Siyosat
O‘zbekiston prezidenti urbanizatsiya bo‘yicha xalqaro tashabbuslar bilan chiqish qildi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 may kuni Bokuda o‘tgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasi doirasidagi Yetakchilar sammitida ishtirok etib, barqaror shaharlar, arzon uy-joylar va «aqlli» urbanizatsiya bo‘yicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich, Bolgariya prezidenti Iliyana Yotova, Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, Qozog‘iston bosh vaziri Oljas Bektenov hamda BMT va xalqaro moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etdi.
Forumda shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash, iqlim barqarorligi va uy-joy qurilishini moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident o‘z nutqida XXI asr o‘rtalariga kelib dunyo aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda yashashini ta’kidlab, urbanizatsiya jarayonlari global xavfsizlikka bevosita ta’sir qilayotganini qayd etdi.
«Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda», – dedi davlat rahbari.
Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bugun dunyoda 3 milliardga yaqin inson normal yashash sharoitlaridan mahrum. Bir milliarddan ortiq odam norasmiy uy-joylarda yashamoqda, 300 milliondan ziyod inson esa umuman boshpanasiz.
Prezident O‘zbekistonda urbanizatsiya strategik ahamiyatga ega yo‘nalish ekanini aytib, yaqin 15 yilda mamlakat aholisi 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 65 foizga yetishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan mamlakatda keng ko‘lamli uy-joy qurilishi dasturlari amalga oshirilmoqda. So‘nggi o‘n yilda qurilayotgan uy-joylar soni 10 barobar oshgan bo‘lib, 2025 yilda 238 mingta xonadon qurilgan. 2030 yilgacha bu ko‘rsatkich yana 1,5 barobarga oshirilishi rejalashtirilgan.
Aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash uchun har yili budjetdan qariyb 2 milliard dollar ajratilayotgani aytildi. Norasmiy uy-joylar muammosini hal qilish maqsadida 2024 yilda qabul qilingan qonun asosida 100 mingga yaqin uy rasmiylashtirilgan.
Nutqda «Yangi Toshkent» megaloyihasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezidentga ko‘ra, mazkur shahar «yashil», «aqlli», «xavfsiz» va «15 daqiqali shahar» tamoyillari asosida barpo etilmoqda. Birinchi bosqichning o‘zida 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalari boshlangan.
Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» massivlari loyihasi doirasida hozirgacha 61 ta yangi massiv qurilgani, 2030 yilgacha ularning soni 100 taga yetkazilishi ma’lum qilindi.
Sammitda O‘zbekiston prezidenti bir qator xalqaro tashabbuslarni ham ilgari surdi.
Jumladan, «mutanosib urbanizatsiya» tamoyillarini keng joriy etish, «Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi»ni tashkil qilish, 2027-yilda Samarqandda uy-joy qurilishi investitsiyalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish, BMT-Habitatning «Yashil shahar» xalqaro mukofotini ta’sis etish hamda Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030 yilda Yangi Toshkent shahrida o‘tkazish taklif qilindi.
Siyosat
Jazoir O‘zbekistonga yangi elchi tayinladi
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Jamila Achorning ishonch yorliqlari nusxasini qabul qildi.
Foto: Telegram/baxtiyor_saidov
Uchrashuvda ikki davlat Oʻzbekiston delegatsiyasining joriy yil iyun oyida Jazoirga rasmiy tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvning ijrosi holatini koʻrib chiqdi.
Ikki davlat rahbarlari, shuningdek, savdo, sarmoya, taʼlim, madaniyat va boshqa oʻzaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini tasdiqladilar.
Jamila Ashur may oyida O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini tugatgan Muhammad Irki o‘rnini egalladi. U 2024 yilning yanvaridan beri Jazoirning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini boshqarib kelayotgan edi.
Siyosat
Makfol prezidentlar Putin va Trampning zaif nuqtasini aytdi
AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi, Stenford universiteti professori Maykl Makfol DW nashriga bergan intervyusida Ukrainadagi urush va uning oqibatlari, AQSh va Rossiya prezidentlari haqida mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
2012-2014-yillarda Rossiyada AQSh elchisi sifatida faoliyat yuritgan Maykl Makfol prezident Vladimir Putinni kuchsiz, zaif shaxs deb atagan.
