Jamiyat
O‘zbekistonga juda kuchli issiq havo oqimlari kirib keladi
«O‘zgidromet» kuchli issiq bo‘yicha xabar btlan chiqdi.
Joriy yilning 13-17-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda.
Havo harorati eng issiq kunlarda respublikaning katta qismida 41-43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 44-46 darajagacha ko‘tariladi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.
Jamiyat
8 tilni biladigan 25 yoshli Hojimurod hikoyasi
Surxondaryolik Hojimurod Shoymardonov yetti yildan beri xorijda yashab, turli mamlakatlarda ishlab kelmoqda. Rossiyadan Bolgariyagacha, Turkiyadan Malayziyagacha bo‘lgan ish tajribasi unga xizmat ko‘rsatish sohasi, mehnat migratsiyasi va ta’lim haqida o‘z qarashlarini shakllantirish imkonini bergan. Kun.uz muxbiri suhbatda u chet yeldagi hayotning past-balandliklari va Malayziyadagi faoliyati haqida gapirib berdi.
Bugun minglab o‘zbekistonliklar xorijga yaxshi daromad izlab ketmoqda. Kimdir qurilishda, kimdir ishlab chiqarish, yana kimdir xizmat ko‘rsatish sohasida mehnat qiladi. Ammo ko‘p hollarda odamlar faqat topilgan pulni ko‘radi. O‘sha mablag‘ ortidagi mas’uliyat, ruhiy bosim va tajriba zaruriyati ko‘zga tashlanmaydi. Hojimurodning hikoyasi esa ana shunday qarashlarni biroz o‘zgartirishi mumkin.
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tug‘ilgan 25 yoshli Hojimurod maktabni tamomlagach oliy ta’limga kira olmaydi. Bir muddat san’at yo‘nalishida faoliyat yuritib, ovozlashtirish ishlari bilan shug‘ullanadi. Biroq uning aytishicha, mazkur sohada o‘sha paytda barqaror daromad topish qiyin bo‘lgan.
“San’atga qiziqishim kuchli edi, dublyaj bilan shug‘ullanardim. Ammo vaqt o‘tgani sari faqat qiziqish bilan yashab bo‘lmasligini tushundim. Oilaga tayanch bo‘lish, barqaror daromad topish kerak edi. Shu sabab o‘zimni boshqa sohada sinab ko‘rishni boshladim”, – deydi u.
Shundan so‘ng, Hojimurod o‘zi qiziqqan boshqa yo‘nalishda ishlashni boshlaydi. Ammo mahalliy mehnat bozoridagi maoshlar uning kutilmalariga javob bermaydi. Oqibatda xorijda ishlashga qaror qiladi. Ilk manzili Rossiya bo‘ladi. Dastlab oddiy ishchi sifatida mehnat qilgan Hojimurod rus tilini yaxshi bilgani tufayli keyinchalik logistika kompaniyasiga ishga taklif etiladi.
“Dastlab boshqa migrantlar singari oddiy jismoniy mehnatdan boshladim. O‘sha davr menga intizom va mas’uliyatning ahamiyatini o‘rgatdi. Ish jarayonida rus tilini erkin bilishim e’tiborga tushdi va ko‘p o‘tmay logistika kompaniyasidan taklif oldim. Bu yerda hujjatlar bilan ishlash, yuk tashish zanjirini muvofiqlashtirish, turli millat vakillari bilan muloqot qilish kabi vazifalarni bajardim. O‘shanda bir narsani aniq angladim: xorijda faqat mehnatkash bo‘lishning o‘zi yetarli emas, til bilish va yangi ko‘nikmalarni egallash insonni oddiy ishchidan mutaxassis darajasiga olib chiqadigan eng muhim omillardan biri ekan”, – deydi u.
Rossiyadagi faoliyatidan so‘ng, Hojimurod Bolgariya, Ozarboyjon, BAA va Turkiyada ham ishlab, turli sohalarda tajriba orttiradi. Bugun esa Malayziyada xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritmoqda. Uning aytishicha, turli mamlakatlarda ishlash kasbiy tajriba bilan bir qatorda, odamlar, madaniyat va mehnatga bo‘lgan munosabatni chuqurroq anglash imkonini ham bergan.
