keng ko‘lamli tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ularga ishlab chiqarish, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika va axborot texnologiyalari kiradi.
Transport va logistika tarmoqlarini mustahkamlash har ikki hukumat uchun ham ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Delegatsiya yanada samarali savdo yo‘llarini yaratish va O‘zbekiston eksportining geografik ko‘lamini kengaytirish maqsadida mintaqaviy transport yo‘laklarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni ko‘rib chiqadi.
Davlat rahbarlari iqtisodiy va savdo masalalaridan tashqari dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashadilar. Oliy darajadagi sammit yakunida ko‘plab sohalarda institutsional hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan keng qamrovli ikki tomonlama bitim imzolanishi kutilmoqda.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyan va Gonkongning «JDB Group» kompaniyasi asoschisi Chan Xuntoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi. Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va «yashil» sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirildi.
«JDB Group» kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida zamonaviy shahar, transport va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish hamda geologiya sohasi belgilandi.
Uchrashuv yakunida mazkur kompaniya ishtirokida amalga oshirilayotgan va yangi loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Diyene Keyta bilan demografik barqarorlik va inson kapitali bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta bilan uchrashdi.
Muloqotda demografik barqarorlik, inson kapitali va aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning asosiy kapitali yosh avlod ekanini ta’kidladi. U demografik salohiyatni kelgusida dividend manbaiga aylantirish uchun inson, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritish zarurligini bildirdi.
Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida demografik prognozlash tizimini yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, «Demografik dividend — 2050» strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini aytdi.
Tomonlar demografik barqarorlikni faqat aholi soni bilan bog‘liq masala sifatida emas, balki ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya va oilalarni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladigan uzoq muddatli taraqqiyot masalasi sifatida ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, demografik ma’lumotlar va tahliliy prognozlar asosida qarorlar qabul qilish hamda inson kapitali va ijtimoiy xizmatlarga investitsiyalarni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda aholining farovonligini oshirish va demografik jarayonlarni samarali boshqarishda ma’lumotlar hamda prognozlarning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi.
Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, «Global Infrastructure Partners» raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Hatami qatnashdi.
Muloqot davomida 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi. «BlackRock» ushbu Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi qo‘shma davra suhbatida O‘zbekiston hamda mintaqamizning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston yirik, samarali, sifatli sarmoyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda, dedi Saida Mirziyoyeva.
Siyosat
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Prezidentning tegishli qaroriga muvofiq, polkovnik Zoidov Qahramonjon Obidjonovich O‘zbekiston mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Adliya polkovnigi Muratov Jahongir Dilshatovich vazirning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyuradi.
Ikki kunlik safar dasturidan hududning sanoat va investitsiya salohiyati, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm va boshqa sohalardagi loyihalar bilan tanishish o‘rin olgan. Davlatimiz rahbari mahallalardagi bunyodkorlik ishlarini ham ko‘zdan kechiradi. Qator yangi quvvatlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi.
