Sport
O‘zbekistonlik yosh xokkeychilar jahon chempionatida III divizion g‘olibiga aylanishdi
Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston U18 terma jamoasi Gonkongda tashkil etilgan jahon chempionati III divizion «A» guruhi g‘olibi bo‘ldi.
Musobaqada mag‘lubiyatsiz ishtirok etgan o‘zbekistonlik yigitlar so‘nggi turda Isroil ustidan 6:3 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Ushbu muvaffaqiyat O‘zbekiston jamoasiga kelasi yil II divizionning «B» guruhida ishtirok etish imkoniyatini taqdim etadi.
Sport
markaziy o‘yinda «Manchester Siti» va «Liverpul» to‘qnashadi
Angliya Kubogi (FA Cup) 2025/2026-yilgi mavsumi chorak final bosqichiga qur’a tashlandi.
Ushbu bosqichning markaziy o‘yinida «Manchester Siti» va «Liverpul» to‘qnashadi.
1/4 finalning barcha juftliklari:
«Manchester Siti» — «Liverpul»
«Sauthempton» — «Arsenal»
«Chelsi» — «Port Veyl»
«Vest Hem» yoki «Brentford» — «Lids» («Vest Hem» va «Brentford» juftligi g‘olibi «Lids»ga qarshi to‘p suradi)
Chorak final bahslari 2026-yil 4-5-aprel kunlariga belgilangan.
Quyi liga vakili «Port Veyl» musobaqada qolgan eng zaif (reyting bo‘yicha) jamoa bo‘lib, «Chelsi»ga qarshi safarda maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi mavsum (2024/2025) g‘olibi «Kristal Pelas» hisoblanadi.
Sport
Eng ko‘p shaxmat grossmeysterlariga ega top-10 mamlakat
Shaxmat – strategiya va intellekt o‘yini – asrlar davomida insonlar o‘rtasidagi eng muhim intellektual raqobat turlaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Shaxmatdagi eng yuqori e’tirof pog‘onasi grossmeyster unvoni hisoblanadi. Bu unvon o‘yinda yuksak mahorat, favqulodda salohiyat va unga beqiyos sadoqatni namoyon etgan shaxmatchilarga beriladi.
Quyida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDe) ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p shaxmat grossmeysterlariga ega mamlakatlar keltirilgan.
Foto: World Visualized
Rossiya — 256 nafar grossmeyster. Rossiya yetuk shaxmatchilarni tarbiyalash bo‘yicha uzoq va boy an’anaga ega. Mixail Botvinnik va Vasiliy Smislov kabi afsonaviy ustalardan tortib, Sergey Karyakin va Vladimir Kramnik singari zamonaviy yulduzlargacha, Rossiya shaxmat maktabi hanuzgacha eng kuchli va ta’sirli maktablardan biri bo‘lib qolmoqda.
AQSh — 101 nafar grossmeyster. Qo‘shma Shtatlarda kuchli va jadal rivojlanayotgan shaxmat jamoasi mavjud. Fabiano Karuana, Xikaru Nakamura va Uesli So kabi yetakchi o‘yinchilar muntazam ravishda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari qatoriga kiradi.
Germaniya — 96 nafar grossmeyster. Germaniya boy shaxmat merosiga ega. Uning afsonaviy namoyandalari qatorida Emanuel Lasker va Zigbert Tarrash bor. Bugungi kunda bu an’anani Arkadiy Naydich va Liviu-Diter Nisipyanu kabi zamonaviy ustalar davom ettirmoqda.
Ukraina — 93 nafar grossmeyster. Ukraina dunyoga ko‘plab mashhur shaxmatchilarni taqdim etgan, ular orasida sobiq jahon chempioni Ruslan Ponomaryov ham bor.
Hindiston — 64 nafar grossmeyster. So‘nggi o‘n yilliklarda Hindistonda shaxmat rivoji chin ma’noda juda tezlashdi. Vishvanatan Anand, Pentala Xarikrishna va Vidit Gujrati yetakchi shaxslardan bo‘ldi. Yangi avlod orasida esa amaldagi chempion Gukesh Dommaraju ham alohida ajralib turadi.
Vengriya — 58 nafar grossmeyster. Vengriya o‘zining kuchli shaxmat maktabi bilan mashhur. Uning afsonaviy namoyandalari qatorida Yudit Polgar, Layosh Shtayner va Dyula Breyyer bor.
Serbiya — 58 nafar grossmeyster. Serbiyada 50 nafardan ortiq grossmeyster va xalqaro reyting ro‘yxatida 2500 ga yaqin o‘yinchi bor. Qiziq jihati shundaki, Velimir Ivich 2020 yilda grossmeyster unvonini olgan, undan oldin 2018 yilda xalqaro master, 2016 yilda esa FIDe ustasi unvoniga sazovor bo‘lgan.
