Iqtisodiyot

«Paynet Xolis» kassa apparat o‘rnini bosadimi? Soliq talablari bo‘yicha chalkashliklar yuzaga kelmoqda

Published

on


Toshkentda faoliyat yurituvchi tadbirkor Kun.uz’ga soliq organlari talablari yuzasidan chalkashlikka duch kelganini ma’lum qildi. Unga avval terminaldan voz kechib, «Paynet Xolis» orqali ishlash tavsiya etilgan bo‘lsa, keyinchalik bu tizim hali test rejimida ekani aytilib, yana kassa apparat talab qilingan. Holat yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi munosabat bildirdi.

Toshkent shahrida gul oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Kun.uz’ga murojaat qilib, soliq organlari talablari bo‘yicha tushunmovchilik yuzaga kelganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab soliq organi xodimlari unda mavjud bo‘lgan kassa apparati ishlatilmayotganiga e’tibor qaratgan. Shu bilan birga yanvar oyidan boshlab «Paynet Xolis» tizimidan foydalanish tavsiya etilgan.

«Hamma YaTTlarga «Paynet Xolis»ni majburiy ulashdi. «Endi kassa apparatni ishlatmaysiz, barcha cheklarni shu orqali chiqarasiz», deyishdi. Naqd pul bilan to‘lansa, naqd ko‘rsatasiz, karta bo‘lsa, QR-kod orqali to‘lash kerak», deyishdi. Lekin tizim hali to‘liq ishlamayapti, ba’zan QR-kod ham ishlamay qoladi», – deydi tadbirkor.

Keyinchalik u soliq organlari tavsiyasiga asosan terminal tizimidan ham chiqib ketgan. Biroq yaqinda o‘tkazilgan profilaktik tekshiruvda undan yana terminal va chek masalasi so‘ralgan.

«Endi esa bu test rejimidagi masala, kassa apparat majburiy, QR-kodli chek bo‘lishi kerak, deyishyapti. Qaysi biri to‘g‘ri — tushunmayapman», – deydi u.

Soliq maslahatchisi nima deydi?

Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovning izohiga ko‘ra, qonunchilikda «Paynet Xolis»dan foydalanish majburiy emas, biroq fiskal chek berish majburiy hisoblanadi.

Uning ta’kidlashicha, «Paynet Xolis» aslida kassa apparatning muqobili sifatida ishlashi mumkin: tizim orqali tushum kiritiladi, QR-kod shakllanadi, bu fiskal chek sifatida tan olinadi.

«Paynet Xolis» o‘rnatilgan bo‘lsa, bu kassa apparatga umuman chek urmaslik mumkin degani emas. Aslida shu platformaning o‘zida fiskal chek shakllantirilishi kerak. Ya’ni u kassa apparat vazifasini bajaradi», – deydi mutaxassis.

Agar tadbirkor ushbu tizimdan foydalanmasa yoki chek bermasa, e’tirozlar shundan kelib chiqishi mumkin.

«Paynet Xolis»dan foydalanish tadbirkorni kassa apparatdan foydalanish majburiyatidan ozod qilmaydi» – Soliq qo‘mitasi

Davlat soliq qo‘mitasining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, bugungi kunda savdo operatsiyalarini nafaqat an’anaviy kassa apparatlari, balki raqamli platformalar orqali ham amalga oshirish mumkin. Ya’ni:

 • to‘lovlarni naqd va naqdsiz qabul qilish

 • QR-kod orqali to‘lov olish

 • elektron chek shakllantirish – barchasi qonunchilik doirasida ruxsat etilgan.

Shu bilan birga 2026 yil 1 yanvardan boshlab (247 sonli prezident qaroriga asosan) tadbirkorlarda maxsus QR-kod bo‘lishi majburiy bo‘ldi. QR-kod bo‘lmasa, bu kassa apparati yoki terminal ishlatmaslikka tenglashtiriladi.

Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra:

 • elektron chek — qog‘oz chek bilan teng

 • to‘lovni QR-kod orqali qabul qilishni rad etish — jarimaga sabab bo‘ladi

Eng muhim jihat – «Paynet Xolis»dan foydalanish tadbirkorni kassa apparatdan foydalanish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Ya’ni tadbirkor yo kassa apparat ishlatishi yoki «Paynet Xolis» orqali fiskal chek berishi kerak.

Ma’lumot uchun, 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ularning faoliyatini raqamlashtirish orqali soddalashtirishni nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejim joriy etilgani munosabati bilan, QR-kodni faqat bitta ilovada – «Paynet Xolis»da rasmiylashtirish mumkin bo‘ldi. Bu monopoliyani yuzaga keltirish borasida xavotirlarni uyg‘otdi. Joylarda tadbirkorlar ushbu ilovadan foydalanishga majburlangan holatlar ham bo‘ldi.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov jurnalistlarning bu boradagi savoliga javoban bitta yoki ikkita tashkilot bu ishni amalga oshirishi bo‘yicha qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi. «Boshqa to‘lovlarni amalga oshiruvchilar ham o‘zining infrastrukturasidan kelib chiqib bu ishni qilishi mumkin», – dedi u.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version