Iqtisodiyot
«Paynet Xolis» kassa apparat o‘rnini bosadimi? Soliq talablari bo‘yicha chalkashliklar yuzaga kelmoqda
Toshkentda faoliyat yurituvchi tadbirkor Kun.uz’ga soliq organlari talablari yuzasidan chalkashlikka duch kelganini ma’lum qildi. Unga avval terminaldan voz kechib, «Paynet Xolis» orqali ishlash tavsiya etilgan bo‘lsa, keyinchalik bu tizim hali test rejimida ekani aytilib, yana kassa apparat talab qilingan. Holat yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Toshkent shahrida gul oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Kun.uz’ga murojaat qilib, soliq organlari talablari bo‘yicha tushunmovchilik yuzaga kelganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab soliq organi xodimlari unda mavjud bo‘lgan kassa apparati ishlatilmayotganiga e’tibor qaratgan. Shu bilan birga yanvar oyidan boshlab «Paynet Xolis» tizimidan foydalanish tavsiya etilgan.
«Hamma YaTTlarga «Paynet Xolis»ni majburiy ulashdi. «Endi kassa apparatni ishlatmaysiz, barcha cheklarni shu orqali chiqarasiz», deyishdi. Naqd pul bilan to‘lansa, naqd ko‘rsatasiz, karta bo‘lsa, QR-kod orqali to‘lash kerak», deyishdi. Lekin tizim hali to‘liq ishlamayapti, ba’zan QR-kod ham ishlamay qoladi», – deydi tadbirkor.
Keyinchalik u soliq organlari tavsiyasiga asosan terminal tizimidan ham chiqib ketgan. Biroq yaqinda o‘tkazilgan profilaktik tekshiruvda undan yana terminal va chek masalasi so‘ralgan.
«Endi esa bu test rejimidagi masala, kassa apparat majburiy, QR-kodli chek bo‘lishi kerak, deyishyapti. Qaysi biri to‘g‘ri — tushunmayapman», – deydi u.
Soliq maslahatchisi nima deydi?
Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovning izohiga ko‘ra, qonunchilikda «Paynet Xolis»dan foydalanish majburiy emas, biroq fiskal chek berish majburiy hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, «Paynet Xolis» aslida kassa apparatning muqobili sifatida ishlashi mumkin: tizim orqali tushum kiritiladi, QR-kod shakllanadi, bu fiskal chek sifatida tan olinadi.
«Paynet Xolis» o‘rnatilgan bo‘lsa, bu kassa apparatga umuman chek urmaslik mumkin degani emas. Aslida shu platformaning o‘zida fiskal chek shakllantirilishi kerak. Ya’ni u kassa apparat vazifasini bajaradi», – deydi mutaxassis.
Agar tadbirkor ushbu tizimdan foydalanmasa yoki chek bermasa, e’tirozlar shundan kelib chiqishi mumkin.
«Paynet Xolis»dan foydalanish tadbirkorni kassa apparatdan foydalanish majburiyatidan ozod qilmaydi» – Soliq qo‘mitasi
Davlat soliq qo‘mitasining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, bugungi kunda savdo operatsiyalarini nafaqat an’anaviy kassa apparatlari, balki raqamli platformalar orqali ham amalga oshirish mumkin. Ya’ni:
• to‘lovlarni naqd va naqdsiz qabul qilish
• QR-kod orqali to‘lov olish
• elektron chek shakllantirish – barchasi qonunchilik doirasida ruxsat etilgan.
Shu bilan birga 2026 yil 1 yanvardan boshlab (247 sonli prezident qaroriga asosan) tadbirkorlarda maxsus QR-kod bo‘lishi majburiy bo‘ldi. QR-kod bo‘lmasa, bu kassa apparati yoki terminal ishlatmaslikka tenglashtiriladi.
Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra:
• elektron chek — qog‘oz chek bilan teng
• to‘lovni QR-kod orqali qabul qilishni rad etish — jarimaga sabab bo‘ladi
Eng muhim jihat – «Paynet Xolis»dan foydalanish tadbirkorni kassa apparatdan foydalanish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Ya’ni tadbirkor yo kassa apparat ishlatishi yoki «Paynet Xolis» orqali fiskal chek berishi kerak.
Ma’lumot uchun, 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ularning faoliyatini raqamlashtirish orqali soddalashtirishni nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejim joriy etilgani munosabati bilan, QR-kodni faqat bitta ilovada – «Paynet Xolis»da rasmiylashtirish mumkin bo‘ldi. Bu monopoliyani yuzaga keltirish borasida xavotirlarni uyg‘otdi. Joylarda tadbirkorlar ushbu ilovadan foydalanishga majburlangan holatlar ham bo‘ldi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov jurnalistlarning bu boradagi savoliga javoban bitta yoki ikkita tashkilot bu ishni amalga oshirishi bo‘yicha qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi. «Boshqa to‘lovlarni amalga oshiruvchilar ham o‘zining infrastrukturasidan kelib chiqib bu ishni qilishi mumkin», – dedi u.
Iqtisodiyot
«Italiya – Markaziy Osiyo (S5) + Ozarbayjon» biznes-forumida muhim kelishuvlarga erishildi
Toshkentda o‘tkazilayotgan “Italiya – Markaziy Osiyo (S5) + Ozarbayjon” biznes-forumi doirasida nufuzli mehmonlar ishtirokida muhim chiqishlar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Italiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Turkmanistondan tashrif buyurgan mehmonlar nutq so‘zlab, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ular o‘z chiqishlarida qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni keng joriy etish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan yechimlarni ishlab chiqish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan ekanini ta’kidladilar.
