Jamiyat
Pastdarg‘omda aholi gaz balonlari o‘z vaqtida yetkazilmayotganidan norozi
Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumani Kichik Nayman MFYda yashovchi bir guruh fuqarolar nomidan tahririyatga murojaat kelib tushdi.
Murojaatda ta’kidlanishicha, mahalla aholisiga har 45 kunda yetkazib berilishi lozim bo‘lgan suyultirilgan gaz balonlari qariyb 90 kundan buyon to‘ldirilmagan.
“Gaz balonlarimiz har 45 kunda to‘ldirilishi kerak edi. Ammo mana, 90 kun bo‘ldiki, to‘ldirilmayapti. Mahallamizda yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yosh bolali oilalar ko‘p. Ayniqsa qishning qirovli, sovuq kunlarida bu holat ularga juda qiyin kechmoqda. Yomg‘ir ostida bolasiga kasha qaynatayotgan yosh kelinlarimiz bor”, — deyiladi murojaatda.
Fuqarolarning bildirishicha, mavjud holat ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam va bolali oilalar uchun ayniqsa og‘ir kechmoqda. Ular mazkur muammoga tezkorlik bilan e’tibor qaratilishi, gaz ta’minoti o‘z vaqtida va uzluksiz yo‘lga qo‘yilishi yuzasidan mutasaddi tashkilotlardan amaliy yordam kutayotganini ma’lum qilgan.
Masala yuzasidan mas’ul idoralardan tegishi chora va rasmiy izoh kutib qolamiz.
Jamiyat
Narkosavdo va noqonuniy dorilarga qarshi tezkor operatsiyalar o‘tkazildi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari hamkorligida mamlakat hududlarida giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi qator tezkor operatsiyalar amalga oshirildi.
Xorazm viloyatining Urganch shahrida 1983 yilda tug‘ilgan shaxs ushlanib, uning yonidan 5 gramm “opiy” moddasi topildi. Shuningdek, u ijaraga olgan xonadondan 887 gramm “opiy” va 71 gramm “geroin” giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi. Mazkur shaxs ushbu moddalarni qo‘shni davlatdan olib kelib, keyinchalik sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa 1991 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan, umumiy bahosi 140 million so‘mlik 2800 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, musodara qilindi.
Shu kabi holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Toshkent tumanida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan shaxs va uning 1994 yilda tug‘ilgan, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan sherigi oldindan kelishgan holda, kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 300 ml “Tropikamid” dori vositasini xaridorga 300 AQSh dollari va 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.
Ularning yonidan bir necha dona “Pregabalin” kapsulalari hamda “Tropikamid” suyuqligi bo‘lgan flakonlar ashyoviy dalil sifatida olindi. Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni turli nomdagi dori vositalari idishlariga joylashtirgan holda mamlakatga olib kirgan.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shubhali holatlarga duch kelganda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘raldi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
Shaxsga doir ma’lumotlarning samarali himoya qilinishi ta’minlanadi.
Qonun (O‘RQ–1125-son, 26.03.2026 y.) bilan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida» gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:
– shaxslarning biometrik ma’lumotlari;
– shaxslarning genetik ma’lumotlari;
– O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.
Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
– chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
– operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
– ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Jamiyat
Chiqindilarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik belgilandi
Chiqindi to‘plash maydonchalaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Qonun (O‘RQ–1124-son, 25.03.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarning monitoringini yuritish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklatildi.
Bunda atrof-muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga ma’lumotlarni kiritmaganlik, to‘liq kiritmaganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumot kiritganlik uchun:
– atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima qo‘llanilishi ko‘rsatildi.
Shuningdek, qonunga xilof ravishda o‘rmon fondi yerlarini berish, ulardan foydalanish, shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
– BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi:
– maxsus avtomatlashtirilgan foto- va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etilgan ekologik huquqbuzarliklar uchun;
– chiqindilar to‘plash maydonchalaridan va ularning qo‘riqlanmaydigan inshootlaridan chiqindilarni qonunga xilof ravishda to‘plaganlik va olib chiqib ketganlik uchun.
Jamiyat
Toshkentda birdaniga 8 ta avtomobil ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘ldi
YTH natijasida jarohatlangan bir nafar yo‘lovchiga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Toshkent shahrida 8 ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 28 mart kuni soat 11:10 larda Chilonzor tumani Eshongo‘zar MFY, Chinni bozor qarshisida 2 ta “Spark”, 3 ta “Cobalt”, 1 ta “BYD”, 1 ta “Matiz” va 1 ta “Lacetti” rusumli avtomashinalarning to‘qnashuvi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
YTH natijasida “Cobalt” avtomashinasining bir nafar yo‘lovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB ma’sul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbek sirk san’atining mashhur namoyandasi Olimjon Toshkenboyev vafot etdi
Uning rahbarligidagi “O‘zbekiston dorbozlari” guruhi ko‘plab xorijiy mamlakatlarda o‘z san’atini namoyish etgan.
Foto: Madaniyat vazirligi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, o‘zbek sirk san’atining mashhur namoyandasi Olimjon Toshkenboyev 81 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi Madaniyat vazirligi.
Olimjon Toshkenboyev uzoq yillar davomida “O‘zbekiston dorbozlari” guruhiga rahbarlik qilgan va milliy dorbozlik san’ati sohasida samarali faoliyat yuritgan.
Uning rahbarligidagi “O‘zbekiston dorbozlari” guruhi ko‘plab xorijiy mamlakatlarda, xususan, Polsha, Germaniya, Misr, Belgiya, Gollandiya, Shveytsariya, Braziliya, Argentina, Kolumbiya, Ekvador kabi mamlakatlarda o‘z san’atini namoyish etgan.
U «O‘zbeksirk» birlashmasida rejissyor lavozimida faoliyat yuritib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirgan.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan1 day agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan1 day ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Jamiyat4 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Dunyodan2 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
