Jamiyat
“O‘zimni xavfsiz his qilmayapman” – urush fonida arab davlatlaridagi o‘zbeklar nima deydi?
Qatar va BAAda vaziyat nisbatan tinchigan. Bu mamlakatlardagi o‘zbeklar mahalliy mudofaa tizimi Eron raketalarini qaytarayotgani, aholi yashash punktlari zararlanmaganini aytmoqda. Shu bilan birga, qisqa muddatli sayohatga borganlar reyslar bekor qilingani sabab ko‘chada qolishdan xavotirda.
AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushi butun Yaqin Sharqni qamrab olmoqda. Eronning qarshi hujumlari esa nafaqat Isroilni, balki arab davlatlaridagi AQSh harbiy bazalarini ham nishonga olgan. Dunyoda xavfsiz turizm va tinchlik ramzi bo‘lib kelgan Qatar, BAA kabi davlatlar ham bugun raketa va dronlar hujumi ostida qolmoqda. Fors ko‘rfazining yopilgan osmoni esa mintaqa bilan aviaqatnovlarni deyarli butunlay to‘xtatib qo‘ydi.
Xo‘sh, arab davlatlaridagi o‘zbek vatandoshlarning ahvoli qanday? Yurtdoshlarimiz hujumlardan qanday saqlanmoqda va O‘zbekistonga xavfsiz qayta oladimi? Kun.uz — Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Isroildagi o‘zbeklar bilan suhbatlashdi.
“Hech narsa bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi” – Qatar
Qatarda vaziyat biroz boshqacharoq. Ayni vaqt shu yerda yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlarimiz mudofaa tizimi yaxshi ishlayotgani, uchib kelayotgan har bir raketa yerga qo‘nishidan avval havoda yo‘q qilinayotganini aytmoqda.
Ammo ular vaziyat jiddiylashib ketishidan xavotirda. Xususan, Dohada 8 oydan beri mehmonxona xizmatida ishlab kelayotgan Ahrorbek Ne’matjonov vatanga qaytmoqchi ekanini bildirdi.
“Hozir bu davlatda hech kimga zarari ko‘rinmadi. Shunchaki, men o‘zimni bu yerda xavfsiz his qilmayapman, shuning uchun O‘zbekistonga qaytib ketmoqchiman. Hech narsa bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Hujum bo‘layotgani, osmonda portlayotganini ko‘zimiz bilan ko‘rdik.
Hozircha bular O‘zbekistonga qaytib ketishimiz haqida hech narsa demadi, lekin biz mehmonxonada ishlayapmiz. Bu yerda ehtiyot choralar ko‘rilgan. Favqulodda vaziyat uchun “podval”dan joy qilib, suvlar, stollarni, har xil dori-vositalarni qo‘yib, tayyorlab qo‘yishgan.
Lekin yotoqxonamizda unaqa narsa bo‘lmadi hali. Bu yerdan O‘zbekiston elchixonasida ishlaydigan tanishlarim bor edi, ularga ham iloji boricha aloqaga chiqishga harakat qilyapman. Ularga aloqaga chiqishim bilanoq vaziyat qanaqaligini bilamiz. Agar O‘zbekistondan samolyot jo‘natib, evakuatsiya qiladigan bo‘lsa, unda yaxshi bo‘lardi”, – deydi u.
Dohada bo‘lib turgan yana bir yurtdoshimiz Ilyosbek Muhiddinovning aytishicha, hukumat aholi va biznes egalariga tez-tez ogohlantirish tusidagi xabarnomalarni jo‘natib turibdi. Unda xavfsizlik choralari ko‘rilishi so‘ralgan. Muhiddinov shahardagi vaziyatni tasvirlashga urindi.
“Mehmonxonadan olib aytadigan bo‘lsak, mehmonlarimiz uchun “parkovka”ning “podval” qismida stol-stul, yosh bolalar o‘ynashi uchun o‘yinchoqlar qo‘yganmiz.