O‘nlikni Ispaniya (56), Fransiya (50) va Xitoy (48) grossmeysterlari yakunlaydi. Bu ko‘rsatkich tarixiy yetakchilarga nisbatan kamtarona ko‘rinsa-da, Xitoyda shaxmat juda shiddat bilan rivojlanmoqda. 1980-yillardan buyon ushbu sport turiga davlat tomonidan ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash o‘z samarasini berdi: xitoylik grossmeysterlar muntazam ravishda jahon elitasi safiga kirmoqda. Ular orasida Din Lijen va ayollar o‘rtasida ko‘p karra jahon chempioni Hou Ifan bor.
Sport
Braziliyadagi futbol uchrashuvida 23 ta qizil kartochka ko‘rsatildi
«Kruzeyro» va «Atletiko Mineyro» o‘rtasidagi o‘yin ommaviy mushtlashuvga aylandi.
Foto: Evandro Oliveira/IMAGO/TASS
Braziliyaning Belu-Orizonti shahridagi stadionda bo‘lib o‘tgan «Kruzeyro» va «Atletiko Mineyro» klublari uchrashuvi ancha vaqtgacha muxlislar yodida qoladigan bo‘ldi – gollar yoki xavfli vaziyatlar emas, o‘yin oxirida maydonda kechgan tartibsizlik tufayli. Mineyro ligasi finalining so‘nggi daqiqalarida jamoa futbolchilari o‘rtasida shiddatli to‘qnashuv yuzaga keldi, bosh hakam esa naq 23 nafar futbolchiga qizil kartochkasini ko‘rsatdi.
Barchasini darvozabon boshladi
Ushbu klublar o‘zaro o‘yinda Mineyro ligasi g‘olibi nomini aniqlashdi. O‘yinning 60-daqiqasida «Kruzeyro» forvardi Kayo Jorjye Jyersonning uzatmasi orqali hisobni ochdi.
«Atletiko Mineyro» qolgan yarim soat davomida hisobni tenglashtira olmadi. Jamoaning birorta zarbasi ham raqib darvozasi tomon to‘g‘ri bormadi. Natijada o‘yin oxirida futbolchilar asablarini jilovlay olishmadi.
Barcha hakam hushtagi chalinishini kutib turganida «Kruzeyro» so‘nggi hujumni uyushtirdi, hujum oxirida ushbu klub yarimhimoyachisi Kristian «Atletiko Mineyro» darvozaboni Eversonga borib urildi. To‘pga birinchi bo‘lib ulgurgan darvozabonga raqibning harakati yoqmadi: u avvaliga kurashga xos uslub qo‘llab, Kristianni oyog‘idan ushlab yiqitdi, keyin esa uning ustiga chiqib olib, tajovuzkor harakatlarini davom ettirdi.
Shundan keyin ikki jamoa futbolchilari, shuningdek, zaxira o‘rindig‘idagilar hamda murabbiylar shtabi a’zolari voqea joyiga yetib kelishdi. Maydonda ommaviy mushtlashuv boshlandi.
Natijada tomonlarni ajratish uchun maydonga harbiy politsiya kuchlari tushib kelgan.
«Aralashuv xavfsizlik xizmati majburiyatlarining bir qismi hisoblanadi. Protokolda hakamlar brigadasi xavfsizligini ta’minlash shartligi ko‘rsatilgan va bu ish bajarildi», – deyiladi harbiy politsiya bayonotida.
Bir necha daqiqadan keyin futbolchilar tinchlanishgan, uchrashuv esa «tulkilar»ning minimal hisobdagi (1:0) g‘alabasi bilan yakunlangan. O‘yin bosh hakami esa 23 futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi: shundan 12 nafari «Kruzeyro», 11 nafari «Atletiko» futbolchilari. Bu borada bundan oldingi rekord 1954 yilda «Botafogo» va «Portugeza» klublari o‘rtasidagi o‘yinda o‘rnatilgan, o‘shanda 22 kishiga qizil ko‘rsatilgandi.
Foto: Evandro Oliveira/IMAGO/TASS
Xalk ham mushtlashuvda faol qatnashdi
O‘z vaqtida «Portu» va «Zenit» klublari safida to‘p surgan, hozirda «Atletiko Mineyro» klubi a’zosi hisoblangan Xalk bu o‘yinda Braziliya futboli tarixiga kirishi mumkin edi. U qatorasiga to‘rt yil mobaynida shtat chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgandi. Ammo 2026 yilda bu seriya uzildi: finalda u birorta gol urolmadi. Shu tariqa, u turnirning to‘rt karra to‘purari bo‘lgan boshqa bir futbolchi Dada Marvilidan o‘zib ketolmadi.
