Jamiyat
Prezident Chirchiqdagi mudofaa sanoati texnoparkiga bordi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Chirchiq shahridagi texnoparkka tashrif buyurib, mudofaa sanoati korxonalari faoliyati bilan tanishdi.
Bu yerda zirhli va maxsus texnikalar hamda ilg‘or funksional imkoniyatlari va texnik xususiyatlari bilan ajralib turadigan bir necha turdagi masofadan boshqariladigan jangovar modullarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu yechimlar harakatlanuvchi va turg‘un nishonlarga, shu jumladan, ko‘rinish cheklangan sharoitlarda o‘t ochishni ta’minlaydi. Avtomatlashtirilgan boshqaruv, barqarorlashtirish, optik va akustik kuzatuv tizimlari, shuningdek, zamonaviy nishonga olish vositalari bilan jihozlangan.
Davlatimiz rahbariga asosiy butlovchi qismlarni yig‘ish, optik-elektron va barqarorlashtirish tizimlarini o‘rnatish, dasturiy sozlash va germetiklikni nazorat qilish, qurol-aslahalarni integratsiyalash va kompleks sinovlarni o‘z ichiga olgan ishlab chiqarish bosqichlari haqida ma’lumot berildi. Yakuniy bosqichda tayyor modullar yengil zirhli texnika namunalariga o‘rnatiladi va dala sharoitida tekshiriladi.
Jangovar modullar turli platformalar, jumladan, yengil zirhli texnika, maxsus avtomobillar, katerlar va zirhli transportyorlarni jihozlash uchun mo‘ljallangan.
Loyiha bir qator xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yurtimizning tegishli idoralari va sanoat korxonalari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimiz mudofaa sanoati korxonalarida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ish o‘rinlarini yaratish, o‘z sanoat va texnologik bazasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari mahsulotlarning sifati va ishonchliligiga doir talablarga qat’iy amal qilish, mahalliylashtirishni izchil kengaytirish, muhandislik kompetensiyalarini rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Namanganda qurilish boshqarmasi bosh mutaxassislari ushlandi
Namanganda qurilish sohasida korrupsion holat aniqlandi.
Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi o‘zaro til biriktirgan. Ular mahalliy tadbirkorga tegishli bo‘lgan, Yangi Namangan tumanida joylashgan 2 qavatli noturar binoning qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyiha hujjatlarini ijobiy hal qilib berish evaziga 22 ming AQSh dollari talab qilishib, joriy yilning mart oyida 7 ming dollar olishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri qolgan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, ikkinchi bosh mutaxassis ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Uy-joyga muhtoj yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratiladi
Joriy yil 20-aprel kuni Prezidentning «Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–66-son farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda uning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Jumladan, 2027-yil 1-yanvardan uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Unda ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi.
Shuningdek, quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi:
ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i nomida so‘nggi 3 yilda mulk huquqi asosida ko‘chmas mulk mavjud emasligi.
Jamiyat
Jurnalistlar uyushmasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi
2026-yil 22-aprel kuni Toshkent shahrida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va Jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga muvofiq, Jurnalistlar uyushmasi o‘z a’zolarini jalb qilgan holda oila va xotin-qizlar masalalariga oid davlat siyosati hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shu jumladan video, audio va boshqa mediakontentlar tayyorlash ishlarini amalga oshiradi.
Shuningdek, tomonlar hamkorlikda:
— Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar, milliy qadriyatlar va ijtimoiy loyihalarni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadida xorijiy auditoriya uchun ham jurnalistik materiallar tayyorlash;
— «Oltin qalam»,«Atirgul» kabi ko‘rik-tanlovlar orqali, shuningdek, ijodiy loyihalar va media tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish eng yaxshi jurnalistik materiallarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish;
— mediaturlar, matbuot anjumanlari va brifinglarda jurnalistlar ishtirokini ta’minlash;
— qo‘mita tizimi xodimlari va xotin-qizlar faollarining OAV bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirish maqsadida seminar-treninglar va davra suhbatlari tashkil etish;
— oila va xotin-qizlar hayotiga oid axborotlarni muntazam yig‘ish, tahlil qilish hamda tahliliy materiallar tayyorlash;
— milliy qadriyatlar, ijtimoiy tashabbuslar va ilg‘or tajribalarni xalqaro miqyosda targ‘ib etish uchun xorijiy auditoriyaga mo‘ljallangan materiallar tayyorlash;
— ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda faol jurnalistlar va blogerlarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
— qo‘mita axborot xizmatiga jamoatchilik bilan ishlash va raqamli kommunikatsiyalar bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatish;
— joylarda jurnalistika sohasi faxriylarini e’zozlash va ularning yubileylarini nishonlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi.
Jamiyat
Yozuvchi va shoirlar uchun Prezident mukofoti joriy etiladi
Ilg‘or ijodkor Prezident mukofoti joriy etiladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2027-yildan har 2 yilda 1 marta 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni arafasida «Avlodlar muloqoti» xalqaro yoshlar kongressi o‘tkaziladi.
2026-yildan har yili sentyabr oyida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida milliy urf-odatlarga tayanib, yuksak madaniy-estetik me’yorlar hamda xavfsizlikni ta’minlagan holda «Yoshlik – hayotning baxtli va oltin davri» shiori asosida umummilliy yoshlar festivalini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yildan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida «Ilg‘or ijodkor» Prezident mukofoti joriy etiladi. Unga ko‘ra:
– she’riyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlar mukofotlanadi;
– har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar BHMning 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
2026-yildan hududlarda ta’lim muassasasi, sport ob’yektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubxona, kinoteatr, konsert-tomosha zali, ko‘ngilochar saylgoh va bog‘lardan iborat yoshlarga mo‘ljallangan infratuzilma ob’yektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha minimal standartlar joriy etiladi.
2026–2027-yillarda har bir hududda 1 tadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga ixtisoslashgan maxsus xizmat ko‘rsatuvchi ko‘chalarda kutubxona,«book cafe», kitob do‘konlari joylashtiriladi.
Kitob sotuvini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlarga 1 mlrd so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratish choralari ko‘riladi.
Jamiyat
Rossiyaning Novosibirsk shahridan o‘zbekistonlik 7 nafar bola vatanga qaytarildi
Qayd etilishicha, bolalarning birortasida ham hujjat bo‘lmagan.
Foto: Migratsiya agentligi
Rossiyaning Novosibirsk shahrida ikki nafar o‘zbekistonlik onalarning biri 5 ta, ikkinchisi 2 ta voyaga yetmagan farzandi bilan og‘ir ahvolda qolib ketgan, deb xabar berdi Migratsiya agentligi.
Qayd etilishicha, bolalarning birortasida ham hujjat bo‘lmagan.
“Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi hamda Bosh konsulxona tomonidan barcha tashkiliy ishlar hal etildi. Bolalarga vatanga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirildi va avia chiptalar olinib, barchalari vatanga qaytarildi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Sankt-Peterburg shahrida murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi Bosh konsulxona ko‘magi bilan vatanga qaytarilgani xabar qilingandi.
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Dunyodan5 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat5 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat4 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Siyosat5 days agoGiyohvand moddalar savdosini moliyaviy tomirlarni kesish orqali to’xtatish mumkin.
-
Siyosat4 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat3 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
