Jamiyat
O‘zbekistonda aholisi eng kam tuman va shaharlar qaysi?
2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholisi eng kam bo‘lgan hudud Navoiy viloyatidagi G‘ozg‘on shahri bo‘ldi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu yerda 9,5 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Top-10 talikdan Navoiy, Buxoro, Sirdaryo va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlari o‘rin olgan.
Reytingning ikkinchi pog‘onasidan Navoiy viloyatining Tomdi tumani joy olgan. Bu yerda 15,3 ming nafar aholi yashaydi. Keyingi o‘rinda esa Sirdaryo viloyatidagi Shirin shahri qayd etilgan bo‘lib, uning aholisi 19,4 ming nafarni tashkil qiladi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida 20,7 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida 21,8 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
Ro‘yxatdan Jizzax viloyatidagi Yangiobod tumani ham o‘rin olgan. U yerda 30,6 ming nafar aholi yashaydi. Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq tumani aholisi esa 34,1 ming nafarni tashkil etgan.
Navoiy viloyatining Konimex tumanida 36,8 ming nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir tumanida 38,9 ming nafar aholi yashaydi. Reytingni Navoiy viloyatining Uchquduq tumani yakunlab, u yerda 39,9 ming nafar doimiy aholi qayd etilgan.
Jamiyat
Xorazmda avtobus uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi
Xorazm viloyatida jamoat transporti uchun to‘lovlar to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Yangi tartib jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, to‘lovlar shaffofligini ta’minlash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali yashirin iqtisodiyotni bartaraf etish, yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilmoqda.
Elektron to‘lovga o‘tish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich 2026 yil 1 iyuldan ShI-4, ShI-5, ShI-7, ShI-13, ShI-18, ShI-19 va ShI-28-sonli avtobus yo‘nalishlari hamda T1-sonli «Urganch shahri – Xiva shahri» trolleybus yo‘nalishini qamrab oladi.
Ikkinchi bosqichda qolgan avtobus hamda trolleybus yo‘nalishlarida belgilangan tartibda brutto-shartnomasi rasmiylashtirilgandan keyin yo‘lkira haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi amaliyoti joriy etiladi va to‘lovlar faqat elektron tarzda qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
Jamiyat
Bank sirini bekor qilish emas: Soliq qo‘mitasi izoh berdi
Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga munosabat bildirdi.
Qo‘mita ayrim ommaviy axborot vositalarida loyiha faqat jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bog‘liq tashabbus sifatida talqin qilinayotganini qayd etdi. Rasmiy izohga ko‘ra, bunday yondashuv hujjat mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.
Ta’kidlanishicha, loyihada soliq nazorati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron formatini belgilash taklif etilmoqda. Shu bilan birga, hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi va bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi.
Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan holatlar va tartib doirasida taqdim etishi mumkin. Bu vakolatlar Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan.
Shuningdek, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, soliq solish masalalariga oid ma’lumotlar belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga berilishi mumkin.
Qo‘mita soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanishini ham eslatdi. Bunday ma’lumotlarni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga taqdim etish yoki belgilangan maqsaddan tashqari ishlatish qonun bilan taqiqlangan.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi mexanizmi xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida bunday tizimlar soliq shaffofligini ta’minlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgan.
Soliq qo‘mitasi qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma’lum qildi. Idora fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini muhokamada faol ishtirok etishga chaqirib, kelib tushgan takliflar hujjatni takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqilishini bildirdi.
Jamiyat
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda sel-suv toshqinlari xavfi e’lon qilindi
O‘zgidromet 28 iyun – 3 iyul kunlari respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida kuchli yomg‘irlar kuzatilishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari ham kuzatilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li hamda tog‘oldi tumanlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.
Xususan, xavf Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot, shuningdek Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator tog‘li va tog‘oldi tumanlarida kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam oluvchilar hamda ushbu hududlar orqali harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Shu bilan birga, respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Bu pastqam joylarning suv ostida qolishiga va mahalliy suv toshqinlari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar aholiga ob-havo haqidagi rasmiy ma’lumotlarni muntazam kuzatib borish, xavfli hududlarga bormaslik hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni tavsiya etmoqda.
Jamiyat
Ijtimoiy himoya tizimida ish haqi shartlari yangilandi
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tasdiqlandi. Shuningdek, mazkur muassasalar xodimlari uchun ish haqi razryadlari hamda ko‘p yillik mehnat faoliyati uchun har oylik ustamalar miqdori belgilandi.
Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Tegishli idoraviy hujjat 2026 yil 25 iyun kuni 3589-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Hujjatga muvofiq, quyidagi muassasalarda faoliyat yurituvchi direktor, bosh vrach, ularning o‘rinbosarlari, bosh hamshira, bosh buxgalter, buxgalter, iqtisodchi, kadrlar bo‘yicha inspektor hamda ijtimoiy xodimlar uchun mehnatga haq to‘lash razryadlari belgilandi:
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «G‘amxo‘rlik» markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar.
Shuningdek, ushbu lavozimlarda ishlovchi xodimlarga mehnat stajiga qarab har oylik ustama to‘lanishi belgilandi. Unga ko‘ra:
1 yildan 3 yilgacha — 30 foiz;
3 yildan 5 yilgacha — 60 foiz;
5 yildan 10 yilgacha — 80 foiz;
10 yildan 15 yilgacha — 100 foiz;
15 yil va undan ortiq mehnat stajiga ega xodimlarga — 120 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
Yangi tartib ijtimoiy himoya tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning mehnatiga munosib haq to‘lash va ularni uzoq muddatli faoliyatga rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Valyuta bozorida talab va taklif keskin oshdi – Markaziy bank
Markaziy bank 2026-yilning yanvar–may oylari bo‘yicha ichki valyuta bozori sharhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklif sezilarli darajada oshgan bo‘lsa-da, milliy valyuta kursi nisbatan barqaror saqlanib qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yilning dastlabki besh oyida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan jami talabi 25,7 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,1 foizga yuqori.
Shu jumladan, korxonalar tomonidan 20,2 milliard dollarlik valyuta xarid qilingan bo‘lsa, aholi 5,5 milliard dollar miqdorida chet el valyutasini sotib olgan.
Ayni vaqtda valyuta taklifi ham o‘sishda davom etgan. Hisobot davrida bozorga jami 22,3 milliard dollar taklif qilingan bo‘lib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 28,6 foiz yoki qariyb 5 milliard dollarga ko‘pdir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, besh oy davomida aholi tijorat banklariga 10,2 milliard dollar sotgan. Yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi esa 12,1 milliard dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, valyuta bozoridagi yuqori faollikka qaramasdan, milliy valyuta kursi nisbatan barqaror qolgan. Yanvar–may oylarida dollar kursi 11 938 so‘mdan 12 320 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda harakatlangan va yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu davrda dollar kursining o‘rtacha kunlik tebranishi 30 so‘m yoki 0,25 foizni tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, valyuta taklifining o‘sishi, aholi va biznesning banklar orqali valyuta operatsiyalarini faol amalga oshirayotgani ichki valyuta bozoridagi barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
-
Jamiyat5 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Siyosat4 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeTTB bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
-
Dunyodan4 days ago
Buyuk Britaniyadagi siyosiy zilzila: Key Starmer iste’foga chiqish arafasida
-
Jamiyat5 days agoBloger Geydar Aliyev 5 sutkaga qamaldi