«Kuchli va aqlli inson turli manbalardan ma’lumot oladi va shu ma’lumotlardan kelib chiqib qaror qabul qiladi. U esa (Putin nazarda tutilmoqda – tahr.) buni uddalay olmaydi. Muqobil ma’lumotlarni tinglamaydi, o‘qimaydi va ularga ko‘ra o‘z qarorlariga tuzatish kiritmaydi. Unda muqobil ma’lumotning o‘zi yo‘q. Bunga men elchi bo‘lgan paytlarimdayoq yaqqol guvoh bo‘lgandim. Unga doim Federal xavfsizlik xizmati (FSB) va Tashqi razvedka xizmati (SVR) qizil papkalar taqdim etib turadi. U DWni ko‘rmaydi, boyagi papkalardan boshqa hech narsani o‘qimaydi. Butun atrofidagilar esa unga faqat u eshitishni xohlagan gaplarni aytishadi. Bu kuch-qudrat emas, zaiflikdir», – deydi professor Maykl Makfol.
Sobiq diplomat fikricha, Putin hammadan va har narsadan qo‘rqadi. Muxolifatchi Aleksey Navalniyning hibsga olinishi va o‘limi buni tasdiqlaydi.
«Uchinchidan, mening fikrimcha, u o‘ta mafkuralashgan odam. U, mana to‘rt yarim yildirki, (Ukrainaga qarshi) dahshatli urushni davom ettirib kelmoqda. Bunday ishga faqat sog‘lom aql bilan ish tutmaydigan odamgina qo‘l urishi mumkin. Putinning g‘oyasi shundan iboratki, u go‘yoki tarixda nom qoldiradigan qahramon. Bunday ishlarni ratsional fikrlay olmaydigan insongina qilishi mumkin», – deb hisoblaydi Makfol.
Siyosatshunos olim AQShning Ukrainaga ko‘magi masalasiga to‘xtalar ekan, prezident Donald Tramp Putinni kuchli shaxs deb o‘ylab xatoga yo‘l qo‘yayotganini ta’kidlagan.
«Donald Tramp – murakkab shaxs. Bizning davlatimiz hozir Ukrainani 100 foiz qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q va bundan juda uyalaman. Ukrainani tashlab qo‘yganimizdan xijolatdaman. Trampgacha harbiy dastak, iqtisodiy yordam bor edi, lekin u buni to‘xtatishga qaror qildi… Shaxsan men buni (Ukrainani qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda – tahr.) nafaqat demokratiya va erkinlik g‘oyalarini yoqlaganim uchun, balki bu bizning milliy manfaatlarimizga daxldor bo‘lgani uchun ham qilishimiz shart deb hisoblayman. Agar biz Rossiya qo‘shinini Ukrainada to‘xtata olsak, Estoniyada yoki NATOning boshqa bir davlatida u askarlar bilan jang qilishimizga hojat qolmaydi… Tramp esa demokratiyalar va diktaturalar o‘rtasida kurash ketyapti deb hisoblamaydi. Uning fikricha, kuchli rahbarlar va zaif rahbarlar bor. Uning nazarida, Putin – kuchli inson, u esa kuchlilarga yordam berishni yaxshi ko‘radi. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, men shaxsan Putinni zaif inson deb bilaman», – deydi suhbatdosh.
Maykl Makfol G‘arb 30 yil oldin Rossiyaga nisbatan siyosatda xatoga yo‘l qo‘ygan deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin G‘arb Rossiyadagi demokratik institutlarni dastaklagan holda, Yaponiya va Germaniyaga ko‘rsatilganidek Moskvaga ham keng ko‘lamli ko‘mak ko‘rsatishi kerak edi.
Siyosatshunosning ta’kidicha, keyin ham Rossiyani to‘xtatish uchun imkoniyat saqlanib qolgan. Jumladan, 2008 yilda hali Rossiya kuchli pozitsiyani egallamagan vaqtda Ukraina va Gruziyani NATOga qabul qilish orqali uni tiyib turish mexanizmini joriy etish mumkin edi.
AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol Ukrainaning g‘alabasi Vashingtonning strategik manfaatlariga uyg‘un degan xulosani ilgari surgan.
Siyosat
Ilm va ma’rifat insoniyatni birlashtiruvchi eng buyuk kuch
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda ilm-fan, ta’lim va ma’naviyat insoniyatni birlashtiruvchi eng muhim omil ekanini ta’kidladi.
