Connect with us

Jamiyat

O‘zbekistonda WESP dasturi Hamroh, BMTTD va The Coca-Cola Foundation ishtirokida yangi hamkorlik bosqichini amalga oshirdi

Published

on


2025 yil 11 dekabr kuni Toshkentdagi NBU Tasviriy san’at galereyasida O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan Women Entrepreneurship Support Program (WESP) doirasida Hamroh, BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va The Coca-Cola Foundation yangi hamkorlikni amalga oshirdi. Tashabbus ayollarga biznes boshlash yoki mavjud biznes faoliyatini rivojlantirish uchun grantlar ajratish, trening va maslahat olish xizmatlarini taklif etadi. Tadbirda davlat idoralari vakillari, xalqaro hamkorlar, ekspertlar va turli hududlardan kelgan tadbirkor ayollar ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligining hozirgi holati, mavjud imkoniyatlar va ularga to‘sqinlik qilayotgan omillar muhokama qilindi. Mutaxassislar boshlang‘ich kapitalga kirish imkonining cheklangani, biznes yuritish bo‘yicha yetarli ko‘nikma va huquqiy yordam yetishmasligi, shuningdek, bozorga chiqishdagi qiyinchiliklar ayollar salohiyatining to‘liq namoyon bo‘lishiga to‘sqinlik qilayotganini qayd etdi. WESP dasturi ushbu muammolarni kompleks yechim sifatida qamrab oladi, ya’ni biznesni boshlash uchun grantlar ajratadi, o‘quv dasturlarini taqdim etadi hamda boshlang‘ich biznes vakillari uchun maslahat olish va amaliy ko‘makning birlashtirilgan modeli orqali ayollarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Dastur doirasida ayollar uchun biznesni boshlash yoki rivojlantirishga mo‘ljallangan grantlar, biznes boshqaruvi, moliyaviy savodxonlik, marketing, raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha treninglar Hamroh platformasi orqali taqdim etiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezident administratsiyasi rahbari maslahatchisi va Loyiha ofisi bosh koordinatori Nozimaxon Davletova ayollarni qo‘llab-quvvatlashning davlat siyosatidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. U iqtisodiy faoliyatda ayollarning ishtirok etishi nafaqat o‘z hayotiga, balki jamiyatning umumiy rivojlanishiga ham bevosita ta’sir qilishini ta’kidladi.

“Bugungi kunda ayollarning iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissasi tobora ortib bormoqda. Ayollar o‘z biznesini yurita olishi va iqtisodiy qarorlar qabul qilishi jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun muhim omildir. Ayollarga imkoniyat berish, ularni qo‘llab-quvvatlash kelajak avlodni yetuk va ilmli bo‘lishini ta’minlaydi. Chunki ayol avvalo ona, farzandning tarbiyasi, uning dunyoqarashi va kelajakdagi muvaffaqiyatlari onaning salohiyatiga bog‘liq. Hukumat vakili sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, bugungi kunda davlatimiz ayollarning huquqlarini himoya qilish va ularning iqtisodiy hamda ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xalqaro hamkorlar bilan ishlash ham ana shu ustuvor yo‘nalishlarning mantiqiy davomidir. Davlatimiz bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki ular nafaqat ayollar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qiladi”.

Xalqaro hamkorlar nomidan The Coca-Cola Company Uzbekistan bosh direktori Kazumasa Mukae dastur ahamiyatini quyidagicha izohladi:

“WESP dasturidagi asosiy strategik maqsadimiz ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va ularni biznes jarayonlariga faol jalb qilishdir. Biz Coca-Cola kompaniyasida ayollarni iqtisodiy rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi deb bilamiz. Ayolga resurs, ko‘nikma va ishonch berilsa, u birgina o‘z hayotini emas, balki butun jamiyatdagi ijobiy o‘zgarishlarga turtki bo‘lishi mumkin”.

