Iqtisodiyot
O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari IV chorakda qariyb 40 foizga oshdi
2025 yilning oxirgi choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 5 mlrd dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foiz o‘sish kuzatildi. «Pul o‘tkazmalari miqdorining sezilarli o‘sishi asosan Rossiya va Osiyo mintaqasidan jo‘natmalarning ko‘payishi bilan bog‘liq», deyiladi Markaziy bank hisobotida.
Foto: Patrick T. Fallon / Bloomberg
2025 yilning IV choragida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga 5 mlrd dollar miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foiz o‘sish qayd etildi. Bu Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan mehnat bozori sharhida keltiriladi.
Pul o‘tkazmalari miqdorining sezilarli o‘sishi asosan Rossiya va Osiyo mintaqasidan jo‘natilgan o‘tkazmalarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Ushbu mintaqalardan yuborilgan o‘tkazmalar hajmi IV chorakda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 va 39 foizga oshgan.
2025 yilda aholining tashqi mobilligi va migratsiyasi ham sezilarli o‘sgan. Ushbu o‘sish bir tomondan pul o‘tkazmalarining turli mintaqalar kesimida diversifikatsiyalanishida, boshqa tomondan esa xorijga chiqib ketgan O‘zbekiston fuqarolari sonining sezilarli ko‘payishida namoyon bo‘lgan (xorijga chiqib ketgan fuqarolar (asosan turizm va qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida) soni 2024 yilga nisbatan 22,2 foizga yoki 1,4 mln nafarga o‘sgan).
«Ayrim davlatlarda makroiqtisodiy vaziyatning barqarorligi hamda daromadlarning yuqori shakllanishi sharoitida ushbu davlatlarda migratsiya oqimining yuqori saqlanib qolishi kuzatilmoqda. Xususan, 2025 yilda Koreya Respublikasidagi O‘zbekistonlik rezidentlar soni 2024 yilga nisbatan 4,3 foizga o‘sib, 98,9 mingtani tashkil etdi. Shu bilan birga, Turkiya respublikasida O‘zbekiston fuqarolari uchun berilayotgan yashash ruxsatnomalari soni hamda doimiy bo‘lmagan migrantlar oqimining sezilarli o‘sishi kuzatildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra ushbu davlatda o‘zbekistonliklar uchun taqdim etilgan yashash ruxsatnomalari soni 10,7 foizga o‘sib, 64,1 mingtani, doimiy bo‘lmagan migrantlar soni esa 18,8 foizga o‘sib, 13,7 mingtani tashkil etdi», deyiladi MB sharhida.
Iqtisodiyot
Toshkentda YIBning mintaqaviy vakolatxonasi ochildi
Yevropa investitsiya banki (YIB) Toshkent shahrida Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochdi.
Ochilish marosimida qatnashgan YIB vitse-prezidenti Marek Mora bankning Markaziy Osiyoda investitsiya loyihalari portfeli kengayib borayotgani, mintaqaviy vakolatxona ham mazkur moliya institutining mintaqa bo‘ylab faoliyatini yanada mustahkamlashini ta’kidladi.
«Hududda bevosita faoliyat yuritish bizga tezroq harakat qilish, hamkorlarimiz bilan yaqindan ishlash va g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirish imkonini beradi. Biz transport va energetikadan tortib suv va raqamli infratuzilmagacha bo‘lgan sohalarda katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz», — dedi YIB vitse-prezidenti Marek Mora.
YIB Markaziy Osiyoda 2009-yildan buyon faoliyat yuritib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda O‘zbekistonda operatsiyalarni amalga oshirib kelmoqda.
2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo sammitida EIB Global Yevropa Ittifoqi va «Yevropa jamoasi» (Team Europe) bilan yaqin hamkorlikda mintaqa bo‘ylab «Global darvoza» ustuvor yo‘nalishlariga mos loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni e’lon qildi.
EIB Global — Yevropa investitsiya bankining rivojlanish bo‘yicha faoliyat yurituvchi bo‘linmasi sifatida Markaziy Osiyo bo‘ylab barqaror transport aloqalari, energetika, suv ta’minoti, raqamli infratuzilma va iqlimga chidamlilik sohalaridagi investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
2017-yilda asosiy bitim imzolanganidan buyon O‘zbekiston EIB Global uchun Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlardan biriga aylandi.
