Jamiyat
Prezident Haj ziyoratchilariga salom yo‘lladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
Hozirgi muborak kunlarda aziz yurtdoshlarimiz Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turishibdi. Davlatimiz rahbari ular uchun yaratilgan sharoitlar, nuroniylarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi.
Muftiy hazratlari Haj amallarini sidqidildan, mukammal ado etish uchun barcha tashkiliy choralar ko‘rilganini ta’kidladi.
Ayni paytda 15 ming nafar hojilarimizning barchasi Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ularga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpazlar va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilmoqda.
Bu yil, O‘zbekiston tomonining talabiga muvofiq, Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘ralgan, sovutish tizimi o‘rnatilgan, gilam va to‘shaklar solingan. Bu hozirgi yoz kunlarida ziyoratchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi haj mavsumiga yanada yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilib, barcha zarur sharoitlar hozirlandi. Bundan qalbida shukronalik hissi jo‘shgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilmoqda.
Muftiy Nuriddin Xoliqnazar Prezidentimizga ulug‘ ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi.
Suhbat samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Muhtaram hojilar O‘zbekistonga qaytgach, mahallalarda ijtimoiy muhitini mustahkamlash, ehtiyojmand insonlarga ko‘mak berish, yoshlarni ilm-ma’rifatga targ‘ib etishda namuna ko‘rsatishlariga umid bildirildi.
Jamiyat
3 oyda bolalar kontentiga oid 1068 ta qonunbuzilish aniqlandi
Bolalarning sog‘ligi va ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilish holati aniqlangan OAVlar ogohlantirilib, ko‘rsatmalar yuborilgan.
O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida internet nashrlari, telekanallar, bosma OAV va nashriyot mahsulotlarida bolalarning sog‘ligi hamda ruhiyatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborot mahsulotlariga oid 1068 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Ularning aksariyati kontentni yoshga qarab tasniflash va markirovka qilish talablariga rioya etilmagani bilan bog‘liq.
Bu haqda 23 iyun kuni Axborotlashtirish va kommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi o‘tkazgan «Raqamli davrda bolalarning axborot xavfsizligi: OAV mas’uliyati, kiberhimoya va etik mezonlar» mavzusidagi treningda ma’lum qilindi.
Inspeksiya boshlig‘i maslahatchisi Asad Xo‘jayevning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan hozircha jazo choralari qo‘llanmagan.
«Bu qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan biz ko‘rsatma xatlari yubordik. Xatda har bitta holatni mutaxassislar ishtirokida tahlil qilib, takrorlanmasligi uchun profilaktika ishlari olib borishlarini so‘radik. Hozircha bu masalada jazolash bo‘yicha biror chora ko‘rmadik.
Maqsadimiz — bu zararli kontentlarni to‘g‘ri baholay oladigan ekspertlar hamjamiyatini shakllantirish va malakasini oshirish. Agar shundan keyin ham shunday holatlar kuzatiladigan bo‘lsa, ularga nisbatan chora ko‘rishga majbur bo‘lamiz», dedi Asad Xo‘jayev.
Jamiyat
Farg‘ona va Samarqandda kredit uchun pora talab qilgan bank boshliqlari aniqlandi
Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida kredit ajratib berish uchun pul talab qilgan bank xodimlari ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda tijorat banki BXM boshlig‘i R.S. tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun kredit ajratishni so‘rab murojaat qilgan fuqaro F.R.ning ishonchiga kirib, unga 2,5 mlrd so‘m kredit ajratib berishi evaziga ushbu kredit miqdorining 5 foizini, ya’ni 125 mln so‘mini oldindan berishini aytib, ushbu pullar hisobidan 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Samarqand viloyati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tijorat banki BXM boshlig‘i D.I.«D.D.» MChJ rahbari D.M.ga 75 000 AQSh dollari kredit mablag‘i ajratib berganligi evaziga olgan 2 150 AQSh dollari hisobidan 10,7 mln so‘mini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
“Nogironligi bor bolalarimizni sarson qilishyapti” – Farg‘onadagi Muruvvat uyida maxsus guruh yopildi
Farg‘ona shahar nogironligi bor bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazidagi (avvalgi Muruvvat uyi) kunduzgi parvarishlash guruhlari yopilib, tarbiyalanuvchilar xususiy muassasaga yo‘naltirilgan. U yerda esa malakali mutaxassis yo‘q. Oqibatda o‘ttizga yaqin nogironligi bor bola qayerga borishni bilmay sarson bo‘lyapti.