Shu bilan birga, Xalk mushtlashuvdagi faol ishtiroki bilan muxlislar yodida qoladigan bo‘ldi. Kameralar u raqiblardan birini ortidan quvib yurib urgani aks etgan holatni tasvirga olgan. Uning o‘zi o‘yindan keyin barcha javobgarlikni uchrashuv hakami zimmasiga yukladi.
«Yo hakam o‘yinni o‘z nazoratiga oladi, yoki u to‘liq tartibsizlikka aylanadi. Muxlislardan uzr so‘rashimiz kerak, bunday zo‘ravonlik sahnalarini ko‘rish juda achinarli. Buni bolalar va o‘smirlarga ko‘rsatmasligimiz kerak», – deya uning so‘zlarini keltirgan geglobo nashri.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Ayni vaqtda KONKAKAF (Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi) hech qanday sanksiya haqida e’lon qilmadi – tashkilot hamon hodisani tekshirmoqda.
Jurnalist va sport huquqi sohasiga ixtisoslashgan Andrey Kampffning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar jiddiy jazolanmaydi
«Bunday holatlarda eng keng tarqalgan kvalifikatsiya Braziliya sport adliya kodeksining (CBJD) 254-a-moddasi bo‘lib, u 4 dan 12 tagacha o‘yinga diskvalifikatsiyani nazarda tutadi», – deya uning so‘zlarini keltirgan TEMPO Sport.
Bundan tashqari, Kampff qayd etishicha, jazo faqat shtat ichki chempionatiga taalluqli bo‘ladi. Shuning uchun, futbolchilar Braziliya A seriyasi o‘yinlarida ishtirok etaverishi mumkin.
Sport
«Siti» keyingi bosqichga o‘tdi, Yamalda rekord. Hafta o‘yinlari
Husanov «Nyukasl»ga qarshi o‘yinda to‘liq harakat qildi, «Chelsi» Hollivud yulduzlari jamoasini qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub etdi; Ispaniyada «Real» va «Barsa» poygasi davom etmoqda. Dam olish kunlarida Yevropa chempionatlarida o‘tkazilgan asosiy o‘yinlar, gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Mansfild» va «Reksem» grandlarni qiynab qo‘ydi
«Mansfild» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Madueke, 41 (0:1). Evans, 50 (1:1). Eze, 66 (1:2)
«Arsenal»: Arrisabalaga, Moskera, Kalafiori (Dikson, 76), Selmon (Timber, 62), Norgar, Trossar (Inkapiye, 38), Douman (Saka, 77), Martinelli, Madueke, Gabriel Jyezus, Havers (Eze, 62)
Ogohlantirishlar: Kalafiori, 70. Eze, 74
Uchinchi divizionda ishtirok etayotgan «Mansfild» «Arsenal»ga qarshi 1929 yildan buyon ilk o‘yinini shudgorzorni eslatuvchi maydonda o‘tkazdi. Bunday gazonda kombinatsiyalar uyushtirish muammo bo‘lishi yetmaganiday, jarohat olish xavfi ham yuqori edi. Amalda ham Mikel Arteta Trossar va Kalafiorini jarohat tufayli almashtirishga majbur bo‘ldi.
«Arsenal» futbolchisi Leandro Trossarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda
Foto: Cody Froggatt/Getty Images
16 yoshli Salmon esa ortga uzatma berishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Moskera esa Evansga qarshi passiv harakat qildi, Kepa ham o‘ziga kelgan zarbani to‘sa olmadi.
Bu orqali «Mansfild» muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘lim oxirida Noni Madueke bir hujumning o‘zida ikki bor zarba berish orqali darajadagi farqni namoyish etgandi. Uning birinchi zarbasidan keyin darvozabon to‘pni qaytardi, Martinelli to‘pga ega chiqdi va Maduekeni yanada qulay vaziyatga chiqardi. Shundan keyin «kanonirlar» ketma-ket vaziyatlarni yo‘qqa chiqarishdi. Douman reyd uyushtirib, yaqin masofadan zarba berganida esa darvozabon qahramonlik ko‘rsatdi. Yana bir vaziyatda «5 ga 2» ko‘rinishidagi qarshi hujumda Gabriel Jyezusning zarbasidan keyin himoyachi to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi. Faqat ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Eze Norgarning uzatmasidan keyin olis masofadan benuqson zarba yo‘lladi va bu gol o‘yin taqdirini hal qildi.
