Jamiyat
O‘zbekneftgaz “Dolzarb 100 kunlik” doirasida qanday natijalarga erishdi?
Tashkilot matbuot xizmatining ochiqlashicha, iqtisod qilingan mablag‘lar birinchi navbatda geologiya qidiruv ishlari, 3D seysmika, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash, izlov-qidiruv va ishlatish quduqlarini burg‘ilashga yo‘naltirilmoqda. Ta’kidlanishicha, bu yil kompaniya tarixidagi eng katta burg‘ilash hajmi rejalashtirilgan – 103 ta quduq. Shuningdek, respublika bo‘ylab 6500 kv.km hududda 3D seysmik qidiruv ishlari o‘tkazilishi belgilangan.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati tashkilotda boshlangan “Dolzarb 100 kunlik” dasturining dastlabki 50 kunligida erishilgan natijalarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi. Unda geologiya-qidiruv ishlari, burg‘ilash, ishlab chiqarish hamda iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlardagi so‘nggi ko‘rsatkichlar ochiqlandi.
Qayd etilishicha, “Dolzarb 100 kunlik” doirasida jamiyatni moliyaviy sog‘lomlashtirish, xarajatlarni maqbullashtirish orqali samaradorlikka erishish kabi vazifalarga asosiy e’tibor qaratilgan. Mablag‘lar birinchi navbatda geologiya qidiruv ishlari, texnik tadbirlar, qazib chiqarish hamda qayta ishlashga yo‘naltirilgan.
“Sarf-xarajatlarni qisqartirish natijasida dastlabki ikki oyda qo‘shimcha 1,1 trln so‘m samaraga erishildi. Xususan, o‘tgan qisqa davr mobaynida neft va gaz qazib chiqarish, uglevodorodlar zaxirasini oshirishda ustuvor hisoblangan geologiya qidiruv, 3D seysmika natijalari asosida yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash hamda izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash ishlari amalga oshirildi. Respublikadagi kon va maydonlarning chuqur geologik tuzilishini o‘rganish hamda izlov burg‘ilashga yangi strukturalar aniqlash maqsadida jami 6500 kv.km hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari o‘tkazilishi belgilandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,5 baravar ko‘p”, – deydi tashkilot matbuot kotibi Mo‘min Ibodov.
Mas’ulga ko‘ra, bu yil “O‘zbekneftgaz” tarixidagi eng katta hajmda burg‘ilash ishlari amalga oshiriladi. Jumladan, 103 ta quduq: 58 ta izlov-qidiruv qudug‘i, 45 ta ishlatish qudug‘ini burg‘ilash reja qilingan.
“Geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish maqsadida 20 ta investitsiya bloki uchun ruxsatnomalar olindi. Geologiya-qidiruv asbob-uskuna parkini modernizatsiya qilish hamda ularga zamonaviy uskunalarni jalb etish maqsadida 12 ta burg‘ilash dastgohi, 2 ta 3D seysmik majmua va 100 dan ortiq karotaj asbobini xarid qilish yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borildi”, – deydi Mo‘min Ibodov.
Jamiyatda tovar-moddiy resurslar narxlarini maqbullashtirish, yuqori foizli kreditlar bo‘yicha stavkalarni pasaytirish, qo‘riqlash tizimini raqamlashtirish orqali xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilgan. Debitor qarzdorliklarni undirish, ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida tovar-moddiy resurslar va xizmatlar narxlarini pasaytirish orqali 766 mlrd so‘m iqtisod qilingan. Bu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar 2,5 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish orqali saqlash xarajatlari dastlabki ikki oyda 3 mlrd so‘mga qisqartirilgan, yil oxirigacha qo‘shimcha 33 mlrd so‘m iqtisod qilish rejalashtirilgan. Qurilish va burg‘ilash loyihalari qiymatini optimallashtirish hisobiga esa yil boshidan 154 mlrd so‘m tejalgan va yil yakunida mazkur ko‘rsatkich 1,7 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.
Kon va obektlarda mavjud ishchilar shaharchasidagi yotoqxona, hojatxona, yuvinish va oshxonalarning bosqichma-bosqich kapital ta’mirlanishi, gigiyenik anjomlarni yangilash hamda zarur maishiy jihozlarni xarid qilish va kir yuvish xonalarini tashkillashtirishga ham mablag‘lar yo‘naltiriladi.
“Markaziy apparatda xodimlar funksiyalarini qayta taqsimlash, takrorlanayotgan vazifalarni birlashtirish orqali xodimlar soni 875 nafardan 610 nafar (29 foiz)ga optimallashtirildi. Qo‘riqlash xizmatining raqamlashtirilishi va laboratoriyalarning yangicha tizimda ishlashi natijasida 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi belgilandi. Xususan, xodimlarning oylik maoshlarini oshirish, issiq ovqat, mavsumiy oyoq kiyim bilan ta’minlash, talabga javob bermaydigan eski avtobuslar o‘rniga xavfsiz va qulay bo‘lgan zamonaviy avtobuslar sotib olish, 200 o‘rinli yotoqxona, 160 o‘rinli oshxona va konferens zali qurilishi uchun 280 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi”, – deydi tashkilot matbuot kotibi.
Brifingda aytilishicha, dasturning yana bir asosiy maqsadi tabiiy gaz va neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirishdan iborat. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida jamiyat tomonidan:
tozalangan tabiiy gaz 2,276 mlrd m³ (rejaga nisbatan 109,4%),
gaz kondensati 78,2 ming tonna (rejaga nisbatan 109,1%),
suyultirilgan gaz 85,7 ming tonna (rejaga nisbatan 108,2%),
oltingugurt 28 ming tonna (rejaga nisbatan 124%),
polietilen mahsuloti 21 ming tonna (rejaga nisbatan 104,2%) ishlab chiqarilgan.
Ijtimoiy soha talabini qondirish maqsadida aholi va xususiy tadbirkorlarga 88,8 ming tonna (rejaga nisbatan 111,6%) suyultirilgan gaz yetkazib berilgan.
“Bugungi kunda “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan sintetik neft mahsulotlarini barqaror ishlab chiqarish ta’minlanmoqda. Ta’kidlash joizki, belgilangan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida zavodda o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 33 ming tonna ko‘p sintetik neft mahsuloti ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 318 foizni tashkil etdi”, – deydi Mo‘min Ibodov.
“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati
Jamiyat
Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi
Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.
Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
-
Sport4 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat4 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Siyosat5 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport4 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat1 day ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Jamiyat3 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat3 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Mahalliy20 hours ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
