Connect with us

Jamiyat

Poytaxt IIBBning 8 nafar tezkor xodimi fuqaroning 233 ming dollar mablag‘ini zo‘rlik ishlatib tortib olgani ma’lum bo‘ldi

Published

on


Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimlari ikki fuqaroni ichki ishlar binosiga olib kelib, bosim va qiynoqlar qo‘llagan holda ularning elektron hamyonidagi kriptoaktivlarni o‘zlariga tegishli boshqa hamyonga o‘tkazishgan. So‘ngra uni naqdlashtirib, o‘zaro bo‘lishib olishgan. Tintuv davrida xodimlarning uyi va xizmat xonalaridan jami 170 ming dollardan oshiq pul mablag‘lari, shuningdek giyohvand moddalar ham topilgan.

Chala qolgan tushlik

2024 yil 26 iyun. Soat taxminan 14:00 larda Mirobod tumanining Afrosiyob ko‘chasida joylashgan “Fistik” kafesiga 3 nafar fuqarolik kiyimidagi IIB tezkor vakili kirib keladi. Ular kafeda tushlik qilib o‘tirgan Muhammadali Qodirov oldida to‘xtashadi va unga o‘zlari bilan birga borishi kerakligini aytishadi. Tezkor xodimlar darhol yigitning telefoni hamda noutbugi solingan sumkasini olib qo‘yishadi va uni yo‘l chetida turgan Nexia mashinasiga o‘tqazishadi.

Nima bo‘layotganini tushunmagan Muhammadali Qodirov notanish kimsalardan xizmat guvohnomalarini so‘raydi. Biroq ular guvohnomani ichki ishlar binosida ko‘rsatishini aytib, yigitni Toshkent shahar IIBBga olib ketishadi.

Muhammadali Qodirovni tushlik qilib o‘tirgan joyidan olib ketgan shaxslar Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘limi kichik tezkor xodimlari Serikbay Kulanov, Maqsud Nazarov va Aqjigit Pirmentayev edi.

Serikbay Kulanov keyinchalik sudda Muhammadali Qodirovning ushlab ketilish holati bo‘yicha shunday ko‘rsatma bergan:

“2024 yil 26 iyun kuni soat taxminan 13:00 larda men, Maqsud Nazarov va Aqjigit Pirmentayev 329-sonli xizmat xonasida ishlab o‘tirganimizda O‘tkir Umrqulov va Jalol Xayrullayev xonaga kirib keldi. Ular Muhammadali Qodirovni topib, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasiga olib kelish kerakligini aytgan holda yashash manzilini berishdi.

Uchalamiz ko‘rsatilgan manzil, ya’ni Mirobod tumanidagi “Oybek” metro bekati oldiga bordik. Ammo Muhammadali Qodirovning uyini qidirib, topa olmasdan ortga qaytayotganimizda, o‘sha yerdagi kafeda uni ko‘rib qoldik. Telefoniga suratga olib, Telegram orqali O‘tkir Umrqulovga yubordik va u aytgan shaxs shu yoki boshqa ekanini so‘radik. O‘tkir Umrqulov aytgan shaxs xuddi shu ekanini ma’lum qildi. Biz Muhammadali Qodirovni ushlab, Toshkent shahar IIBB binosiga, 329-xonaga olib bordik. Shunda O‘tkir Umrqulov va Jalol Xayrullayev kirib kelib, Muhammadali Qodirovni o‘zlari bilan 328-xonaga olib kirib ketishdi. Ular nimani gaplashganini eshitmadim”.

328-xonadagi suhbat

O‘tkir Umrqulov hamda Jalol Xayrullayev Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘limining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor xodimi lavozimida ishlagan. Ikkisi ham 1989 yilda tug‘ilgan. 38 yoshli Anvar Po‘latov esa shu bo‘limning katta tezkor xodimi bo‘lgan.

Muhammadali Qodirov 328-xonaga olib kirilgach, O‘tkir Umrqulov va Anvar Po‘latov uni so‘roqqa tuta boshlaydi. O‘tkir Umrqulov “Nima sababdan bu yerga olib kelinganingmi bilasanmi?” deya so‘raydi. Hech narsaga tushunmayotgan Muhammadali Qodirov bilmasligini aytadi. Shunda O‘tkir Umrqulov unga tarsaki tushiradi. Anvar Po‘latov esa uning telefonini tekshirib, parolini aytishni buyuradi. Biroq Muhammadali Qodirov telefon parolini aytmaydi va O‘tkir Umrqulov unga navbatdagi tarsakini tushiradi.