Qatar hukumati tarafidan barcha o‘tkaziladigan tadbirlar bekor qilingan. Shundan ko‘pchilik restoranlar yopilgan. Xususiy bizneslarga keladigan bo‘lsak, ishlash yoki ishlamasligi o‘zlariga bog‘liq. Endi ko‘pchilik mehmonxonalarda buxgalteriya, kadrlar bo‘limi – shunga o‘xshashlar masofaviy ishga o‘tgan. Undan tashqari, men o‘zim telefon operatoriman, mening guruhimda ham shunday. Faqat bir vaqtda bir kishi ishda bo‘ladi xolos. Hozir men ishimni tugatganimda boshqa bir inson keladi.
Guruhda to‘liq ish emas. Qatar mudofaa tizimlari juda yaxshi holatda ishlayapti. Har hujum bo‘lgan paytida o‘zi biror joyda portlash yoki shunaqa narsalar qolgan davlatlarga nisbatan o‘ta kam kuzatilyapti. Elchixona tarafidan Telegram guruhi ochilgan. Shu guruhda ehtimoliy evakuatsiya qilinishini xohlovchilar ro‘yxatga olinishi boshlangan. Evakuatsiya qilinadigan bo‘lsa, qaytaman. Keyinchalik bu yerda ahvol yaxshilanganidan keyin qaytib kelaman”, – deydi Muhiddinov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Qatarda ta’lim muassasalari ham masofaviy ishlashga o‘tgan. Muzeylar yopilgan. Faqatgina oziq-ovqat do‘konlari 24 soat rejimda ishlab turibdi.
Internetga video joylaganlik uchun 30 ming dollarlik jarima va qamoq – Dubay
Dubay ham deyarli Dohadan farq qilmaydi. AQSh elchixonasiga qilingan hujum aytilmasa, raketalar aholi yashash maskanlarini nishonga olmagan. Azizbek Ochilov vaziyat ancha tinchlanganini bildirdi.
“Urush boshlanganida birinchi-ikkinchi kunlari ancha vahima bor edi. Hozir ko‘chalarda bemalol odamlar ishlariga boryapti. Boshlanganidan keyin Birlashgan Arab Amirliklari ishlarni onlayn formatga o‘tkazdi. Bugundan oflayn formatga o‘tyapti.
Dubayda to‘g‘risini aytsam, havo mudofaa tizimi [hujumlarni] zo‘r qaytaryapti. Menimcha, aniq bir tushgan raketa yoki dronning o‘zi yo‘q. Shunchaki uning qoldiqlari tushyapti. Endi mening tushunishim bo‘yicha Eron davlati Birlashgan Arab Amirliklari bilan jiddiy bir dushmanlik kayfiyatida emas. Shunchaki bu Amerikaning qanaqadir hamkori bo‘lgani, rasmiyatchilik uchun yuborib qo‘yyapti deb tushunyapman. Shuning uchun men umuman xavotirlanmayapman.
Lekin uydagilarim, O‘zbekistondagi tanishlarim internetda tarqalgan videolarni ko‘rib, ko‘proq xavotir olishyapti. Ishdagi tanishlarim unchalik ham xavotir olishmayapti. Hozir ko‘chaga chiqib, aylanib keldim, masalan. Mashinalar, odamlar ham to‘la. Boshida bunaqa vaziyatga umuman tushib ko‘rmaganimiz uchun qanaqadir kattaroq narsalarga aylanib ketadi, deb o‘ylagandik, lekin hozir ancha xotirjammiz”, – deydi suhbatdosh.
4 martdan boshlab Toshkent–Dubay–Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha UzAirways, Centrum Air hamda Qanot Sharq aviakompaniyalari reyslari bosqichma-bosqich tiklanishi ma’lum qilingandi. Muhiddinov hozirda bekor qilinayotgan va kechiktirilayotgan bir qancha reyslar bo‘lib turgani, ammo yuqorida aytilganidek, ayrimlari parvozni boshlaganini aytdi.
Ancha yildan beri Dubayda yashayotgan Husanboy Kimsanboyev esa tarmoqlarda hujumga oid deepface, ya’ni sun’iy intellekt orqali tayyorlangan yolg‘on xabarlar sizib yurgani, shu sabab BAA hukumati ma’lumot tarqatishga oid cheklov o‘rnatganiga to‘xtaldi.
