Connect with us

Jamiyat

O‘zbekistonda ish tashlash huquqi joriy etilmoqda. U qanday ishlaydi?

Published

on


O‘zbekistonda xodimlarning ish tashlash huquqi rasman e’tirof etildi. Tegishli qonun 11 iyun kuni prezident tomonidan imzolandi va uch oydan keyin kuchga kiradi. Yaponiyaning Nagoya universitetida ish tashlash huquqiga oid doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan huquqshunos Hasanboy Rahimberganov Kun.uz’ga taqdim etgan maqolasida yangi qonunning asosiy normalarini tushuntirib berdi.

Qonuniy ish tashlash mezonlari

Qonuniy ish tashlash mezonlarini tushunish uchun avvalo Mehnat kodeksiga kiritilayotgan ish tashlash tushunchasiga e’tibor qaratish lozim.

Qonunda yozilgan ta’rifga ko‘ra, ish tashlash – xodimlarning mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ish beruvchi bilan jamoaviy mehnat nizosini hal etish usuli sifatida mehnat majburiyatlarini vaqtincha, ixtiyoriy va birgalikda to‘liq yoki qisman bajarishni to‘xtatishidir.

Ushbu ta’rifdan kelib chiqib, qonuniy ish tashlashni to‘rt asosiy mezon orqali tahlil qilish mumkin: sub’yekt, maqsad, tartib va shakl.

Birinchi mezon: sub’yekt

Yangi qonunga ko‘ra, ish tashlash alohida bitta xodimning individual harakati emas, balki xodimlarning jamoaviy harakatidir. Ya’ni bir xodimning yakka tartibda ishni bajarishdan bosh tortishi ish tashlash deb baholanmaydi. Ish tashlash aynan jamoaviy mehnat nizosi doirasida, xodimlarning umumiy manfaatlarini himoya qilish vositasi sifatida amalga oshiriladi.

Buni jamoaviy mehnat nizosi tushunchasi ham tasdiqlaydi. Jamoaviy mehnat nizosi xodimlar yoki ularning vakillari bilan ish beruvchi yoki uning vakillari o‘rtasida yuzaga keladigan nizo hisoblanadi. Demak, ish tashlash ham aynan xodimlarning yakka tartibdagi emas, balki birgalikdagi harakati sifatida ko‘riladi.

Ish tashlash to‘g‘risidagi qaror ham bitta xodim tomonidan emas, balki umumiy yig‘ilishda yoki konferensiyada qabul qilinadi. Bunda umumiy yig‘ilish yoki konferensiya ishtirokchilarining 50 foizidan ko‘prog‘i yoqlab ovoz berishi talab etiladi. “Xodimlar” deganda esa ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan barcha xodimlar nazarda tutiladi.

Demak, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlar ish tashlash huquqiga ega. Biroq bu huquq yakka tartibda emas, balki jamoaviy mehnat nizosi doirasida amalga oshiriladi. Shu ma’noda, qonun ish tashlashni individual emas, jamoaviy huquq sifatida belgilayotgani to‘g‘ri yondashuvdir.

Shu bilan birga, ish tashlashga rahbarlik qilish masalasi alohida e’tibor talab qiladi. Ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan mehnat jamoasi ish tashlashga rahbarlik qiluvchi vakilni tanlaydi. Bu vakil boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi vakili bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi mezon: maqsad

Qonundagi ta’rifga ko‘ra, ish tashlashning maqsadi – xodimlarning mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Bu juda muhim mezondir.

Demak, har qanday norozilik ish tashlash deb hisoblanmaydi. Ish tashlash mehnat munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Masalan, ish haqi, mehnat sharoitlari, ish vaqti, dam olish vaqti, xavfsiz mehnat sharoitlari, jamoa shartnomasi shartlari, kasbiy manfaatlar bilan bog‘liq da’vosiz xususiyatga ega bo‘lgan nizolar ish tashlashga asos bo‘lishi mumkin.

Aksincha, siyosiy talablar, umumiy norozilik yoki mehnat munosabatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan masalalar ushbu qonun doirasidagi ish tashlash sifatida baholanmaydi. Chunki ish tashlash amalga oshirilishi uchun manfaatga doir jamoaviy mehnat nizosi mavjud bo‘lishi va talablar bevosita ish beruvchiga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Bu yondashuvning ijobiy tomoni shundaki, ish tashlash huquqi aniq mehnat-huquqiy maydonda saqlanadi. Ya’ni ish tashlash siyosiy norozilik shakli emas, balki xodimlarning mehnatga oid manfaatlarini himoya qilish vositasi sifatida tartibga solinadi.