Taxminan 20 daqiqadan so‘ng xonaga Jalol Xayrullayev kirib keladi. U Muhammadali Qodirovga agar o‘z aybiga iqror bo‘lsa, javobgarlik yengillashishini ta’kidlaydi. “Qaysi aybimga iqror bo‘lay? O‘zi gap nima haqida ketmoqda?” deya so‘raydi yigit. Shunda “oper”lar Muhammadali Qodirovga tanishi Sarvar hamda jiyani Xushnudning suratlarini ko‘rsatib, “endi tushundingmi gap nima haqda ketayotganiga?” deydi. Muhammadali tushunmaganini aytadi. Shundan so‘ng uning qo‘liga qog‘oz va ruchka tutqizishib, shu paytgacha nima ish qilganini birma-bir yozishni talab qiladi.

Mutaxassisligi dasturchi bo‘lgan Muhammadali Qodirov 2018 yildan buyon o‘z sohasida qilgan ishlarni yoza boshlaydi. Uning yozayotganlarini o‘qib turgan O‘tkir Umrqulov “bo‘ladigan gap va ishni” yozishni talab qiladi. Yigit shunda “O‘zi mendan nima xohlayapsizlar?” deya so‘raydi. Jalol Xayrullayev unga javoban eng katta topgan puling va bajargan loyihangni ayt, deydi. Muhammadali avvalroq tanishi Sarvar bilan chet el loyihasi ustida ishlaganini, loyiha tugaganidan so‘ng uning elektron hamyonida taxminan 3000 moneroga teng kriptovaluta bo‘lganini bildiradi. Xayrullayev loyiha buyurtmachisi kimligiga qiziqib, bu aslida O‘zbekiston bilan bog‘liq loyihaligini ta’kidlaydi.

“Unga javoban bu loyiha chet elniki bo‘lganini, loyiha boshida menga VPN orqali ulanish uchun kalit sertifikat berilganini, bu orqali xorij kompaniyasi bo‘lgan buyurtmachining IP manzilidagi tarmog‘iga ulanib, ichki tarmoqdagi veb-servisini tekshirganimni aytdim. Bu loyihani bajarishni Sarvar olgan bo‘lib, uning bir qismini menga bergandi. Buning uchun Sarvar menga taxminan 1000 monero kriptovaluta tushirib bergan.

Jalol Xayrullayev va O‘tkir Umrqulov menga ishonmasdan, O‘zbekistonga tegishli tashkilotni buzganimni, qilmagan aybimga iqror bo‘lishimni aytishdi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida bir odamni o‘ldirish narxi 2 ming dollar ekanini aytib, meni qo‘rqita boshladi. Pulni joyiga qo‘ymasam qamoqqa olishlarini, agar qamalib ketsam ota-onamni uyini sotib bo‘lsa ham to‘lashga majbur qilishlarini bildirishdi”, degan Muhammadali Qodirov suddagi ko‘rsatmasida.

Shundan so‘ng O‘tkir Umrqulov yigitdan o‘zi ishongan “kattaroq” tanishi bor yoki yo‘qligini so‘raydi. Muhammadali Javlon Ahmedov ismli tanishi borligini aytadi. O‘tkir Umrqulov Javlon Ahmedovga qo‘ng‘iroq qilib, uni chaqiradi. Javlon Ahmedov soat 20:30 larda keladi. Tezkor xodimlar ularni yolg‘iz qoldirib, xonadan chiqib ketishadi. Javlon Muhammadaliga agar elektron hamyonidagi 3 ming monero kriptovalutani bersa, IIB xodimlari bilan gaplashib, uni javobgarlikka tortmasdan olib chiqib ketishni aytadi. Muhammadali uni qamoqqa olishlaridan qo‘rqib, bunga rozi bo‘ladi.

