Sport
Prezident 55 ming kishilik stadion qurilishini boshlab berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Yangi Toshkentda yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
So‘nggi besh yilda mamlakatimiz futbol sohasida tub burilish davri bo‘ldi. Jumladan, mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va o‘smirlar akademiyalari tashkil etildi, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, 2017-yilda yurtimizda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta bo‘lgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi.
Yaqinda Yuqori Chirchiq tumanida zamonaviy Milliy futbol markazi qurib bitkazildi. Futbol maktablarida 65 mingdan ortiq yoshlar mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Ushbu maktablarga jahonning nufuzli futbol klublaridan trenerlar, sport tibbiyoti va farmakologiyasi bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb qilingan.
Futbolchilarni mahalladan boshlab seleksiya qiladigan tizim yaratildi. Bunga alohida imtiyozlar joriy qilinib, 9 mingdan ziyod mahallaning 70 foizida futbol uchun mini maydonchalar tashkil etildi.
Shuningdek, 1,5 mingta maktabning futbol stadionlari ta’mirlanib, 1 milliondan ziyod o‘quvchi va mahalla yoshlari qamrab olindi. Yoshlar o‘rtasida mahalla, tuman, viloyat va respublika turnirlarini an’anaviy o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Musobaqalarda o‘zini ko‘rsatgan iqtidorli yoshlar futbol maktablariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinmoqda.
Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini bera boshladi.
– Futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoamiz o‘tgan yili Parijdagi olimpiadada ilk bor ishtirok etdi. Tariximizda ilk bor milliy terma jamoamiz kelgusi yilda bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ayni kunlarda Qatarda bo‘layotgan jahon chempionatida o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimiz Osiyo chempioni sifatida mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari marosimda.
Bugun dunyoning turli nufuzli klublarida to‘p surayotgan 20 nafar futbolchimizning umumiy transfer qiymati 60 million dollardan oshdi. Ayniqsa, o‘tgan oydan boshlab hamyurtimiz Abduqodir Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchisiga aylangani barchamizga faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Bu natijalar so‘nggi yillarda yaratilgan imkoniyatlar hisobiga milliy futbol maktabining xalqaro darajada tan olina boshlaganidan dalolat.
– Yaqinda FIFA prezidenti Janni Infantino mamlakatimizga tashrifi davomida O‘zbekistonda futbolga e’tibor, yaratilgan infratuzilma, boshqarish tizimidagi islohotlar bilan yaqindan tanishib, ushbu sportdagi tub o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Janob Infantino samimiy muloqotimiz chog‘ida xalqaro futbol hamjamiyatining mamlakatimizga bo‘lgan ishonchi tobora ortib borayotgani, O‘zbekiston futboli “Osiyo grandlari” darajasida ekanini alohida ta’kidladi, – dedi Prezident.
2 oktyabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027 yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.
– Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz. Qiymati 100 million dollarlik ushbu stadion qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Yangi Toshkent hududidagi barcha loyihalar zamonaviy me’morchilik va milliy qadriyatlar uyg‘unligida ekologik va “aqlli boshqaruv”ga asoslanib barpo etilmoqda. Shu umumiy konsepsiya asosida quriladigan yangi stadion ham tabiat bilan uyg‘un bo‘ladi hamda “yashil energiya”, “aqlli boshqaruv” va “qulay muhit” tamoyillariga asoslanadi.
Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.
Bu inshoot nafaqat 2027 yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi o‘n yillik rivoji uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qayd etish lozim, mamlakatimizning yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi va hurmatining yana bir ifodasidir.
Shu munosabat bilan chempionatga tayyorgarlik bo‘yicha alohida davlat dasturi qabul qilinishi aytildi. Infratuzilma, transport, mehmonxona, tibbiy xizmat va volontyorlik tizimlari bo‘yicha mas’ul vazirliklarga aniq vazifalar belgilab beriladi.
– Yangi Toshkent stadioni uchun hozir biz qo‘yadigan tamal toshi – bugungi mehnatimizning va ertangi g‘alabalarimizning asosidir. Ishonamanki, bu ulkan inshoot yoshlar uchun ilhom, xalqimiz uchun iftixor ramzlaridan biri bo‘lib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislariga katta sovg‘a bo‘ladi, – dedi Prezident.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent stadioni poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Jamiyat5 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Iqtisodiyot19 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