«Arsenal» Mikel Arteta boshqaruvi davrida bir mavsumdagi g‘alabalar soni bo‘yicha (35) rekord o‘rnatdi, shuningdek, joriy mavsumda gollari sonini 100 tadan oshirgan uchinchi jamoaga aylandi («Bavariya» va «Barselona»dan keyin). Bu g‘alaba jamoani Angliya kubogi chorakfinaliga olib chiqdi, ammo mavsumning muhim pallasida ikki futbolchi jarohat olishi – «kanonirlar» uchun og‘riqli zarba bo‘ldi.
«Reksem» – «Chelsi» 2:4
Gollar: Smit, 18 (1:0). Okonkvo, 40 – avtogol (1:1). Doyl, 78 (2:1). Achimpong, 82 (2:2). Garnacho, 96 (2:3). Joao Pedro, 120+5 (2:4)
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Badiashile, Sarr (Giu, 58), Santos, Lavia (Kukurelya, 65), Hato (Essugu, 65), Achimpong (Gyusto, 85), Pedru Netu (Derri, 100), Garnacho, Delap (Joao Pedro, 85)
Ogohlantirishlar: Lavia, 23. Santos, 110. Garnacho, 120
Chetlatish: Robson
Uelsdagi o‘yin shanba oqshomida ko‘pchilikning diqqat markazida turgandi. Hollivud yulduzlari Rayan Reynolds va Rob Makelhenni egalik qilayotgan chempionship jamoasi nomdor «Chelsi»ni qabul qildi. O‘yin oldidan favorit kimligi ma’lum edi, ammo o‘yinning birinchi qismida londonliklar katta ustunlik bilan to‘pga egalik qilishdi, ammo «qizil ajdarlar» bu raqamlar amalda hech narsani anglatmasligini ko‘rsatishdi. Muhimi – samaradorlik edi. Doyl o‘z jamoasi jarima maydonidan uzun uzatma berdi, maydon markazida raqibning ikki himoyachisidan qochib ketgan Smit hisobni ochdi.
«Reksem» klubi egalari Rayan Reynolds va Rob Makelhenni golni nishonlamoqda
Foto: James Gill — Danehouse/Getty Images
XIX asrda qurilgan «Reyskors Graund» stadionida yig‘ilgan muxlislar golni aqldan ozgudek bo‘lib nishonlashdi, ammo tanaffus arafasida stadion suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Garnachoning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p himoyachi Tomason orqali darvozabonga bordi va uni avtogol urishga majbur qildi. Ammo umuman olganda muxlislar «Reksem» namoyish etgan o‘yin bilan faxrlanishi mumkin. Mezbonlar munosib o‘ynashdi va jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Doyl ikkinchi bo‘limda yana jamoani hisobda oldinga olib chiqdi, muxlislar yana katta bayram boshlashdi, ammo yana bo‘lim oxirida mehmonlar hisobni tenglashtirishdi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa Dobson Garnachoga qo‘pollik uchun maydondan chetlatildi.
Qo‘shimcha bo‘limlarda londonliklar son jihatdan ustunlikdan foydalanishdi va Garnacho jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Keyin esa o‘yin yakuniga bir necha daqiqa qolganida uelsliklar uchinchi golini urishdi, ammo bu gol ofsayd tufayli bekor qilindi. Qo‘shimcha bo‘limlarning qo‘shimcha daqiqalarida Joao Pedro yakuniy hisobni o‘rnatdi. «Chelsi» yurishini davom ettiradi, «Reksem» esa o‘z reytingini ko‘tarib oldi. Endi bu jamoani APLda kutishmoqda.
«Nyukasl Yunayted» – «Manchester Siti» 1:3
Gollar: Barns, 18 (1:0). Savio, 39 (1:1). Marmush, 47 (1:2). Marmush, 65 (1:3)
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Botman, Tiau, Holl (Livramento, 80), Trippiyer (Byorn, 63), Tonali, Uillok, Voltemade (Gordon, 72), Barns, Elanga (Joelinton, 62), Osula (Vissa, 63)
«Manchester Siti»: Trafford, Stouns, Husanov, Ake, Mateus Nunes, Gonsales, O`Rayli, Reynders, Doku (Sherki, 79), Savio (Foden, 79), Marmush (Semenyo, 73)
Ogohlantirishlar: Joelinton, 78. Vissa, 90
«Nyukasl» va «Manchester Siti» bu mavsumning o‘zida beshinchi bor o‘zaro raqib bo‘lishdi. «Qarg‘alar» APLning birinchi davrasida o‘z maydonida kechgan o‘yinda g‘alaba qozongandi (2:1), keyingi uch o‘yinda esa «shaharliklar»ning qo‘li ustun kelgandi – Liga kubogi yarimfinalida (2:0, 3:1) va chempionatning ikkinchi davrasida (2:1). Tabiiyki, Eddi Hau shogirdlari «Sent-Jyeyms Park»dagi o‘yinda oxirgi mag‘lubiyatlar uchun qasos olish maqsadida maydonga tushishdi. Abduqodir Husanov boshlang‘ich tarkibga qaytgan o‘yinda jamoasi tezkor gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi, ammo Gonsales bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatdi.