“Ov” rejasi

Aslida Muhammadali Qodirov tanishim deb chaqirgan Javlon Ahmedov tezkor xodim O‘tkir Umrqulovning ham tanishi edi. U tezkor xodimga 2018-2019 yillarda dasturchi Muhammadali Qodirov bilan tanishib qolganini aytadi. “Elektron hamyonida juda ko‘p miqdordagi pul saqlanadi, u kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda ayirboshlash bilan shug‘ullanadi”, deydi u O‘tkir Umrqulovga.

Tezkor xodimlar O‘tkir Umrqulov, Jalol Xayrullayev va Anvar Po‘latov, shuningdek, Javlon Ahmedov jinoiy til biriktirib, Muhammadali Qodirovning elektron hamyonidagi katta miqdordagi pulni o‘zlashtirishni maqsad qilishgan, yuqoridagi ishlarning barchasi shundan keyin boshlangandi.

“Oper”larga o‘tgan pul

328-xonadagi suhbatdan so‘ng “oper”lar Muhammadalidan tanishi Jasur Erkinbayevni so‘rab qo‘ng‘iroq qilish orqali qayerdaligini bilishni talab qilishadi. U Jasurga qo‘ng‘iroq qilib, Yakkasaroy tumanidagi ofisda ekanini biladi. Jalol Xayrullayev, O‘tkir Umrqulov va Maqsud Nazarov, ularning ortidan yana bir mashinada boshqa tezkor xodimlar Jasurning ofisiga qarab yo‘lga chiqadi.

Yo‘lda ketayotgan vaqtida O‘tkir Umrqulov kim bilandir gaplashib, undan Tether USDT manziliga tushirib bera olish yoki olmasligini so‘raydi. U tushirib bera olishini aytadi. So‘ngra Jalol Xayrullayev Muhammadaliga Telegram orqali anonim akkauntdan Tether USDT manzilini jo‘natadi. Muhammadali Qodirov balansidagi turli xil kriptovalutalarni sotib, ularni Tether USDTʼga konvertatsiya qiladi va Xayrullayev jo‘natgan manzilga kunning oxirigacha bo‘lib-bo‘lib o‘tkazadi.

Muhammadali Qodirov Jalol Xayrullayev jo‘natgan manzilga jami 233 ming dollarga teng kriptovaluta o‘tkazib bergan. Shundan 13 ming dollarga teng kriptovaluta Jasurga tegishli bo‘lgan.

Ofisga yetib borgach, Muhammadali tezkor xodimlarning talabi bilan Jasurga qo‘ng‘iroq qilib, eshikni ochishni so‘raydi. Jasur eshikni ochgan vaqtida uni ham ushlab, Toshkent shahar IIBBga olib ketishadi.

“Dubinkaga o‘tqazib, 5 daqiqada gapirtiraman”

Toshkent shahar IIBBga olib kelingan Jasur va Muhammadali yana so‘roq qilina boshlaydi.

“Jasurni Jalol Xayrullayev kuch ishlatib, so‘roq qila boshladi. Jasur advokat talab qildi. Bunga javoban Jalol Xayrullayev O‘zbekistonda demokratiya yo‘qligini, advokati unga yordam bera olmasligini aytdi. Shu vaqtda ularning boshlig‘i Sardor Nabiyev xonaga kirib keldi va taxminan 5 daqiqadan keyin chiqib ketdi. Telefon parolini aytmagani uchun Jasurni qiynashdi. Parolni aytganidan so‘ng uning elektron hamyonini tekshirib ko‘rishib, oxirgi loyiha bo‘yicha Sarvardan qancha pul olganini so‘rashdi. Jasur 20 ming dollarga teng kriptovaluta olganini aytdi.

Shu kriptovalutani ularga topshirishini talab qilishdi. Jasurni va meni qo‘limizga kishan solgan holda qamashlarini aytib, qo‘rqitishdi. Bizdan tinmay qaysi tashkilotdan internet orqali pul o‘g‘irlaganimizni so‘rashardi. Biz hech qaysi tashkilotdan pul o‘g‘irlamaganimizni aytdik. Shunda Serikbay Kulanov dubinkaga o‘tqazib, 5 daqiqada gapirtirishini bildirdi. Qo‘llarimizga kishan solingan holda taxminan 1 soat tik turdik”, degan Muhammadali Qodirov ko‘rsatmasida.

