Jamiyat
Prezident «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi Qarorni imzoladi.
Qaror matniga ko‘ra, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan bir guruh fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizni munosib rag‘batlantirish maqsadida «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti topshiriladi.
«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlarga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari tantanali vaziyatda topshiriladi.
«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sovrindorlarining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar ro‘yxati:
Xojabekov Batirbek Jolmurzayevich — O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi harbiy qismi sport guruhi yo‘riqchisi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)
Eshniyazov Islam Saparbayevich — Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri sahna ustasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)
No‘monjonov Muhiddin G‘ulomjon o‘g‘li — Andijon davlat tibbiyot institutining biologik kimyo kafedrasi assistenti (Andijon viloyati)
Sattarov Akmaljon To‘ravoy o‘g‘li — Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabining damli va zarbli cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishi o‘qituvchisi (Andijon viloyati)
Yoriyev Shohijahon O‘tkir o‘g‘li — Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining 4-bosqich talabasi (Buxoro viloyati)
Rashidov Ulug‘bek O‘ktamovich — Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 10-sinf o‘quvchisi (Buxoro viloyati)
Mamatkarimov Davron Abdurashid o‘g‘li — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy qismi guruh mutaxassisi (Jizzax viloyati)
Sunnatov Qudratulla Sundorqul o‘g‘li — O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali 4-bosqich talabasi (Jizzax viloyati)
Karimov Davron Kamoliddin o‘g‘li — O‘zbekiston davlat filarmoniyasining xor jamoasi artisti (Qashqadaryo viloyati)
Muhitdinov Bobur Anvarovich — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus vazifalar bo‘yicha respublika qutqaruv markazi yo‘riqchi-qutqaruvchisi (Qashqadaryo viloyati)
Baxtiyorov Faxriyor Akromjon o‘g‘li — O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining 1-bosqich magistranti (Navoiy viloyati)
Yerejepbayev Quanishbek Tursunovich — Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-bosqich magistranti (Navoiy viloyati)
Rahimov Fayzullo Xusanboy o‘g‘li — Namangan davlat texnika universitetining doktoranti (Namangan viloyati)
Sotvoldiyev Jamshidbek Farxodjon o‘g‘li — O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi (Namangan viloyati)
Toshbekov Sanjar Isomiddin o‘g‘li — «Ma’naviy hayot» jurnali musahhihi (Samarqand viloyati)
Hakimov Feruz Xurshid o‘g‘li — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 1-bosqich magistranti (Samarqand viloyati)
Kleshko Mixail Sergeyevich — O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining 2-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)
Usmonov Azizbek Abdumurod o‘g‘li — O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 4-bosqich talabasi (Sirdaryo viloyati)
Jandreyev Shermuhammad Mamarajab o‘g‘li — Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi katta mutaxassisi (Surxondaryo viloyati)
Qudratillayev Parvez Kamol o‘g‘li — O‘zbekiston Milliy universitetining 2-bosqich talabasi (Surxondaryo viloyati)
Aliyev Murodjon Anvar o‘g‘li — Parkent tumanidagi 29-bolalar musiqa va san’at maktabining baxshichilik sinfi o‘qituvchisi (Toshkent viloyati)
Egamberdiyev Muhammadibrohim Baqojon o‘g‘li — Toshkent davlat tibbiyot universitetining 2-bosqich talabasi (Toshkent viloyati)
Shermatov Qobiljon Otaqo‘zi o‘g‘li — «Yangi Farg‘ona» gazetasi muxbiri (Farg‘ona viloyati)
Xudoberdiyev Shavkatjon Nurmat o‘g‘li — Toshkent davlat texnika universitetining tayanch doktoranti (Farg‘ona viloyati)
Umirboyev Alibek Javlonbek o‘g‘li — «Yangi O‘zbekiston» universitetining 1-bosqich talabasi (Xorazm viloyati)
Egamberdiyev Maqsadbek Baxtiyor o‘g‘li — Bog‘ot tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi (Xorazm viloyati)
Muhammadov Mirjahon Muhammadjon o‘g‘li — Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi (Toshkent shahri)
Nosirov Jahongir Mansur o‘g‘li — O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, jurnalist (Toshkent shahri).
