Jamiyat
PGM “to‘ri” ko‘plab o‘zbekistonliklarni o‘z domiga tortdi
O‘zbekistonda minglab fuqaro navbatdagi moliyaviy piramidaga chuv tushdi. Bu safar Pioneer Global Media nomi ostidagi platforma 6 oy ichida oson pul topish ilinjidagi fuqarolar cho‘ntagini qoqib oldi. Unga aldanganlarning ko‘pi kredit olib yoki qarz ko‘tarib, pul tikkan. Odamlar ko‘ngliga “10 ta tuxum, 4 ta shashlik va 3 ta banan” bilan kirib borgan PGM ularning millionlab pulini o‘zlashtira oldi. Bu haqda Kun.uz’ga xabar bergan shaxs 146 mln so‘midan ayrilgan. Afsuski, bundaylarning aniq soni ma’lum emas.
Minglab o‘zbekistonliklar navbatdagi moliyaviy piramidaga aldandi. Bu safar PGM, ya’ni Pioneer Global Media nomi ostidagi platforma 6 oyda “urug‘ qadab”, “hosil”ni ham yig‘ishtirib olishga ulgurdi.
PGM nima?
Pioneer Global Media platformasi shakli va uslubi avvalgilaridan umuman farq qilmaydigan moliyaviy piramida. Kompaniya Londonda joylashgani, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish faoliyati bilan shug‘ullanishi aytiladi. Kompaniya sertifikatlari sifatida istalgan odam yasashi mumkin bo‘lgan ikkita surat keltirilgan.
“2009 yilda tashkil etilgan PGM o‘zining ijodiy va samarali reklama agentligi bilan mashhur bo‘lib, yirik shahar markazlarida faoliyat yuritadi. PGM YouTube, Instagram, TikTok, Facebook, Globoplay, Messenger, Steam va boshqalar kabi yirik global ijtimoiy dasturiy ta’minot va o‘yin operatorlari bilan reklama bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi”, deyiladi platformaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.
PGM 2019 yilda O‘zbekistonga raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish va mahalliy texnologik ekotizimni mustahkamlash maqsadida kirib kelgani ma’lum qilingan.
PGM’ning onlayn xodimlari dasturni yuklab olganidan so‘ng kompaniya reklama uchun hamkorlardan haq olishi, ushbu to‘lovlarning 70-80 foizi onlayn xodimlarga ish haqi sifatida to‘lanishi bildirilgan. Onlayn xodimlar go‘yoki mehnat depoziti sifatida pul tikishlari kerak. So‘ngra ularga kunlik vazifa topshiriladi. Vazifalar asosan qandaydir ilovalarni yuklab olish bilan bog‘liq. Vazifa bajarilgach onlayn xodimga kunlik haq to‘lanadi.
Albatta, bularning bari ushbu platforma aslida moliyaviy piramida ekanini yashirib turish uchun foydalanilgan yolg‘on. Asosiy maqsad esa depozit qo‘ydirish orqali odamlarni chuv tushirish.
Qanday “ildiz otdi”?
Ushbu moliyaviy piramida Telegram’da bir nechta kanal va guruhlarga ega. Ulardagi ma’lumotlar va davrlar tahlil qilib ko‘rilsa, PGM 2025 yil may oyi boshlarida targ‘ib qilina boshlagani ma’lum bo‘ladi.
Masalan, qariyb 42 ming a’zoga ega bo‘lgan Pioneer Global Media LTD kanali 2022 yil 14 dekabrda yaratilgani qayd etilgan. Undagi ilk xabar shu kuni e’lon qilingan. Biroq ushbu xabar tahrirlangan. Undan keyingi xabar esa 2025 yil 29 aprel kuni joylashtirilgan.
Bundan anglash mumkinki, 2022 yil yaratilgan kanal sotib olingan hamda nomi o‘zgartirilib, undagi ma’lumotlar o‘chirib tashlangan holda ilk xabar tahrirlangan. Bu orqali go‘yoki PGM 2022 yildan beri mavjud ekani haqida tasavvur uyg‘otishga harakat qilingan. “PGM kompaniyasi haqida ma’lumot” nomli boshqa bir kanal esa 2025 yil 11 avgust kuni yaratilgan.