So‘ngra O‘tkir Umrqulov Muhammadalidan “internet tarmog‘ida buzg‘unchilik qilib topgan 3 ming monero kriptovalutani o‘z xohishi bilan topshirish va bunday jinoyatni boshqa qilmaslik” haqida tilxat yozdirib oladi. Shundan keyin yigitlarning qo‘lidagi kishanni yechib, Javlon Ahmedovga qo‘ng‘iroq qiladi va ularni olib ketishini aytadi.

IIB xodimlari Muhammadali va Jasurni tashqariga olib chiqib, Javlon Ahmedovga uchrashtiradi hamda ertasi kuni kelishni buyuradi. Yigitlar ertasiga yana Toshkent shahar IIBBga borishadi. O‘tkir Umrqulov va Jalol Xayrullayev ular bilan gaplashib, bo‘lgan voqealarni hech kimga aytmasligini ma’lum qiladi.

Muhammadali Qodirov ichki ishlar binosidan chiqqach, yillar davomida topgan pullari noqonuniy olib qo‘yilganini tushunib yetadi. So‘ngra holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatiga murojaat qiladi.

Taqsimlangan 233 ming dollar

Ikki yigitdan olingan 233 ming dollarga teng kriptovalutalar aslida Javlon Ahmedovning kripto hamyoniga o‘tkazilgandi. 2024 yil 27 iyun kuni Javlon Ahmedov ushbu kriptoaktivlarni naqdlashtiradi. Bu ishda yordamlashgan ikki shaxsning har biriga xizmati uchun 2 300 dollardan beradi. So‘ng 75 ming 80 dollarni o‘ziga olib, 150 ming dollarni O‘tkir Umrqulovga taqdim qiladi. O‘z navbatida, O‘tkir Umrqulov Jalol Xayrullayev va Anvar Po‘latov bilan uchrashib, har biri 43 ming dollardan bo‘lib oladi. Ular “reja”da qatnashgan boshqalarga 150 ming emas, 60 ming dollar qo‘lga kiritilganini aytadi. Shu tariqa, bo‘lim boshlig‘i Sardor Nabiyevga 10 ming dollar, bo‘lim katta tezkor vakili Kamoliddin Beknazarov, bo‘lim kichik tezkor vakillari Serikbay Kulanov, Maqsud Nazarov va Aqjigit Pirmentayevning har biriga 2 ming dollardan taqsimlab berishgan.

“Oper”larning uyidan nimalar topilgan?

2024 yil 4 iyul kuni DXX Toshkent shahar boshqarmasiga qilingan murojaat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘limi xizmat xonalari hamda ushbu bo‘lim tezkor xodimlarining yashash xonadonlarida kechiktirib bo‘lmas hollarda tintuv harakatlari o‘tkazilgan.

Anvar Po‘latovning yashash xonadonidan 45 ming dollar pul va internet do‘konlar orqali sotib olingan 4,2 gramm marixuana, 25,8 gramm gashish hamda 3,3 gramm mefedron giyohvand vositalari topilgan.

Shuningdek, O‘tkir Umrqulovning uyidan 56 300, Jalol Xayrullayevnikidan 9 ming, Javlon Ahmedovning yashash xonadonidan 35 500 dollar ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Tezkor tadbir davomida Sardor Nabiyev jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan 10 ming, Maqsud Nazarov, Serikbay Kulanov va Aqjigit Pirmentayevning har biri 2 ming dollardan pul mablag‘ini ixtiyoriy ravishda taqdim qilgan. Dastlabki tergov davomida olingan jami 170 127 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘lari jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan.

“Aybimga iqror emasman”

Sud hukmida keltirilishicha, tezkor xodimlarning hech biri aybiga iqrorlik bildirmagan. Xususan, O‘tkir Umrqulov o‘z ko‘rsatmasida dastlabki tergov jarayonida ularga nisbatan tazyiq o‘tkazilgani sababli ushbu pullarni olgani haqida ko‘rsatuv berganini bildirgan.

“Javlon Ahmedov IT yo‘nalishida ishlovchi Ali ismli shaxs borligini, katta tashkilotlar va korxonalarning xavfsizlik tizimini buzib kirib, ularning hisobraqamidagi pullarini o‘zlashtirganini aytdi. U tomondan berilgan ma’lumotlarga qiziqib, ushbu shaxs to‘g‘risida ma’lumot to‘play boshladim. Jarayonda u Muhammadali Qodirov ekanini bildim.

