Iqtisodiyot

O‘zbekistonda 2026 yilda iqtisodiy o‘sish ham, inflatsiya ham tezlashadi – XVJ missiyasi

Published

on


Xalqaro valuta jamg‘armasi 2026 yil uchun O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini 6,2 foizdan 6,8 foizgacha oshirdi. Kutilmalarning yaxshilanishi barqaror investitsiyalar, yuqori pul o‘tkazmalari oqimi va oltin narxlarining oshishi bilan bog‘lanyapti. O‘z navbatida inflatsiya prognozi 6,5 foizdan 6,8 foizgacha ko‘tarildi. Bu Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli neft narxlarining qimmatlashgani bilan izohlanyapti. Inflatsiya bosimi tartibga solinadigan narxlarning sekinroq oshirilishi va transport sohasiga vaqtinchalik subsidiyalar berilishi hisobiga yumshatilishi kutilyapti.

Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha navbatdagi xulosalarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, 2025 yilda kuchli iste’mol va investitsiyalar ta’sirida O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi 7,7 foizga yetdi, ishsizlik darajasi 0,7 foiz punktga kamayib, 4,8 foizni tashkil etdi. O‘sish keng qamrovli bo‘lib, xizmatlar va qurilish sohalari eng tez sur’atlarda kengaygan.

Yuqori ichki talabga qaramay, 2025 yil oxiriga kelib umumiy inflatsiya 7,3 foizgacha sekinlashdi (2024 yilda — 9,8 foiz edi). Bunga 2024 yil may oyida energiya resurslari narxining oshishi ta’sirining pasayishi, so‘mning AQSh dollariga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlanishi va qat’iy pul-kredit siyosati ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, bazaviy inflatsiya ham 1,5 foiz punktga pasaydi.

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,9 foizgacha qisqardi. Bunga xomashyo va xomashyo bo‘lmagan tovarlar eksporti, shuningdek pul o‘tkazmalari hajmining importdan yuqori bo‘lgani ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro zaxiralar taxminan 13 oylik importni qoplay oladigan darajada saqlanib qoldi. Iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlarda o‘sishi va xomashyo narxlarining yuqoriligi budjet taqchilligini YaIMga nisbatan 2,1 foizgacha kamaytirishga yordam berdi, bu esa 3 foizlik maqsadli ko‘rsatkichdan past.

2026 yil uchun kutilmalar

XVJ baholashiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush tufayli jahon iqtisodiyotida noaniqliklar kuchaygan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning rivojlanish istiqbollari ijobiyligicha qolyapti.

«Davom etayotgan islohotlar, barqaror investitsiyalar, yuqori pul o‘tkazmalari oqimi va oltin narxlarining oshishi sababli real YaIM o‘sishi 2026 yilda 6,8 foiz bo‘lishi prognoz qilinyapti. Ichki talab asta-sekin pasayishi hisobiga o‘sish 2027 yilda taxminan 6 foizgacha sekinlashishi kutilyapti», deyiladi XVJ xulosasida.

Joriy hisob taqchilligi 2026 yilda qisqarishi, biroq 2027 yilda pul o‘tkazmalari oqimining sekinlashuvi va oltin narxlari o‘sishining pasayishi sababli biroz kengayishi mumkin.

O‘z navbatida inflatsiya prognozi 6,5 foizdan 6,8 foizgacha oshirildi. Bu u Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli neft narxlarining qimmatlashgani bilan izohlanyapti. Inflatsiya bosimi tartibga solinadigan narxlarning sekinroq oshirilishi va transport sohasiga vaqtinchalik subsidiyalar berilishi hisobiga yumshatilishi kutilyapti.

«Inflatsiya 2027 yilda Markaziy bank maqsadli ko‘rsatkichiga tushishi mumkin, bunga qat’iy pul-kredit siyosati, davom etayotgan tarkibiy islohotlar va neft narxlarining pasayishi yordam beradi», deyiladi hisobotda.

Ma’lumot uchun, 2025 yilning noyabr oyida e’lon qilingan hisobotida 2026 yilda O‘zbekiston YaIM 6,2 foizga oshishi prognoz qilingandi.

Ichki va tashqi xatarlar

XVJning qayd etishicha, O‘zbekiston uchun noaniqliklar darajasi yuqoriligicha qolyapti, ayni paytda rivojlanish istiqbollarining yomonlashishi xatarlari saqlanyapti, ijobiy kutilmalar uchun imkoniyatlar esa cheklangan.

«Yaqin Sharqdagi urushning oqibatlari uning davomiyligi va shiddatiga bog‘liq bo‘ladi. Urushning O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri, nisbatan cheklangan bo‘ladi, chunki urush ta’siridagi mamlakatlar bilan savdo hajmlari va bu mamlakatlardan pul o‘tkazmalari nisbatan kam, ammo global kon’yunkturaning yomonlashishi natijasida asosiy savdo hamkorlari jabr ko‘rsa, bilvosita kanallar vaziyatga ancha jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deyiladi hisobotda.

Mazkur vaziyatda tashqi xavflar birinchi navbatda geosiyosiy taranglikning yuqori darajasi, savdodagi uzilishlar, xomashyo tovarlari narxlarining o‘zgaruvchanligi va global iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari noaniqligi bilan bog‘liq.

Ichki xatarlar qatoriga xarajatlarning davriyligi hamda direktiv va imtiyozli kreditlash dasturlari orqali talabni rag‘batlantirish uchun bosim o‘tkazish, davlat korxonalari, davlat tijorat banklari va davlat-xususiy sheriklik faoliyati bilan bog‘liq balanslarning potensial yomonlashuvi va shartli majburiyatlarning mavjudligi kiritilgan.

Imkoniyatlar nuqtai nazaridan esa tarkibiy islohotlarning tezkor amalga oshirilishi rivojlanish istiqbollarini qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Kapital oqimi va pul o‘tkazmalarining o‘sishi yoki oltin narxlarining yuqori bo‘lishi hisobiga o‘sish imkoniyatlari ularning hozirgi qulay darajalarini hisobga olgan holda nisbatan cheklangan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version