Sport
O‘zmilliybank bayrog‘i Akonkaguani zabt etdi
Shunday sport turlari borki, ular texnik tayyorgarlikdan tashqari, katta jismoniy kuch hamda barqarorlikni talab etadi. Xususan, baland tog‘larga ko‘tarilish va ko‘z ilg‘amas cho‘qqilarni zabt etish bo‘lgan alpinizm sport turi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ancha-muncha balandlikni pisand etmaydigan va katta marralarni kuch hamda ishtiyoq bilan ishg‘ol yetish hissi bu sportga havasmandlar uchun hayotiy motivatsiyadir.
Eng e’tiborlisi, “O‘zmilliybank” AJ xodimlari orasida boshqa sport turlari kabi aynan alpinizmga qiziqadigan va buni hayot tarziga aylantirgan hamkasblarimiz borligi jamoaning katta yutug‘i, deyish mumkin.
29 yanvar 2026 yil Bank xodimi Andrey Tarantin Janubiy Amerika va G‘arbiy yarim sharning eng baland tog‘i — Argentinaning Mendosa provinsiyasida joylashgan 6960,8 metrlik Akonkagua tog‘ining cho‘qqisiga ko‘tarildi va O‘zmilliybank bayrog‘ini tog‘ cho‘qqisining qoq markaziga o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zmilliybankning ko‘p yillik tajribaga ega xodimi Andrey 2021 yildan beri tog‘ trekkingi bilan faol shug‘ullanadi. Aslida, bu Andreyning ilk g‘alabasi emas. U bu yo‘nalishda Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi uch ming metrlik tog‘larga ko‘tarilishlar bilan bog‘liq tajribalarga ega. Qolaversa, Andrey 2023 yil may oyida Yevropaning eng baland nuqtasi bo‘lgan Rossiyadagi Elbrus tog‘ining 5642 metrlik cho‘qqisiga ko‘tarilgan. 2024 yil may oyida esa shu guruh tarkibida Avstraliya va Okeaniyaning eng baland vulqoni — Papua-Yangi Gvineya hududida joylashgan Giluve cho‘qqisi (4368 metr)ga ko‘tarilish ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 2025 yil 24 iyunida esa Andrey Kavkaz tog‘ tizimining eng baland nuqtalaridan biri — 5137 metrlik Ararat tog‘ini zabt etdi.
Akonkagua tog‘i — dunyodagi eng mashhur alpinistik tog‘ maskanlaridan biri bo‘lib, balandligi 6960,8 metrni tashkil etadi. Bu nafaqat Janubiy Amerikaning, balki butun G‘arbiy yarim sharning eng baland cho‘qqisidir. Akonkaguaga birinchi muvaffaqiyatli ko‘tarilish 1897 yilda shveysariyalik alpinist Mattias Surbriggen tomonidan amalga oshirilgan. Hozirda ko‘p alpinistlar va sayyohlar Akonkaguaga ko‘tarilishni o‘zlariga maqsad qilishgan.
Ma’lumot uchun, “O‘zmilliybank” AJ nafaqat sportning turli yo‘nalishlarini rivojlantirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, qator sport turnirlari, musobaqalarda ham faol ishtirok yetmoqda.
O‘zmilliybank jamoasi a’zosi Andrey Tarantinning bu muvaffaqiyati hamkasblarimiz qo‘lga kiritayotgan g‘alabaning davomi bo‘ldi. O‘zmilliybank esa har doim bu borada xodimlarimizning tashabbus va intilishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda ularga yuksak ishonch bildiradi.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
Sport
«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi
Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.
London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Jamiyat19 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Sport19 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat7 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat51 minutes ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