Mezbonlar baribir ikkinchi urinishda maqsadga erishishdi. Tonali mehmonlar himoyachisini bitta pas bilan dog‘da qoldirdi, himoyachilar ortiga ochilgan Barns esa olis burchakni aniq nishonga oldi.
Bo‘limning qolgan qismi Xosep Gvardiola jamoasi ustunligida o‘tdi. Mehmonlar bir necha yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo bir gol bilan cheklanishdi. Doku chap qanotda fintlari bilan himoyachilarning boshini aylantirib tashladi, uning darvozabon hududiga bergan uzatmasi kerakli vaqtda kerakli joyda turgan Savinioga tegib, darvoza to‘riga borib tushdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa mezbonlar mudofaasi o‘ng qanotdan ham yorib o‘tildi. Mateus Nunesning hujumga qo‘shilishi Marmush jamoasini hisobda oldinga olib chiqishi bilan yakunlandi. Keyinroq misrlik hujumchi olis masofadan yo‘llagan zarbasi bilan «Nyukasl»ni uzil-kesil taslim etdi va jamoasini Angliya kubogi chorakfinaliga olib chiqdi.
Ispaniya: Peshqadamlarda qiyin g‘alabalar
«Real» futbolchilari so‘nggi daqiqada urilgan golni nishonlamoqda
Foto: Jose Manuel Alvarez Rey/Getty Images
«Selta» – «Real» 1:2
Gollar: Tshuameni, 11 (0:1). Iglesias, 25 (1:1). Valverde, 90+4 (1:2)
«Selta»: Radu, Starfelt, Alonso, Rodriges, Moriba (Vesino, 90+1), Roman, Mingesa (Aspas, 83), Karreyra, Svedberg (Lopes, 69), Xutgla (Alvares, 70), Iglesias (Al-Abdullaiy, 70)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Ryudiger, Mendi, Aleksandr-Arnold, Tshuameni, Arda Guler (Palasios, 65), Pitarch (Manuel Anxel, 90), Valverde, Vinisius Junior, Dias (Garsiya, 77)
Ogohlantirishlar: Iglesias, 31 – Tshuameni, 86. Raul Asensio, 90
«Real» oxirgi haftalarda inqiroz ko‘chasiga kirib qolgan. Yaqinda ham madridliklar La ligada peshqadamlikni o‘z qo‘liga ogandi, ammo «Osasuna» va «Xetafe»dan uchralgan mag‘lubiyatlar «Barselona» uchun sovg‘a bo‘ldi. Keyin esa Rodrigo ham og‘ir jarohat olib, klub lazaretidagi futbolchilar sonini yana bittaga oshirdi. Vigoda esa diskvalifikatsiya tufayli Karreras, Hausen va Mastantuono maydonga tusha olmasdi. Shu tufayli juma oqshomidagi o‘yinda Alvaro Arbeloa ixtiyoridagi bor futbolchilar bilan amallashiga to‘g‘ri kelardi.
Yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi oltinchi o‘rinda kelayotgan «Selta» bu holatdagi «Real»ga qarshi dalil o‘yin ko‘rsatdi. Borxa Iglesias o‘z vaziyatlaridan foydalana olganida 25-daqiqagacha het-trik amalga oshirishi mumkin edi. Ammo Kurtua avvaliga uning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasini qaytardi, keyin esa yakkama-yakka vaziyatda ustun keldi. Faqat Aleksander-Arnoldning himoyachilar ortiga oshirilgan uzatmani o‘tkazib yuborishidan keyin belgiyalik posbon baribir o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur bo‘ldi – Svedberg uni aldab o‘tdi va to‘pni bo‘sh darvoza qarshisidagi Iglesiasga uzatdi.
Galisiyaliklar bu gol bilan faqat hisobni tenglashtirishdi, 11-daqiqada «Real» uzoq cho‘zilgan hujum yakunida hisobni ochgandi: bu hujum davomida Vinisiusning zarbasidan keyin to‘p ustundan qaytdi, Tshuamenining xavfli zarbasidan keyin burchak to‘pi ishlandi. Aynan shu burchak to‘pi ijro etilgnaida fransuz futbolchisi ikkinchi imkoniyatdan foydalandi.
