Siyosat
Prezident Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so‘zladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so‘zlab, unda dastlab sammitning qadimiy Qorabog‘ zaminida tashkillashtirilganini e’tirof etdi va sammitni yuksak darajada tashkil etayotgani va samimiy qabul uchun Ilhom Aliyevga minnatdorlik bildirdi.
«Toshkentdagi tarixiy sammitimizdan keyin Tashkilotning institutsional salohiyatini mustahkamlash, yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi.
Fursatdan foydalanib, Tashkilotimiz doirasida Qozog‘iston Respublikasining samarali raisligini ham alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Shu bilan birga, anjumanimizda uzoq tanaffusdan so‘ng Afg‘oniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etayotganidan xursandmiz. Chunki biz qo‘shni Afg‘onistonni Tashkilotimiz makonining ajralmas bir qismi, keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik jarayonlarining muhim ishtirokchisi sifatida ko‘ramiz va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz», – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Mirziyoyev o‘z nutqida, shuningdek, bugun dunyo hamjamiyati keskin inqirozni boshidan kechirayotgani, ayniqsa, bu kabi aksariyat ziddiyat va nizolar aynan Tashkilot makonida sodir bo‘layotganini afsus bilan qayd etdi.
«Xalqaro huquq va global xavfsizlik institutlarining tanazzuli muloqot va hamkorlikni yanada zaiflashtirib, kuch ishlatish va zo‘ravonlikka keng yo‘l ochmoqda. Xususan, Tashkilotimiz a’zosi bo‘lgan Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirdi.
Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu qarorni mintaqadagi keskinlikni yumshatish, xavfsizlikni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholaymiz.
Bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonamiz.
Ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularni ishlatishdan tiyilish xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb masalasi ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqiramiz.
Ta’kidlash joizki, Falastin-Isroil ziddiyatini adolatli hal etmasdan turib, Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikka erishish mumkin emas.
Biz G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish, ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitdan azob chekayotgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga hech qanday to‘siq qo‘ymaslik, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyusiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tashkil etish tarafdorimiz», – dedi Mirziyoyev.
Shu bilan birga, har qanday tinchlik va taraqqiyotning asosi, avvalo, iqtisodiy hamkorlik bilan belgilanishi, shu bois Tashkilotimiz doirasidagi sheriklik bugungi kunda nafaqat tabiiy, balki muhim strategik ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Prezident Mirziyoyev yig‘ilish kun tartibidan kelib chiqib, bir qator masalalarni o‘rtaga tashladi.
«Eng avvalo, biz Tashkilotimizning o‘rta va uzoq davrdagi ustuvor rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak.
Bu borada «Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035» konsepsiyasini qabul qilishimiz zarur. Hujjatda savdo, investitsiya, transport, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, turizm va ta’lim kabi an’anaviy yo‘nalishlar bilan birga, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Tashkilotimiz doirasida tovar va xizmatlar savdosini soddalashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, elektron savdoni rivojlantirish masalalari ayniqsa dolzarbdir.
Shunga e’tiboringizni qaratmoqchiman: hozirgi kunda o‘zaro savdo hajmi past darajada qolmoqda. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 95 milliard dollarni tashkil etib, davlatlarimiz umumiy savdo aylanmasining 10 foizini tashkil etdi.
Mazkur yo‘nalishda strategik masalalarni muhokama qilish, Savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni kelishish maqsadida joriy yil Toshkentda savdo vazirlarimizning uchrashuvini o‘tkazish taklifini ilgari suramiz.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha tezkor ma’lumot almashish va to‘siqsiz yetkazishga qaratilgan «yashil yo‘laklar» tizimini yaratish dolzarbdir.
Sarmoyaviy hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiya muhitini yanada shaffof va jozibador qilish maqsadida uzoq muddatli «Ekoinvest» dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz. Bu dasturning asosiy maqsadi mintaqamizdagi istiqbolli loyihalarga xususiy investorlar, banklar va xalqaro moliya institutlarini keng jalb etish, deb hisoblaymiz.
Yana bir ustuvor yo‘nalish. So‘nggi vaqtdagi geosiyosiy voqealar xalqaro logistika zanjirlarining uzilish xavfi naqadar yuqoriligi hamda muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish strategik ahamiyatga ega ekanini yana bir bor isbotladi.
O‘tgan yili Xitoy – Qirg‘iziston –O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni boshlaganimiz muhim voqea bo‘ldi. Kelgusida ushbu magistral tarmoq Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, keng mintaqamizdagi tranzit tarmoqlarini samarali birlashtirish imkonini beradi.
Transport va logistika sohasini raqamlashtirish ishlarini tizimli asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni amalda tatbiq etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz va ekspertlar darajasidagi muzokaralarni jadallashtirish tarafdorimiz.
Mintaqada yangi aviaqatnovlar yo‘nalishlarini ochish, aviakompaniyalar o‘rtasida innovatsion hamkorlik shakllarini yo‘lga qo‘yish, turizm va aviatsiya sohalari o‘rtasida marketing bo‘yicha integratsiyalashgan strategiyalarni ishlab chiqish dolzarb vazifalardan biridir. Ushbu masalalarni muhokama qilish maqsadida Milliy aviakompaniyalar forumini Samarqandda tashkil etishni taklif qilamiz.
