Sport
Portugaliya xatoni kechirmaydi. Qanday o‘ynaymiz?
Ertaga O‘zbekiston milliy jamoasi JChdagi ikkinchi o‘yinini o‘tkazadi. Raqib birinchi turdagidan ham kuchliroq – asosiy favoritlardan biri Portugaliya. Lekin endi biz ham mundiallarda birorta o‘yin o‘tkazmagan debyutant emas, JCh, unda gol urish nimaligini biladigan Osiyoning kuchli jamoalaridan birimiz. Kannavaro xatolar qimmatga tushganini aytdi. Qayerda xato qildik? Portugaliyadek kuchli jamoaga qarshi qaysi nuqtalarga e’tibor qaratishimiz kerak?
Standartlar
Kolumbiyaga qarshi o‘yinda standart vaziyatlardan juda yomon foydalandik. Tan olaylik, biz guruhdagi barcha uch raqibdan kuchsizroqmiz. Hatto Kongo ijrochilari evaziga bizdan nomdorroq. Albatta, bu maydonda hech nimani anglatmaydi, lekin haqiqat shu. Kuchli jamoaga qarshi o‘yinda kuchsizroq jamoalar doim standart vaziyatlarga jiddiy e’tibor qaratadi.
2004 yilgi Yevropa chempionatini eslang. Ko‘pchilik guruhdan chiqishiga ham shubha qilgan Yunoniston oxirida chempion bo‘lib ketgan. Ochilish o‘yinida yunonlarga yengilgan mezbon Portugaliya finalda ham shu raqibga tushgach, qasos o‘tida yonib o‘ynagan, qo‘rqinchli «Da Luj» portugallarga qo‘shimcha kuch bergan. Lekin Figu, Ronaldu, Deku, Pauleta kabi yulduzlar birorta gol ura olmagan. Yunonlar esa burchak zarbasidan gol urib, chempion bo‘lib ketgan. Angelos Xaristiasning o‘sha goli kechagidek yodimda.
Yoki 2012 yilgi YeChL finalini eslang. «Bavariya» o‘z maydonida o‘tgan finalda 20 marta burchak zarbasi tepadi, natija – 0. Chelsi esa 88-daqiqada birinchi marta burchak zarbasi tepib, Drogba hisobni tenglashtiradi. Keyinchalik penaltilar seriyasida inglizlar yutib ketadi.
Bunday misollar ko‘p. Bir so‘z bilan aytganda, biz burchak zarbalarini, jarimalarni, hatto autlarni ovchi kabi sergak kutishimiz kerak. Kolumbiyaga qarshi o‘yinda standart ijrochilari ham aniqlab olinmagandek tuyuldi. Portugaliya to‘pni bermaydi, ijrochilar juda kuchli, shu sabab standartlarni o‘zgacha qadrlashimiz, ulardan maksimal foydalanishimiz shart. Oddiy autni ham golga aylantirish mumkin. Kumikov davrida «Andijon» buni qanday samarali usulga aylantirib olganini eslang. Chexiya birinchi turda autdan yetkazib berilgan to‘pdan keyin gol urdi. Burchak zarbalari «Arsenal»ni Angliya chempioni qildi!
Yaqinroq masofadan belgilangan jarima zarbalarini to‘g‘ri darvozaga yo‘llasak, samaraliroq bo‘lsa kerak. Chunki tarkibda kuchli zarbaga ega ijrochilar yetarli. Behruzning o‘yin yakunidagi fantastik zarbasini ko‘rdingiz. Abbos, Shukurov, Alijonovlar ham olisdan gol urishga usta.
Markaz
Biz bilan o‘yinda Luis Diasning goliga assistentlik qilgan Gustavo Puerta jamoasi maydon markazidagi ustunlik evaziga g‘alaba qozonganini aytdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Kolumbiya juda kuchli vingerlari bo‘lsa ham, o‘yin taqdirini hal qilgan dastlabki ikki golini markazdan qilingan hujum natijasida urdi.
Demak, bizda himoya va yarimhimoya o‘rtasidagi bog‘lamlarda muammo bor. Bo‘lmasa markazdagi ijrochilar yomon emas, Mozgovoy O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi yarimhimoyachisi, Shukurov tajribali yetakchi. Balki uch markaziy himoyachi bilan o‘ynash to‘g‘ri kelmayotgandir, bilmadim. Nima bo‘lganda ham, Portugaliya bilan o‘yinda markazni kuchaytirishimiz kerak.
Raqibning eng kuchli chizig‘i aynan markaz. Brunu Fernandesh, Vitinya, Bernardu Silva, Ruben Nevesh, Juan Nevesh – nomlarning o‘zi qo‘rqinchli. Bizda ham uzoq yillar markaz eng kuchli nuqtamiz edi, hozir ham ijrochilar yomon emas. Murabbiy bor futbolchilardan to‘g‘ri foydalanishi kerak.
Konsentratsiya
Kolumbiya bilan o‘yinda har qancha g‘alati bo‘lmasin, ikkita golni qarshi hujumda o‘tkazib yubordik. Ikkinchi golda biz hali to‘liq hujumga o‘tishga ham ulgurmagandik, lekin kamida olti kishi hujumda qatnashishga tayyor edi. Mudofaada kamchilik qoldik va Kolumbiya to‘pni olib qo‘ygach, hujumning yakuniy fazasida beshga uch ko‘rinishida ustunlikka ega bo‘ldi. Vaholanki, o‘sha vaqtda hisob bizni qoniqtirar, bunaqa katta kuch bilan oldinga borishimiz shart emasdi.
Uchinchi gol ham shunday urildi. Biz butun jamoa bo‘lib hujumga o‘tdik, raqib qarshi hujumdagi duyelni yutib, gol urdi. Vaholanki 1:2 ham qo‘rqinchli hisob emas, oxirgi daqiqalarda bitta pozitsion hujumdan omadimizni izlaganimiz tuzukroq edi. Karimovning zarbasi golga aylansa, uchinchi golni o‘tkazib yuborganimiz ikki hissa alamli bo‘lardi.