Ikkinchi bo‘lim madridliklarning to‘liq ustunligida o‘tdi. Akademiya tarbiyalanuvchilari Pitarch va Palasiosda ham yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi. Ammo hadeganda to‘p darvoza to‘riga kirishni istamadi, mehmonlarning penalti so‘rab bildirgan e’tirozlari bu safar inobatga olinmadi: to‘p Jutglening qo‘liga tegishidan oldin «Selta» futbolchisiga nisbatan fol ishlatilgani ma’lum bo‘ldi. «Real» uchun bu o‘yin ham achinarli yakunlanishi mumkin edi, ammo o‘yin oxirida omad «Qirollik klubi»ga ikki bor kulib boqdi. Avvaliga galisiyalikar afsonasi Aspasning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Valverde g‘alaba golini urdi. Oldinda jamoani YeChLda «Manchester Siti»ga qarshi qiyin o‘yinlar kutmoqda.
«Atletiko» – «Real Sosiyedad» 3:2
Gollar: Syorlot, 5 (1:0). Soler, 9 (1:1). Gonsales, 67 (2:1). Oyyarsabal, 68 (2:2). Gonsales, 81 (3:2)
«Atletiko»: Oblak, Ximenes, Gansko, Rudjyeri, Molina, Mendosa (Liorente, 46), Koke (Kardozo, 61), Almada (Gonsales, 54), Simeone (Grizmann, 53), Serlot, Lukman (Alvares, 53)
«Real Sosiyedad»: Remiro, Chaleta-Tsar, Xon Martin, Gomes, Aramburu, Errera, Soler (Turrentes, 74), Barrenechea (Zaxaryan, 65), Marin (Gonsalu Gedesh, 55), Oskarsson (Oyyarsabal, 56), Suchich (Mendes, 74)
Ogohlantirishlar: Gansko, 20 – Oskarsson, 49
Keyingi oyda Ispaniya kubogi finalida o‘zaro to‘qnash keladigan ushbu jamoalar o‘yinning 9-daqiqasigacha bittadan gol urishga ulgurishdi. Autdan to‘p tashlash orqali boshlangan hujum Ximenesning Syorlotga golli uzatmasi va hisob ochilishi bilan yakunlandi. Ammo bir necha daqiqa o‘tib Soler yaqin burchakni aniq nishonga olib, muvozanatni tikladi. Shundan keyin o‘yin tempi pasaydi va birinchi bo‘limda hisob boshqa o‘zgarmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Syorlot qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, ammo ko‘p o‘tmasdan Niko Gonsales baribir «matraschilar»ning ikkinchi golini urdi. Bir daqiqa o‘tib esa Oyyarsabal bu golga javob qaytardi. Gonsalesning ikkinchi goliga esa mehmonlarda javob topilmadi. Diyego Simeone shogirdlari navbatdagi uch ochkodan keyin uchinchi o‘rinni mustahkamladi – to‘rtinchi o‘rindagi «Vilyarreal» bilan oradagi farq yana uch ochkoni tashkil etmoqda.
«Atletik» – «Barselona» 0:1
Gol: Yamal, 68 (0:1)
«Atletik»: Simon, Vivian, Lyaport, Boyro, Gorosabel, Hauregisar (E. Garsiya, 74), Rego (Vesga, 69), Sanches (Sanset, 46), Gomes (Navarro, 10), Berenger, Inyaki Uilyams (Guruseta, 69)
«Barselona»: E. Garsiya, Joau Kanselu, Martin, X. Garsiya, Kubarsi, Bernal (Pedri, 46), Kasado (Arauxo, 78), Olmo (Fermin Lopes, 62), Reshford (Levandovski, 62), Yamal, Torres (Rafinya, 62)
Ogohlantirishlar: Rego, 50. Vivian, 90 – Kubarsi, 57
«San-Mames»da ikki jamoaning yorqin hujumlari bilan boshlangan o‘yinda muxlislar ancha vaqtgacha gol ko‘rishmadi. Katta ehtimol bilan, Unai Gomesning jarohati o‘yin ritmini buzib qo‘ydi. Basklar jamoasining eng iste’dodli futbolchilaridan biri havodagi yakkakurashdan keyin noqulay yiqildi va tizzasini jarohatlab oldi, u maydonni fizioterapevtlar yordamida tark etdi. «Barselona» bo‘lim davomida to‘pga egalik qilish bo‘yicha katta ustunlikka erishdi, ammo golli vaziyatlar yarata olishmadi.