U shuningdek, ushbu tashabbus kompaniyaning O‘zbekistondagi ijtimoiy mas’uliyat siyosati bilan bevosita bog‘liqligini ham aytib o‘tdi:

“Biz 15 yil davomida ta’lim, ekologiya, ichimlik suvi va aholini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida bir qator loyihalarni amalga oshirdik. WESP ushbu tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘lib, ayollarga barqaror va keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Bizning maqsadimiz O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy o‘sishi uchun zarur ekotizimni shakllantirishdir”.

BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudjii xonim WESP dasturining ahamiyatini alohida ta’kidlab, shunday dedi:

“WESP loyihasini noyob qiladigan jihat – bu uning yaxlit va kompleks yondashuvidir. Tashabbus, ayniqsa qishloq hududlardagi ayollarga tizimli to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam beradi. U mentorlik dasturlari orqali yordam ko‘rsatish, treninglar asosida bilim va ko‘nikmalarni oshirish, qulay shartlarda moliyalashtirish imkoniyatini yaratish orqali ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga katta turtki beradi. Joriy yil boshida ishga tushirilganidan buyon dastur doirasida qariyb 800 nafar ayol treninglarda ishtirok etdi, 100 dan ortiq trenerlar esa maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazildi”.

Tadbir davomida ayollarning real hayotiy tajribasi aks ettirilgan hujjatli film namoyish etildi. Filmda ayollarning bir necha qiyinchiliklarni yengib o‘tishi, biznes yuritishdagi ilk qadamlar va ularning jamiyatga ijobiy ta’siri yoritildi.

WESP tashabbusi doirasida 2025–2026 yillarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi. Kelgusi rejalarda Hamroh platformasi tomonidan bepul maslahat xizmati imkoniyatlarini kengaytirish va ayollar uchun barqaror o‘quv infratuzilmasini tizimlashtirish ham kiritilgan.

Reklama huquqi asosida



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi

Published

on


Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.

O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. 

Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.

Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.

Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Insoniyatni vabo emas, befarqlik mag‘lub qiladi

Published

on


Agar sizdan insoniyatning eng katta dushmani nima, deb so‘rashsa, ehtimol urush, ochlik yoki kasallik deb javob berarsiz. Alber Kamyu esa bu savolga boshqacharoq javob beradi. U – insonning yovuzlikka ko‘nikib qolishini eng og‘ir kulfat deya baholaydi. Chunki urush ham, diktatura ham, epidemiya ham bir kuni tugaydi. Ammo odamlar yomonlikni oddiy hol deb qabul qila boshlasa, haqiqiy falokat ana shunda boshlanadi.

Asar voqealari Aljirning Oran shahrida sodir bo‘ladi. U yerda hayot odatdagidek davom etardi. Biroq bir kuni ko‘chalarda o‘lik kalamushlar paydo bo‘ladi.

Avvaliga hech kim bu holatga ahamiyat bermaydi. Keyin esa odamlar kasallana boshlaydi. Isitma, og‘riq… Birin-ketin o‘limlar.

Shunda ham shahar rahbarlari xavfni tan olishga shoshilmaydi. Chunki «vabo» degan so‘zni aytishning o‘zi katta iqtisodiy va siyosiy oqibatlarga olib kelardi. Turizm to‘xtaydi, savdo buziladi, odamlar vahimaga tushadi.

Baribir Oran shahri butunlay yopiladi. Bir kunda minglab odamlar o‘z yaqinlaridan ajralib qoladi. Kimdir onasini ko‘rolmaydi. Kimdir farzandiga yetib borolmaydi. Kimdir sevgan insoni bilan xayrlashishga ham ulgurmagan.

Shu yerda romanning asosiy qahramoni – doktor Bernard Riyo paydo bo‘ladi. U har kuni kasalxonaga boradi. Bemorlarni qabul qiladi. O‘lganlarni ko‘radi. Yana yangi bemorlarni qabul qiladi. Uning butun qahramonligi shunda.

Riyo yaxshi bilardi: bu kasallikni to‘xtatish qiyin. Balki ilojsiz hamdir. Ammo u kurashdan to‘xtamaydi. 

