Jamiyat
O‘zbekistonda aholining ovqatlanish holati baholanmoqda
To‘plangan ma’lumotlar asosida milliy darajadagi dasturlar va tashabbuslar ishlab chiqiladi. Ular ovqatlanish sifatini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish, aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan maqsadli axborot kampaniyalarini tayyorlash va mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda ovqatlanish sohasida ISCAD (International Strategic Center for Agri-Food Development) tashkiloti tomonidan Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Delivery Unit ofisi bilan hamkorlikda keng qamrovli tadqiqot olib borilmoqda.
Loyihaning maqsadi aholining ovqatlanish odatlari va ratsionini har tomonlama baholash, sog‘liqqa ta’sir qiluvchi bilimlar, xulq-atvor omillari va obektiv tibbiy ko‘rsatkichlarni o‘rganishdan iborat.
Tadqiqot xalqaro KAP Survey (bilim, munosabat va amaliyotlarni baholash) metodologiyasiga asoslangan bo‘lib, antropometrik o‘lchovlar, klinik va tibbiy tekshiruvlar, biokimyoviy ma’lumotlarni yig‘ish hamda respondentlarning sog‘lig‘i tarixi bo‘yicha ma’lumotlar to‘plashni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kungacha mamlakat bo‘ylab 13 mingdan ortiq xonadonlar ushbu tadqiqotda ishtirok etgan.
Zamonaviy tibbiyot ilmi ovqatlanishni hayot sifati va surunkali yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chidamlilikni belgilovchi asosiy omillardan biri deb tan oladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, salomatlikning yomonlashuvi holatlarining aksariyati turmush tarzi, xususan, nomutanosib ovqatlanish va jismoniy faollikning yetishmasligi bilan bog‘liq.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2014 va 2019 yillardagi STEPS tadqiqoti ma’lumotlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, bu davrda tuz iste’mol qiluvchilar ulushi 15,6 foizdan 36,6 foizga oshgan, tavsiya etilgan miqdorda sabzavot va meva iste’mol qilmaydiganlar ulushi 67,2 foizni tashkil etgan, ortiqcha vazn va yuqori qon bosimi bilan yashovchilar soni ham sezilarli darajada oshgan. Ushbu tendensiyalar sog‘lom ovqatlanish modeliga o‘tish zarurligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Noto‘g‘ri ovqatlanish organizmda moddalar almashinuvi buzilishlariga olib kelishi, qon tarkibida shakar va xolesterin miqdorining ko‘payishi orqali umumiy sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi va sog‘liqni saqlash tizimiga yukni oshirishi mumkin.
Tadqiqot doirasida quyidagi 5 yo‘nalish bo‘yicha ma’lumotlar to‘planmoqda: aholining ovqatlanish bo‘yicha bilim va amaliyoti; antropometrik ko‘rsatkichlar (bo‘y, vazn, tana massasi indeksi), biokimyoviy parametrlari (qon tarkibidagi shakar, xolesterin, mikroelementlar), klinik salomatlik holati, shuningdek, individual va oilaviy tibbiy tarix, ijtimoiy va maishiy sharoitlar. Ushbu ma’lumotlar aholining sog‘lom ovqatlanish tamoyillari bo‘yicha xabardorlik darajasini, ortiqcha vazn va yetarli ovqatlanmaslik holatlarini, ijtimoiy va xulq-atvor omillarining ta’sirini, shuningdek, hududiy xususiyatlarni aniqlash imkonini beradi.
To‘plangan ma’lumotlar asosida milliy darajadagi dasturlar va tashabbuslar ishlab chiqiladi. Ular ovqatlanish sifatini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish, aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan maqsadli axborot kampaniyalarini tayyorlash va mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi. Bunday tadqiqotlar xalqaro amaliyotda jamoat salomatligi sohasidagi yondashuvlarni shakllantirishda muhim o‘rin egallaydi. Ular ratsiondagi o‘zgarishlarni kuzatish, ilgari qabul qilingan choralarni baholash, yondashuvlarni takomillashtirish va barqaror natijalarga erishish imkonini beradi.
