Jamiyat
O‘zbekistonliklar 3 oyda 20 mlrd kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilgan
Joriy yilning dastlabki uch oyida respublika bo‘yicha jami 23,3 mlrd kvt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 mlrd kVt⋅soatga, ya’ni 7 foizga ko‘p degani.
Energetika vazirligi rasmiysi Dildora Hoshimovaning ma’lum qilishicha, mazkur davrda iste’molchilarga 20,2 mlrd kvt⋅soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 262 mln kVt⋅soatga, yoki 1 foizga oshganini ko‘rsatadi.
Vazirlik matbuot xizmati xodim, shuningdek, hisobot davrida kelib tushgan murojaatlar yuzasidan ham ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yil boshidan 16 martga qadar kelib tushgan jami 33 191 ta yaqin murojaatni qayta o‘rganish uchun viloyat, tumanlar/shaharlar kesimida taqsimlanib, ishchi guruhlar tomonidan ulardan 23 261 tasida o‘rganilgan. Buning natijasida yana 7 012 ta murojaat ijobiy hal etilib, jami ijobiy hal etilgan murojaatlar soni 16 197 ta (48,8 foiz)ga yetkazilgan.
Jamiyat
Samarqandda o‘quvchilarga tahdid qilgan ona ustidan tekshiruv boshlandi
Samarqandda maktabga chaqirilgan ota-onalar ishtirokida janjal kelib chiqib, ulardan biri o‘quvchilarga tahdid qilib, zo‘ravonlik qilgan. Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olib, tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi maktablardan birining sinfxonasida ayol bolani quvib, uni urmoqchi bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Tasvirlarda ayol o‘quvchilarga qarata: “Agar endi qaysi biring o‘g‘limga qo‘lingni uchini tekkizsang, qo‘lingni sindiraman. Oyog‘ingni tekkizsang oyog‘ingni sindiraman” degani eshitiladi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 7 aprel kuni Qo‘shrabot tumanidagi 53-sonli umumta’lim maktabida, birinchi dars soatida sodir bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, 3 aprel kuni to‘rt nafar 1-sinf o‘quvchilari o‘zaro janjallashib qolgan. Shu munosabat bilan sinf rahbari ota-onalarni maktabga chaqirgan. Suhbat jarayonida o‘quvchilardan birining onasi boshqa o‘quvchiga nisbatan qo‘l ko‘targan va tahdid qilgan.
Bolalar ombudsmani ushbu holatni nazoratga olgani, uning so‘roviga asosan ichki ishlar organlari hamda ta’lim tizimi mutasaddilari voqeani o‘rganayotganini ma’lum qildi.
“Maktabdagi ta’lim jarayoniga tashqaridan hech bir shaxslarning kirib borishi, o‘quvchilar jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi harakatlar qilishi qat’iyan taqiqlangan. Ta’lim muassasasida mas’ullar o‘quvchi bolalar uchun xavfli va bu kabi nomaqbul vaziyatlarga yo‘l qo‘yishi mumkin emas”, – deyiladi ombudsman munosabatida.
Hozirda holat yuzasidan Qo‘shrabot tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Xorazmda haykalni o‘pgan ayol jarimaga tortildi
Surxondaryoda yashovchi ayol Xivaga sayohatga borgan. U Ichanqal’adagi haykallardan birini o‘pib, tasvirga olgan hamda ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasiga joylashtirgan.
JIB Xiva shahar sudi Ichanqal’adagi haykallardan birini o‘pgan ayolga ma’muriy jazo qo‘lladi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud qaroriga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida yashovchi 25 yoshli M.G. sayohat qilish uchun Xiva shahriga borgan. U 21 fevral kuni Ichanqal’adagi Xorazm milliy musiqa san’ati namoyandalariga bag‘ishlangan haykalni o‘pib, tasvirga olgan. So‘ngra uni ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasiga joylashtirgan.
M.G. sudda aybiga iqrorlik bildirgan. U qilmishidan pushaymonligini, homilador ekanini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
Sud qarori bilan M.G. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 64-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan moddiy madaniy meros obektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish huquqbuzarligini sodir etgan deb topildi. Unga BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Jamiyat
Qalbaki hujjatlar orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarish sxemasi aniqlandi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tezkor tadbir davomida qalbaki hujjatlar orqali budjetdan 2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) noqonuniy qaytarishga urinish holati fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlari kesimida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir nechta shaxslar ishtirokidagi jinoiy sxemaga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MChJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirib, 2025–2026 yillarda go‘yoki 20 mlrd so‘mlik tovar aylanmasi amalga oshirilgani haqida qalbaki hujjatlar tayyorlash orqali 2 mlrd so‘m QQSni qaytarib berishni va’da qilgan. U ushbu “xizmat” uchun 340 mln so‘m talab qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur noqonuniy sxemada uning sherigi — Andijon shahrida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor asosiy rolni bajargan. U tanish MChJ va Navoiy viloyatidagi xususiy korxona o‘rtasida soxta elektron shartnoma tuzib, go‘yoki 18 mlrd 670 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari, transport xizmatlari va qurilish materiallari yetkazib berilgani haqida 10 ta qalbaki elektron hisob-faktura rasmiylashtirgan.
