Iqtisodiyot
O‘zbekistonda to‘lov vositasi sifatida steyblkoinlardan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov raqamli valutalar borasida o‘rganishlar olib borilayotganini – Markaziy bankning raqamli valutasini chiqarish yoki tijorat banklariga raqamli valuta chiqarishga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. “Lekin bu qattiq nazorat ostida amalga oshirilishi kerak, chunki u monetar siyosatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi Ishmetov.
Markaziy bank raisi 11 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarning O‘zbekistonda to‘lovlarni amalga oshirishda steyblkoinlardan foydalanish imkoniyati borasidagi savoliga javob berdi.
Steyblkoin (stablecoin) — narxi qat’iy belgilangan yoki muayyan aktivga (odatda AQSh dollari, yevro yoki oltin) bog‘langan kriptovaluta turi. Oddiy kriptovalutalardan farqli ravishda, uning asosiy maqsadi — barqarorlikni saqlash va keskin tebranishlardan himoyalanish.
“Umuman, raqamli valuta mavzusida izlanishlar olib boryapmiz. Raqamli valuta ikki turga bo‘linadi: Markaziy bank raqamli valutasi yoki tijorat banklari raqamli valutasi (agar bank pul bilan ta’minlangan bo‘lsa, raqamli valuta chiqarishiga ruxsat beriladi). Biz hozirda ikkala variantni ham ko‘rib chiqyapmiz. Kecha Fintex sohasini rivojlantirish bo‘yicha davlat rahbariga bergan hisobotimizda ham ushbu masalani pilot loyiha sifatida boshlashni taklif etdik”, – dedi MB raisi.
Timur Ishmetovning ta’kidlashichga, steyblkoin borasida dunyo turlicha yo‘nalishda ketmoqda. Masalan, AQSh qonun qabul qildi: bunda Markaziy bank emas, tijorat banklari raqamli valuta chiqarishi belgilab qo‘yilgan.
“Buning o‘ziga yarasha risklari mavjud. U pul bilan ta’minlangan bo‘lishi, pul zaxiralanganini kafolatlashi kerak. Aks holda, bu qo‘shimcha pul emissiyasiga teng bo‘lib qoladi. Shuning uchun Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan birgalikda texnologik “qumdon” asosida test qilib ko‘rmoqchimiz. Test natijalariga ko‘ra, aholida bunga talab bormi-yo‘qmi, ko‘ramiz”, – dedi u.
Regulyator raisining ta’kidlashicha, bu masaladagi risk shundan iboratki, raqamli valutalar borasida kutilmalar balandroq bo‘ladi.
“Lekin dunyo tajribasi ko‘rsatadiki, mamlakatda to‘lov tizimi yaxshi rivojlangan bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lov vositalarining ahamiyati yuqori bo‘lmaydi. Biz amaliyotdan kelib chiqib qaror qabul qilamiz.
Birinchi tomondan, Markaziy bankning raqamli valutasi haqida ham o‘ylashimiz kerak. Bunday valuta aholining kundalik hayotida emas, asosan tijorat banklari o‘rtasidagi hisob-kitoblarni tezlashtirish yoki boshqa markaziy banklar bilan tranzaksiyalarni amalga oshirish uchun ishlatiladi. Keyingi bosqichlarda barcha variantlarni o‘rganib, test qilib ko‘rish niyatidamiz. Buni qattiq nazorat asosida, risklarni hisobga olgan holda amalga oshirish zarur. Chunki bu monetar siyosatga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi Markaziy bank raisi.
Steyblkoinlar borasida prezidentga taqdimot qilingan
10 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident hisob-kitoblarda steyblkoinlarni qo‘llash va qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.
“Istiqbolli loyihalar milliy agentligimizga Markaziy bank bilan birgalikda steyblkoinlardan hisob-kitoblar uchun to‘lov vositasi sifatida foydalanishni sinovdan o‘tkazish, shuningdek, kapital bozorida qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish topshirildi”, — dedi ILMA rahbarining birinchi o‘rinbosari.
Vyacheslav Pak ILMA, Markaziy bank va boshqa manfaatdor vazirliklar davlat rahbarining topshiriqlarini bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishini ta’kidladi.
Iqtisodiyot
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Source link
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlari AQShning eng yirik savdo tarmog‘i orqali Amerika bozoriga chiqishi mumkin
O‘zbekiston bosh konsuli Axror Burxanov «Costco Wholesale» kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot avvalida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va hunarmandchilik sohalaridagi eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi. Kompaniya vakillariga AQSh bozoriga olib kirishga ruxsat etilgan oliy navli o‘zbek mayizi va quritilgan o‘rik namunalari ham taqdim etildi.
O‘z navbatida, «Costco» vakillari o‘zbek mayizining sifati va tashqi ko‘rinishini yuqori baholab, uni savdo tarmog‘ida sotuvga chiqarish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat davomida pista, grek yong‘og‘i, bodom, golubika, gilos, uzum, anor va boshqa yangi hamda quritilgan mevalarni yetkazib berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda o‘zbekistonlik eksportchilarni AQShdagi qadoqlash va markirovkalash korxonalari bilan bog‘lash, shuningdek, kelgusi yil fevral oyida o‘tkaziladigan mahsulotlar taqdimotida ishtirok etishga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, o‘zbek tekstili, milliy kulolchilik buyumlari, idish-tovoq va qo‘l mehnati asosida tayyorlangan dekorativ mahsulotlarni «Costco» orqali sotish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya vakillari raqobatbardosh mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ularni global xarid jamoalariga taqdim etishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Prezidentning bojxona xizmatiga oid farmoni qabul qilindi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati takomillashtiriladi. «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–174-son, 27.08.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
– bojxona jarayonlarida tadbirkorlik subyektlariga va jismoniy shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish;
– bojxona organlari infratuzilmasini yaxshilash va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish orqali raqamlashtirish darajasini yuqori bosqichga olib chiqish;
– bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish va boshqalar.
2026 yil 1 sentyabrdan quyidagi talablar bekor qilinadi:
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida importni amalga oshirishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish cheklovi;
– tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan invoys asosida eksportni amalga oshirishda oldindan 50 foiz tushumni ta’minlash;
– tovarlar eksportini milliy valyutada amalga oshirishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini (akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi) taqdim etish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda, sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish;
– bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish.
-
Jamiyat3 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Sport3 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat2 days ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Siyosat3 days ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
-
Iqtisodiyot3 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
