Iqtisodiyot
O‘zbekiston Quvayt va Suriyaga yangi yo‘nalishlar orqali mahsulot yetkazmoqda — nimalar eksport qilinyapti?
O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi milliy mahsulotlarni Quvayt va Suriya bozorlariga barqaror hamda tezkor yetkazib berish maqsadida yangi transport-logistika yo‘laklarini shakllantirish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatida ishlab chiqarilgan gilam mahsulotlari Quvaytning «Montreal House Wholesale Co» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma doirasida yangi xalqaro logistika yo‘nalishi orqali muvaffaqiyatli yetkazib berilgan.
Qayd etilishicha, eksport jarayonida avval foydalanib kelingan Eronning Bandar Abbos porti ishlatilmagan. Logistika operatori bo‘lgan Turkiyaning «Gulf Cargo» kompaniyasi yangi yo‘nalishni xavfsiz va istiqbolli deb baholab, kelgusida yuklarni 15–20 kun ichida yetkazib berish mumkinligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi Iroq orqali Quvaytga mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda. Shu maqsadda Iroq Savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi hamda Kurdiston mintaqasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, Fors ko‘rfazidagi geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Eron hududi orqali muqobil logistika yo‘nalishlaridan foydalanish imkoniyatlari ham tahlil qilinmoqda.
Suriya yo‘nalishida ham ilk natijalar qayd etilgan. Joriy yil may oyida Halab shahrida O‘zbekiston savdo uyi va distribyutorlik markazi ish boshlagach, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan yangi eksport shartnomalari imzolangan.
Natijada O‘zbekistondan Suriyaga ilk bor o‘simlik yog‘i, kir yuvish vositalari hamda maishiy elektr jihozlarining dastlabki partiyalari eksport qilindi. Importyorlar ma’lumotiga ko‘ra, mahsulotlarni Turkiya orqali Suriyaga yetkazib berish muddati 10–15 kunni tashkil etmoqda.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, yangi transport-logistika yo‘laklari milliy mahsulotlarni Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga uzluksiz va raqobatbardosh sharoitlarda yetkazib berishga xizmat qiladi.