Men futbolchilarni ayblashdan yiroqman, bildirayotgan fikrim oddiy futbol muxlisining xulosalari. Mundialda bir ochko olish ham katta natija. Eng muhimi biz uchinchi turda ham kurashda qolishimiz, chunki Kongo guruhda biz yengishimiz mumkin bo‘lgan jamoa. Portugaliya bilan o‘yinda durang o‘ynash imkoniyatimiz bo‘lsa, gol urish uchun butun jamoa bo‘lib oldinga intilishimiz shart emas deb o‘ylayman. Chunki bu biz uchun hayot-mamot masalasi hal bo‘layotgan musobaqa emas.
Men Portugaliyaga qarshi o‘yinda yaxshiroq harakat qilishimizga ishonyapman. Chunki birinchi o‘yinda yigitlar mundial nafasini his qilishdi. Endi ularda tajriba bor. Murabbiy ham xatolarni ko‘rib oldi. Portugaliyaliklar boya aytganimizdek ayollarning dedi-dedisi kabi intrigalar bilan ovora bo‘lib yuribdi. Va Amerikadagi o‘yinda muxlislarimiz ko‘proq bo‘ladi. Bu ham bizga yordam berishi kerak. Biz esa futbolchilarni oxirigacha qo‘llab-quvvatlaymiz. Yigitlar, siz biz uchun eng yaxshisiz. Sizdan ko‘p narsa so‘ramaymiz, oxirgi turda ham pley-offga chiqish imkonin saqlab qolsak, siz chinakam qahramonlik qilgan bo‘lasiz. Raqib safida Ronaldu o‘ynasa nima qilibdi, bizda aynan shunaqa yulduzlarni to‘xtatishni boplaydigan megayulduz bor…
Sport
O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi blits bo‘yicha jahon chempionatida uchinchi bo‘ldi
O‘zbekiston terma jamoasi 17−21 iyun kunlari Honkongda bo‘lib o‘tgan blits bo‘yicha FIDe jamoaviy jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Foto: Facebook / ChessFIDE
Jamoa tarkibida Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Ëqqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Akjol Rahmatullayev, Afruza Hamdamova va Umida Omonova ishtirok etdi. Terma jamoa kapitani FIDe bo‘yicha sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov bo‘ldi.
Guruh bosqichida o‘zbekistonliklar ikkinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi. 1/8 finalda O‘zbekiston Ozarboyjonning Odlar Yurdu jamoasini (3:3 va 3,5:2,5) mag‘lub etdi.
Chorakfinalda musobaqaning eng kuchli jamoalaridan biri — WR Chess ortda qoldirildi (3,5:2,5 va 3:3). Uning tarkibida Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Maksim Vashe-Lagrav, Uesli So kabi shaxmat yulduzlari bor edi.
O‘zbekiston yarimfinalda Xitoyning Dragon Chilling jamoasiga yutqazdi (1,5:4,5, 4,5:1,5 va 1,5:4,5).
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Hexamind Chess Team jamoasini mag‘lub etildi (2:4, 3,5:2,5 va 5,5:0,5). Ushbu jamoa tarkibida Alirizo Firuzja, Levon Aronyan, Anish Giri va boshqa kuchli grossmeysterlar bor edi. O‘zbekiston terma jamoasi bronza medallariga sazovor bo‘lib, 30 ming yevro mukofotni qo‘lga kiritdi.
Xitoyning Dragon Chilling jamoasi jahon chempioni bo‘ldi. U finalda Endgame AI jamoasini ikki marta 5:1 hisobida mag‘lub etib, 75 ming yevro mukofot pulini qo‘lga kiritdi.
Jamoaviy bronzadan tashqari, O‘zbekiston shaxmatchilari o‘z taxtasida shaxsiy medallarni ham qo‘lga kiritdi.
Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada eng yaxshi natijani qayd etdi. U 19 partiyada 15,5 ochko to‘plab, 2936 performans ko‘rsatkichi bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, u blits bo‘yicha live-reytingda 2800 marrasidan oshib o‘tdi va shu tariqa nazorat turlaridan kamida birida bu ko‘rsatkichga erishgan O‘zbekistonning ilk shaxmatchisiga aylandi.
Umida Omonova ayollar taxtasida 12 partiyada 9 ochko to‘plab, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Akjol Rahmatullayev ham 21 partiyada 14,5 ochko jamg‘arib, o‘z taxtasida kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shamsiddin Vohidov esa 15 partiyada 8,5 ochko bilan beshinchi taxtada bronza medali sohibiga aylandi.
Sport
Yamal gol urdi va sajda qildi, Portugaliyada «Dallas seriali boshlandi»
Shimoliy Amerikada 23-jahon chempionati uchrashuvlari davom etmoqda. Hali 2-tur davom etmoqda va favoritlar haqida gapirishga erta, biroq o‘yin jihatdan kuchli jamoalar ajralishni boshladi. Ispaniya birinchi turdagi sensatsion durangdan keyin ikkinchi turda Saudiyani osongina yengdi. O‘yin taqdiri 14 daqiqa ichida hal bo‘ldi. Oldingi mundialni maktabda tomosha qilgan Yamal gol urishni boshladi.
Ispaniya yana dominantlik qildi
Men JChning asosiy favoriti Ispaniya deyishda davom etaman. Kabo-Verdega qarshi o‘yindan keyin ham bu fikrim o‘zgarmagandi. Axir ispanlar amaldagi Yevropa chempioni. Bunaqa statusdagi jamoa mundialning har qanaqasiga favoriti bo‘ladi. Zamonamizning Visente del Boskesi bo‘layotgan Luis de la Fuente bir necha yillardan buyon o‘z uslubidan – dominant futbol ko‘rsatishdan chekinmaydi. Yevroda bir guruh maktab bolalarini maydonga tushirgan murabbiy kimsan Fransiya bilan o‘yinda ham shunaqa o‘ynagan.
Benazir ispan futbolining to‘pni saqlab turish, tinimsiz kombinatsion o‘yin ko‘rsatishdek mardonavor an’analarini davom ettirayotgan murabbiy brend kouchlar qatoriga kirmas, lekin futbol nuqtai nazaridan u eng yaxshilardan.