Moliya muassasasi Markaziy Osiyo bo‘ylab loyiha portfeli qariyb 3 milliard yevroga yetayotgan bir paytda, jumladan, Transkaspiy transport yo‘lagini qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonda transport, iqlim bo‘yicha chora-tadbirlar, energetika, raqamli o‘zaro bog‘lanish va muhim xomashyo resurslari sohalarida taxminan 1 milliard yevrogacha loyihalarni amalga oshirmoqda.
EIB Global O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda «O‘zbekiston–2030» strategiyasi va Yevropa Ittifoqining «Global darvoza» tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydigan istiqbolli operatsiyalar portfelini ishlab chiqmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: YIB guruhi Yevropa Ittifoqining moliyalashtirish instituti bo‘lib, u dunyodagi eng yirik ko‘p tomonlama taraqqiyot banklaridan biridir. 2025-yilda YIB guruhi Yevropa Ittifoqi siyosiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlovchi sakkizta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 870 dan ziyod loyiha uchun 100 milliard yevro miqdorida yangi moliyalashtirish va maslahat xizmatlari bo‘yicha bitimlar imzoladi. Ushbu ustuvor yo‘nalishlar qatoriga iqlim va atrof-muhit, raqamlashtirish va texnologik innovatsiyalar, xavfsizlik va mudofaa, hududiy birdamlik, qishloq xo‘jaligi va bioiqtisodiyot, ijtimoiy infratuzilma, kuchli global hamkorliklar hamda jamg‘arma va investitsiyalar ittifoqi kiradi.
Iqtisodiyot
4 oyda 16 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Taylandga bordi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida Taylandga jami 16 291 nafar o‘zbekistonlik borgan. Tayland so‘nggi yillarda mamlakat fuqarolari orasida eng ommabop xorijiy turistik yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Taylandga borganlarning asosiy qismi — 15 189 nafar fuqaro sayohat maqsadida safar qilgan.
Qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida mamlakatga 996 nafar o‘zbekistonlik yo‘l olgan. Bu ko‘rsatkich umumiy safarlar hajmida ikkinchi o‘rinni egallagan.
Shuningdek, 53 nafar fuqaro davolanish, 34 nafar xizmat yuzasidan, 19 nafar esa ta’lim olish maqsadida Taylandga borgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda mebel ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistondagi yirik korxonalar tomonidan 2,5 trln so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga oshgan.
Ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilikni saqlab qoldi. Poytaxtda to‘rt oy davomida 472,5 milliard so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Keyingi o‘rinlarni Farg‘ona viloyati (298,2 milliard so‘m) va Andijon viloyati (280,6 milliard so‘m) egalladi. Toshkent viloyatida esa 248,3 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan.
Statistikaga ko‘ra, Namangan viloyatida 217,3 milliard so‘mlik, Samarqand viloyatida esa 203,6 milliard so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Xorazm viloyati 163,5 milliard so‘mlik ko‘rsatkich bilan yuqori o‘rinlardan joy olgan. Buxoro viloyatida bu raqam 137,8 milliard so‘mni tashkil etgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 123 milliard so‘mlik, Surxondaryo viloyatida esa 100,3 milliard so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Qashqadaryo viloyati 88,7 milliard so‘m, Jizzax viloyati 80,7 milliard so‘m va Navoiy viloyati 62,7 milliard so‘mlik natija qayd etgan.
Eng past ko‘rsatkich Sirdaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, hududda 33 milliard so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot
“Investorlarni siz deyishga tayyormiz” – Toshkentda investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda
17 iyun kuni beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Bundan qashqari, yalpi sessiyada Albaniya prezidenti, bosh vazir va vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va siyosatchilar qatnashdi. Investorlarni “siz” deyishga tayyormiz, dedi Mirziyoyev o‘z chiqishida.
Forumda bu yili 4 mingdan ortiq delegatlar qatnashmoqda. Prezidentga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonga 150 mlrd dollardan ortiq investitsiya jalb qilingan, shundan 123 milliardi oxirgi 5 yilga to‘g‘ri kelmoqda.
Yalpi sessiyada shuningdek, forum uchun kelgan xorijiy davlat prezident va hukumat rahbarlari ham chiqish qildi. Masalan, so‘zga chiqqan Albaniya prezidenti O‘zbekistondan ko‘proq turistlarni davlatiga taklif etdi.
“So‘nggi 10 yilda Albaniya iqtisodi rivojlandi, infratuzilma va aholi hayoti yaxshi tomonga o‘zgardi. Shu o‘rinda aytmoqchiman, Albaniya bugun xorijiy investorlarga o‘z investitsiyasiga 100% egalik huquqini beruvchi huquqiy asoslarga ega davlat. Jiddiy transformatsion bir davrda investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish kerak, deb bilaman”, deydi Albaniya prezidenti.
