Jamiyat
O‘zbekistondan Yevropaga migratsiya 4 barobarga oshdi
18-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish va migratsiya jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan axborot berildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarni mehnat qilish uchun chet elga tartibli jo‘natish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tufayli mehnat bozori diversifikatsiya qilinmoqda, fuqarolar asosan yuqori maoshli ish o‘rinlarida ishlash uchun xorijga ketmoqda. Natijada 2016 yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolarning soni kamaygan bo‘lsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablag‘ 3,8 milliard dollardan 2025 yilning o‘n oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetdi.
Taqdimotda xorijiy mehnat bozorida malakali mutaxassislarga katta talab borligi qayd etildi. Hozirda 140 ming nafar mutaxassisga buyurtma mavjud, ammo til va kasbiy malaka bo‘yicha talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasida qilinadigan ishlar hali ko‘plgi ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi xizmatlari tarqoq bo‘lgani uchun odamlar ovoragarchilikka duch kelmoqda.
Shu maqsadda sohadagi xizmatlarni tartibga solish, barcha jarayonlarni “yagona darcha” tamoyili asosida birlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Toshkent shahri Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Poytaxtning Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga o‘qitish maktablari ochiladi.
So‘nggi yillarda Yevropa mamlakatlariga migratsiya oqimi 4 barobar ko‘paygani ta’kidlandi. U yerda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Ayni paytda qator Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas. Prezident tomonidan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarda migratsiya bo‘yicha attashe va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini ko‘paytirish, mamlakatimiz hududlarida esa viza markazlarining ko‘chma ofislarini ochish rejalashtirilgan.
Taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
“Xorijda ish” platformasida 25 turdagi xizmat taqdim etilmoqda, joriy yil boshidan buyon 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Lekin xizmatlarning barchasi ham raqamlashmagan.
Prezidentimiz tizimga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Platformada biometrik identifikatsiya, xorijdagi ish o‘rinlarini real vaqt rejimida kuzatish, fuqarolarga masofaviy maslahat berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar haqida axborot berildi. Migratsiya agentligida fuqarolarga tunu kun tezkor yordam beradigan situatsion markaz tashkil etish taklif qilindi.
Taqdimotda noqonuniy migratsiya va konsalting xizmatlari ko‘rsatishda firibgarlik holatlari ko‘payib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan mehnat migrantlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida xalqaro aeroportlarda interaktiv migratsiya infokiosklarini o‘rnatish, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan konsalting tashkilotlari uchun jarima miqdorini oshirish taklif qilindi. Jinoyat kodeksiga noqonuniy migratsiyani tashkil etish va ko‘maklashish uchun javobgarlik kiritish masalasini o‘rganish topshirildi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada qulay, xavfsiz va shaffof qilish bo‘yicha mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab Janubiy Koreyaga yuborish bo‘yicha firibgarliklar aniqlandi
Koreya davlatiga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.T. 12 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, 38 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni muqaddam Migratsiya Agentligida ishlagan A.A.ga (muqaddam JKning 168 va 211-moddalari bilan sudlangan) berganligi aniqlangan.
Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.R. (muqaddam sudlangan) 2 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, ulardan jami 3 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 3 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Dehqonobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar I.X. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) va A.K. migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali fuqaro B.T.ni Koreya davlatiga ishga yuborishlarini aytib, 2 000 AQSh dollari va 36 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Departamentning Xonobod shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.A. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) 3 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishi uchun viza olib berishini aytib, 2 500 AQSh dollari va 11 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 1 000 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Yu.L. (muqaddam sudlangan) 11 000 AQSh dollari evaziga fuqaro U.F.ni migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, shundan 2 300 AQSh dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.K. 3 500 AQSh dollari evaziga fuqaro A.A.ni Koreya davlatiga ishga ketishi uchun o‘tkaziladigan imtihonlaridan ijobiy natijalar bilan o‘tkazib berishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Vatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
O‘zbekiston prezidenti matbuot va OAV xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigini yo‘lladi.
Davlat rahbari tabrigida mamlakatning bosma va internet nashrlari, teleradiokanallar, axborot va media xizmatlari, nashriyot hamda matbaa korxonalarida faoliyat yuritayotgan ijodiy va texnik xodimlar, jurnalistlar hamda soha faxriylarini samimiy qutladi.
Prezident jurnalistlarni o‘zining doimiy maslakdoshi va jonkuyar do‘sti deb bilishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bu yilgi kasb bayrami milliy matbuot tarixidagi muhim sanalar – jadidlar tomonidan «Taraqqiy» gazetasi tashkil etilganining 120 yilligi hamda O‘zbekistonda ilk radioeshittirishlar boshlanganining 100 yilligi arafasida nishonlanmoqda.