Kun.uz muxbiri “G‘amxo‘rlik” maskanida bo‘lib, ota-onalar bilan suhbatlashdi, mas’ullardan izoh so‘radi.
Yangi tartibdan norozi bo‘layotgan ota-onalar farzandlarini Muruvvat uyiga qaytarishni so‘rab, mutasaddilardan iltimos qilib qolishdi.
“Yangi joyda bunday bolalarni eplay olishmadi”
Sayyora Yormatova:
— Ikki nevaram: 16 va10 yoshli nogiron opa-uka sarson bo‘lishyapti. Muruvvat uyining xodimlari nevaralarimga yaxshi qarashayotgan edi. Nima bo‘ldiki, sohani tadbirkorlarga beramiz deb maxsus kunduzgi guruhni yopib qo‘yishdi. Nogironligi bor nevaralarim yangi muassasaga borgandan beri kasal. U yerda mutaxassislar yo‘q ekan. Nogironligi bor bolalarim sarson bo‘lgani qoldi. Eski Muruvvat uyiga qaytarishsin ularni.
“Yangi bog‘chaga olib borasizlar, bu yer yopildi” deyishdi. Yangi joyda esa biz bunday bolalarni eplay olmaymiz deb, hujjatlarimizni qo‘limizga tutqazishdi. O‘sha kuni kasal bo‘ldi nevaralarimdan biri.
Farg‘ona shahridagi Murruvvat uyining sharoitlari zo‘r bo‘lgan. U yerda haqiqiy mutaxassislar bo‘lgan. Hech qanaqa kamchilik bo‘lmagan. Bizga shu eski Murruvvat uyini ochib berishsin. Sarson bo‘lib ko‘chada qolgan bolalarimizni Muruvvat uyi yana olsin.
“Nogironligi bor farzandim azobda qoldi”
Saida Mirzaazizova:
— Farzandim 9 yildan beri Muruvvat uyidagi maxsus kunduzgi guruhda tarbiyalanardi. Farg‘ona shahridagi Muruvvat uyining nomini o‘zgartiramiz deb, yopib qo‘yishdi. Nogironligi bor bolalarimizning hammasi sarson bo‘lib ko‘chada qoldi.
Muruvvat uyidagi maxsus guruh yana ochilsin. Chunki biz budjet tashkilotida ishlaymiz-da, bolani qayerda qoldirishni bilmay shu yerga kelganmiz.
Farzandim mustaqil yura oladigan darajada emas. Holati og‘ir. Muruvvat uyidagi guruhga o‘rgangan bola kasal bo‘lib qoldi. Bog‘chaga boraman deb tinmay yig‘laydi. Nogironligi bor bolalarimizga rahm qilinglar. Muruvvat uyida yopilgan maxsus guruhni joyiga qaytaringlar, iltimos.
“Komissiya xulosasidan so‘ng hal bo‘ladi”
Farg‘ona shahar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “G‘amxo‘rlik” markazi direktori Abdug‘ani Turdiboyev:
— Shu kungacha kunduzgi guruhda 28 nafar bola tarbiyalanar edi. Vazirlar Mahkamasining 271-sonli qarorida 2026 yil 1 maydan muassasamiz nomidagi “muruvvat” degan so‘z olib tashlandi, endi “G‘amxo‘rlik” markaziga aylantirildi.
“G‘amxo‘rlik” markazining asosiy vazifasi – ijtimoiy moslashuv orqali mehnat terapiyasiga, sportga jalb qilish, bolaning o‘zidagi bor imkoniyatlarini yuzaga chiqarib berish. Endi hozirgi paytda Muruvvat uyining nomi “G‘amxo‘rlik” markazi bo‘lganligi uchun bolalar qayta pedagogik-tibbiy-psixologik komissiyadan o‘tishi kerak. Komissiya xulosadan keyin bola yangi tizimga yo‘naltiriladi.