Rossiya bosh vaziriga ko‘ra, oxirgi yillarda O‘zbekiston bilan Rossiyaning tovar aylanmasi 12,5 foizga o‘sgan.
“Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida 3 mingdan ortiq rus kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. 150 ga yaqin investitsiya loyihalariga egamiz, bu kamida 4 trln dollar degani. Istiqbolli yo‘nalishlarimiz ancha, masalan Samarqanddan Sankt-Peterburggacha bo‘lgan turistik yo‘nalishni ishlab chiqdik. Rossiya ishbilarmonlarini yanayam O‘zbekistonda faol bo‘lishga chaqiraman”, dedi Mixail Mishustin.
Ozarboyjon bosh vaziri ham global bozorlardagi o‘zgarishlar sabab investitsiyaviy yaqinlikni kengaytirishni gapirdi.
Belarus bosh vaziriga ko‘ra esa, Minsk Toshkentga sanoat sherikligini taklif qilmoqda.
“Belarus O‘zbekistonga investitsiya kiritish bo‘yicha MDH regionida 2-o‘rinda turibdi. Biz bu davlatga o‘z takliflarimizni berganmiz, ulardan biri sanoat sherikligi. Bizning qishloq xo‘jaligi texnikalarimiz, ayniqsa traktorlar allaqachon O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda”, dedi Belarus bosh vaziri.
Investitsiya forumi ikki kun davomida turli sessiyalarda ham davom etadi. Unda energetika sektori, siyosiy xatarlar va aralash moliyalashtirish, korporativ boshqaruvning kelajagi, mas’uliyatli biznes yuritish, islomiy moliya va sukuk bozorlari, maxsus iqtisodiy zonalar, suv-energiya-oziq-ovqat zanjiri, yengil sanoat loyihalari, elektrotexnika va mashinasozlik, iqlimga mos agro platforma va boshqa mavzular muhokama qilinadi.
O‘zbekiston investorlar uchun ochiqligini saqlab qolishi kerak, deydi Kun.uz bilan gaplashgan Germaniyadagi KfW IPEX Banking Group vakili.
“Prezidentning gaplari ta’sirli, biz allaqachon O‘zbekistonda 2 mlrd yevrodan ortiq portfelga egamiz. Xususan, metallurgiya, tog‘-kon sanoati, energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, bank sohalarida juda faolmiz”, deydi Yekaterina Galitsina.
– Kredit reytinglarini yanada yaxshilash uchun O‘zbekiston yana nimalar qilishi kerak?
“Bu ko‘p masalalarga bog‘liq, lekin menimcha, shunchaki islohotlarni davom ettirish, xalqaro sarmoyalar oqimiga ochiq bo‘lish juda muhim. Chunki ko‘rib turganingizdek, bu yerga butun dunyodan, barcha mamlakatlardan juda ko‘p sarmoyalar kirib kelmoqda, to‘g‘rimi? G‘arb kompaniyalaridan tortib, Ko‘rfaz mintaqalari, Shimoliy mamlakatlar, Janubiy Osiyogacha. Va har bir mamlakat, har bir sarmoya mamlakat uchun yangi tajriba va yangi ko‘mak olib kelishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.
AQShning FLS kompaniyasi vitse-prezidenti Peter Flanagan fikricha esa O‘zbekiston mis sanoati bo‘yicha jahondagi yetakchilardan biriga aylanishi mumkin.
“Kecha prezident bizni, amerikalik investorlarni o‘z saroyida qabul qildi. Biz tog‘-kon sanoatida ishlaymiz, ya’ni oltin, mis, litiy kabi strategik muhim xomashyolarni chiqarishga yordam beruvchi texnologiyalarni ishlab chiqaramiz. O‘zbekistonda strategik minerallarning anchasi mavjud. Ular allaqachon o‘zlashtirilmoqda, masalan Olmaliqdagi yirik mis loyihasida qatnashyapmiz. Prezident nimalar bo‘layotganiga shaxsan qiziqadi. 38 yildan beri shu sohada ishlayman, qaysi kanalni qo‘ysangiz hozir strategik xomashyolarni gapiradi. Bilasizmi, mis bo‘yicha O‘zbekiston jahondagi yetakchilarga aylanishi mumkin”, deydi amerikalik investor.