Jamiyat
O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining 88,1 foizi xususiy hovlilarda yashaydi
Milliy statistika ko‘mitasining 2025-yil yanvar-sentyabr oylaridagi uy xo‘jaliklari tanlanma kuzatuvlari ma’lumotlariga asosan, O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining 88,1 foizi alohida uy (xususiy hovli)da istiqomat qiladi.
Uy xo‘jaliklarining uy-joy turlari bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha:
alohida uy (xususiy hovli) — 88,1 foiz;
ko‘p kvartirali uylar — 11,7 foiz;
boshqa turdagi uy-joylar — 0,2 foiz.
Jamiyat
Qarz so‘raydigan soxta tanish – Telegram’da profilni nusxalash bilan bog‘liq firibgarlik ko‘paymoqda
Biror tanishingiz Telegram orqali yozib, sizdan qarz so‘rayotgan bo‘lsa, unga darhol pul berishga shoshilmang: u aslida tanishingizning profilini soxtalashtirgan firibgar bo‘lishi mumkin. Ayni kunlarda O‘zbekistonda shu turdagi kiberjinoyat ko‘paydi. Bunda firibgarlar asosan hamkasblar, sinfdoshlar, guruhdoshlar yoki qarindoshlar yig‘ilgan ochiq guruhlardan foydalanmoqda.
O‘zbekistonda shu kunlarda Telegram orqali yangi turdagi firibgarlik ommalashmoqda. Bu ochiq guruhlardagi biror shaxs profilini soxtalashtirish orqali o‘sha guruhdagi boshqa shaxslardan qarz so‘rash bilan bog‘liq. Bu aldovga esa ko‘plar chuv tushmoqda.
“Kursdoshim deb o‘ylabman”
Navoiy shahrida yashovchi Sanobar Zokirova shu turdagi firibgarlikka aldanganlardan biri. U Temur ismli guruhdoshining nomidan qarz so‘ragan shaxsga P2P ko‘rinishida ketma-ket uch marta pul o‘tkazib bergan.
“2025 yil 7 dekabr kuni ertalab Temur ismli kursdoshim Telegram’dan qarz so‘rab yozib qoldi. Avvaliga 750 ming so‘radi va boshqa shaxsga tegishli karta raqam jo‘natdi. Xo‘p, deya tashlab berdim. Oradan 1 soat o‘tib, yana 600 ming so‘m bera olasanmi, deb yozdi. Xo‘p desam, yana boshqa xil karta raqam jo‘natdi. O‘tkazib berdim. Oradan yarim soat o‘tib, yana 600 ming so‘m chiqadimi, deya so‘radi. Yo‘q, kartamda 200 ming so‘m qoldi, dedim. O‘sha 200 ming so‘mni ham berib tur, men senga barini bir qilib tashlab beraman, karta raqamingni ham jo‘natib qo‘y, dedi. Keyin bilsam u kursdoshim emas, firibgar ekan”, deydi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda Sanobar Zokirova.
Firibgar birinchi bor Abdurasul Maxmudov nomidagi bank kartasiga 750 ming so‘m o‘tkazdirib olgan.
Keyingi holatlarda esa Elyorjon Jo‘raboyev hamda Ismoil Abdullayev nomidagi bank kartalaridan foydalanilgan.
Sanobar Zokirovaga tanishi nomidan yozgan shaxs puli naqdligini, unga o‘sha kunning o‘zida qaytarishni va’da qilgan.
Shu tariqa, firibgar Sanobar Zokirovadan jami 1 mln 550 ming so‘m pul mablag‘ini P2P ko‘rinishida boshqa shaxslarning nomida bo‘lgan bank kartalariga o‘tkazib olgan. Sanobar Zokirova holat yuzasidan Navoiy shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
“O‘sha kursdoshim bilan Navoiy shahar IIBga borib, holat yuzasidan ariza qoldirdik. Bankdan bank kartamning amaliyotlar tarixini ham olib berdim. Hozircha jimlik, arizamiz bilan shug‘ullanayotgan ichki ishlar xodimi qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermayapti, chaqirishmadi ham”, deydi Sanobar Zokirova.
Firibgar buni qanday amalga oshiradi?
Telegram’ning qidiruv qismidan faol holatdagi ochiq guruhlarni izlab topish mumkin. Masalan, Telegram’ga oddiy “kursdoshlar” so‘zini yozib, qidiruvga bersangiz shu nomdagi ko‘plab guruhlar chiqib keladi.