“Birinchi kundan keyin juda ko‘p videolar chiqdi. Bahrayndagi o‘zbekistonlik yurtdoshlarimiz ham video qo‘ygandi, shuni Dubay deyishdi, Isroilda deyishdi. Shunaqa yolg‘on, juda bir odamni chalkashtiradigan darajada yangiliklar aytishdi. Unaqa narsa bo‘lgani yo‘q. Shu 28-kundan keyin hamma videoga olib, vahima qilib yuborganidan keyin, 29-kuni Dubay rasman videoga, rasmga olishni taqiqladi. Agar kimda-kim internetga video olib joylaydigan bo‘lsa, katta jarima va bir yillik qamoq jazosi belgilanadi. Lekin rasman kimdir chiqib, shunaqa-shunaqa demadi, rasmiy saytlarida aytildi. Rasmga olish, tarqatishni bilib qolsa, bir yil qamoq jazosi va adashmasam, 30 ming dollar atrofida jarima yoziladi, dedi. Shu kundan keyin o‘z-o‘zidan videolar kamayib ketdi, ko‘pchilik qo‘ymay qo‘ydi. AQShning elchixonasini urganda, hindlarning 2 ta videosi chiqdi. Bo‘ldi. Shuni ko‘rdik”, – dedi Kimsanboyev.
Qayd etilishicha, Dubayda ochiq joydagi ishxonalar, katta fabrikalarda zarurat bo‘lmasa, ishga bormaslik tavsiya qilingan.
“Lekin biz bordik, shaxsan men bordim, ishladim. O‘zim ham bitta portlashni eshitdim, lekin qayerda bo‘ldi, nima bo‘ldi, unisidan ma’lumotim yo‘q. Lekin ishlayotgan joyimda o‘zim bitta portlashni eshitdim. Samolyotlar uchib, nima qilganini ko‘rdim. Yurgani, tovushi eshitildi, u yoqdan-bu yoqqa uchib yurishdi.
Aholiga hech qanaqa yordam, hech narsa tavsiya qilinmadi. Shu faqat o‘zingni xavfsiz joyingda bo‘lishingni ta’minla, deyapti xolos. Kuni kecha ham Dubay rahbarining o‘zi shu “Dubay Moll”ga kelib, aylanib, shu yerdagi restoranlarda ovqatlanib, chiqib ketdi. Unaqa vahima yo‘q. Hamma o‘zining hayotini bir xil tarzda kechiryapti, hamma yoq o‘z o‘rnida ketyapti. Munisa Rizayevani ham ko‘rdim. O‘sha bitta yolg‘on ma’lumotni berib qo‘yib, yo‘q bo‘lib qoldi. Shu adashmasam, undan keyin o‘chirib ham yubordi. Unaqa vahima bo‘lgani yo‘q. Shunaqa vahimaga solib qo‘yishdi”, – deydi u.
Kimsanboyev jamoat transportlari ham o‘z vaqtida ishlayotganini, odamlar undan foydalanayotganini aytdi.
“O‘zimizni qutqarish uchun bir kunimizni o‘sha temir xonaning ichida o‘tkazdik” – Isroil
Turkiya oliygohida tahsil olayotgan 2 nafar farzandi uchun o‘tgan yilning oktyabrida Isroilning Bersheba shahriga kelgan E’tibor Ahmedova 28 fevral sanasida yuzaga kelgan ziddiyat fonida oddiy aholi bilan nimalar sodir bo‘lganini gapirib berdi.
“28 fevral kuni ertalab 8:15 da boshlandi, telefonlarga signal keldi. Hech kim hech narsa bilmagan edi. Birdan signal bo‘lib, hammaning temir xonaga o‘tishi haqida ogohlantirishlar keldi va osmonda raketalarning portlashi boshlandi, bular ularga otdi, ular bularga otdi. Endi ko‘rsangiz, juda ham vahima. Biz ichkarida bo‘lganimiz uchun hech narsani eshitmadik. Temir xonada tashqarida bo‘layotgan hech narsa eshitilmaydi, faqat televizordan ko‘rib turamiz. O‘zimizni qutqarish uchun, masalan, bir kunimizni o‘sha temir xonaning ichida o‘tkazdik. Bu yerda yangi qurilgan uylarning hammasida temir xonalar bor, shu bomba portlasa [kirib o‘tiradigan], bombaga chidamli.