PGM platformasi 2025 yil may oyida targ‘ibotni boshlab, iyun-iyul oylarida faollasha borgan. Avvalo o‘zini o‘ziga deganday ortidan ko‘proq odam ergashtirib, guruh tuza olganlar rag‘batlantirilgan. Ularga jamoasi bilan dasturxon atrofida tadbir o‘tkazish, jamoasi a’zolariga turli mahsulotlar tarqatish uchun mablag‘lar ajratilgan. Mahsulot olgan odamlardan esa uyali telefonida PGM dasturini ko‘rsatgan holda suratga tushib berishi talab etilgan. So‘ngra ushbu suratlardan yanada ko‘proq odamlarni ishontirishda foydalanishgan.
Tarqatilgan mahsulotlar esa turlicha: meva, tuxum, yog‘, makaron, sut, guruch va shu kabi mahsulotlar.
Shuningdek, turli tadbirlar uyushtirilib, ularda ham faol targ‘ibot ishlari olib borilgan.
Bundan tashqari, hududlarda oziq-ovqat do‘koni bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar jalb etilib, ularning savdo nuqtalaridan ham faol foydalanilgan.
Shubhali to‘lov
Platformaga qo‘shilish va ishlash uchun pul tikish talab qilingan. Tikiladigan pul miqdori esa ishlab chiqilgan darajalarga qarab oshib borgan. Masalan, yuqori darajada ko‘proq pul tikish va shunga mos ravishda ko‘proq pul ishlash taklif etilgan. Daromad miqdori katta foizlarda va’da qilingan.
Depozitga qo‘yiladigan, ya’ni PGM’ga qo‘shilish uchun tikiladigan pul qandaydir rasmiy hisob raqamlarga emas, P2P ko‘rinishida kimlarningdir bank kartalariga o‘tkazilgan.
Avvalgi moliyaviy piramidalardan farqli jihati, pul o‘tkazmalari qabul qilingan bank kartasi egasi bundan xabardor bo‘lishi mumkin. Masalan, PGM’ga aldangan ko‘plar depozit summalarini Qahramon Olimov ismli shaxsning bank kartalariga P2P ko‘rinishida o‘tkazgan.
Bu bir nechta misol. Aslida, Qahramon Olimovning bank kartalariga PGM bilan bog‘liq ko‘plab pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan. Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, 1969 yilda tug‘ilgan Olimov Qahramon Abduqayumovich Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida istiqomat qiladi. Aynan uning o‘zi ham PGM a’zosi bo‘lgan.
Qahramon Olimov PGM moliyaviy piramidasida parda ortida turganlarning topshirig‘ini bajargan bo‘lishi mumkin. Negaki, u bank kartalarida yig‘ilgan mablag‘lardan o‘ziga berilgan ro‘yxat asosida PGM a’zolariga go‘yoki daromadi sifatida pul o‘tkazmalarini amalga oshirib kelgan.
Aslida, PGM’ga go‘yoki mehnat depoziti sifatida pul tikkanlar o‘nlab shaxslarning bank kartalariga o‘tkazmalarni amalga oshirishgan. Qahramon Olimov hamda boshqalar o‘zlari bilgan yoki bilmagan holatda, balki ma’lum bir haq evaziga PGM ortida turganlar va aldanganlar o‘rtasida moliyaviy ko‘prik vazifasini bajarib bergan bo‘lishi mumkin. Ular bank kartalariga yig‘ilgan milliardlab pul mablag‘larini qanday tartibda kimga o‘tkazgani esa tahririyatga qorong‘i.
Parda ortidagilar kim?
Kun.uz moliyaviy piramidalar haqida ko‘plab surishtiruvlar e’lon qilgan. Video ko‘rish orqali pul ishlashni taklif qilgan Aif va Whats, “powerbank ijarasi”dan daromad olishga chaqirgan Parker, odamlarni “kitob o‘qish orqali pul topish” bahonasida chuv tushirgan OMD hamda yaqindagina ko‘plab o‘zbekistonliklarning cho‘ntagini shilib ketgan, “organ” xodimlari ham targ‘ibotiga qo‘shilgan XCM shular jumlasidan.
Minglab insonlarni chuv tushirgan, biri yopilsa boshqasi yangidan ochilayotgan ushbu moliyaviy piramidalar ortida bir guruh turgani tobora oydinlashib bormoqda. Negaki, ular uslub va shakl jihatdan bir xil. Qolaversa, ayrimlarida yaqin o‘xshashliklar bor.
