Jamiyat
Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligida tekshiruv: milliardlab zarar aniqlandi
Joriy yil yanvar oyi boshida tuzilgan ishchi guruh Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli hududlarda o‘rmon xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foydalanish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi. Natijada yerdan foydalanish tartibi buzilgani, ijara to‘lovlari undirilmagani hamda noruda materiallar noqonuniy qazib olingani aniqlandi. Bir qator mansabdor shaxslar pora olish holatlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Joriy yil yanvar oyi boshida tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligiga tegishli yerlardan maqsadli foydalanish borasida jiddiy qonunbuzarliklar aniqlandi.
Muassasa mansabdor shaxslarining o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashuvi natijasida xo‘jalik yer maydonlarini ijaraga olgan 5 nafar tadbirkor tomonidan tegishli tashkilotlar ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlar qurilgan, yer uchastkalari ixtisoslashuvi o‘zgartirilgan. Bu holatlar davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan.
Shuningdek, 460 nafar ijarachidan ijara pullari undirilmagani oqibatida davlat manfaatlariga 1 mlrd 480 mln so‘m zarar yetkazilgani qayd etildi.
O‘rmon xo‘jaligi mansabdorlari ayrim ijarachilar bilan til biriktirgan holda 2023–2025 yillar davomida jami 5356 m³ noruda materiallarni noqonuniy qazib olgani, natijada davlatga 1 mlrd 322 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgani bildirildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 193-, 196-1-, 207- va 229-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tezkor tadbirlar natijasida bir qator pora olish holatlari ham fosh etilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining bo‘lim o‘rmonbegisi avval xo‘jalik balansida bo‘lgan, keyinchalik tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan yerlarning 20 sotix qismini tanishlari orqali Chust tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaroga turar-joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu mablag‘dan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat kadastrlar palatasining Pop tuman filiali mutaxassisi ham ushlangan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs xizmat mavqeidan foydalanib, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibini buzgan holda mahalliy tadbirkorga xo‘jalik balansidagi 50 sotix yer maydonini shartnoma asosida ijaraga berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan. U oldindan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu mansabdor shaxs muqaddam bir necha bor sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, berilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmagan.
Jamiyat
Temir yo‘lda yo‘lovchi va yuk tashish hajmi kamida 10 foizga oshiriladi
Iqtisodiyot yuqori sur’atda o‘sishi uchun transport-logistika tizimi ham shunga mos bo‘lishi kerak.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, o‘tgan yili jami transport xizmatlaridagi 11 foiz o‘sish asosan avtotransport va havo transporti hisobidan ta’minlangan.
Lekin temir yo‘lda yuk aylanmasi bor-yo‘g‘i 3,3 foiz oshgan. Oddiy misol, temir yo‘lda yuk tashishga boshqa davlatlarga nisbatan 3-4 barobar ko‘p vaqt sarflanmoqda. Oqibatda umumiy yuk tashuvlarda temir yo‘lning ulushi 7 foizga ham yetmaydi.
Yirik kompaniyalar ham, kichik tadbirkorlar ham ishlab chiqarish va eksportni oshirish uchun temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilashni so‘rayapti.
Mutasaddilarga temir yo‘llar sohasida nosohaviy aktivlar, operatsion xarajatlarni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni xizmat sifatini yaxshilashga yo‘naltirish topshirildi.
Temir yo‘lda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini bu yil kamida 10 foizga oshirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Jamiyat
«Endi asosiy vazifa – yangi bozorlarga kirib borish bo‘ladi…» — Prezident
Davlat rahbari yig‘ilishda eksportbop mahsulot ishlab chiqarish va yangi bozorlar topish masalasiga ham to‘xtaldi.
«Takror aytaman: ichki bozordagi talabni o‘zi bilan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlab bo‘lmaydi. Shu bois, bu yil vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borish bo‘ladi», – dedi Prezidentimiz.
O‘tgan yili eksport 22 foizga o‘sib, 24 milliard dollarga yetdi. Lekin hali ko‘p rahbarlar eksportda eskicha ish uslubidan voz kecha olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
To‘qimachilik mahsulotlarimiz 76 ta davlat bozoriga kirib borgan. Lekin eksportning 80 foizi 6 ta davlatga to‘g‘ri keladi.
Tarmoq rahbarlariga bu yil sohada keskin o‘zgarish qilib, ishlab chiqarishni kamida 15 foizga oshirish, Yevropa, AQSh va boshqa qimmat bozorlarga kirib borib, eksportni 150 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Endilikda pilla kooperativi tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi. Uyida pilla yetishtiradigan ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Pilla yetishtiruvchilarga har bir kilogramm pilla hosili uchun klasterlar to‘laydigan 40 ming so‘mga qo‘shimcha 15 ming so‘mdan subsidiya beriladi, urug‘chilik korxonalari jalb qilgan mavsumiy ishchilar oyligining yarmi kompensatsiya qilinadi.