Jamiyat
Toshkentda 1,1 mlrd so‘mlik tibbiy buyumlarning noqonuniy saqlanganlik holati fosh etildi
«Toshkent-AERO» IBK Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar idoralari vakillari bilan hamkorlikda poytaxtimizda sifati kafolatlanmagan tibbiy buyumlarning noqonuniy realizatsiyasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbirda oldindan shubha ostiga olingan shaxsning Yangihayot tumanidagi xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 38 nomdagi 3613 turli tibbiy buyumlar noqonuniy ravishda saqlanayotgani fosh bo‘ldi.
Ushbu holatda olib qo‘yilgan tibbiy buyumlar murakkab jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladigan stent, kateter va yana boshqa turdagi buyumlar inson hayoti uchun juda muhim va shu bilan bir qator yuqori xavf guruhiga kiruvchi buyumlar hisoblanadi.
Masalan, sifati kafolatlanmagan stentning qon tomiri ichida to‘g‘ri ishlamasligi xastalikni kuchaytirishi, bemor organizmiga mos kelmasligi, allergik reaksiyalar, tromb hosil bo‘lishi yoki hatto infarktga olib kelishi mumkin.
Qolaversa, maxsus sharoitlarda tashilishi va saqlanishi talab etiladigan tibbiy buyumlarning oddiy xonadonda saqlanishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur holatda olib qo‘yilgan tibbiy buyumlarning jami qiymati 1 mlrd 100 mln so‘mdan oshmoqda.
Holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bojxona organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aniqlangan 484 ta holatda qiymati 18 mlrd. so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasigan chek qo‘yilgan.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar yanvar oyida «import choy» 3,8 mln dollar sarflagan
2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonga 14 ta xorijiy davlatdan qiymati 3,8 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 2 570 tonna choy import qilingan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mahsulotning mamlakatga import hajmi 2025-yilning mos davriga nisbatan 421 tonnaga kamaygan.
2026-yilning ilk oyida O‘zbekistonga eng ko‘p choy yetkazib bergan davlatlar:
Xitoy – 2 122 tonna;
Qozog‘iston – 123 tonna;
Eron – 113,4 tonna;
Keniya – 97,6 tonna;
Indoneziya – 41,8 tonna;
Boshqa davlatlar – 72,3 tonna.
Jamiyat
Stokgolmda O‘zbekiston va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi
Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahri markazidagi «Zayd ibn Sulton al-Nahayyon» masjid-majmuasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Yangi O‘zbekistondagi diniy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zi davomida Ramazon hayiti arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi xalqimizga tuhfa etilganini aytish barobarida mezbon davlat vakillarini mazkur muhtasham majmualar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdilar.
Muloqot davomida masjid bosh imomi Mahmud Xalfiy O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulamolar diniy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari olimlar dunyo ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etdi.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Kristian Kamil o‘z so‘zida O‘zbekiston va Shvetsiya davlatlarining o‘xshash jihatlari ko‘pligini ta’kidlab, ikki davlat delegatsiyalarining o‘zaro muloqoti davomida katta natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Jamiyat
Turkiyada ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
Ular O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Foto: Istanbuldagi bosh konsulxona
Turkiyada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulligi xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, 40 yoshli T.R. va 38 yoshli F.A. O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Ular Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan qabul qilinib, sud oldida javobgarlikka tortilishi uchun O‘zbekistonga qaytarilgan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Ushbu yo‘nalishda jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish borasida samarali natijalarga erishilmoqda.
“Hozirgi kunda ham mamlakatimiz hududida turli jinoyatlar sodir etib, Turkiya hududida yashirinib yurgan boshqa shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tegishli tezkor-qidiruv hamda huquqiy choralar davom ettirilmoqda”, deyiladi konsullik xabarida.
Jamiyat
Toshkentda 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi aniqlandi
Ko‘chirib o‘tqazilgan daraxtlarning 107 tupi qurib qolgan va tabiatga 881 million 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga kelib tushgan murojaat asosida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Abu Ali ibn Sino ko‘chasi hududida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari davomida yopiq kollektor hududida 108 tup daraxt noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilganligi va ularning 107 tupi qurib qolganligi aniqlandi.
Ta’kidlanishicha, bu daraxtlar yuzasidan Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasiga murojaat qilingan va boshqarma tomonidan rad javobi berilgan. Ammo daraxtlar noqonuniy tarzda ko‘chirib o‘tqazilgan.
Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 881 million 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi hisoblandi.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Turk dunyosi5 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Dunyodan4 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Dunyodan2 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekiston eksporti 35 yilda qariyb 19 barobarga oshdi
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