Hozirda Hojimurod o‘zbek, rus, tojik, arab, fors, ingliz, hind va urdu tillarida erkin muloqot qila oladi. Biroq bu qobiliyat bir kunda shakllanmagan. Har bir tilni o‘rganish ortida yuzlab soatlik mehnat, xatolar va muntazam mashq yotadi. Aynan shu mehnat keyinchalik unga turli mamlakatlarda bemalol ishlash, yangi odamlar bilan tez til topishish va kasbiy faoliyatida o‘sish imkonini bergan.
“Ko‘pchilik tilni shunchaki gaplashish vositasi deb o‘ylaydi. Aslida esa u yangi imkoniyatlar kaliti. Til bilsangiz, odamlar sizga boshqacha qaraydi, ishonch bildiradi. Ishda ham mas’uliyatingiz ortadi, chunki turli davlatlardan kelgan mijozlar yoki hamkasblar bilan bemalol ishlay olasiz”, – deydi u.
Hojimurod ayni vaqtda Malayziyada restoran boshqaruvi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ishlaydi. Yigitning aytishicha, xorijda mazkur kasbga oddiy ish emas, mas’uliyat va professionallik talab qiladigan soha sifatida qaraladi.
“Bu yerda ofitsiant yoki servis xodimi shunchaki buyurtma olib keladigan odam emas. U restoran obro‘yini shakllantiradigan asosiy insonlardan biri hisoblanadi. Mijoz bilan muloqot, muammoni hal qilish, jamoa bilan ishlash – bularning barchasi yuqori darajada baholanadi. Faoliyatimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, bir kunning o‘zida malay, xitoy, hind va Yaqin Sharq davlatlaridan kelgan odamlar bilan ishlashingiz mumkin. Shuning uchun nafaqat til bilish, balki odamlar mentalitetini tushunish ham juda muhim”, – deydi u.
Suhbat davomida Hojimurod yoshlar orasida keng tarqalgan “avval diplom, keyin ish” degan qarashga ham munosabat bildirdi. Uning fikricha, zamonaviy mehnat bozorida diplom muhim bo‘lsa-da, ish beruvchilar uchun amaliy tajriba hamda ko‘nikmalar ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda.
“Men oliy ta’limni tamomlamaganman. Lekin shu paytgacha ishlagan joylarimning deyarli hech birida mendan diplom so‘rashmagan. Ularni qiziqtirgan narsa qanday ishlashim, muammolarni hal qila olishim va jamoaga foyda bera olishim bo‘lgan. Diplom, albatta, kerak, lekin u tajribaning o‘rnini bosa olmaydi. Bugungi dunyoda inson o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa, imkoniyatlar baribir topiladi”, – deydi u.
Intervyuni to‘liq shaklda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Jamiyat
Kuchli issiqda ishlovchilar qanday huquqlarga ega?
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, kuchli issiq sharoitida mehnat qilayotgan ayrim toifadagi xodimlarga ish kuni davomida qo‘shimcha tanaffuslar berilishi mumkin. Shuningdek, ish beruvchilar dam olish uchun qulay sharoit yaratishi va zarur hollarda xodimlarni masofaviy ishga o‘tkazishi mumkin.
Qonunchilikka muvofiq, may oyidan avgust oyigacha bo‘lgan davrda havo harorati 43 daraja va undan yuqori bo‘lsa, kuchli issiq hisoblanadi. Janubiy va cho‘l hududlarida esa bu ko‘rsatkich 46 daraja va undan yuqori haroratni tashkil etadi.
Bunday sharoitda ochiq havoda yoki sovitilmaydigan hamda isitilmaydigan yopiq xonalarda ishlaydigan xodimlar, shuningdek, yuk ortish-tushirish ishlarida band bo‘lgan shaxslarga ish kuni davomida qo‘shimcha tanaffuslar berilishi mumkin.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish beruvchi xodimlar uchun isitish yoki sovitish uskunalari bilan jihozlangan, dam olishga yaroqli xonalarni ta’minlashi shart.
Shu bilan birga, mehnat sharoitidan kelib chiqib, ish beruvchi qonunchilikda belgilangan tartibda xodimlarni masofaviy ish shakliga o‘tkazishi ham mumkin.
Mutaxassislar esa anomal issiq kunlarda zarurat bo‘lmasa kunning eng issiq vaqtlarida tashqariga chiqmaslik, ochiq havoda uzoq vaqt qolmaslik va organizmda suv tanqisligi yuzaga kelmasligi uchun ko‘proq suyuqlik iste’mol qilishni tavsiya etmoqda.