Ispaniya Kabo-Verde bilan ham to‘liq dominantlik qilgan, lekin gol ura olmagandi. Saudiya bilan ham shunday o‘yin ko‘rsatdi, ispanlarda o‘yin o‘xshamasa, boshqa uslubga o‘tish degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Ular istalgan raqibni o‘z uslubiga moslashtiradi kerak bo‘lsa.
Uslub o‘zgarmadi, lekin murabbiy barcha chiziqlarda o‘zgarishlar qildi. Hujumning ikki qanotini ham o‘zgartirdi: Oyarsabal o‘z o‘rnida qoldi, qanotlarda «vaziyatlar kushandasi» Ferran Torres va nega hujumda o‘ynaganini hech kim tushunmagan Gavi o‘rniga Yamal hamda agressiv Aleks Bayena tushdi. Yarimhimoyada ham Fabian Ruis o‘rnini Dani Olmo egalladi. Qanot himoyasida Liorenteni Pedro Porro almashtirdi.
O‘zgarishlar foyda berdi, hujumda samaraliroq o‘ynagan ispanlar 15 daqiqa ichida uchta gol urib tashlashdi. Yamal mundiallardagi ilk golini urdi, unga Oyarsabal assist berdi, keyin o‘zi ham ikkita gol urdi. Ikkinchi bo‘lim oldidan murabbiy Yamal va Oyarsabalni keyingi o‘yinga asrab, zaxiraga oldi. Axir Urugvayni yengib birinchi o‘rinni olmasa, keyingi bosqichda Argentina tushib qolishi hech gap emas.
Ikkinchi bo‘limda ispanlar bittagina gol urishdi. Kukurelyaning zarbasi raqibga tegib avtogolga aylandi. Shu o‘rinda «Real» prezidenti Florentino Peresga qoyil qolish kerak. Ispaniya mundialga «Real»dan birorta futbolchi olib ketmagandi, lekin ikkinchi turga kelib «Real» futbolchisining zarbasi gol bo‘lmoqda. Peres qo‘yarda qo‘ymay Kukurelyani musobaqa davomida sotib oldi va endi Ispaniyada «Real» futbolchisi bor! Peres, shubhasiz, zamonaviy futbolning dahosi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Bu holatga sharhlovchi Hasan Turdialiyev ajoyib ta’rif berdi: Ispaniya «Real»dan futbolchi olmadi, lekin «Real» Ispaniyadan futbolchi oldi.
Guruhdagi narigi o‘yinda Vozinya boshchilik Kabo-Verde endi Urugvaydan ochko oldi. Bu gal afrikaliklar 90 daqiqa himoyada o‘ynamadi, o‘ziga xos quvlashmachoqda kimsan ikki karra jahon chempioni Urugvayga yengilmadi – 2:2. Oxirgi turda Saudiya va Kabo-Verde katta ehtimol pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
«G» guruhi menimcha, eng zerikarli guruh bo‘lmoqda. «Duranglar guruhi»da Eron bu gal Belgiyaga yutqazmaslikni uddaladi. Beyronvand eng yaxshi futbolchi bo‘lgani kim ustunlik qilganini ko‘rsatib turibdi. Uchinchi tur oldidan ikki ochko yomon emas, lekin faqat durang o‘ynab ham guruhdan chiqish qiyin masala. Esingizda bo‘lsa, 2010 yil Yangi Zelandiya guruhdagi uch o‘yinning barchasida durang o‘ynab, turnirda yutqazmagan yagona jamaoga aylangan, lekin guruhda qolib ketgandi.
Aytgancha, Yangi Zelandiya bu gal ham «duranglar guruhi»da. Birinchi turda zerikarli o‘yin ko‘rsatgan Misr 2-turda Yangi Zelandiyani 3:1 hisobida yengdi. Muhammad Saloh bitta gol urib, bitta golli uzatma qayd etdi. Hozircha uning mundialdagi natijasi 1+2.
Olmoniyada kurd qahramon
Birinchi turda Kyurasao darvozasiga gol uraverib zerikkan Germaniya ikkinchi turda jiddiy qarshilikka uchradi. Amad Dialo boshchilik Kot-d’Ivuar nemislardan ochko olishiga sal qoldi. Birinchi bo‘limda «Barselona» sobiq futbolchisi Frank Kessiye Fil suyagi qirg‘og‘idan kelgan jamoasini oldinga olib chiqdi. Nemislar bir soat davomida afrikaliklar darvozasiga yo‘l topa olmadi.
60-daqiqada turkiyalik kurdlardan bo‘lgan «Shtutgart» hujumchisi Deniz Undav maydonga tushgach, barchasi o‘zgardi. 68-daqiqada Undav hisobni tenglashtirdi. Unga afg‘onistonlik muhojirlar farzandi bo‘lgan Nadim Amiri golli uzatma berdi. 90+4-daqiqada Undav g‘alaba golini urdi. Bu g‘alabadan keyin nemislar pley-off yo‘llanmasini naqd qildi.
Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Kyurasao Ekvadordan ochko oldi. Bu o‘yinda Kyurasaoning 37 yoshli posboni Eloy Rom 15 ta seyv qilib, qahramon bo‘ldi. Bu bir o‘yinda qayd etilgan seyvlar soni bo‘yicha ham mundiallar rekordi bo‘ldi. 40 yoshli Vozinya barcha qari darvozabonlarni ilhomlantirib yuborgan ko‘rinadi. Nesterov o‘ynayotgan bo‘lsa, biz ham olib ketgan bo‘lardik.
Kechagi kunning oxirgi o‘yinida Yaponiya Tunis darvozasiga javobsiz 4 ta gol urdi. Qit’adoshlarimiz guruhdan chiqish masalasini deyarli hal qildi. Yaponlar bilan birinchi turda durang qayd etgan Niderlandiya sardori Virjil van Deyk yaponlarga to‘g‘ri baho berish kerakligini aytdi. Uning fikricha, osiyoliklar bilan durangdan keyin jamoani jiddiy tanqid qilish to‘g‘ri emas, chunki Yaponiya jahon darajasidagi jamoa.