Jamiyat
Toshkentda sertifikatsiz dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalarini saqlash va dorixonalarga tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahrida sertifikatsiz dori vositalari muomalasi bilan bog‘liq holat fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1969 va 1997 yillarda tug‘ilgan ota-bola o‘z yashash xonadonida aylanma yo‘llar orqali olib kelingan dori vositalarini saqlashga mo‘ljallangan yashirin ombor tashkil qilgan. Ular ushbu omborda dori vositalarini saqlab, keyinchalik dorixonalarga o‘tkazish bilan shug‘ullangan.
Tezkor tadbir chog‘ida qonunbuzarlarga tegishli xonadon va avtomobil ko‘zdan kechirilganda, asosan Turkiya va Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dyuspatalin”, “Novomiks”, “Galvus MeT” kabi 87 turdagi jami 133 374 dona dori vositalari aniqlangan. Ularning taxminiy qiymati 3 mlrd so‘mdan ortiq ekani qayd etildi.
Shuningdek, 50 ming AQSh dollari, 10,6 mln so‘m hamda 150 nafar shaxsga tegishli bank plastik kartalari topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda dori vositalari namunalari ekspertizadan o‘tkazish maqsadida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga yuborilgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Talabalar o‘rtasida har yili «Eng innovatsion g‘oya» respublika tanlovi o‘tkaziladi
Joriy yil 11-fevraldagi PQ–59-son qaror bilan 2026 yildan har yili startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarni aniqlash bo‘yicha «Eng innovatsion g‘oya» respublika tanlovi o‘tkaziladi.
Tanlov davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘tkaziladi va g‘oliblarga 100 mln so‘m grant beriladi. Shuningdek, respublika bosqichi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi, mukofot jamg‘armasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 10 mlrd so‘m etib belgilanadi.
2026-yil 1-sentyabrdan oliy ta’lim tashkilotlarida «Oliygohlar – startaplar generatori» dasturi amalga oshiriladi.
Bunda:
oliy ta’lim tashkilotlarida IT-park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari joriy etiladi;
talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka va almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi;
oliy ta’lim tashkilotlariga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va talabalar akseleratorlari orqali har bir loyihaga 20 ming AQSh dollarigacha ekvivalentda o‘z mablag‘larini investitsiya qilish huquqi beriladi;
talabalar akseleratorlarida «startap menejer» va «startap treker» lavozimlari ko‘zda tutiladi.
Jamiyat
Prezident “Enco Group” loyihasi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Enco Group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimizda energetika tarmog‘ini jadal modernizatsiya qilish, yangi elektr stansiyalari va nimstansiyalar qurish, magistral tarmoqlarni yangilash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlari va aholi sonining o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlarda barqaror talab shakllanmoqda.
Faoliyati ushbu talabni qondirishga qaratilgan “Enco Group” korxonasi Belarus Respublikasining “Energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Eltech Industrial” texnoparki hududida 21 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 million dollarni tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyati 300 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Ayni paytda qurilish ishlarining birinchi bosqichi 98 foizga yakunlangan, 10 million dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgan. Korxona mahsulotlarini Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya va MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik eksport hajmi 140 million dollarga yetishi taxmin qilinmoqda.
O‘tgan yili mamlakatimizga 400 million dollarga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyasiyalangan mis shinalar import qilingan. Korxona to‘liq ishga tushirilgandan keyin 150 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi shunday mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Markaziy Osiyoda bunday yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan 12 ta korxonaning 4 tasi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi. Bu mamlakatimizda elektrotexnika sanoati bosqichma-bosqich yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqqa aylanayotganini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbariga korxonaning kelgusidagi rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.
Prezidentimiz sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
-
Dunyodan4 days agoDubayda rossiyalik generalga suiqasd uyushtirgan shaxs hibsga olindi
-
Jamiyat5 days agoAjabtovur psixologiya: yaxshiga rostdan ham kun yo‘qmi?
-
Iqtisodiyot3 days agoMahallalarda tadbirkorlikni boshlash uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz mablag‘ ajratiladi
-
Iqtisodiyot4 days agoUsta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
-
Dunyodan4 days agoExit-poll natijalariga ko’ra, kim g’alaba qozonganini bilamiz.
-
Iqtisodiyot4 days ago10-fevraldan dollar yana oshadi
-
Jamiyat2 days ago20 ta mikroavtobus yo‘nalishga chiqarildi
-
Dunyodan4 days agoIlon Mask Oy va Marsda shaharlar qurmoqchi