Masalan, “kitob o‘qish orqali pul topish”ni taklif qilgan hamda minglab odamlarni chuv tushirgan OMD moliyaviy piramidasi 2025 yil may oyida yopilgan. Ayni shu paytda PGM targ‘iboti faol boshlab yuborilgan.
OMD’ga a’zo bo‘lish uchun odamlar tomonidan pul o‘tkazilgan bank kartalari orasida Dilnoza Hojiyeva ismli shaxsning bank kartasi bor.
PGM moliyaviy piramidasida ham odamlarning pulini yig‘ib olishda aynan shunday ismli shaxsning bank kartalari ishlatilgan.
Agar ushbu shaxsning o‘zi bundan bexabar, bank kartalari esa virtual bo‘lsa, demak, Dilnoza Hojiyevaning shaxsiy ma’lumotlari bitta guruhning qo‘lida. Bu OMD va PGM moliyaviy piramidalarining ortida bitta guruh turgani haqidagi taxminni o‘rtaga chiqaradi. Agar ban kartalari odatiy hamda bankka fuqaroning o‘zi borib ochtirgan bo‘lsa, unda Dilnoza Hojiyeva ushbu guruhga “xizmat” qiladi, degan gumon paydo bo‘ladi. Har ikki holatda ham Dilnoza Hojiyevaning “izi” bir guruhga olib boradi.
“O‘rta bo‘g‘in”ni uzish vaqti keldi
O‘tgan 2-3 yil ichida O‘zbekistonda biri yo‘qolsa boshqasi paydo bo‘layotgan moliyaviy piramidalar uchta bo‘g‘inni yuzaga keltirda: yuqori bo‘g‘in – parda ortidagi asosiy jinoyatchilar, o‘rta bo‘g‘in – moliyaviy piramida ekanini bilgan holda ortidan ergashtiruvchilar, quyi bo‘g‘in – ishonuvchan jabrlanuvchilar.
Bu yerda asosiy yo‘qotuvchilar quyi bo‘g‘indagilar bo‘lib qolmoqda. Negaki, o‘rta bo‘g‘indagilar boshqalarning to‘lovi hisobiga odatda zararga kirishmaydi. O‘zbekistonda paydo bo‘lgan istalgan moliyaviy piramida tahlil qilib ko‘rilsa, 10-15 kishini aldagan bir kishi, guruhboshi topiladi. U “farvon hayot” ertagini o‘qib, odamlarni ishontiradi. Ayrimlar hatto buni kasb qilib oldi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar asosiy jinoyatchilarni topishning uddasidan chiqolmayotgan ekan, hech yo‘qsa ana shu o‘rta bo‘g‘inni uzishi kerak. Yo‘qsa, minglab odamlar aldanishda davom etaveradi.
Kun.uz yana bir bor yurtdoshlarimizni turli shubhali platformalarga ishonmaslikka va pullarini sarflamaslikka chaqirib qoladi.
Jamiyat
Farg‘onada qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olindi
Jinoiy guruh a’zolari Turkiyaning qalbaki fuqarolik pasporti va haydovchilik guvohnomasini mijozga 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Farg‘onada qalbaki xorijiy davlat fuqaroligi pasportlarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida Farg‘ona shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi 31 yoshli shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 36, 29, 27 va 23 yoshli 4 nafar tanishi bilan til biriktirib, mijozga Turkiyaning qalbaki fuqarolik pasporti hamda haydovchilik guvohnomasini 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Ulardan jami 11 dona mobil telefon va 2 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
Holat poytaxtning Yakkasaroy tumanida sodir bo‘ldi. “Better Best” qurilish firmasi ko‘p qavatli uy qurilishida belgilangan shart asosida markaziy kanalizatsiya quvurini ko‘chirmasdan kotlovan qazigan. Oqibatda tuproq o‘pirilib, kanalizatsiya quvuri uzilib ketgan. “O‘zsuvta’minot” AJ vakili 10-12 soatda holat bartaraf qilinishini bildirdi.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida markaziy kanalizatsiya quvuriga shikast yetdi. Kun.uz muxbiri hodisa joyidan xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasidagi obektda “Better Best” qurilish firmasi quruvchilari markaziy kanalizatsiya quvuriga jiddiy shikast yetkazgan. Shaharning 3 ta tumanidan keladigan oqova suvlar ushbu uzilib ketgan quvur orqali “Salar” suv tozalash inshootiga quyiladigan bo‘lgan.