«Barselona» dastlabki 45 daqiqalikda zarbalar berish bo‘yicha bu mavsumdagi eng yomon ko‘rsatkichini (2) qayd etdi va bu mavsumda ilk bor birinchi bo‘limda raqib darvozasi tomon to‘g‘ri borgan birorta ham zarba bera olmadi. Gol urishga mezbonlar yaqinroq kelishdi. Avvaliga Navarro qulay vaziyatda turib, zarba berish o‘rniga pas berishga qaror qildi va to‘pni yo‘qotdi. Keyin esa Iniyaki Uilyams darvozani ishg‘ol etdi, ammo kichik ofsayd holati tufayli bu gol bekor qilindi.
Ikkinchi bo‘limda esa basklarga goh aniqlik yetishmadi, goh Joan Garsiya «Barselona»ni qutqarib qoldi. Hansi Flik uchtalik almashtirish orqali o‘yinda burilish yasashga muvaffaq bo‘ldi. Pedri, Rafinya va Levandovski maydonga tushdi va o‘yin taqdiri hal qilindi. Pedrining uzatmasidan keyin Yamal olis «to‘qqizlik»ka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Bu nafaqat g‘alaba goli, balki Laminning faoliyatidagi yubiley 50-gol ham bo‘ldi – (44 tasi klub safida, 6 tasi terma jamoada).
Tabiiyki, kataloniyaliklarning «o‘nlik» futbolchisi bu orqali navbatdagi rekordni o‘rnatdi. U 18 yosh-u 237 kunligida XXI asrda top-5 ligalarda bu natijaga erishgan ilk futbolchiga aylandi. Taqqoslash uchun: Messi buncha golni urganida 20 yosh-u 315 kunlik, Krishtianu Ronaldu — 21 yosh-u 297 kunlik edi.
Turnir jadvalida esa kataloniyaliklar «Real» bilan oradagi farqni yana to‘rt ochkoga yetkazib qo‘ydi.
Sport
Superliga. «Neftchi»ning zo‘r starti va jadval tubiga tushgan «So‘g‘diyona»
O‘zbekiston Superligasida 2-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Amaldagi chempion «Neftchi» bosh murabbiy Islombek Ismoilov qo‘l ostida yana yirik hisobda g‘alaba qozondi. Pro-Ligadan qaytgan «Lokomotiv» 40 yoshli Anzur Ismoilov bilan ikkinchi g‘alabasini nishonladi. OKMK va «So‘g‘diyona» yana mag‘lub bo‘ldi, ikkala jamoa birorta gol urmagan holda jadval tubiga tushdi.
4-6 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 2-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
SURXON 0:3 NeFTChI
Gollar: Stipe Peritsa, 40 (0:1), Stipe Peritsa, 48 (0:2), Yovan Jokich, 73 (0:3)
Amaldagi chempion «Neftchi» bu safar ham ishonchli o‘yin namoyish etib, safarda «Surxon»ni 3:0 hisobida yengdi. Islombek Ismoilov shogirdlari 1-turda ham yirik hisobda g‘alaba qozongan edi. «Neftchi» musobaqa jadvalida to‘plar nisbatiga ko‘ra peshqadamlik qilmoqda. Farg‘onaliklarning xorvatiyalik hujumchisi Stipe Peritsa 3 ta gol bilan chempionat to‘purarlari ro‘yxatini boshqarib turibdi.
MASh’AL 0:2 LOKOMOTIV
Gollar: Anzur Ismoilov, 44 (0:1), Quvonchbek Abrayev 45+1 (0:2)
Chetlatish: Roman Xadjiyev, 90+4 (Mash’al)
Ikkinchi o‘ringa kutilmaganda «Lokomotiv» ko‘tarilib oldi. «Temiryo‘lchilar» o‘tgan mavsumda Pro-Ligada qiyinchilik bilan g‘alaba qozonib, Superligaga qaytgan edi. Bosh murabbiy Mirko Yyelichich mavsumlar oralig‘ida yaxshi tarkib to‘plagan ko‘rinadi – dastlabki 2 turda g‘alabaga erishdi. Bu gal safarda «Mash’al» mag‘lub etildi. Gollardan biriga 40 yoshida ham navqiron Anzur Ismoilov mualliflik qildi.
QO‘QON-1912 1:2 PAXTAKOR
Gollar: Doston Hamdamov, 49 (0:1), Pyotr Parjishek, 56 (0:2), Toma Tabatadze, 90+5 pen (1:2)
«Paxtakor» ham mavsumni ishonchli tarzda 2 ta g‘alaba bilan boshladi. Toshkentliklar Qo‘qonda qiyin o‘yin o‘tkazdi, biroq 3 ochko bilan qaytadigan bo‘ldi. Mezbonlar uchun vaziyat yaxshi emas – ular dastlabki 2 ta o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradi.