Tabrikda so‘nggi yillarda mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish, axborot sohasini raqamlashtirish va zamonaviy mediamakonni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qayd etildi.
Prezidentning ma’lum qilishicha, bugungi kunda mamlakatdagi qariyb 2 ming 700 ta ommaviy axborot vositasining 67 foizi, noshirlik sub’yektlarining 90 foizdan ortig‘i va matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshib, 15 ming nomdagi 60 milliondan ortiq nusxada kitob nashr etilgan.
Davlat rahbari axborot oqimi ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan sharoitda ishonchli manbalarga tayanish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida 10 ming nafar yoshni qamrab oladigan zamonaviy media-ta’lim tizimi shakllantirilgani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev erkin va mas’uliyatli, xalqchil jurnalistikani davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim sharti deb atab, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, malakasini oshirish hamda mehnatini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.
Shuningdek, prezident O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va jurnalistlarni huquqiy hamda axborot-texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Tabrik so‘zi yakunida davlat rahbari kasb bayrami munosabati bilan davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini qutlab, barcha jurnalistlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va ijodiy muvaffaqiyat tiladi.
Jamiyat
Xorazmda avtobus uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
Xorazm viloyatida jamoat transporti uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Yangi tartib jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, to‘lovlar shaffofligini ta’minlash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish, yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilmoqda.
Elektron to‘lovga o‘tish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 2026 yil 1 iyuldan ShI-4, ShI-5, ShI-7, ShI-13, ShI-18, ShI-19 va ShI-28-sonli avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli «Urganch shahri – Xiva shahri» trolleybus yo‘nalishini qamrab oladi.
Ikkinchi bosqichda qolgan avtobus hamda trolleybus yo‘nalishlarida belgilangan tartibda brutto-shartnomasi rasmiylashtirilgandan keyin yo‘lkira haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi amaliyoti joriy etiladi va to‘lovlar faqat elektron tarzda qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda aholisi eng kam tuman va shaharlar qaysi?
2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam bo‘lgan hudud Navoiy viloyatidagi G‘ozg‘on shahri bo‘ldi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu yerda 9,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Top-10 talikdan Navoiy, Buxoro, Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlari o‘rin olgan.
Reytingning ikkinchi pog‘onasidan Navoiy viloyatining Tomdi tumani joy olgan. Bu yerda 15,3 ming nafar aholi yashaydi. Keyingi o‘rinda esa Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahri qayd etilgan bo‘lib, uning aholisi 19,4 ming nafarni tashkil qiladi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida 20,7 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida 21,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Ro‘yxatdan Jizzax viloyatidagi Yangiobod tumani ham o‘rin olgan. U yerda 30,6 ming nafar aholi yashaydi. Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq tumani aholisi esa 34,1 ming nafarni tashkil etgan.
Navoiy viloyatining Konimex tumanida 36,8 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida 38,9 ming nafar aholi yashaydi. Reytingni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani yakunlab, u yerda 39,9 ming nafar doimiy aholi qayd etilgan.
Jamiyat
Bank sirini bekor qilish emas: Soliq qo‘mitasi izoh berdi
Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga munosabat bildirdi.
Qo‘mita ayrim ommaviy axborot vositalarida loyiha faqat jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bog‘liq tashabbus sifatida talqin qilinayotganini qayd etdi. Rasmiy izohga ko‘ra, bunday yondashuv hujjat mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.
Ta’kidlanishicha, loyihada soliq nazorati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron formatini belgilash taklif etilmoqda. Shu bilan birga, hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi va bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi.
Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan holatlar va tartib doirasida taqdim etishi mumkin. Bu vakolatlar Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan.
Shuningdek, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, soliq solish masalalariga oid ma’lumotlar belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga berilishi mumkin.
Qo‘mita soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanishini ham eslatdi. Bunday ma’lumotlarni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga taqdim etish yoki belgilangan maqsaddan tashqari ishlatish qonun bilan taqiqlangan.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi mexanizmi xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida bunday tizimlar soliq shaffofligini ta’minlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgan.
Soliq qo‘mitasi qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma’lum qildi. Idora fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini muhokamada faol ishtirok etishga chaqirib, kelib tushgan takliflar hujjatni takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqilishini bildirdi.
-
Sport4 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Dunyodan5 days ago
Buyuk Britaniyadagi siyosiy zilzila: Key Starmer iste’foga chiqish arafasida
-
Iqtisodiyot5 days agoMurojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni qariyb 5 millionga yetdi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston uchun nimalar muhim? (video)
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yopishni rad etadi