Uchinchi mezon: tartib

Avvalo, jamoaviy mehnat nizosini yarashtiruv-vositachilik taomillari orqali hal qilishga urinish talab etiladi. Mehnat kodeksi mazmunidan kelib chiqib, bunday taomillarga yarashtirish komissiyasi, mediator ishtirokida ko‘rib chiqish va mehnat arbitraji kiradi. Ushbu yo‘llar orqali kelishuvga erishilmasa, ish beruvchi ularda ishtirok etishdan bosh torsa yoki erishilgan kelishuvni bajarmasa, xodimlar ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Bu yerda muhim bir jihat bor: ish tashlashni oddiygina “eng oxirgi vosita” deb tushunish har doim ham to‘g‘ri emas. Agar masalan, yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilgan bo‘lsa-yu, ish beruvchi bu kelishuvni bajarmasa, xodimlar barcha boshqa taomillarni qaytadan bosib o‘tmasdan ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bu esa ish tashlash faqat barcha protseduralar tugagandan keyingina qo‘llanadigan mutlaq oxirgi chora emasligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, ish tashlash boshlanganidan keyin ham nizo avtomatik hal bo‘lib qolmaydi. Xodimlar va ish beruvchi ish tashlash davomida ham yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari orqali nizoni hal qilishga harakat qilish majburiyati belgilanmoqda. Demak, ish tashlashning maqsadi nizoni keskinlashtirish emas, balki ish beruvchini muzokaraga qaytarish va kelishuvga erishishdir.

Shuningdek, sudlar tomonidan ish tashlash qonuniyligiga baho berishda umumiy yig‘ilish tartibi, ovoz berish natijalari, ish beruvchini yozma xabardor qilish va tegishli davlat organlarini ogohlantirish muddatlari amaliyotda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

To‘rtinchi mezon: shakl

Qonundagi ta’rifga ko‘ra, ish tashlash mehnat majburiyatlarini vaqtincha, ixtiyoriy va birgalikda to‘liq yoki qisman bajarishni to‘xtatishdir. Bu ta’rifdan uchta muhim belgi kelib chiqadi.

Birinchidan, ish tashlash vaqtinchalik bo‘ladi. U mehnat munosabatlarini butunlay tugatish emas, balki jamoaviy mehnat nizosini hal qilish uchun qo‘llanadigan vaqtinchalik bosim vositasidir.

Ikkinchidan, ish tashlash ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Hech kim xodimni ish tashlashda qatnashishga ham, qatnashmaslikka ham majbur qila olmaydi.

Uchinchidan, ish tashlash to‘liq yoki qisman bo‘lishi mumkin. Ya’ni xodimlar barcha ishni to‘xtatishi ham, ayrim mehnat majburiyatlarini bajarishni vaqtincha rad etishi ham mumkin.

Bu ta’rif nisbatan keng va amaliyot uchun foydali. Chunki ish tashlash har doim korxona yoki tashkilotning butunlay to‘xtab qolishi degani emas. Ba’zan xodimlar ayrim ish turlarini bajarishni to‘xtatish orqali ham jamoaviy talablarini bildirishi mumkin.

Shu bilan birga, ish tashlashni amalga oshirishda jamoat tartibi, ish beruvchi va xodimlarning mol-mulki xavfsizligi, shuningdek, to‘xtatilishi inson hayoti va sog‘lig‘iga bevosita xavf tug‘diradigan uskunalarning ishlashi ta’minlanishi kerak. Bu talab ish tashlash huquqi bilan jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga qaratilgan.

Ish tashlashga oid cheklovlar

Qonunda ish tashlash huquqi tan olinishi bilan birga, ayrim cheklovlar ham nazarda tutilmoqda. Bu tabiiy holat, chunki ish tashlash huquqi mutlaq huquq emas. Ayniqsa, inson hayoti, sog‘lig‘i, jamoat xavfsizligi, davlat xavfsizligi yoki uzluksiz ishlashi zarur bo‘lgan xizmatlar bilan bog‘liq sohalarda ish tashlash masalasi ehtiyotkorlik bilan tartibga solinadi.

Biroq cheklovlar qanchalik zarur bo‘lmasin, ular ish tashlash huquqining o‘zini amalda yo‘qqa chiqarib qo‘ymasligi kerak. Agar taqiqlangan sohalar doirasi haddan tashqari keng talqin qilinsa yoki “jamoat tartibiga xavf” kabi umumiy tushunchalar asosida har qanday ish tashlash cheklansa, qonun bilan tan olingan huquq amalda ishlamaydigan institutga aylanib qolishi mumkin.

Shu sababli ish tashlashga oid cheklovlar aniq, asosli va mutanosib qo‘llanishi lozim. Bu yerda asosiy mezon shunday bo‘lishi kerak: cheklov jamiyat uchun zarur bo‘lgan minimal xavfsizlikni ta’minlashi kerak, lekin xodimlarning jamoaviy manfaatlarini himoya qilish imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqarmasligi lozim.