Ishtirokchilar mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish hamda ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashinuvini kengaytirish orqali barqaror agroekotizimlarni shakllantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mumkinligini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, “Italiya – Markaziy Osiyo (S5) + Ozarbayjon” biznes- forumining yakuniy kommyunikesi qabul qilindi.
Unga ko‘ra, tomonlar qishloq xo‘jaligi va agrooziq-ovqat sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishdilar.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston Hindiston bilan biznes aloqalarni faollashtirishga kirishdi
O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) bosh direktori Jyoti Vij bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Dunyo” AA xabar qilishicha, muzokaralar davomida aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Elchi mazkur yig‘ilish doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida biznes-forumlar tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tadbirlarda ikki mamlakatning yetakchi tadbirkorlari ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Jyoti Vij FICCI tomonidan nufuzli hind biznes-delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, aprel oyining birinchi yarmida hind kompaniyalari hamda O‘zbekistonning manfaatdor vazirlik va tarmoq tashkilotlari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, FICCI Hindistonning eng yirik biznes-assotsiatsiyalaridan biri bo‘lib, 250 mingdan ortiq kompaniyani birlashtiradi hamda mamlakat hukumati bilan iqtisodiy siyosat va investitsiya masalalarida yaqin hamkorlik qiladi.
Iqtisodiyot
British Petroleum O‘zbekiston energetika bozoriga qiziqish bildirmoqda
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov British Petroleum transmilliy kompaniyasining xalqaro rivojlanish departamenti rahbari Maykl Denison bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Dunyo” AA xabar berishicha, muloqot davomida Britaniya kompaniyasi vakili joriy yilning 26 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya hamda BP rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalarini yuqori baholadi.
Qayd etilishicha, mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, keng ko‘lamli investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratgan.
Britaniya tomoni energetika sohasida, xususan, uglevodorod resurslarini qidirish va qazib olish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlarida O‘zbekiston bilan tizimli va uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, bunday hamkorlik O‘zbekistonning investitsiya muhitini yanada yaxshilash va mamlakat energetika salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida BP delegatsiyasining V Toshkent xalqaro investitsiya forumida yuqori darajada ishtirok etishga tayyorligi ma’lum qilindi. Tomonlar ushbu maydon ikki tomonlama aloqalarni yanada faollashtirish va yangi investitsiya kelishuvlarini ilgari surish uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Olmaliqdagi 3-mis boyitish fabrikasi dunyodagi yirik korxonalar qatoridan joy oldi
Germaniyaning Deutsche Allgemeine Zeitung nashrida O‘zbekistondagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi ochilishiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Dunyo” AA xabar berishicha, maqolada prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ramziy tugmani bosish orqali ishga tushirilgan mazkur loyiha mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan, 196 gektar maydonda barpo etilgan zavod yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkich bilan u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi eng yirik korxonalar qatoridan joy olgani qayd etilgan.
Nashrda misning energetika, elektrotexnika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyotdagi ahamiyati alohida urg‘u bilan yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda xomashyoni eksport qilishdan ko‘ra, uni chuqur qayta ishlashga o‘tish maqsad qilingani ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda misni qayta ishlash quvvatini 240 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihaning texnologik ustunligi sifatida ishlab chiqarish jarayonlarining raqamli nazorat ostida ekani va sun’iy intellekt yordamida boshqarilishi qayd etilgan. Bu esa energiya sarfini 10 foizga, ishlab chiqarish xarajatlarini esa 15 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, “Yoshlik-1” va “Qalmoqir” konlarida qariyb 45 million tonna mis va 5000 tonnadan ortiq oltin zaxiralari mavjud ekani, bu resurslar kamida 100 yilga yetishi ta’kidlangan. Molibden, selen, tellur va reniy kabi nodir metallar esa kelgusidagi innovatsion loyihalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Deutsche Allgemeine Zeitung ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston uchun nafaqat sanoat yutug‘i, balki texnologik modernizatsiya va barqaror iqtisodiy o‘sish sari yo‘naltirilgan muhim qadam hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Toshkent va Ashxobod o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik kuchaytiriladi
O‘zbekiston elchisi Ravshan Alimov Ashxobod shahri hokimi Rahim Gandimov bilan uchrashdi.
“Dunyo” AA xabar qilishicha, suhbat chog‘ida o‘zbek-turkman munosabatlari so‘nggi yillarda barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotgani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida tomonlar shaharlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar tadbirlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Ashxoboddagi “Toshkent” va Toshkentdagi “Ashxobod” istirohat bog‘lari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin ramzi ekani qayd etildi. Joriy yilda ikki davlatning muhim sanalariga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar xalqaro tadbirlarda o‘zaro ishtirokni yanada faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
-
Siyosat5 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Jamiyat4 days agoCoca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil Livan janubida quruqlikdan operatsiya boshladi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
-
Mahalliy4 days agoRo‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hindistondan qo’lga olingan tankerni ozod qilishni talab qildi
-
Jamiyat5 days ago23 martdan Toshkent – Chorvoq avtobus qatnovi qayta tiklanadi