Muruvvat uyidan tashqarida tashkil qilingan yangi muassasalarga o‘zimizning xodimlarimizdan beradigan bo‘lganmiz. Yangi joyda bolalarning ijtimoiy moslashuvi uchun ularga vaqt kerak bo‘ladi. Balki o‘rganishar, balki ota-onasining o‘zida xohish bo‘lmayotgan bo‘lishi mumkin. Qulaylik taraflari bor: bizda qanday sharoit yaratilgan bo‘lsa, ularda ham ijtimoiy xizmat turlari mavjud.
Pedagogik-tibbiy-psixologik komissiya a’zolari nogironligi bor bolalar holatini bir qator ko‘rib, tashxisi bo‘yicha individual yondashgan holatda xulosa berishadi. Nizomga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa,, “G‘amxo‘rlik” markazlariga yoki o‘ziga yaqin hududda bo‘lgan kunduzgi qatnov xizmatlariga ham jalb qilishimiz mumkin bolalarni.
“Yangi muassasaga mutaxassislar jalb qilamiz”
Diyor Abdullayev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi:
“Ota-onalarning e’tirozi o‘rinli. Sababi, yangi tashkil etilgan muassasaga hali mutaxassislar jalb etilmagan edi. Shuning uchun ota-onalar qoniqish hosil qilmadi. Biz boshqa kunduzgi parvarish xizmatini tashkil etyapmiz.
Muruvvat uyidan xodimlar, ya’ni qisqartirishga tushgan xodimlar yangi tashkil etilayotgan muassasamizga ishga jalb qilinyapti. Yaqin kunlarda nogironligi bo‘lgan bolalarga qaray oladigan mutaxassislar kelib, shu yerda faoliyatini boshlashadi”.
Yangi tartib haqida qisqacha
Ma’lumot uchun, tegishli farmonga asosan, mo‘’tadil, og‘ir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoki demensiya tashxisi qo‘yilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oilaviy muhitga yaqin shakldagi quyidagi yangi xizmatlar ko‘rsatilishi joriy qilinishi belgilangan:
“Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
uy sharoitida qarab turish xizmati;
kichik hajmli “Madad” uylari xizmati;
“Ijtimoiy ta’til” qisqa muddatli joylashtirish xizmati.
Sanab o‘tilgan to‘rtta xizmat davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida xususiy tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” internat uylari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “G‘amxo‘rlik” markazlari sifatida qayta nomlandi.
Jamiyat
Talon-toroj va firibgarlik uchun shartli ozodlikka chiqish tartibi o‘zgardi
O‘zbekistonda talon-toroj va firibgarlik jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish tartibi qat’iylashtirildi. Endi ular yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan taqdirda mazkur imtiyozdan foydalana olmaydi.
Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga qo‘shimcha hamda o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonunga muvofiq, o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, shuningdek firibgarlik jinoyatlari uchun hukm qilingan shaxslarga jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish tartibi qayta ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, sodir etilgan jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni to‘liq qoplanmagan bo‘lsa, mahkum shartli ozodlikka chiqarilmaydi.
Shu bilan birga, qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati ham belgilandi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarini tashkil etish, hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish kengashlarini shakllantirish nazarda tutilgan.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Jamiyat
Xavfli deb topilgan yonilg‘i shoxobchalari xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi
O‘zbekistonda insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan, shuningdek xavfsizlik va shaharsozlik talablariga javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalari hamda gaz to‘ldirish inshootlari bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya hamda noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2026 yil 1 sentabrga qadar xavfsizlik, sanoat va yong‘in xavfsizligi, ekologik hamda shaharsozlik normalariga javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlari reyestrini shakllantiradi.
Shundan so‘ng mazkur obektlarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Qarorda ko‘chirilgan obektlar joylashgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar tadbirkorlar ixtiyorida saqlanib qolishi belgilangan.
Hujjatda, shuningdek, xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga istisno tariqasida gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar rasmiylashtirib berilishi nazarda tutilgan.
Mazkur choralar yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida xavfsizlik talablarini kuchaytirish, avariyalar xavfini kamaytirish hamda aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston AQSh-Eron bitimiga munosabat bildirdi
-
Dunyodan5 days ago
Britaniya hukumati voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni ham taqiqladi.
-
Jamiyat4 days agoNamanganda qalbaki dollar sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Sport4 days agoNodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi
-
Siyosat4 days ago
Robaxon Mahmudova Oliy sudga raislik qiladi
-
Siyosat3 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
