Connect with us

Jamiyat

O‘zbekiston – xavfsizlik va mehmondo‘stlik uyg‘unlashgan turistik manzil

Published

on


Bugun xalqaro turizm bozorida mamlakatning tarixiy obidalari, betakror tabiati yoki milliy taomlari bilan bir qatorda yana bir muhim mezon – “xavfsizlik” tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Sayyoh qayerga borishidan qat’i nazar, o‘zini erkin, xotirjam va himoyalangan his qilishni istaydi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga 35 yil to‘ldi. Afsuski mana shu yillarning katta qismi – 25 yili turizm uchun yopiq muhitda o‘tdi.

Vaziyat shu qadar yomonlashdiki, hatto 2016 yilga qadar O‘zbekiston dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri hisoblanardi. Ammo mana 10 yildirki ahvol tubdan o‘zgargan, endilikda turizm O‘zbekistonda nafaqat rivojlanib bormoqda, balki iqtisodiyotning drayverlaridan biriga ham aylangan.

Bu ishlarni amalga oshirishning o‘zi bo‘lmadi. Faqatgina qator islohotlar va tashabbuslardan so‘ng O‘zbekiston nomi dunyoga qayta tanila boshladi. O‘zbekistonning keyingi yillardagi taraqqiyot tajribasi mamlakatning turistik imiji faqat Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar bilan emas, balki xavfsiz, qulay va mehmondo‘st yo‘nalish sifatida ham shakllanayotganini ko‘rsatmoqda.

Bu o‘zgarishlarning amaliy natijasi turistlar oqimida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonga 11,7 million nafar xorijiy turist tashrif buyurdi. Bu 2024 yilga nisbatan 116,1 foizlik o‘sish demakdir. Turistik xizmatlar eksporti esa 4,8 milliard dollarga yetdi.

E’tiborlisi, 2026 yilning birinchi choragida ham o‘sish dinamikasi saqlanib qoldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar-mart oylarida 164 ta davlatdan 2,87 million nafar xorijiy fuqaro O‘zbekistonga turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36,6 foiz ko‘pdir.

Xavfsizlik – turistik imijning asosiy ustuni

Turizmda xavfsizlik deganda faqat jinoyatchilikning past darajasi emas, balki sayyohning mamlakatga kirishidan tortib, mehmonxonaga joylashishi, shahar bo‘ylab harakatlanishi, tarixiy obyektlar va tabiiy hududlarga borishigacha bo‘lgan jarayonda o‘zini himoyalangan his qilishi tushuniladi.

O‘zbekistonda bu masala tizimli yondashuv asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, 2025 yil fevral oyida mamlakat Turistlarni himoya qilish xalqaro kodeksiga qo‘shildi. Uning qoidalarini milliy turizm siyosati va xizmat ko‘rsatish amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. 70 dan ortiq turizm subyekti shartnomalarida turistlar huquqi va xavfsizligiga oid qoidalarni takomillashtirdi.

Bu, bir qarashda, huquqiy-texnik jarayon bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo xalqaro turizm nuqtai nazaridan uning ahamiyati katta. Chunki sayyoh uchun xavfsizlik nafaqat real holat, balki “ishonch” masalasidir. Turist o‘z huquqlari himoya qilinishini, muammoga duch kelganda yordam olish mexanizmi mavjudligini bilsa, mamlakat haqidagi ijobiy tasavvuri yanada mustahkamlanadi.

O‘zbekistonda turistlar xavfsizligini ta’minlashga ixtisoslashgan tizim ham faol ishlamoqda. Ichki ishlar organlarining turistik va transport obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha bo‘linmalari aeroportlar, vokzallar, temir yo‘llar va sayyohlar gavjum hududlarda profilaktik choralarni amalga oshirmoqda. 2025 yil yanvar-iyul oylarida aeroportlar orqali amalga oshirilgan 76 mingdan ortiq reysda 12 milliondan ziyod yo‘lovchining xavfsizligi ta’minlangan.

Xorijiy baholar ham ishonchni mustahkamlamoqda

Mamlakatning turistik imiji faqat ichki statistika bilan emas, xorijiy davlatlarning rasmiy tavsiyalari va xalqaro medianing e’tibori bilan ham belgilanadi.

Masalan, AQSh Davlat departamentining 2026 yil 26 yanvarda yangilangan sayohat tavsiyasida O‘zbekiston uchun “odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish” darajasi belgilangan va mamlakat, umuman olganda, amerikalik sayyohlar uchun xavfsiz yo‘nalish sifatida baholangan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda turistlar uchun 24 soat ishlaydigan «Safe Tourism» Call Centre – 1173 xizmati mavjud bo‘lib, unda o‘zbek, rus va ingliz tillarida yordam ko‘rsatish imkoniyati bor.

Mehmondo‘stlik – milliy brendga aylanayotgan qadriyat

O‘zbekistonning yangi turistik imijini faqat xavfsizlik bilan izohlab bo‘lmaydi. Bu yerda asrlar davomida shakllangan mehmondo‘stlik madaniyati muhim omil bo‘lib qolmoqda.

Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Labi Hovuz, Xivadagi Ichan qal’a kabi tarixiy maskanlar sayyohga O‘zbekistonning buyuk o‘tmishi haqida hikoya qilsa, mahalliy aholining muomalasi, milliy taomlar, hunarmandchilik va oilaviy mehmon uylari mamlakatning bugungi qiyofasini namoyon etadi.