Van Deyk boschilik niderlandiyaliklar ikkinchi turda Shvetsiyani 5:1 hisobida yengdi. Shvedlar birinchi turda Tunisni xuddi shunday hisobda yenggandi. Bu guruhda Tunisdan boshqacha barchada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib qoldi.
Vini hozircha eng zo‘r
Birinchi turda kutilmaganda Marokashni yenga olmagan Braziliya ikkinchi turda Haitini yirik hisobda mag‘lub etdi. Mag‘ribliklarga qarshi qiyin o‘yinda Vinisius Junior chiroyli gol urib, Braziliyaga ochko keltirgandi. Ikkinchi o‘yinda ham Vini Braziliyaning yangi yetakchisi ekanini isbotladi. Mateus Kunyaning ikki goliga assistentlik qildi, keyin o‘zi ham gol urdi. Vini hozircha mundialning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib turibdi, chunki biror futbolchi ikki o‘yinda ham bunday yorqin futbol ko‘rsatmadi.
Vini eng yaxshi holatida bo‘lsa, Rafinyaning jarohat olgani ham, Neymar jahon chempionatiga olib kelingani ham sezilmaydi. Axir Braziliyani bu futbolchidan maksimal foydalanishni biladigan Karlo Anchelotti boshqarmoqda. Papa Karlo bor ekan, futbolchilar favqulodda xotirjam tortib qolishadi. Chunki maydonda ishlari o‘xshamasa, maydon chetidagi bobolari, albatta, nimadir qilishini bilishadi. Bunday sovuqqon murabbiy bilan Braziliya chinakam qo‘rqinchli tus olmoqda. Men Vini va jamoasidan bu mundialda ko‘p narsa kutyapman.
Portugaliyada mojaro
Portugaliya milliy jamoasida O‘zbekistonga qarshi o‘yin oldida oddiy bir feyk sabab «Dallas seriali boshlandi». Tarmoqda Joao Neveshning dugonasi ekani aytilgan qizning go‘yoki muxlis bilan yozishmasi virus kabi tarqaldi. Muxlis unga «Yigitingga ayt, to‘pni Ronalduga oshirsin!» degan, qiz esa «Ronaldungga ayt, faoliyatini yakunlasin!» degan go‘yoki qiz. Aslida bu yozishma umuman bo‘lmagan, shunchaki feyk, lekin ko‘pchilik bunga ishonib Nevesh va uning dugonasiga hujum qilishga kirishdi.
Bu feyk ekanidan bexabar Ronalduning xotini Jorjinya Rodriges «Vau, yangi avlod ajoyib», deb munosabat bildirdi. Ronalduning argentinalik xotini bu posti bilan «yong‘inga moy sepdi», endi ko‘pchilik bu aslida feyk ekani bilan qiziqib ham o‘tirmay, bechora Neveshga yopishib ketdi.
Xullas, «dushman lageri»da ana shunaqa gaplar. Portugallar xotinlarning dedi-dedisi bilan ovora bo‘lib turganda, biz ularni jimgina yutib olishimiz kerak…
Sport
Jahon chempionatlari tarixidagi eng shov-shuvli 25 voqea
Futbol bo‘yicha jahon chempionatlari tarixi nafaqat buyuk g‘alabalar, balki butun dunyoda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan turfa voqealarga ham boy. Quyida ana shu eng mashhur, eng bahsli va eng dramatik, hatto fojiali voqealar keltiriladi.
«Marakanaso» – Braziliyaning milliy fojiasi (1950)
Finalga tenglashtirilgan hal qiluvchi o‘yinda Urugvay Braziliyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘shanda Rio-de-Janeyrodagi «Marakana» stadionida 200 mingdan ortiq tomoshabin sukutga cho‘mgan. Og‘ir mag‘lubiyat Braziliyada milliy fojia sifatida qabul qilingan edi.
«Santyago jangi» (1962)
Chili va Italiya o‘rtasidagi bahs haqiqiy mushtlashuvga aylangan. Ikki futbolchi maydondan chetlatilgan, politsiya bir necha bor maydonga tushishga majbur bo‘lgan. Ushbu o‘yin jahon chempionatlari tarixidagi eng qo‘pol uchrashuvlardan biri hisoblanadi.
Jeff Xyorstning «arvoh goli» (1966)
Angliya–G‘arbiy Germaniya finalida to‘p darvoza chizig‘ini to‘liq kesib o‘tganmi yoki yo‘qmi, degan bahs haligacha davom etadi. O‘shanda gol hisobga olingan va Angliya yagona jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
Pelening ko‘z yoshlari (1970)
Braziliya uchinchi marta chempion bo‘lib, abadiy Jyul Rime kubogini qo‘lga kiritdi. Pelening yig‘lagan holdagi surati futbol tarixining eng mashhur kadrlaridan biriga aylangan.
Argentina–Peru 6:0 (1978)
Argentina finalga chiqishi uchun aynan to‘rtta gol farqi bilan g‘alaba qozonishi kerak edi. Ular oltita gol urdi. Keyinchalik bu o‘yin atrofida kelishuv bo‘lgani haqida turli taxminlar paydo bo‘ldi.
Braziliya–Shvetsiya o‘yinida hakamning erta hushtagi (1978)
Braziliya gol urgan paytda hakam o‘yin tugaganini bildirib hushtak chaldi. Gol bekor qilingan va bu qaror katta bahslarga sabab bo‘lgan.
«Xixon sharmandaligi» (1982)
G‘arbiy Germaniya Avstriyani 1:0 hisobida yutib, ikkala jamoa ham keyingi bosqichga chiqdi. Goldan keyin hujumlar deyarli bo‘lmagan. Mazkur voqeadan so‘ng FIFA guruh bosqichining so‘nggi o‘yinlarini bir vaqtda o‘tkazish qoidasini joriy qildi.
Shumaxerning Battistonni nokaut qilishi (1982)
Germaniya darvozaboni Xarald Shumaxer fransuz hujumchisi Patrik Battistonga kuchli zarba berib, uning tishlarini sindirgan. Hayratlanarlisi, hakam hech qanday jazo bermagan.