Natijada ushbu soxta hujjatlar asosida 2 mlrd so‘m QQS mablag‘ini qaytarishga erishilgan.
Shundan so‘ng talab qilingan 340 mln so‘m pul mablag‘ini olish jarayonida jinoiy guruhning yana ikki a’zosi — muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxslar ishtirok etgan vaqtda ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Tergovga ko‘ra, ushbu mablag‘ jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida taqsimlanishi rejalashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan to‘rt nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, ushbu sxemada ishtirok etgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan soliq idoralari xodimlarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Jamiyat
Avtoturargohlar xizmati bir yilda qariyb 13 foizga qimmatlagan – statistika
Shaxsiy transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari joriy yilning mart oyida 0,9 foiz (2025-yilning mos davriga nisbatan +7,0 foiz)ga, avtoturargohlar xizmati 0,7 foiz (2025-yil mart oyiga nisbatan +12,6 foiz)ga qimmatlashdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari orasida milliy valyutaning yevro va Shveysariya frankiga nisbatan mustahkamlangani tufayli narxlar va tariflar pasayishi kuzatildi.
Xususan, kuzatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha aviaparvozlar narxi o‘rtacha 4,1 foizga, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar chiptalari esa 0,5 foizga arzonlashgani qayd etildi. Xalqaro avtobuslarda va shunga o‘xshash tashuvlarda yo‘lkira haqi 1,4 foizga, taksi xizmatlari 0,4 foizga, yuk tashish xizmatlari esa o‘rtacha 0,4 foizga oshgani qayd etildi.
Shuningdek, oy davomida benzin uchun o‘rtacha iste’mol narxlari darajasi 0,9 foiz (2025-yil mart oyiga nisbatan +9,2 foiz)ga pasaydi. Bunda, benzinning AI-92 markasi — 0,9 foizga, AI-95 markasi — 1,3 foizga, AI-98 va AI-100 markalari esa — 0,5 foizga arzonlashdi.
Propanning narxi oy davomida 3,2 foiz (2025-yil martiga nisbatan +9,6 foiz)ga arzonlashib, 1 litr uchun yuqori narx chegarasi 8 400 so‘mni tashkil etdi. 2026-yil mart oyida metan narxi fevral oyi darajasida kuzatildi, biroq 2025-yil martiga nisbatan 30,3 foizga yuqori darajada saqlanib qoldi.
Jamiyat
Ishlab chiqargan un mahsulotlarini birjaga chiqarmagan korxonalar jazolandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ichki bozorda bug‘doy mahsulotlari narxlarini barqarorlashtirish yuzasidan o‘tkazilgan monitoringlar natijasida, qonunchilik buzilishi yuzasidan 29 ta sub’yekt birja savdolaridan chetlashtirildi.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan dastlabki monitoringlarga ko‘ra, ichki bozorda ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan un mahsulotini birjaga qo‘ymaslik holatlari kuzatildi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikda bug‘doy va un mahsulotlari faqat birja savdolari orqali sotilishi belgilangan yuqori likvidli va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Qo‘mita tomonidan 2026-yil 3-apreldan boshlab davlat resursi bug‘doyidan ishlab chiqarilgan un mahsulotlarini birja savdolariga qayta savdo chiqarmagan yoki yetarli darajada bajarmagan 29 ta korxonalar belgilangan qonunchilik talablarini buzganligi sababli tegishli tartibda birja savdolaridan chetlashtirildi.
Shuningdek, joriy yil I-chorak yakunlari bo‘yicha davlat resursidan bug‘doy xarid qilingan unni birja savdolari orqali sotish tartibiga rioya etmagan 25 ta un ishlab chiqaruvchi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ta’sir choralari qo‘llash yuzasidan qaror va ko‘rsatmalar qabul qilingan.
-
Turk dunyosi5 days agoKanada Turkiyaga 11 ta artefaktni ikki davlat oʻrtasidagi birinchi repatriatsiyada qaytardi – Geijutsu Shimbun
-
Iqtisodiyot5 days ago
Eron urushi o‘ttizga yaqin davlat valyutasi qadrini tushirib yubordi
-
Dunyodan2 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Iqtisodiyot4 days agoXitoy so‘nggi 20 yilda eng ko‘p qayerga sarmoya kiritdi?
-
Iqtisodiyot1 day ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
-
Jamiyat2 days agoJizzaxda kuchli yomg‘irdan keyin sel kuzatildi
-
Dunyodan5 days ago
Eron urushiga qarshi bo’lgan asosiy AQSh rasmiylari oshkor bo’ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonga poyabzal importi qariyb 15 foizga kamaydi