Eng muhimi, turizm endi faqat tarixiy shaharlarga sayohat qilishdan iborat emas. Ekologik, gastronomik, etno va qishloq turizmi kabi yo‘nalishlar ham tobora rivojlanmoqda. 2025 yilda respublikada 1023 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirilib, mehmonxona, oilaviy mehmon uylari va xostellar soni sezilarli oshdi.

Bu esa turistga katta shaharlardan tashqari hududlarga ham sayohat qilish, mahalliy aholi turmush tarzi bilan tanishish va O‘zbekistonni yanada kengroq kashf etish imkonini bermoqda.

Vizasiz rejimdan raqamli xizmatlargacha

Xavfsizlik va mehmondo‘stlikni zamonaviy infratuzilma to‘ldirmasa, turistik imij barqaror bo‘lmaydi. Shu sababli so‘nggi yillarda vizani rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, elektron viza tizimi, vizasiz rejim geografiyasini kengaytirish, transport qatnovlarini ko‘paytirish va raqamli xizmatlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz sayohat imkoniyatini yaratgan.

Turistlar uchun «Tourist Map» interaktiv portali va mobil ilovasining ishlab chiqilishi ham raqamli qulayliklarni oshirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Bularning barchasi bitta maqsadga – sayyohning mamlakatdagi har bir bosqichini imkoni boricha oson va tushunarli qilishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonning dunyodagi yangi qiyofasi

O‘zbekistonning turistik imiji o‘zgarib borayotganini xalqaro media e’tibori ham tasdiqlaydi. 2025 yilda BBC Travel O‘zbekistonni sayohat uchun eng yaxshi 25 ta yo‘nalish qatoriga kiritdi. The New York Times Buxoroni tashrif buyurishga arziydigan eng yaxshi manzillar ro‘yxatiga kiritdi. National Geographic esa Xivani sayyohlik uchun tavsiya etilgan yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etdi.

Bu e’tiroflar tasodifiy emas. Chunki mamlakat turizm siyosati endi faqat turistlarni jalb qilish bilan cheklanib qolmayapti. Asosiy vazifalardan biri – ularni mamlakatda uzoqroq ushlab qolish, ko‘proq xizmatlardan foydalanishini ta’minlash va eng muhimi, O‘zbekistondan ijobiy taassurot bilan qaytarish.

2025 yil noyabr oyida qabul qilingan qarorlar asosida 2030 yilga qadar turizmning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 7 foizga yetkazish, xorijiy turistlar sonini 20 million nafarga chiqarish va turistik xizmatlar eksportini 6 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.

Bu raqamlar ortida oddiy statistikadan ko‘ra kattaroq maqsad bor. O‘zbekiston o‘zini Markaziy Osiyoning tarixiy markazigina emas, balki zamonaviy, ochiq, xavfsiz va mehmondo‘st turistik makon sifatida namoyon etishga intilmoqda.

Ishonch – eng qimmat mahsulot

Bugun sayyohlik bozorida mamlakatlar o‘rtasida raqobat nafaqat tarixiy yodgorliklar, tabiiy manzaralar yoki narxlar bo‘yicha kechmoqda. Raqobatning eng muhim nuqtalaridan biri – “ishonch”.

Sayyoh O‘zbekistonga kelganda uni qadimiy sivilizatsiya izlari, Sharq me’morchiligi, milliy taomlar va mehmondo‘st xalq kutib oladi. Ammo u shu bilan birga zamonaviy aeroportlar, qulay mehmonxonalar, raqamli xizmatlar, turistlar huquqini himoya qilish tizimi va xavfsizlik infratuzilmasini ham ko‘rishi kerak.

Ana shunda tarix va zamonaviylik, milliy qadriyat va zamonaviy servis, mehmondo‘stlik va xavfsizlik bir butun turistik mahsulotga aylanadi.

O‘zbekistonning yangi turistik imiji ham aynan shu uyg‘unlik asosida shakllanmoqda. Mamlakat endilikda dunyoga faqat “Buyuk Ipak yo‘li merosi” sifatida emas, balki “sayohat qilish qulay, xavfsizlikka e’tibor qaratilgan va mehmonni qadrlaydigan zamonaviy turistik yo‘nalish” sifatida ham tanilib bormoqda.

Bu imijni yanada mustahkamlash esa nafaqat turizm sohasining, balki butun mamlakatning xalqaro nufuzi, iqtisodiy jozibadorligi va «O‘zbekiston brendi»ning kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi

Published

on


Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.

Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.

Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.

Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.

Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.

Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi

Published

on


Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.

Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.

Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.

Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi

Published

on


Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi. 

Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.

Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.

Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.

Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.

Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.

Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi

Published

on


O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

Bu Prezident farmonida belgilandi.

Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.

Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.

Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.

Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Administratsiya huzurida maxsus ishchi guruh tuzildi va unga Zafar Hoshimov rahbar etib tayinlandi

Published

on


Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat rahbari Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolar ekan, ta’lim sifatini oshirish va sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun yangicha yondashuvlarni qo‘llash, bozor talablariga mos ta’limni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan.

Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi huzurida Inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz ta’lim strategiyasi bo‘yicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadigan maxsus ishchi guruh tashkil etilmoqda. Unga jamoatchilik asosida tadbirkor Zafar Hoshimov rahbarlik qiladi.

Guruh tarkibiga ta’lim muassasalarini yo‘lga qo‘yish va samarali tizimlar yaratishda tajribaga ega tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.