Siyosat
parlament diplomatiyasini kuchaytirish yo‘lida amaliy qadam
Joriy yil 30-31 mart kunlari Samarqand shahrida Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi birinchi parlamentlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston parlamentlari vakillari, Yevropa parlamenti a’zolari, ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, akademik doiralar hamda biznes vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berishicha, forumda bugungi siyosiy muloqotning holati va uning kelgusi istiqbollari, “yashil” transformatsiya, o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlik, raqamli makon xavfsizligi, inklyuziv boshqaruv hamda parlament diplomatiyasining zamonaviy ahamiyati kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Anjuman ochilishi marosimida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mazkur format parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, ishonchni oshirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladigan muhim platforma ekanini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha Yevropa parlamenti delegatsiyasi rahbari, Yevropa parlamenti deputati Juzi Princhi parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, barqaror rivojlanish va qonun ustuvorligini ta’minlashda hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Qozog‘iston Parlamenti Majilisi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Aygul Kuspan, Tojikiston Majlisi Namoyondagon Majlisi Oli raisining o‘rinbosari Mavsuma Muini, Turkmaniston Mejlisi Xalqaro va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Maksat Kuliyev, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshining Fan, ta’lim, innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari, madaniyat, sport va yoshlar ishlari qo‘mitasi raisining
o‘rinbosari Saltanat Amanova mintaqalararo sheriklikni yanada chuqurlashtirish zarurligiga urg‘u berdi.
Forum o‘z ishini sessiyalar doirasida davom ettirdi.
Yakunda tadbir doirasida ilgari surilgan tashabbus va kelishuvlar aks etgan Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi birinchi parlamentlararo forumining qo‘shma bayonoti qabul qilindi.
Foto: Senat matbuot xizmati
Tomonlar parlamentlararo forumlarni Bryussel shahrida va Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida muntazam o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev forum doirasida Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha Yevropa parlamenti delegatsiyasi rahbari Juzi Princhi hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda zamonaviy geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etilib, Markaziy Osiyo va YeI o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Forum arafasida Juzi Princhi boshchiligidagi Yevropa Ittifoqining yuqori darajadagi delegatsiyasi Samarqand shahridagi ikki muhim ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi.
YeIning yurtimizdagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu tashrif YeIning yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda madaniy merosni asrab-avaylashga bo‘lgan qat’iy intilishini yana bir bor namoyon etdi.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati
Delegatsiyaning ilk tashrif joyi Samarqand turizm va madaniy meros texnik kolleji bo‘ldi. Samarqand kasb-hunar mukammalligi markazi shu yerda joylashgan. Ushbu markaz YeI tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda YuNESKO tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston qishloq joylarida ish bilan ta’minlash uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish” (2020–2026 yillar, 9,6 million yevro) loyihasi doirasidagi asosiy tashabbusdir.
Ipak yo‘li xalqaro turizm va madaniy meros universitetida ham yevropalik mehmonlar va yuzdan ortiq talaba bilan jonli suhbat tashkil etildi.
“Talabalarning ishtiyoq va qiziqishlari juda ilhomlantiruvchi omildir. Erasmus+ va boshqa ta’lim dasturlarimiz orqali biz nafaqat ko‘nikmalarni rivojlantirmoqdamiz, balki xalqlarimiz o‘rtasida ko‘priklar qurmoqdamiz”, – dedi Juzi Princhi xonim.
Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi parlamentlararo hamkorlik forumi ikki mintaqa o‘rtasidagi demokratik aloqalar, iqtisodiy sheriklik va xalqlar o‘rtasidagi robitalarni mustahkamlashda tarixiy qadam deb baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur tashabbus O‘zbekiston tomonidan 2025 yil 4 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo–Yevropa Ittifoqi sammitida ilgari surilgan edi.