Roman davomida boshqa qahramonlar ham paydo bo‘ladi. Jurnalist Raymond Ramber dastlab shahardan qochishga harakat qiladi. Uningcha, bu ofat unga tegishli emas. U faqat Parijga, sevgan ayolining oldiga qaytishni istaydi.

Ammo vaqt o‘tgani sayin Ramber boshqa haqiqatni anglaydi. Agar atrofingdagilar halokat bilan yuzma-yuz qolganda sen faqat o‘zingni o‘ylasang, keyin o‘sha baxt ham senga tatimaydi. U shahardan qochish imkoniyati paydo bo‘lganida ham qolishga qaror qiladi.

Jan Tarru esa butun roman davomida daftariga kuzatishlarini yozib boradi. Ammo Tarruning maqsadi voqealarni qayd etish emas. U inson qanday qilib yovuzlikning bir qismiga aylanib qolishini tushunishga harakat qiladi.

Asarni o‘qirkansiz, ruhoniy Panlyuni ham yaxshi eslab qolasiz. U dastlab minbardan turib vaboni Xudoning odamlarga yuborgan jazosi sifatida talqin qiladi. Uningcha, bu falokat gunohlar uchun berilgan jazodir va insonlar tavba qilishi kerak.

Ammo bir kuni u doktor Riyo bilan birga og‘ir azob ichida vafot etayotgan bolaning so‘nggi lahzalarini ko‘radi. Bolaning o‘limi hech qanday falsafa bilan izohlanmaydi. Bu yerda diniy bahs ham, ilmiy bahs ham bir lahzaga ma’nosini yo‘qotadi. Faqat bir savol qoladi: aybsiz inson nega azob chekishi kerak?

Doktor Riyo esa Xudo bilan bahs qilmaydi. Taqdirdan nolimaydi. U bir fikrni takrorlaydi: agar bolalar azob cheksa, begunohlar jabrlansa, men bu azobga qarshi kurashishim lozim. Kamyu uchun insonparvarlik aynan shu nuqtadan boshlanadi.

Asarda yana shunday qahramonlar borki, ular xalqqa kelgan bu kulfatdan quvonishadi, daromad qilishadi. Ular haqida gapirib o‘tirmayman, olti yil avval, pandemiya davrida shu toifa odamlarni ham ko‘rdik.

Shaharda hayot asta-sekin faqat raqamlarda qoladi. Bugun nechta odam o‘ldi? Ertaga-chi? Odamlar aza tutishga ham ulgurmay qoladi. O‘lim oddiy yangilikka aylanadi.

Shu o‘rinda juda og‘ir ichki iqrorga kelasiz. Ya’ni inson hamma narsaga ko‘nikadi. Hatto fojiaga ham. 

Oylar davom etgan kurashdan keyin vabo chekina boshlaydi. Darvozalar ochiladi. Poyezdlar yana qatnaydi. Odamlar bir-biri bilan yana avvalgidek quchoqlashib ko‘rishadi.

Kamyuning romanida shunday ogohlantirish bor: vabo hech qachon butunlay yo‘qolmaydi. U yillar davomida jim yotishi mumkin. Keyin esa odamlar o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan kuni yana qaytib keladi…

Bir so‘z bilan aytganda, «Vabo» romani kasallikdan qanday qutulib qolish haqida bahs yuritmaydi. Bu asar bizga eng og‘ir vaziyatlarda ham inson bo‘lib qolishni o‘rgatadi.

Darvoqe, Doktor Riyoni butun roman davomida balandparvoz nutq so‘zlaganiga guvoh bo‘lmaysiz. U shunchaki o‘z ishini bajaradi. Balki Kamyuning eng katta g‘oyasi ham shu yerdadir. Dunyoni har doim ham mashhur qahramonlar emas, o‘z vazifasini halol bajaradigan oddiy insonlar saqlab qoladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi

Published

on


Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.

Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.

Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.

Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.

Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi

Published

on


Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.

Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.

Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.

Tadqiqot natijalariga  ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.

Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi

Published

on


U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.

Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.

Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.

Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.

Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.