Maradonaning g‘irrom goli (1986)
Argentina–Angliya chorak finalida Diyego Maradona qo‘li bilan gol urdi. Hakam buni ko‘rmagan va gol hisobga olingan edi. Keyinchalik Maradona bu golni «Xudoning qo‘li» deb atagan.
«Asr goli» (1986)
Oradan atigi to‘rt daqiqa o‘tib, Maradona naq besh nafar futbolchini aldab o‘tib, futbol tarixidagi eng go‘zal gollardan birini urgan edi.
Rojer Millaning raqsi (1990)
38 yoshli kamerunlik hujumchi burchak bayrog‘i oldidagi raqslari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgan.
Roberto Bajoning hal qiluvchi penaltini o‘tkazib yuborishi (1994)
Italiya–Braziliya finalida Bajo to‘pni osmonga tepgan va Braziliya chempion bo‘lgan. Bu kadr futbol tarixidagi eng alamli lahzalardan biri hisoblanadi.
Maradonaning doping mojarosi (1994)
O‘shanda Argentina afsonasi musobaqadan chetlatildi. Bu Maradonaning Jahon chempionatlaridagi faoliyatining achinarli yakunlaridan biri bo‘lgandi.
Andres Eskobarning o‘limi (1994)
Kolumbiyalik himoyachi o‘z darvozasiga gol urgandan so‘ng mamlakatga qaytgach, o‘ldirib ketildi. Bu futbol tarixidagi eng dahshatli voqealardan biri hisoblanadi. Andres Eskobar 27 yoshda edi.
Qotilning ismi Umberto Munos Kastro bo‘lib, kolumbiyalik boy va jinoiy dunyo bilan aloqador bo‘lgan aka-uka Gallonlarning haydovchisi va qo‘riqchisi edi. 1994-yil 2 iyul kuni Medelin shahridagi restoran oldida Eskobar bilan janjaldan so‘ng u futbolchiga olti marta o‘q uzgan.
1995-yilda sud Umbertoni aybdor deb topib, 43 yil qamoq jazosiga hukm qildi. Kolumbiya qonunchiligidagi o‘zgarishlar va «yaxshi xulq-atvor» uchun berilgan imtiyozlar tufayli jazo avval qisqartirildi, keyin esa u 2005-yilda – atigi 11 yil qamoqda o‘tirgach, ozodlikka chiqqan. Bu qaror Andres Eskobar oilasi va Kolumbiya jamoatchiligi tomonidan qattiq tanqid qilingan.
Buyurtmachi aniqlanganmi? Bu masala hanuzgacha bahsli. Ko‘pchilik gumonni narkobiznes bilan bog‘liq bo‘lgan Santyago Gallonga qaratdi. Munos Kastro aybini tan olgan bo‘lsa-da, o‘z rahnamolariga qarshi guvohlik bermagan. Shuning uchun qotillikning haqiqiy buyurtmachisi rasman aniqlanmagan.
Ronaldoning sirli kasalligi (1998)
O‘shanda finaldan oldin Ronaldo tutqanoq xurujiga uchradi. Fransiya 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu voqea atrofida turli fitna nazariyalari paydo bo‘lgan o‘shanda.
Senegalning Fransiyani mag‘lub etishi (2002)
Amaldagi chempion Fransiya musobaqani mag‘lubiyat bilan boshlagan. Bu Jahon chempionatlari tarixidagi eng katta shov-shuvlardan biri bo‘lgan.
Janubiy Koreyaning bahsli yurishi (2002)
Italiya va Ispaniyaga qarshi o‘yinlarda hakamlar qarorlari qattiq tanqid qilindi. Ko‘pchilik koreyslarning yarim finalga chiqishini bahsli deb hisoblaydi.
Zidanning bosh bilan zarbasi (2006)
Finalda fransuzlar sardori Zayniddin Zidan Marko Materatssiga boshi bilan zarba bergan va qizil kartochka olgan. Bu uning futboldagi so‘nggi o‘yini edi.
«Nyurnberg jangi» (2006)
Portugaliya–Niderlandiya bahsida 16 ta sariq va 4 ta qizil kartochka ko‘rsatilgan. Bu rekord haligacha yangilanmadi.
Lampardning hisobga olinmagan goli (2010)
Germaniyaga qarshi bahsda Frenk Lampard urgan to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tgan bo‘lsa-da, gol hisoblanmagan. Keyinchalik bu voqea gol chizig‘i texnologiyasini joriy etishga turtki bergan.
Luis Suaresning qo‘li bilan qutqarishi (2010)
Urugvaylik hujumchi G‘anaga qarshi o‘yinning oxirgi daqiqasida aniq golni qo‘li bilan qaytardi. G‘ana penaltini ura olmagan va Afrikaning ilk yarim final orzusi amalga oshmay qolgan.
De Yongning «karate zarbasi» (2010)
Niderlandiyalik Nayjel de Yong finalda Xabi Alonsoni ko‘ksiga tepgan, ammo qizil kartochka olmagan.
Braziliyaning 1:7 hisobida mag‘lub bo‘lishi (2014)
O‘z maydonida o‘ynayotgan Braziliya yarim finalda Germaniyadan 1:7 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Bu natija millionlab muxlislar uchun chinakam shok edi.
Luis Suaresning tishlashi (2014)
Urugvaylik hujumchi Italiya himoyachisi Jorjo Kellinini tishlab olgan. U to‘rt oyga futboldan chetlatilgan.
Argentina – Fransiya finali (2022)
Ko‘pchilik mutaxassislar bu finalni tarixdagi eng yaxshi final deb baholaydi. Lionel Messi va Kyulian Mbappe o‘rtasidagi duel: 3:3 hisobi, penaltilar seriyasi va Messining orzusi amalga oshishi butun dunyo futbol muxlislarini hayratga solgan edi.
Akbar Fathullayev
Sport
JChda 11-kun. Kabo-Verde ertagi davom etdi, Salohda rekord
Vozinya navbatdagi natijani onasi bilan nishonladi, ispanlar o‘tgan turdagi aybini yuvishdi, Eron yana durang o‘ynadi, Belgiya guruhda qolib ketishi mumkin.