Jamiyat
Toshkentda Cobalt to‘xtab turgan Lacetti bilan to‘qnashdi
Toshkent shahrining Olmazor tumanida Cobalt va Lacetti rusumli avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga haydovchining oraliq masofani saqlamagani sabab bo‘lgan.
Foto: YHXB matbuot xizmati
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lum qilishicha, hodisa joriy yilning 17 iyun kuni soat 12:50 larda Olmazor tumanidagi Alisher Donish ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1991 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Cobalt avtomobili harakatlanib ketayotgan vaqtda xavfsiz oraliq masofani saqlamagan va yo‘lning o‘ng chetida to‘xtab turgan, 1976 yilda tug‘ilgan haydovchiga tegishli Lacetti avtomobili bilan to‘qnashgan.
Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
YHXB barcha haydovchilarga murojaat qilib, o‘zlari va atrofdagilarning xavfsizligi uchun yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, xususan, harakat vaqtida xavfsiz oraliq masofani saqlash muhimligini eslatdi.
Jamiyat
“Aybi tasdiqlanmagach, qidiruv bekor qilindi” – IIV “Ravshan Zolotoy” bo‘yicha izoh berdi
Turkiyada yashovchi tadbirkor Ravshan Muhitdinovga nisbatan xalqaro qidiruv bekor qilindi. IIV tergov harakatlaridan so‘ng “Ravshan Zolotoy”ning aybi tasdiqlanmaganini ma’lum qildi. 37 yoshli Muhitdinovning ismi aprel oyida Interpol saytida paydo bo‘lgandi.
IIV matbuot anjumanida Ravshan Muhitdinovga nisbatan e’lon qilingan xalqaro qidiruv nega bekor qilinganiga izoh berildi.
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Dilmurod Mirsodiqov jurnalistning shu boradagi savoliga javob qaytarib, Muhitdinovning aybi tasdiqlanmaganini ma’lum qildi.
“2021 yilda holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “Ravshan Zolotoy”ga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Vaqt o‘tgandan keyin javobgarlikka tortish muddati o‘tgani munosabati bilan jinoyat ishining unga nisbatan bo‘lgan qismi tugatilgan.
Bir qator tergov harakatlaridan so‘ng unga nisbatan yana qo‘shimcha arizalar tushgan va qidiruv harakatlari jadallashtirilgan. Barcha tergov harakatlari o‘tkazilgach, uning aybi tasdiqlanmagan va qidiruv harakatlari bekor qilingan”, degan Dilmurod Mirsodiqov.
Ma’lumot uchun, Ravshan Muhitdinovning ismi aprel oyida Interpol saytidagi «qizil bildirishnomalar» ro‘yxatida paydo bo‘lgandi. U mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, uyushgan qurolli guruh tuzish, shuningdek, unga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etish, bezorilik jinoyatlarini sodir etishda ayblangan.
Jamiyat
Navoiyning ham ayrim hududlarida bog‘chalar vaqtincha yopildi
Uchquduq, Nurota, Tomdi va Konimex tumanlarida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 17 iyulgacha to‘xtatildi. Bog‘chalar 20 iyul, dushanba kunidan odatiy tartibda ish faoliyatini davom ettiradi.
Navoiy viloyatining ayrim hududlarida bog‘chalar faoliyati jazirama sababli vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mahalliy hokimlarning farmoyishiga asosan 4 ta tumanda bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
14 iyuldan 17 iyulga qadar quyidagi hududlarda davlat bog‘chalari ishlamaydi:
· Uchquduq tumani;
· Nurota tumani;
· Tomdi tumani (2-, 4-, 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari);
· Konimex tumani (1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-, 8-, 9-, 10-, 11-, 13-, 14-, 15-, 16- va 17-sonli bog‘chalar).
Ushbu qaror bolalarni anomal issiqning salbiy ta’siridan himoyalash va ular xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingani bildirilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul (dushanba) kunidan odatiy tartibda o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Boshqarma viloyatning boshqa hududlaridagi davlat bog‘chalarida o‘rganish ishlari davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq issiq tufayli Qoraqalpog‘istondagi bog‘chalar vaqtincha yopilgandi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Jamiyat5 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Dunyodan5 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyeva Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
-
Sport3 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days agoBYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
-
Jamiyat5 days agoBolaga zo‘ravonlik qilgan tarbiyachiga bog‘chada ishlash 1 yilga taqiqlanishi mumkin
