Mahalliy
O‘zbekistonda sotuvchilar tovarlarni kechiktirsa, penya to‘lash majburiyati joriy qilinadi
Senat 28-may kuni sotuvchilarning oldi-sotdi shartnomasidagi majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishga doir qo‘shimchalarni qabul qildi. Bu haqda Senat yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Qonunga ko‘ra, agar sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda tovarni yetkazib bermasa, kechiktirilgan har bir vaqt birligi uchun majburiyatning bajarilmagan qismi narxining 0,5 foizi miqdorida penya to‘lashi lozim. Penya umumiy summasi esa topshirilmagan tovar narxidan oshmasligi shart.
Qonunda sotuvchining tovarni kechiktirib yetkazishi oqibatida yuzaga kelgan zarar penya bilan qoplanishi shartligi, lekin agar kechikish iste’molchining aybidan bo‘lsa, penya to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilgan.
Qayd qilinishicha, 2024-yilda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 30,70 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 4,2 mingtasi tovarlarni o‘z vaqtida yetkazib berilmasligi bilan bog‘liq shikoyatlardir. Avtomobillarni yetkazib berishdagi muddat buzilishlari esa 5,3 mingta holatda qayd etilgan.
Mahalliy
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.
Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalliy
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.
Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.
Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.
2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mahalliy
Toshkentda xalqaro universitetlar shaharchasi barpo etiladi
Prezidentga oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish va talabalar xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha strategik loyihalar taqdim etildi.
Unga ko‘ra, yangi integratsiyalashgan «1+3» va «2+2» ta’lim tizimlari joriy qilinib, talabalarning xorijda o‘qish va yashash xarajatlari 10 baravargacha qisqartiriladi. Hozirda Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan har bir talaba uchun yiliga 50 ming dollargacha mablag‘ sarflanmoqda.
Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markazi tomonidan 2027 yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita ta’lim dasturlari markazini tashkil etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda Qatarning «Education City», Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay xalqaro akademik shahri hamda Janubiy Koreyaning Inchxon global kampusi tajribasi asosida nufuzli xorijiy universitetlar filiallari va kampuslarini birlashtiruvchi «Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasi»ni barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 million nafarga yetgan.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
-
Jamiyat4 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Dunyodan5 days ago
Fransiya jangovar robot qo‘shinlarini sinovdan o‘tkazishni boshladi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari ma’lum bo‘ldi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Fransiyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
-
Sport2 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days agoBYD O‘zbekistonda tezkor quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini quradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston Quvaytga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qayta tikladi
