Iqtisodiyot
«O‘zbekneftgaz» o‘tgan yili 25 mlrd kubdan oshiq gaz qazib chiqardi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda energetika xavfsizligini mustahkamlash, energiya resurslari, jumladan, tabiiy gazga bo‘lgan ichki talabni barqaror qondirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyot va aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgani yangi zaxiralarni aniqlash, mavjud konlar samaradorligini oshirish va yangilarini ishga tushirishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatining oldiga sohada natijadorlikni tubdan oshirish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish vazifalari qo‘yilgan.
Taqdimotda qayd etilganidek, 2025-yilda jamiyat korxonalari tomonidan 25,2 milliard kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilib, 56 ta yangi quduq burg‘ilandi, 29 ta quduq mukammal ta’mirlandi.
2026-2027-yillarda tabiy gaz chiqarish hajmini barqaror darajada ta’minlash, 300 dan ortiq geologik-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda buning uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.
Jumladan, geologiya-qidiruv va geologik-texnik tadbirlar samaradorligini oshirish, zaxiralarni ko‘paytirish va qazib chiqarish hajmlarining barqarorligini ta’minlash, xaridlar tartib-taomillarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, gazni chuqur qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, jamiyat va uning korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi.
Kompaniya faoliyatida operatsion samaradorlikni oshirish, xususan, sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlarini to‘xtatish hamda xarajatlarni maqbullashtirish orqali moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi qayd etildi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ichki nazorat va komplayens tizimini kuchaytirish, moliyaviy aktivlar harakatini nazorat qilish, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari jamiyat faoliyatining muhim ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Davlatimiz rahbari belgilangan vazifalar va rejalashtirilgan barcha tadbirlar ijrosini aniq hisob-kitob, qat’iy intizom hamda shaxsiy javobgarlik asosida ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Taqdimotda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida, shu jumladan Surxondaryo viloyatida qayd etilgan texnogen holatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bunday holatlar yangi istiqbolli maydonlarni izlash, quduqlarni chuqur burg‘ilash va geologik qatlamlarni o‘rganish jarayonlarining tabiiy tarkibiy qismi bo‘lib, ular dunyo amaliyotida ham ko‘p uchrab turadi. Yurtimizda bunday vaziyatlarda tegishli choralar ko‘rib borilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz mutasaddilarga geologik tadqiqotlar olib borilayotgan hududlarda doimiy monitoringni kuchaytirish, zamonaviy nazorat texnologiyalarini joriy etish hamda aholi xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat3 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Iqtisodiyot1 day ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