Dunyoga mashhur arxitektura kompaniya Zaha Hadid Architecs direktori ham forum qatnashchilari qatorida. Uning kompaniyasi Yangi Toshkentdagi Alisher Navoiy tadqiqot markazini loyihalayapti.
“Birinchi marta investitsiya forumidaman. Mintaqada ancha yillardan beri faoliyat olib boramiz, O‘zbekiston uchun sarmoyaviy imkoniyatlar va qiziqarli loyihalar ko‘payotganini ko‘rish yoqimli”, deydi Manuela Gatto.
– O‘zbekiston bilan bog‘liq loyihangiz haqida eshitdim. Bizning tomonimiz bilan ishlash qanchalik qulay yoki oson bo‘ldi?
– Biz uchun juda oson bo‘ldi. Biz Yangi Toshkent direksiyasi bilan, ya’ni hukumat tomoni bilan ishladik va biz uchun hamma narsa juda oddiy va tushunarli edi, shu bois hech qanday muammoga duch kelmadik.
– U qachon amalga oshiriladi?
– Xo‘sh, hozirda u qurilish bosqichida, poydevor qismini qurib bo‘lishdi va u keyingi bir necha yil ichida qad rostlaydi.
– Loyihangiz haqida ko‘proq ma’lumot bera olasizmi? Uni qanday tanladingiz va O‘zbekiston tomonidan moliyalash haqida nima deya olasiz?
-Xo‘sh, biz me’mormiz, shu sababli moliyaviy tomoni bilan bevosita shug‘ullanmadik. Bu Yangi Toshkentni, ya’ni shu yerda, Toshkent yonida quriladigan ikki million aholiga mo‘ljallangan yangi shaharni moliyalashtirishning bir qismi hisoblanadi. Demak, bu hukumat tomonidan moliyalashtiriladi va biz me’mor sifatida o‘z xizmatlarimizni taqdim etyapmiz, deya qo‘shimcha qildi ZHA direktori.
Eslatib o‘tamiz, prezident Mirziyoyev o‘z nutqida shuningdek, nufuzli iqtisodiy reytingda mamlakat 14 pog‘ona yuqorilagani, bu yili O‘zbekiston YaIM 180 mlrd dollardan oshishini ma’lum qildi. Forum 18 iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda may oyida biznes bo‘yicha qaysi hududlar faol bo‘ldi?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil may oyi yakunida O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligining asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha barqaror o‘sish qayd etildi.
Monitoring Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasining tezkor ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan. Natijalar iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida ijobiy dinamika saqlanayotganini ko‘rsatdi.
Xususan, soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,8 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Navoiy, Sirdaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha 30 foizdan yuqori bo‘lgan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tushumlari 18,6 foizga, mol-mulk solig‘i 15,2 foizga va yer solig‘i 31,9 foizga ko‘paygan.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatkichlari ham yuqori o‘sishni namoyon etdi. Tovarlar eksporti hajmi yillik hisobda 31,8 foizga oshgan.
Bu borada Navoiy viloyati 53,7 foizlik o‘sish bilan birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyatida eksport 52,8 foizga ko‘paygan. Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida ham yuqori natijalar qayd etildi.
Bojxona to‘lovlari 20,1 foizga o‘sdi. Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich 63,3 foizni, Navoiy viloyatida esa 52,8 foizni tashkil qildi. Farg‘ona, Samarqand va Qoraqalpog‘istonda ham barqaror o‘sish kuzatildi.
Kreditlash sohasida eng yuqori o‘sish Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keldi. Hududda ajratilgan kreditlar hajmi 54,8 foizga oshgan.
Hisobot davrida mamlakat bo‘yicha 36 ming 957 ta yangi korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi. Eng ko‘p yangi subyektlar Toshkent shahrida — 8 ming 29 ta qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 3 ming 857 ta, Xorazm viloyatida 3 ming 151 ta, Samarqand viloyatida 2 ming 994 ta va Farg‘ona viloyatida 2 ming 662 ta yangi korxona tashkil etildi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi esa 14,2 foizga oshdi. Birja faolligi bo‘yicha Navoiy viloyati 46,6 foizlik o‘sish bilan yetakchilik qildi. Buxoro, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida ham mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha 30 foizdan yuqori o‘sgan.
-
Siyosat3 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy4 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat4 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Sport3 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Sport5 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada 1 kilogrammdan ortiq gashish olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi
-
Mahalliy4 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
-
Dunyodan2 days ago
Dunyo bo’ylab qochqinlar soni 10 yil ichida birinchi marta kamaydi.