NAVBAHOR 0:1 BUXORO
Gol: Velko Filipovich, 73 (0:1)
«Buxoro» mavsum startining «kashfiyot»laridan biri bo‘ldi. O‘tgan mavsumda Superligada arang «jon saqlab» qolgan jamoa yilni yaxshi boshladi. 2 ta o‘yin – 2 ta g‘alaba. Bu buxoroliklarning so‘nggi 15 yildagi eng yaxshi natijasi. Aleksandr Xomyakov shogirdlari bu safar Timur Kapadze qo‘l ostidagi «Navbahor»ni yengdi va peshqadamlar safida bormoqda.
SO‘G‘DIYoNA 0:2 NASAF
Gol: Oybek Rustamov, 14 (0:1), Sharof Muhiddinov, 22 (0:2)
Noaniq penalti: Lyupcho Doriyev, 73 (So‘g‘diyona)
«Nasaf» Jizzaxda ishonchli g‘alabaga erishdi. O‘yin taqdirini birinchi bo‘limdagi 2 ta gol hal qildi. «So‘g‘diyona» esa mavsumni juda yomon boshladi va Superliga jadvalining so‘nggi pog‘onasini egallab turibdi. Bosh murabbiy Ivan Boshkovich jamoani bunday ruhiy chohdan olib chiqa olarmikan, kuzatamiz.
QIZILQUM 2:1 ANDIJON
Gollar: Jambuli Jigauri, 35 (1:0), Aleksandre Andronikashvili, 76 (1:1), Islom Kenjaboyev, 80 (2:1)
Chempionatni yaxshi boshlagan «Andijon» kutilmaganda «Qizilqum»ga yutqazdi. Bosh murabbiy Samvel Babayan mavsumlar oralig‘ida yaxshi tarkib to‘pladi. Biroq, jamoaviy o‘yinni sozlash uchun unga vaqt kerak shekilli, 2-turdayoq «qoqildi».
BUNYoDKOR 1:2 DINAMO
Gollar: Azizbek Amonov, 8 (0:1), Firdavs Abdurahmonov, 14 (0:2), Samandar Mavlonqulov, 83 (1:2)
«Dinamo» 1-turdagi mag‘lubiyatdan keyin murakkab raqib «Bunyodkor»ni mag‘lub etdi. «Qaldirg‘ochlar» esa aksincha, dastlabki g‘alabani davomiyligiga erisholmadi. O‘yindan keyin «Dinamo» bosh murabbiyi Vadim Abramov jamoa moliyaviy qiyinchiliklar ostida ekanini, 4 oydan beri maosh berilmayotganidan shikoyat qildi.
XORAZM 1:0 OKMK
Gol: Diyorbek Ortiqboyev, 52 (1:0)
Turning yana bir kutilmagan natijasi Urganchda qayd etildi. «Xorazm» Superliga doirasida ilk marotaba OKMK ustidan g‘alaba qozondi. Natijada, Mirjalol Qosimov shogirdlari chempionatni muvaffaqiyatsiz – 2 ta mag‘lubiyat bilan boshladi. «Xorazm» dastlabki turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, jadvaldagi o‘rnini biroz yaxshilab oldi.
SUPeRLIGA JADVALI
SUPeRLIGA TO‘PURARLARI
3-TUR O‘YINLARI
10 mart
NeFTChI – ANDIJON
MASh’AL – QIZILQUM
PAXTAKOR – NAVBAHOR
11 mart
SURXON – BUNYoDKOR
LOKOMOTIV – QO‘QON-1912
BUXORO – XORAZM
12 mart
OKMK – SO‘G‘DIYoNA
DINAMO – NASAF
-
Jamiyat3 days ago
Гидрометеорология хизмати қор кўчиш хавфидан огоҳлантирди
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston Moʻgʻulistondagi istiqbolli uran konlarini kashf etadi
-
Dunyodan4 days ago
Sochida bir kunda ikki marta zilzila sodir bo‘ldi
-
Jamiyat4 days agoTurkiyada o‘zbekistonlik yana bir ayolning jasadi topildi
-
Iqtisodiyot4 days agoSodiqlik kartasini skanerlash va xarid uchun to‘lov qilish — endi payme’da barchasi bir urinishda!
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda umumxalq hashari o‘tkaziladi
-
Dunyodan2 days ago
Hormuz boʻgʻozi orqali neft tashish toʻxtatildi
-
Jamiyat4 days agoQibrayda taqiqlangan dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