Istiqbolda turizm sohasida sayyohlar oqimini ikki barobar oshirish uchun yetarli salohiyatga egamiz. Tashkilot doirasida «Turizm xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish ayni shu ezgu maqsadimizga xizmat qiladi.
E’tiboringizni yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman.
Global iqlim kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan davlatlarimizning intilish va sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimdir. Boku shahrida muvaffaqiyatli o‘tgan COP-29 global iqlim sammitida qabul qilingan majburiyatlar va kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishining qat’iy tarafdorimiz.
Tashkilot doirasida cho‘l hududlarida o‘rmonlar tashkil qilish, rekreatsiya zonalarini barpo etish bo‘yicha Transchegaraviy “yashil dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi Tashkilot faoliyatini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan Yuqori darajadagi qo‘mitaning ishini ijobiy bahoshini bildirdi. Qo‘mitaga kelgusi sammitga qadar Tashkilot faoliyatini isloh qilish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqish vazifasini topshirishni taklif qildi.
«Bunday islohotlar hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish, Tashkilotning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yanada oshirish hamda uning faoliyatini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Ishonaman, bugungi sammitimiz ko‘pqirrali va amaliy hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish borasidagi katta niyat va rejalarimizga munosib turtki bag‘ishlaydi», – dedi so‘zini yakunlab Shavkat Mirziyoyev.
Siyosat
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев Шанхай ҳамкорлик ташкилотига аъзо давлатлар раҳбарлари кенгашининг навбатдаги йиғилиши ҳамда «ШҲТ плюс» форматидаги учрашувда иштирок этиш учун Бишкек шаҳрига келди.
«Манас» халқаро аэропортида давлатимиз раҳбарини Қирғиз Республикаси Вазирлар Маҳкамаси Раиси – Президент Администрацияси раҳбари Адилбек Қасималиев ва бошқа расмийлар кутиб олди.
Бугун Ўзбекистон Президенти қатор икки томонлама учрашувлар ўтказади ҳамда VI Бутунжаҳон кўчманчилар ўйинларининг очилиш маросимида иштирок этади.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi
Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisiga O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi hamda O‘zbekiston – Xitoy ko‘p qirrali munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Kelgusi yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘ladi. Ushbu qutlug‘ sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.
So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Barcha darajalarda aloqalar izchil mustahkamlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.
Tomonlar tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi tizimli strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladilar. O‘zbekiston “yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch”ga qarshi qat’iy kurashni doimiy qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Kelgusida uning yanada o‘sishiga ishonch bildirildi.
Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif etildi. Shu maqsadda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.
Texnologik sheriklikning yorqin namunasi sifatida “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda yanada faol ishtirok etish taklif qilindi.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va ularning mamlakatimizdagi loyihalardagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Energetika sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. O‘zbekiston an’anaviy va muqobil energetika sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etishdan manfaatdor.
Hududlararo almashinuvlar faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan faol hamkorlik qilib, ko‘pgina qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. May oyida Sian shahrida uchinchi Hududlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘lini qurish ishlari samarali davom ettirilmoqda. Mazkur yo‘nalish Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Muzokaralar davomida turizm va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va parvozlar sonini ko‘paytirish rejalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.
Ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik muntazamlik kasb etgan. “Lu Ban ustaxonalari” va Konfutsiy institutlari faoliyati hamda hududlarda qo‘shma ta’lim loyihalarini rivojlantirish ishlari davom ettiriladi.
Xitoy tilini o‘rganishni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish hamda yurtimiz yoshlarining Xitoyda tahsil olishi uchun kvotalarni oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Kosmosni o‘zlashtirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayd etildi.
“Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi mintaqaviy sheriklikni yanada chuqurlashtirish va uning kelgusi yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadigan uchinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Raisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.
Siyosat
O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida o‘tayotgan ShHT sammiti tadbirlari doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlatimiz rahbari va O‘zbekiston xalqini mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Antoniu Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bosh kotibning tashkilot tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Faol muloqot va o‘zaro tashriflar hamda O‘zbekistonning BMTning saylanadigan organlari faoliyatidagi ishtiroki kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyusiyasi qabul qilindi.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda katta yutuqlarga erishayotganini olqishladi. Bu boradagi hamkorlikni yanada faol davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Siyosat
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Pokistonni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilayotgani bilan samimiy tabrikladi.
Joriy yilning fevral oyida Islomobodga amalga oshirilgan tarixiy tashrif va bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar munosabatlarimizni yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida qayd etildi.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish borasida fikr almashildi.
Uchrashuvda hududlararo hamkorlik va gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, joriy yilda Xiva shahrida Hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani hamda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
To‘qimachilik, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim sohalardagi loyihalarni jadallashtirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Siyosat
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi.
Mirziyoyeva Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, XKP MQ Tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi devoni rahbari, Xitoy tashqi ishlar vaziri janob Van I bilan uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tganini bildirgan.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilib, keng imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Shu nuqtai nazardan savdo, iqtisodiyot, investitsiya va madaniy aloqalar kabi ustuvor yo‘nalishlardagi munosabatlar rivojini muhokama qilish alohida ahamiyat kasb etdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar global masalalar bo‘yicha umumiy qarashlarni shakllantirishga alohida to‘xtaldi.
Saida Mirziyoyeva Van Iga iliq va mazmunli suhbat uchun minnatdorlik bildirdi.
-
Sport4 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport3 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat2 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat4 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat2 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Siyosat1 day ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Mahalliy12 hours ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