“O‘zsuvta’minot” AJ matbuot xizmati Kun.uz’ga holat yuzasidan ma’lumot berdi.
“Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, quvurga juda yaqin joydan kotlovan qazilgan. Aslida, bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay shart bo‘yicha quvur ko‘chirilmagan. Ya’ni, dastlab quvurni ko‘chirib, keyin kotlovan qazilishi kerak bo‘lgan.
Tuproqning o‘pirilishi oqibatida quvur ham uzilib ketgan. Hozirda katta hajmdagi quvurdan oqova suvlari chiqyapti. Buni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rildi. Hozirda qo‘shimcha kuchlar jalb etilgan”, deydi jamiyat vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, holatni uzog‘i bilan 10-12 soatda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yo‘q.
Jamiyat
O‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,4 yil uzoqroq umr ko‘rmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yilda mamlakatda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetgan.
Jumladan, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 77,3 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, erkaklarniki 72,9 yosh bo‘lgan.
Shu tariqa, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 4,4 yil uzoqroq umr ko‘rmoqda.
Avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi mamlakat aholisining o‘rtacha yoshiga oid ma’lumotlarni ham e’lon qilgan edi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 0–4 yoshli bolalar soni 4 million 607 ming 149 nafarni tashkil etgan. Bu eng yirik yosh guruhlaridan biri hisoblanadi.
5–9 yoshdagilar soni 3 million 859 ming 606 nafar, 10–14 yoshdagilar 3 million 406 ming 515 nafar, 15–19 yoshdagilar esa 3 million 155 ming 802 nafarni tashkil qilgan.
20–24 yosh toifasida 2 million 662 ming 250 nafar, 25–29 yoshdagilar orasida 2 million 649 ming 263 nafar, 30–34 yosh guruhida esa 3 million 167 ming 974 nafar aholi qayd etilgan.
Shuningdek, 35–39 yoshdagilar soni 3 million 90 ming 226 nafar, 40–44 yoshdagilar 2 million 687 ming 261 nafar, 45–49 yoshdagilar 2 million 242 ming 676 nafarni tashkil etgan.
Jamiyat
Andijonda davlat zaxirasidagi yerni 160 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi
Toshkentda kadastr bosh inspektori yengil konstruksiyali qurilmalarni buzmaslik va jarima qo‘llamaslik evaziga 2 ming dollar pora olayotganida ushlandi. Andijonda esa davlat zaxirasidagi 40 sotix yer uchun 160 ming dollar talab qilib, uning 80 ming dollarini olgan fuqaro qo‘lga olindi.
Toshkent shahri va Andijon viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda pora olish va davlat yerini noqonuniy sotishga urinish bilan bog‘liq korrupsiyaviy holatlar fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda Kadastr agentligining Yashnobod tuman bo‘limi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzdirmaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga ushbu mablag‘ni talab qilgan.
Yana bir holat Andijon shahrida qayd etilgan. 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro xaridorga Andijon tumanidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini go‘yoki E-auksion orqali yutib olganini aytib, uni kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u 160 ming AQSh dollari talab qilgan. DXX, ichki ishlar va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi oldindan 80 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
O‘zgidromet kuchli yomg‘irlar va sel xavfi haqida ogohlantirdi
O‘zgidromet 4–6 iyul kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari kuzatilishi ehtimoli ham mavjud.
Ma’lum qilinishicha, xavf Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘ oldi hamda tog‘li tumanlarini qamrab oladi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryoning Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kelish xavfi yuqori baholanmoqda.
Shuningdek, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tog‘li va tog‘ oldi hududlarida ham sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Bundan tashqari, kuchli yog‘ingarchilik tufayli respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli ham mavjudligi qayd etildi.
-
Dunyodan5 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Sport5 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
24-iyunda dollar yana ko‘tariladi
-
Jamiyat1 day agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Turk dunyosi4 days agoAsaddan keyin Suriya: Turkiya yuksaladi, Eron chidaydi
-
Dunyodan2 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Mahalliy5 days ago
Birov bildi, birov bilmadi…
-
Turk dunyosi4 days agoTurkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Yevropa mudofaa tizimiga to‘liq integratsiyalashishga chaqirdi