Muhammadali Qodirov bizga kripto hamyonidagi pullarni o‘tkazib bermagan. Javlon Ahmedov mashinasida menga 150 ming dollar berganini tan olmayman, men hech kimdan pul olmaganman. Yashash xonadonimdan 56 300 AQSh dollari ashyoviy dalil tariqasida olingan bo‘lib, 43 000 dollardan tashqari pullarning jinoyatga umuman aloqasi yo‘q”, degan O‘tkir Umrqulov o‘z ko‘rsatmasida.

Javlon Ahmedov esa sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan.

“2024 yil 26 iyun kuni o‘zimning kripto hamyonim hisobraqamini O‘tkir Umrqulovga Telegram orqali yubordim. Shunda menga Muhammadali Qodirovning kripto hamyonidan jami bo‘lib 232 ming USDT bo‘lib-bo‘lib tashlab berildi. Taxminan 2 kun o‘tib, Ragif ismli tanishimdan kriptovalutalarini naqdlashtirishda yordam so‘radim. U menga Sasha ismli tanishini topib berdi. Shu kunning o‘zida Oybek metro bekati oldidagi kafeda men, Sasha va Ragif ko‘rishdik. Sasha menga 222 ming dollar berdi. U naqdlashtirib bergani uchun 5-6 foiz xizmat haqi olib qoldi.

So‘ngra Ragif bilan uning ofisiga borib, yordam bergani uchun 2 300 dollar berdim. Pullarni naqdlashtirib olganimdan so‘ng 70 ming dollarni o‘zimga, 150 ming dollarni shu kunning o‘zida O‘tkir Umrqulovga Yashnobod tumanida joylashgan uyi oldiga olib borib berdim”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.

Jazo

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudining 2025 yil 27 maydagi hukmi bilan sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, quyidagicha jinoiy jazoga tortildi:


O‘tkir Umrqulov, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) hamda 206-moddasi 2-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
Jalol Xayrullayev, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
Anvar Po‘latov, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 206-moddasi 2-qismi “a” bandi, 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 1-qismi hamda 276-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish (unga jazoni o‘tash davrida giyohvandlikdan davolanish bo‘yicha tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llash ham belgilangan);
Serikbay Kulanov, Jinoyat kodeksining 28,165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
Javlon Ahmedov, Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
Sardor Nabiyev, Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish;
Kamoliddin Beknazarov, Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismi (tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat haqida aniq bilgani holda xabar bermaslik) bilan qamoqda saqlangan kunlarini chegirib qolingan holda 2 yil 1 oy 6 kun muddatga ozodlikni cheklash;
Maqsud Nazarov, Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismi bilan qamoqda saqlangan kunlarini chegirib qolingan holda 2 yil 1 oy 6 kun muddatga ozodlikni cheklash;
Aqjigit Pirmentayev, Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismi bilan qamoqda saqlangan kunlarini chegirib qolingan holda 2 yil 1 oy 6 kun muddatga ozodlikni cheklash.

Shuningdek, tezkor xodimlarning barchasi 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida, ya’ni ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan 170 127 AQSh dollari davlat hisobiga o‘tkazilgan. Shuningdek, O‘tkir Umrqulov, Jalol Xayrullayev, Anvar Po‘latov, Serikbay Kulanov va Javlon Ahmedovdan solidar tartibda 60 873 dollar pul mablag‘i davlat foydasiga undirilishi belgilangan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 16 sentabrdagi ajrimi hamda shu sud taftish instansiyasining 2025 yil 30 oktyabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ruslan Saburov,

Kun.uz

Sud hujjatlari asosida tayyorlandi



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi

Published

on


Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi. 

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.

Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.  

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!

Published

on


Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.

Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.

“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.

Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.

Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!

Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif

Published

on


BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.

Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:

– boshlang‘ich to‘lov – 35%;

– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;

– foiz stavkasi – 0%;

– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.

Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.

Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.

BYD CHAZOR UzPride haqida

BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.

132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.

55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.

Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.

360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.

Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.

BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.

*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.

BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari

Rasmiy ishonch telefoni: 1811

Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz

Instagram: @bydauto.uz

Telegram: t.me/bydautouz





Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi

Published

on


E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.  

Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.

Shundan:

— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;

— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;

— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.

Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.

Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi

Published

on


Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.

Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.

Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.

Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.