Ba’zi eski uylarda yo‘q. Biz ko‘pincha shu joyda o‘z jonimizni saqlab qolamiz. Telefon avtomatik signal berishni boshlaydi. “Tahlikali, tahlikali vaziyat. O‘zingizni qutqaring, tahlikali vaziyat”, deb dunyoda nechta til bo‘lsa, hamma tilda SMS kelishni boshlaydi. Shu vaqt mobaynida uch daqiqa vaqtingiz bor. Bomba portlashdan uch daqiqa oldin keladi. Shu vaqt ichida uyingizda temir xona bo‘lmasa, uyingizga yaqin bo‘lgan joylardagi temir xonalarga boring, deb keladi. Chunki ba’zi joylarda, ko‘chalarda, yerning tagida temir xonalar bor. Ko‘chada yurgan bo‘lsangiz o‘sha yerning tagiga kirishni aytishadi”, – deydi Ahmedova.
Uning ta’kidlashicha, hujumlar oqibatida qurbon bo‘lganlar bor, jarohatlanganlar yetarlicha. Ko‘plab o‘zbek ayollari vahimaga tushib qolishgan.
“Kelganiga 15 kun, bir oy bo‘lgan ayollarimiz juda ham qo‘rqib, ba’zilari qandli diabet kasalligini orttirdi, ba’zilari depressiyaga kirdi, titrab qoldi. Ularga telefon qilib: “qo‘rqmanglar, temir xonaga kiringlar, bu narsa o‘tib ketadi”, deb tajribasi kattaroq bo‘lganlar WhatsAppʼdan bir-birlariga dalda berib turibdi.
Birinchi kun “svet” o‘chgan edi, elektrlar kesilgandi. U ham ma’lum bir soat, ya’ni shu bomba portlagan payti bir-ikki soatga kesildi, keyin yana yoqdi. Ya’ni hamma texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar ishlab turibdi. Televizorda hamma narsani ko‘rib turibmiz. To‘rt kun “uydan tashqariga chiqmaysiz” degan rasmiy ta’til e’lon qilingan edi. Bugun to‘rtinchi kun, yana necha kun davom etadi, uni ochiqlashadi. Undan keyin yana qaror berishadi. To‘rt kungacha shifoxonalar, maktablar, rasmiy idoralar, hamma joy yopilgan”, – deydi u.
E’tibor Ahmedova so‘zining so‘ngida vatandoshlarga yuzlanib, Isroilga ketgan o‘zbeklarni qarg‘amaslik, o‘lim tilamaslik, aksincha, vafot etganlar haqlariga duo qilish, urush tugashi va qolganlarga salomatlik berishini so‘rashga chaqirdi.
Sayohatga borganlarning taqdiri nima bo‘ldi?
Kun.uzʼga BAAning Fujayra, Saudiya Arabistonining Jidda shaharlariga qisqa safarga borib, urush sabab qolib ketgan vatandoshlardan ham murojaatlar kelib tushdi. Ular reyslar bekor bo‘lgani sabab turfirmalari qo‘shimcha kunlarni qoplab bermayotganidan, vaqtincha qolishga joy topolmayotganidan shikoyat qilishgan.
Qolaversa, Fors ko‘rfazi bo‘ylab, port bo‘ylab sayohatga chiqqan “Celestyal” kruizi 28 fevral sanasida Qatarga yetganda to‘xtatilgan. U yerda 100 ga yaqin o‘zbek borligi, ammo elchixonaning yordamisiz ketolmayotganini aytishmoqda.
AQSh va Isroil harbiylari 28 fevral kuni boshlagan urush — beshinchi kundirki davom etmoqda. Yuqorida aytganimizdek, Eronning javob tariqasida bergan zarbalari mojaroni arab davlatlari hududiga ham kengaytirdi. Qurbonlar soni allaqachon mingdan oshgan. Hozircha mojaro yakuni ko‘rinmayapti.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat22 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport22 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat10 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat4 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat3 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