Davlat rahbari forumning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning qirqdan ortiq mamlakatidan olimlar, xalqaro tashkilotlar, davlat va jamoat arboblari ishtirok etayotgan mazkur anjuman islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosiga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
Prezident bugungi kunda mojarolar, ekstremizm, islomofobiya va madaniyatlar o‘rtasida qarama-qarshilikni kuchaytirishga qaratilgan urinishlar avj olayotganini ta’kidlab, bunday sharoitda islomiy qadriyatlar tinchlik, hamjihatlik va taraqqiyot uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Murojaatda O‘zbekiston hududi asrlar davomida jahon ilm-fani va ma’naviyatining eng yirik markazlaridan biri bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi allomalarning merosi butun insoniyatning umumiy boyligi sifatida e’tirof etildi.
Prezident Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy ta’lim va inson intellektual salohiyatini rivojlantirishga asoslanayotganini bildirdi.
Shuningdek, mamlakatda islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni tiklash, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani qayd etildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qisqa vaqt ichida Sharq va G‘arb, o‘tmish va kelajak, an’analar hamda zamonaviy ilm-fanni bog‘laydigan intellektual ko‘prikka aylandi.
Shavkat Mirziyoyev forum turli davlatlar, universitetlar, muzeylar, kutubxonalar va ilmiy markazlarning intellektual salohiyatini birlashtiruvchi yangi global hamkorlik platformasi bo‘lishiga ishonch bildirdi. U O‘zbekiston fundamental tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalar, qo‘shma nashrlar va gumanitar loyihalarni amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berganini ta’kidladi.
Murojaat so‘ngida Prezident ilm va ma’rifat tinchlik hamda barqaror taraqqiyotning eng mustahkam poydevori ekanini yana bir bor qayd etib, forum ishtirokchilarini ushbu ezgu maqsadlar yo‘lida hamkorlikni yanada kuchaytirishga chaqirdi.
Siyosat
Prezident Mirziyoyev strategik hamkorlikni kengaytirish maqsadida BlackRock kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyul kuni BlackRock kompaniyasi boshqaruvi aʼzosi va boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashib, Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, ikki davlat oʻrtasida yoqilgʻi-energetika sohasiga alohida eʼtibor qaratgan holda strategik sheriklikni mustahkamlash chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Uchrashuvda BlackRock kompaniyasining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarini amalga oshirish borasidagi yutuqlar ham qayd etildi.
Janob Shavkat Mirziyoyev jahon sarmoyaviy kompaniyalari bilan kelajakdagi hamkorlikning ayrim ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Xususiylashtirish jarayonlarida hamkorlikni oshirish, O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligini mustahkamlash, mamlakat moliya bozorini rivojlantirish, neft-kimyo sanoatidagi loyihalarni ilgari surish, sun’iy intellekt texnologiyalariga qo‘shma sarmoya kiritish shular jumlasidandir.
BlackRock dunyodagi eng yirik investitsiya boshqaruv kompaniyalaridan biri bo’lib, aktivlarni boshqarish, investitsiya va moliyaviy maslahat xizmatlarini taqdim etadi. 2026 yilda kompaniya boshqaruv ostida taxminan 14 trillion dollar aktivlarga ega edi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Belarusga rasmiy tashrif bilan keldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 8-9 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Tashrif dasturiga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari Minskda oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazadi, asosiy e’tibor O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalariga bag‘ishlanadi.
Muzokaralar chog‘ida o‘zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, oziq-ovqat sanoati va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Ikki davlat, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalarini muhokama qiladi. Sammit yakunlari boʻyicha hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini qamrab oluvchi muhim ikki tomonlama shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Rasmiy muzokaralar oldidan Minsk shahrida ikki davlatning mintaqaviy delegatsiyalari va biznes vakillari ishtirok etadigan III Oʻzbekiston-Belarus mintaqalararo forumi boʻlib oʻtadi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Jamiyat5 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Iqtisodiyot1 day agoNeft mahsulotlari zaxiramiz 2−3 oy uchun yetarli – Energetika vazirligi
-
Sport4 days ago
Ikki nafar futbolchimiz Portugaliyaning “Braga” klubiga o‘tdi
-
Jamiyat4 days ago
Sergelida aholi ko‘paygan, infratuzilmani shunga mos rivojlantirish zarur
-
Sport5 days agoMessi JChning «abadiy» rekordini yangilay oladimi?
-
Jamiyat5 days ago“Zarafshon daryosida suv sarfi keskin oshgani sabab bo‘ldi” – Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirilganiga izoh berildi
-
Jamiyat2 days agoShayxontohurda ikki qavatli do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