Firibgar ushbu guruhga a’zo bo‘lmagan holda guruh a’zolari ro‘yxatini ko‘rishi, yozishmalarni o‘qishi mumkin. So‘ngra guruh a’zolaridan birining profilini soxtalashtiradi. Ya’ni uning nomidan soxta profil ochadi: profil rasmi, ism-familiya, username, bio va boshqa elementlar firibgar tomonidan aynan bir xil shaklda qayta yaratiladi.
Masalan, yuqoridagi holatda Timur ismli profil nusxasi yaratilgan. Soxta profilda haqiqiysidagiga birgina i harfini qo‘shish orqali username yaratilgan: haqiqiy profilda @timur_Tn1 bo‘lsa, soxtasida @tiimur_Tn1.
Soxta profil yaratilgach, firibgar u orqali guruhdagi qolgan a’zolarga qarz so‘rab yoza boshlaydi. Va kimdir bu tuzoqqa ilinishi mumkin.
Nimalarga e’tibor berish kerak?
Biror tanishingiz Telegram orqali yozib, sizdan qarz so‘rasa, unga darhol pul berishga shoshilmang. Sababi sizga yozayotgan shaxs aslida firibgar bo‘lishi mumkin.
Unga aldanib qolmaslik uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
tanishingizning telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, holatni aniqlashtiring;
profil ma’lumotlarini, xususan, username’ni tekshirib ko‘ring. Birgina belgi qo‘shish yoki olish orqali ham haqiqiy username’ga o‘xshashini yaratish mumkin;
agar o‘sha tanishingiz bilan shaxsiy yozishmalar olib borgan bo‘lsangiz yozishmalar tarixi bor yoki yo‘qligiga e’tibor qarating;
begona shaxslar nomidagi bank kartalariga pul o‘tkazmalarini amalga oshirmang.
Bundan tashqari, Telegram odatda sizga yozayotgan profil qachon ro‘yxatdan o‘tkazilganini ma’lum qiladi. Agar tanishingizning profili avvaldan faol holatda bo‘lsa, bu ham shubhaga asos bo‘ladi.
Kun.uz yurtdoshlarimizni Telegram’dagi bu kabi firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi. Sizga yozayotgan shaxs tanishingiz ekaniga to‘liq ishonch hosil qilmaguncha qarz munosabatlariga kirishmang. Yo‘qsa, o‘zingiz firibgarlik qurboniga aylanishingiz mumkin.
Jamiyat
Toshkentning ikki tumanida elektr ta’minotida uzilish ro‘y berdi
Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 11 dekabr tongida “Botanika” podstansiyasiga ulangan bir nechta kabel tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelishi oqibatida 6,2 mingdan ortiq iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotisiz qoldi. Energetiklar ayrim tarmoqlarda uzilishni bartaraf etishga erishdi, qolgan qismlarda ishlar davom etmoqda.
Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 11 dekabr tongida elektr ta’minotida uzilish kuzatildi, 6,2 mingdan ortiq iste’molchi vaqtincha svetsiz qoldi.
Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, soat 05:53 da “Botanika” podstansiyasidan chiquvchi “Astronomiya-1,2”, “L-Bosmaxona” va “L-Karamurt” kabel tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelgan. Shuning natijasida ushbu tarmoqlarga ulangan iste’molchilar elektr ta’minotidan uzilgan.
Soat 09:06 da “Astronomicheskaya-2” kabel tarmog‘idagi nosozlik bartaraf etildi va 3 mingdan ortiq iste’molchining elektr ta’minoti qayta tiklandi. Hozirgi vaqtda energetiklar qolgan kabel tarmoqlaridagi nosozlikni bartaraf etish, barcha iste’molchilarni elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ish olib bormoqda.
Jamiyat
Piskentda ko‘plab daraxtlar kesilib, yashil hudud yo‘q qilingani aytilmoqda
Kun.uz’ga yuborilgan videoga ko‘ra, Toshkent dengiziga yaqin hududda bir qancha daraxtlar kesilib, uning shox va to‘nkalari har tomonga tashlab ketilgan. Murojaat muallifi bu joy oldin yashil maskan bo‘lganini aytmoqda. Tahririyat bu borada Ekologiya qo‘mitasiga so‘rov yubordi.