Jahon chempionatining ikkinchi turi ekvatorga yetib keldi: 21 va 22 iyun kungi bahslarda Misr Yangi Zelandiya ustidan irodali g‘alabaga erishdi (3:1), Kabo-Verde jamoasi esa yana bir sensatsiya ko‘rsatib, Urugvaydan ham ochko tortib oldi (2:2), Ispaniya Saudiya Arabistonini yirik hisobda tor-mor etdi (4:0), Belgiya esa Eron darvozasiga yo‘l topolmadi (0:0).
Maydon tashqarisida ham shov-shuvli voqealar davom etmoqda. Paragvay milliy jamoasi safida soat «o‘g‘risi» aniqlandi, ispanlar hujumchisi Ferran Torresning kutilmagan tanqidchisi paydo bo‘ldi.
Ispanlar o‘ziga kelmoqda
Ispaniya – Saudiya Arabistoni 4:0
Gollar: Yamal, 10 (1:0). Oyyarsabal, 21 (2:0). Oyyarsabal, 24 (3:0). Al-Tumbuktiy, 49 – avtogol (4:0)
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Porro, Rodri, Pedri (Ruis, 70), Olmo (Merino, 61), Baena (Uilyams, 61), Yamal (Torres, 46), Oyyarsabal (Pino, 46)
Saudiya Arabistoni: Al-Uvays, Lajamiy, Al-Amriy (Abulshamat, 60), Al-Tumbuktiy, Al-Arbiy, Abdulhamid, N. Ad-Dovsariy (Al-G‘annam, 90), Al-Haybariy (Kanno, 46), S. Ad-Dovsariy, Aj-Juvayr (Al-Hamdon, 46), Al-Buraykan (Hoji, 60)
Ogohlantirishlar: S. Ad-Dovsariy, 30. Kanno, 60
Ispaniya milliy jamoasi turnir startida Kabo-Verdedan kelgan debyutantlar bilan durang o‘ynab (0:0), jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Luis de la Fuente shogirdlari 90 daqiqa davomida 40 yoshli darvozabon Vozinya darvozasini ishg‘ol etishning uddasidan chiqolmagandi.
Bu betaraf muxlislar uchun chiroyli tarixga aylandi, ammo ispanlar jamoasi muxlislari buni sharmandalik deb baholab, futbolchilarni qattiq tanqid ostiga olishdi. Natijada futbolchilar bor alamini Saudiya Arabistonidan olish uchun maydonga tushishdi va o‘yin taqdiri birinchi bo‘limdayoq hal qilindi.
29 yoshli Mikel Oyyarsabal qisqa vaqt ichida 2 gol va 1 assist muallifiga aylandi va 45 daqiqa o‘ynaganiga qaramay, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bundan tashqari, jarohatidan tuzalib, safga qaytgan Lamin Yamal ham o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi. 18 yoshli ispaniyalik uchun bu jahon chempionatlaridagi birinchi gol bo‘ldi. Endi u turnir tarixidagi eng yosh to‘purarlar ro‘yxatida Messini (argentinalik forvard 2006 yil serblar darvozasiga gol urganida undan 15 kunga kattaroq bo‘lgan) ortda qoldirib, sakkizinchi o‘ringa joylashdi.
«Barchasi biz xohlagandek bo‘ldi: uchta gol ustunligi menga dam olish imkonini berdi – ideal. Men har doim jahon chempionatida qatnashishni orzu qilganman va startda tushgan birinchi o‘yiningdayoq gol urish – bu orzuning ushalishi. Oldingi turnirni maktab o‘quvchisi sifatida tomosha qilgandim, endi esa bu yerda, onam va oilam tribunalarda bo‘lganida gol uryapman. Bu orzuning ushalishi», – degan Yamal FIFA sayti uchun bergan intervyusida.
Kabo-Verde ertagi davom etmoqda
Urugvay – Kabo-Verde 2:2
Gollar: Lenini, 21 (0:1). Arauho, 44 (1:1). Kanobbio, 45+6 (2:1). E. Varela, 61 (2:2)
Urugvay: Muslera, Kaseres, Olivera, Sanabriya, G. Varela, Ugarte (De la Krus, 70), Bentankur, Valverde, Arauho (Rodriges, 81), Kanobbio, Vinyas (Nunes, 70)
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Lopesh Kabral, Moreyra, Lenini (L. Duarte, 70), Monteyru (Samedu, 80), Telmu Arkanju (D. Duarte, 46), Rodrigesh (E. Varela, 58), Mendesh da Grasa, Benshimol (Da Koshta, 58)
Ogohlantirishlar: Bentankur, 20. Olivera, 58 – Lopesh Kabral, 5. Diney Borjyes, 90
O‘tgan turda Kabo-Verde jamoasi turnirning asosiy sensatsiyasini qayd etishgandi – ushbu jamoa nomdor Ispaniyani to‘xtatib (0:0), dunyo bo‘ylab yuz minglab muxlislar mehrini qozongandi. Shu bilan birga, ko‘pchilik Urugvayga qarshi o‘yinda orolliklar jamoasining ertagi yakunlanishini taxmin qilayotgandi. Ammo jamoa futbolchilari ikkinchi o‘yinga o‘ziga yanada ko‘proq ishongan holda chiqib keldi va birinchi bo‘lib hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoaning jahon chempionatlari tarixidagi tarixiy goliga Rossiya chempionati vakili mualliflik qildi: «Krasnodar» yarimhimoyachisi Kevin Lenini jarima zarbasini to‘g‘ridan to‘g‘ri golga aylantirdi.
Shundan keyin Marselo Biyelsa shogirdlari diqqatni jamlagan holda ketma-ket hujumlar uyushtira boshladi va bo‘lim yakunida bu o‘z samarasini berdi: dastlab Vozinyani o‘z jamoadoshlari qiyin ahvolda qoldirishdi – u o‘z himoyachisi boshidan kelgan zarbani qaytarish uchun chap tomonga tashlandi, to‘p ustunga tegib, darvozabon maydonchasiga qaytdi va u yerga yetib kelgan Maksimiliano Arauxo muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Agustin Kanobbio janubiy amerikaliklarni hisobda oldinga olib chiqdi.
