Iqtisodiyot

O‘zbekistonda benzin narxi jahondagi neft bahosiga qanchalik bog‘liq?

Published

on


O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsa-da, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yilda yilga oshib boryapti. Xususan, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida qariyb 166 mln dollarlik 279 mln litr benzin import qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 2 barobarga, qiymat jihatdan esa 2,1 barobarga ko‘p. Oxirgi oylarda ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilyapti.

Joriy haftadagi birja savdolari boshlanishi bilan jahon energetika bozorida kuchli tebranish kuzatildi. Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashishi fonida neft narxi 2022 yildan beri ilk bor bir barrel uchun 100 dollardan oshdi. Keskin o‘sishning asosiy omillari nimalardan iborat va bu O‘zbekiston ichki bozoriga qanday ta’sir qiladi?

Nega neft narxi keskin oshdi?

O‘tgan dam olish kunlari Yaqin Sharqdagi vaziyat yana keskinlashdi. Isroil Erondagi yonilg‘i saqlash omborlari bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Eng kamida beshta energetika obekti hujumga uchragan. Ijtimoiy tarmoqlarda Tehron va atrofdagi hududlarda boshlangan yirik yong‘inlar videolari tarqaldi. Bunga javoban Eron ham Bahrayndagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. Kuvayt milliy neft kompaniyasi javob zarbalari fonida ehtiyot chorasi sifatida qazib olish hajmini qisqartirganini e’lon qildi.

Global neft tanqisligi haqidagi xavotirlar o‘tgan hafta oxirida Qatar energetika vazirining bayonotidan so‘ng kuchaygandi. U agar urush to‘xtamasa, Fors ko‘rfazi davlatlaridagi barcha energiya eksportchilari bir necha hafta ichida qazib olishni to‘xtatishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Bunday holatda neft narxi bir barrel uchun 150-200 dollargacha ko‘tarilish ehtimoli bor.

Shuningdek, Eron dunyodagi asosiy neft ta’minoti yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopdi. Taqiq barcha kemalarga, jumladan, tijorat kemalari va neft tankerlariga ta’sir qildi. Strategik yo‘lakda trafik deyarli to‘xtagan, kemalarning bir qismi raketa zarbalariga uchradi. Jahon neftining qariyb 20 foizi aynan ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Bu esa jahon bozorida taklifni qisqartirib, narxlarning keskin ko‘tarilishiga olib kelyapti. Saudiya Arabistoni, BAA va Kuvaytdagi neft omborlari deyarli to‘lib ketgan. Bu esa agar xom neft Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali eksport qilinmasa, yirik neft konlarini vaqtincha yopishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini anglatadi.

Bundan tashqari, geosiyosiy xavf ortgan paytda investorlar energiya resurslarini “xavfsiz aktiv” sifatida sotib olishga harakat qiladi. Natijada fyuchers bozorida talab keskin oshadi va bu ham narxlarni yuqoriga ko‘taradi.

Benzin importiga qaramlik

O‘zbekistonda neft qazib olish va qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lsa-da, ichki ehtiyojni to‘liq qoplash uchun importga bog‘liqlik yilda yilga oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar-fevral oylarida qariyb 166 mln dollarlik 279 mln litr benzin import qilingan. Bu 2025 yilning mos davriga nisbatan miqdor jihatdan 2 barobarga, qiymat jihatdan esa 2,1 barobarga ko‘p. Oxirgi oylarda ichki talabning qariyb teng yarmi tashqaridan olib kirilayotgan benzin hisobiga qondirilyapti.

O‘z navbatida ichki ishlab chiqarish hajmi ham oxirgi 2 yilda sezilarli darajada kamaydi. Masalan, 2023 yilda 1 mln 333 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilda 1 mln 200 ming tonnagacha yoki 10 foizga qisqargan.

O‘zbekiston xom neft hamda benzin mahsulotlarini asosan Rossiyadan import qiladi. Jahon bozorida neft qimmatlashganda, eksportyor davlatlar narxlarni oshiradi. Natijada, mamlakatdagi yonilg‘i quyish shoxobchalariga kirib kelayotgan benzinning tannarxi avtomatik ravishda ko‘tariladi va bu chakana narxlarda ham aks etishi mumkin. O‘zbekistonda avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan. Narxlar bozordagi erkin talab va taklif qonuniyati natijasida shakllanishi ko‘zda tutilgan. Xususan, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlillariga ko‘ra, 2022 yil yanvar-iyun oylarida global neft narxining 39,2 foizga oshishi birjada avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxining 22,4 foizga ko‘tarilishiga olib kelgan. 2022 yil iyul-dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2 foizga tushishi ulgurji narxlarning o‘rtacha 21,3 foizga arzonlashishiga sabab bo‘lgan. Bu esa ichki bozordagi benzin narxi global narxlarga sezuvchan ekanini ko‘rsatadi.

Alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda benzin iste’molchilarga yetib borgunga qadar turli ko‘rinishlarda eng ko‘p soliq qo‘shiladigan tovarlardan biri hisoblanadi. Yuqori benzin narxi iqtisodiyot uchun juda ham xatarli. Chunki benzin narxi oshishi proporsional tarzda iste’molni kamaytirmaydi va barcha tovar va xizmatlar bahosiga bosim o‘tkazadi. Yonilg‘i energetika resurslari narxlari o‘sishi bilan birinchi navbatda oziq-ovqat, keyin xizmatlar narxlari qimmatlashishni boshlaydi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version