Toshkent viloyati Piskent tumanida, Toshkent dengiziga yaqin hududda ko‘plab daraxtlar kesib tashlangani haqda Kun.uz’ga videomurojaat kelib tushdi.
Video 7 dekabr kuni olingan. Unda daraxtlar ko‘p yillik bo‘lgani, har yoqda shox-shabba va to‘nkalar sochilib yotgani ko‘rinadi.
“Mana bunga qarang, qanday daraxtlarni kesib tashlashdi. Bu nimasi? Bu Toshkent dengizi [hududida] bo‘lgan. Ko‘ryapsizmi, hammasini yo‘q qilishgan. Qani bizning ekologiya [rasmiylari], daraxtlar qancha kislorod beradi. Shundoq ham havo juda ifloslangan. Bu yerda esa barcha daraxtlarni yo‘q qilib turishibdi.
Biror chora ko‘ringlar, tabiatni himoya qilinglar. Bu yer yashil hudud edi. Bu daraxtlarni nima uchun kesishdi? Ayni shu daraxtlarni o‘stirishga 20-30 yil ketadi”, – dedi murojaat yo‘llagan odam.
Daraxtlar nima sabab bilan kesilgani ma’lum emas. Kun.uz bu borada Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga so‘rov yubordi.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab ayrim hududlarda «svet» vaqtincha o‘chirilishi mumkin – vazirlik
Sirdaryo viloyatida Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi tomonidan quvvati 1500 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirilgan.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi kuzatilgan. Stansiya ishini tezkor tiklash maqsadida, investor hamda ishlab chiqaruvchining kafolatli shartnomaviy majburiyatlariga asosan Yaponiyaning «Mitsubishi» kompaniyasida yangi rotor qisqa muddatda tayyorlanib, maxsus reys bilan 8 dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi.
Og‘irligi 114 tonna bo‘lgan qurilma aeroportdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr stansiyasi maydoniga yetkazildi.
«Barcha jarayonlar tegishli vazirlik va idoralar, investor, pudratchi va texnologik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirildi. Yangi rotorni o‘rnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy vaqt talab qiladi.
Bu quvvatlarni qoplash maqsadida qo‘shimcha zaxiradagi va yangi ishga tushirilyotgan bloklardan foydalanilyapti», – deyiladi vazirlik xabarida.
Yangi rotor gaz turbinasiga o‘rnatilgach, stansiyaning ishlab chiqarish quvvati tiklanadi va elektr ta’minotida vaqtincha ko‘rilayotgan choralarlarning oldi olinadi.
Shuningdek, ayni kunlarda havo bulutli (kam quyoshli) bo‘layotganligi va kunlar qisqaligi hisobidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish kamaygani, shu sababli esa ishlab chiqarish va iste’mol balansini tartibga solish, ularning muvozanatini saqlash maqsadida ayrim hududlarning elektr ta’minotida asosan iste’mol ortgan pallalarda (17:00-21:00 lar oralig‘ida) qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkinligi aytildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, agar bunga zarurat tug‘ilsa, iste’molchilar oldindan xabardor qilinadi.
-
Sport4 days agoТуркия Суперлигаси. «Башакшеҳир» – «Фенербаҳче». Шомуродов ва Файзуллаев — асосий таркибда
-
Jamiyat2 days agoTo‘qqiz qizli Jasur – to‘rt egiz tug‘ilgan xonadondan reportaj
-
Iqtisodiyot4 days agoXitoylik investorlar Jizzaxdagi volfram konini ishga tushirmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoBMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
-
Dunyodan5 days agoBuyuk Britaniya Rossiyaning Ukrainaga nisbatan 11 milliard dollarni tashkil qilmoqchi
-
Dunyodan2 days agoQurolli mojaro Tailand va Kambodiya o’rtasidagi chegarada yana paydo bo’ladi
-
Siyosat5 days ago2027 yilga kelib elektr energiyasini xususiy operatorlar uchun to’rtta mintaqada elektr tarmog’iga o’tkazadi
-
Jamiyat24 hours agoO‘zbekistondagi muzey va ziyoratgohlarga «virtual sayohat» qilish imkoni yaratiladi