Shu nuqtayi nazardan, Mehnat kodeksida bunday muvozanatni ta’minlash uchun ikki asosiy mexanizm qo‘llanishi nazarda tutiladi. Birinchisi, ish tashlash davomida aholining hayoti, sog‘lig‘i yoki xavfsizligi uchun zarur bo‘lgan minimal xizmatlar saqlab qolinishi. Ikkinchisi esa ayrim muhim xizmatlar sohasida ish tashlash o‘rniga nizoni majburiy mehnat arbitraji orqali hal etish tartibini joriy etishdir.

Qonunga ko‘ra, favqulodda holat paytida, urush holatida, umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrda ish tashlash taqiqlanadi.

Quyidagi shaxslarning ish tashlashda qatnashishi mumkin emas: tibbiyot xodimlari; davlat fuqarolik xizmatchilari; harbiy xizmatchilar, sudyalar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari; energiya va suv ta’minoti tizimi tashkilotlari xodimlari; aloqa tizimi xodimlari.

Ish tashlashdagi kafolatlar

Xodimni qonuniy ish tashlashda qatnashgani uchun intizomiy javobgarlikka tortish mumkin emas. Bu – ish tashlash huquqining eng muhim kafolatlaridan biridir.

Shu bilan birga, qonunda ayrim masalalar aniqlik talab qiladi. Masalan, agar ish tashlash keyinchalik sud tomonidan noqonuniy deb topilsa, xodimlar yoki ish tashlashga rahbarlik qilgan organ qanday oqibatlarga duch keladi? Kimlar intizomiy javobgarlikka tortiladi? Yoki faqat ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalasi qo‘llanadimi? Bu masala amaliyotda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yana bir bahsli jihat ma’muriy javobgarlik bilan bog‘liq. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ish tashlash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish uchun javobgarlik 201-2-modda sifatida belgilanmoqda. E’tiborli jihati shundaki, 201-modda yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish va o‘tkazish tartibini buzish haqida. Ish tashlash esa bu institutlardan farqli ravishda bevosita mehnat munosabatlari va birlashish erkinligi doirasida yuzaga keladigan huquqiy institutdir.

Shu sababli ish tashlashni ommaviy tadbirlar bilan bir huquqiy mantiqda ko‘rish ehtiyotkorlikni talab qiladi. Ish tashlash – bu ko‘cha namoyishi emas. U xodimlar va ish beruvchi o‘rtasidagi jamoaviy mehnat nizosini hal qilish vositasidir. Agar javobgarlik masalasida bu farq yetarli hisobga olinmasa, ish tashlash huquqi mehnat huquqi instituti sifatida emas, jamoat tartibiga oid xavf sifatida talqin qilinishi mumkin.

Xalqaro sud xulosasi nima uchun muhim?

Bu masala xalqaro huquq nuqtayi nazaridan ham dolzarb. 2026 yil 21 may kuni Xalqaro sud ish tashlash huquqi Xalqaro mehnat tashkilotining 87-sonli “Birlashmalar erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi konvensiyasi doirasida himoyalanishini e’tirof etdi.

Ushbu xulosa O‘zbekiston uchun ham muhim. Chunki O‘zbekiston – mazkur konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlatlardan biridir. Xalqaro sudning maslahat xulosasi shuni ko‘rsatadiki, ish tashlash huquqi birlashish erkinligining ajralmas qismi hisoblanadi. Agar xodimlar tuzgan tashkilotlar o‘z a’zolarining manfaatlarini himoya qilish uchun real vositalarga ega bo‘lmasa, birlashish erkinligi amaliy mazmunini yo‘qotadi.

Shu bilan birga, Xalqaro sud ish tashlash huquqini mutlaq va cheksiz huquq sifatida talqin qilmagan. Davlat ushbu huquqni tan olishi, lekin uni xodimlar, ish beruvchilar va jamiyat manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni saqlagan holda tartibga solishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi qonuni aynan shu yo‘nalishda tashlangan muhim qadamdir. Qounn ish tashlash huquqini tan oladi, uni amalga oshirish tartibini belgilaydi va ayrim cheklovlarni nazarda tutadi. Endi asosiy masala – ushbu normalarning qog‘ozda qolib ketmasligi va amalda ishlaydigan mexanizmga aylanishidir.

Hasanboy Rahimberganov,

Toshkent davlat yuridik universiteti

katta ilmiy xodimi,

yuridik fanlar doktori



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi

Published

on


Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.

Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin

Published

on


Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.

Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.

Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.

Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.

Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.

O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi

Published

on


Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.

Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.

Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.

Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.

Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.

Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi

Published

on


Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.

Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.

Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.

Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.