Ammo urugvayliklar g‘alabali hisobni ushlab qola olishmadi – jamoa 61-daqiqada yo‘q joydan o‘ziga gol olib keldi. Himoyachilar aut ijro etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yishdi va raqib bosimi ostida to‘p yo‘qotildi. Turnirdagi 40 yoshli yana bir darvozabon Fernando Muslera esa vaziyatni tuzatish uchun jarima maydonidan chiqib keldi, ammo to‘pga ulgurmadi: Elio Varela to‘pni darvozabon yonidan o‘tkazib, bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi – 2:2.
Ispaniya bilan o‘yin qahramoni bo‘lgan Vozinya esa nihoyat navbatdagi natijani o‘z onasi bilan nishonlashga muvaffaq bo‘ldi. U viza bilan bog‘liq muammolar tufayli birinchi o‘yinga yetib kela olmagandi. Ammo Kabo-Verdening ilk muvaffaqiyatidan keyin barcha yuridik masalalar hal qilindi.
Belgiya guruhda qolib ketishi mumkin
Belgiya – Eron 0:0
Belgiya: Kurtua, Mehele, Ngoy, De Keyper, Mene (Kastan, 58), Tilemans, Raskin (Vanaken, 58), De Breyne (Fernandes-Pardo, 87), Trossar, Salemakers (Lukebakio, 58), Lukaku (Teat, 73)
Eron: Beyranvand, Xalilzoda, Xonizodagon, Ne’matiy, Hojisafiy (Muhammadiy, 66), Gardoniy (Jahonbaxsh, 46), Izzatullohiy (Husaynzoda, 85), Quddus (Mug‘anlu, 79), Muhibiy (Torobiy, 66), Rizoyan, Torimiy
Ogohlantirishlar: Lukaku, 3 – Izzatullohiy, 33
Chetlatish: Ngoy, 66
Belgiyaliklar ham ikkinchi turga ispanlar bilan bir xil holatda yetib kelishgandi. Turnir startida Rudi Garsiya shogirdlari Misrni yenga olmagan (1:1) va ikkinchi turda bu xatoni tuzatish talab etilardi. Ammo bu safargi raqib anoyilardan emasdi. Eronliklar maydon tashqarisidagi jiddiy muammolarga qaramay, birinchi turda yomon o‘yin ko‘rsatmagan va Yangi Zelandiya bilan o‘yinda ochko qo‘lga kiritgandi (2:2).
Maydonda belgiyaliklar saviya borasida ustunligini namoyish etdi va 90 daqiqa davomida raqib darvozasi tomon 23 bor zarba yo‘lladi va ikkinchi bo‘limda son jihatdan ozchilik bo‘lib qolganiga qaramay, o‘yinning 70 foiz vaqtida to‘pga egalik qilishdi.
Lekin yevropaliklar baribir gol ura olishmadi – eronliklar darvozaboni Alirizo Beyranvand shu kun faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinlardan birini o‘tkazdi. U jami yetti seyv ijro etdi, xususan, 60-daqiqada Maksim De Keyperning juda yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi.
Yakunda aynan Beyranvand o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Belgiya esa qatorasiga ikkinchi o‘yinda muvaffaqiyatsizlikka uchradi – endi jamoa guruhdan chiqish uchun uchinchi turda Yangi Zelandiyani mag‘lub etishi talab etiladi. Durang natija ham jamoani guruhda qoldirishi mumkin.
Saloh va Ko tarixiy g‘alabaga erishdi
Yangi Zelandiya – Misr 1:3
Gollar: Sarmen, 15 (1:0). Ziko, 58 (1:1). Saloh, 67 (1:2). Trezege, 82 (1:3)
Yangi Zelandiya: Krokomb, Boksall, Sarmen, Kakache (Tomas, 76), Peyn (de Vris, 85), Bell, Stamenich, Singh (Rendell, 76), Jast (Bindon, 85), Makkovatt (Old, 66), Vud
Misr: Shubayr, Yosir Ibrohim, Fati (Rabia, 41), Ahmad Fotih, Xani, Lashin, Ateya, Saloh (Abdulmajid, 84, Abdul Munim, 90+9), Ashur (Sayid, 84), Ziko (Trezege, 76), Marmush (Abdulkarim, 76)
Ogohlantirishlar: Singh, 20. Makkovatt, 34 – Lashin, 17
O‘yin startida misrliklar yaxshiroq harakat qilishdi, tashabbusga egalik qilishdi, ammo birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborishdi: 15-daqiqada burchak zarbasi ijro etilganidan keyin yangi zelandiyaliklar yarimhimoyachisi Finn Sarmen hisobni ochdi. Shundan keyin o‘yin sur’ati pasaydi va bo‘lim oxirigacha darvozalar qarshisida xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi. Lekin tanaffusdan keyin Hussam Hasan shogirdlari maydonga butkul o‘zgacha kayfiyatda chiqib kelishdi va nima qilib bo‘lsa ham uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun oldinga tashlanishdi.
Misrliklarning o‘yindagi ustunligi ko‘p o‘tmay hisobda ham aks etdi. Yangi Zelandiya futbolchilari shiddatli bosimga dosh bera olishmadi va uch marta gol o‘tkazib yuborishdi: dastlab Mustafo Ziko hisobni tenglashtirdi, keyin Muhammad Saloh g‘alaba golini urdi, o‘yin oxirlariga borib u Mahmud Hasan Trezegeni golli pas bilan ta’minladi. Bu orqali tajribali forvard jahon chempionatining bir o‘yinida ham gol, ham golli uzatma muallifi bo‘lgan eng keksa yoshli (34 yosh-u 7 kunlik) futbolchiga aylandi.
Bu g‘alaba Misr uchun jahon chempionatlari tarixidagi ilk g‘alaba bo‘ldi – «fir’avnlar» jamoasi bungacha uchta o‘yinda durang o‘ynab, besh marta yutqazgandi. Endi aynan ular 4 ochko bilan G guruhida peshqadam bo‘lib olishdi. So‘nggi turni jamoa 27 iyun kuni Eronga qarshi o‘tkazadi.
Paragvaylik o‘g‘ri
Guruh bosqichi ikkinch turida Paragvay va Turkiya o‘rtasidagi o‘yinda (1:0) g‘aroyib epizod ro‘y berdi – o‘yindagi yagona gol muallifi, janubiy amerikaliklar jamoasi yarimhimoyachisi Matias Galarsa o‘yin vaqtida hakamning soatini o‘zlashtirib oldi.
Hodisa tanaffus arafasida ro‘y bergan: maydonda futbolchilar o‘rtasida bahs yuzaga kelgan vaqtda ularni ajratishga kirishgan salvadorlik bosh hakam Ivan Barton aksessuarini tushirib qo‘ygan. Galarsa esa bundan foydalanib, uni yerdan olgan va uni qo‘liga taqib olgan va bir necha daqiqa davomida uni taqib yurgan. Ammo yakunda gadjetni egasiga qaytarib, «o‘g‘rilik» uchun jazodan qutulib qolgan.
Xuddi shu o‘yinda yana bir e’tiborli voqea ro‘y bergandi – futbol tarixida ilk bor futbolchi raqib bilan bahslashuv vaqtida og‘zini qo‘li bilan yopgani uchun maydondan chetlatildi. Bunday qat’iy qoida jahon chempionati arafasida joriy etilgandi va uning ilk qurboni paragvaylik Migel Almiron bo‘ldi. U 45+3-daqiqada turkiyalik Mert Muldurga qarata aytgan gapini yashirish uchun qilgan harakati tufayli maydondan chetlatildi.
Ferran Torresning kutilmagan heyteri
Ispaniyaning jahon chempionatidagi ilk o‘yini shu qadar muvaffaqiyatsiz chiqdiki, de la Fuente jamoasidagi futbolchilarni o‘z qarindoshlari ham tanqid qilishdi. Xususan, hujumchi Ferran Torresning bobosi shov-shuvli intervyu berdi – u mashhur nabirasini butun mamlakat oldida mazax qilgan.
Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin oldidan olingan intervyuda u shunday degan: «Agar Kabo-Verde bilan o‘yindagi kabi o‘ynashs – sharmandalik bo‘ladi! Hisobmi? Menimcha, 1:0 . Bu golni Ferran uradimi? Yo‘q, bu juda qiyin. Men uni jahon chempionatida ko‘rishdan mamnun bo‘lamanmi? Yo‘q, men emas. Rafiqam esa ha, u nabirasi uchun sham yoqyapti», – degan u.
Bundan tashqari, u shunday qo‘shimcha qilgan: «Ferran «Barselona»da o‘ynashi menga yoqadimi? Yo‘q, men uni «Levante»da ko‘rishni istardim», – deya qayd etgan keksa yoshli muxlis.
Torresning bobosi hazillashgan bo‘lsa ham, unda nabirasi ustidan kulish uchun sabablar yetarli. Ferran – Ispaniyaning bu chempionatda eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchilaridan biri. Kabo-Verdega qarshi o‘yinda u ikki marta 100 foizlik imkoniyatni qo‘ldan chiqardi, Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda ham darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatda to‘g‘ri zarba bera olmadi. 90+2-daqiqada baribir darvozani ishg‘ol etganida esa, gol ofsayd tufayli bekor qilindi.
Shunday ekan, 27 iyun kuni Urugvayga qarshi kechadigan navbatdagi o‘yin oldidan bobosi yana bir qiziqarli intervyu bersa ajab emas.
Navbatdagi o‘yinlar
22 iyun kuni kechqurun va 23 iyunga o‘tar kechasi yana ikki guruhda 2-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi.
22.00. J guruhi. Argentina — Avstriya
02.00. I guruhi. Fransiya — Iroq
05.00. I guruhi. Norvegiya — Senegal
08.00. J guruhi. Iordaniya — Jazoir
Sport
O‘zbekistonlik bokschilar Jahon kubogida 11ta medalni qo‘lga kiritishdi
Finalda O‘zbekiston terma jamoasidan 7 nafar bokschi oltin medal uchun jang qildi.
Xitoyning Guiyang shahrida World Boxing tashkiloti kubogi bahslarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada 40 davlatdan 177 nafar erkaklar va 123 nafar ayollar g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Unda O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi to‘liq tarkibda – 10 vazn toifasida, ayollar jamoasi esa 9 vazn toifasida ishtirok etdi hamda 4 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Final bosqichiga O‘zbekiston terma jamoasi eng ko‘p – 7 nafar bokschi bilan yetib keldi.
-57 kg vazn toifasida Nigina O‘ktamova hindistonlik Prachiga qarshi ringga ko‘tarildi. Yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozongan Nigina Jahon kubogi oltin medalini qo‘lga kiritdi.
60 kg vaznda Abdumalik Halokov braziliyalik Luiz Gabriyelga qarshi ringga chiqdi va 5:0 hisobida zafar g‘alaba qozondi.
-80 kg vazn toifasida Javohir Ummataliyev braziliyalik Vanderley Pereyrani 3:2 hisobida yengdi.
-90 kg vaznda To‘rabek Habibullayev angliyalik Isaak Okoxga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak edi. Raqibi jarohat olganligi sababli jang qila olmasligini bildirdi va To‘rabek g‘olib deb e’lon qilindi.
-48 kg vazn toifasida Farzona Fozilova, -50 kg vazn toifasida Asilbek Jalilov, 80 kg vazn toifasida Oltinoy Sotimboyeva kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Yarim finalda mag‘lub bo‘lgan Arman Maxanov, Akmaljon Isroilov, Aziza Zokirova hamda Sitora Turdibekova musobaqani bronza medali bilan yakunladilar.
Turnirning uchinchi final bosqichi noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
-
Jamiyat4 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Dunyodan5 days agoEron yadro quroliga ega boʻlmaslikka rozi: Prezident Tramp
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekistonda AQSh bilan yirik investitsiya loyihalari amaliy bosqichga o‘tadi
-
Iqtisodiyot4 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat5 days ago
O‘zbekiston va Albaniya birinchi xonimlari uchrashdi
-
Siyosat5 days ago
Prezident Ozarbayjon va Belarus bosh vazirlarini qabul qildi
