Siyosat
O‘zbekiston prezidenti Mintaqaviy ekologik sammitda bir qator aniq takliflarni kiritdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitda nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari nutqini Mintaqaviy ekologik sammitni o‘tkazish borasidagi tashabbusi hamda uni yuksak darajada tashkil etgani va an’anaviy iliq mehmondo‘stlik uchun Qozog‘iston prezidentiga alohida minnatdorlik so‘zlari bilan boshladi.
«O‘zbekiston sammitning ekologik xavf-xatarlarning o‘zaro chuqur bog‘liqligi va ularni birgalikda hal qilish zarurligini ifoda etadigan «Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh» degan bosh g‘oyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi uchrashuv o‘tgan yili Samarqand iqlim forumida boshlangan muloqotning mantiqiy davomidir. Quvonarlisi shundaki, Markaziy Osiyo davlatlarining ekologik diplomatiyasi tizimli va izchil tus olib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishlaridan ayri holda ko‘rib chiqib bo‘lmaydi.
Global isish sur’atlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradatsiyaga uchradi.
Global ekologik birdamlik zaiflashayotgani chuqur xavotir uyg‘otmoqda. Deklaratsiyalar va da’vatlar resurslar bilan mustahkamlanmayapti. Global iqlim o‘zgarishiga eng kam ta’sir ko‘rsatayotgan mamlakatlar uning oqibatlari bilan yana yakkayu yolg‘iz qolmoqda.
Xalqaro hamjihatlik, eng avvalo, rivojlanayotgan mamlakatlarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq moliyalashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalardan o‘z vaqtida, adolatli va to‘siqsiz foydalanish imkoniyati bilan ta’minlanishida namoyon bo‘lishi lozim deb qat’iy ishonamiz.
«Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, Markaziy Osiyo davlatlari atrof-muhitni muhofaza qilish masalalarini mintaqaviy hamkorlikning eng muhim ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. «Markaziy Osiyo uchun yashil kun tartibi» mintaqaviy dasturi, Iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha mintaqaviy strategiya hamda Barqaror rivojlanish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy dastur bunday sheriklikka misol bo‘la oladi», — dedi O‘zbekiston prezidenti.
Bugungi forumda «Markaziy Osiyo ekologik birdamligi» deklaratsiyasi, shuningdek, BMT tuzilmalari bilan yaqin sheriklikda amalga oshiriladigan, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Harakatlar dasturining qabul qilinishi umumiy ishga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston ekologik barqarorlikni shakllantirish bo‘yicha aniq maqsadli va tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
«Yashil makon» loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekildi. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilib, yangi «yashil belbog‘»lar yaratilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining «O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi» rezolyusiyasi qabul qilindi.
Suvni tejash borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston yiliga 10 milliard kub metr suvni iqtisod qilmoqda. Mamlakatimizning generatsiya quvvatlarida «yashil» energetika ulushi allaqachon 30 foizga yetdi, joriy o‘n yillikning oxiriga borib esa 50 foizdan oshadi. O‘zbekiston Parij bitimi bo‘yicha zararli chiqindilarni 35 foizga kamaytirish majburiyatini muddatidan oldin bajardi va o‘z oldiga yangi maqsad — ularni 2035-yilgacha ikki barobar qisqartirish vazifasini qo‘ydi.
Chiqindilardan energiya ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yilda chiqindilarni yoqish bo‘yicha ikkita yangi zavod ishga tushiriladi, yana 9 tasi esa kelgusi ikki yil davomida faoliyatini boshlaydi. Ularning ishga tushirilishi har yili 5,5 million tonna chiqindini utilizatsiya qilish, 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, chiqindilar hajmini 1 million tonnadan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.
Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari iqlim va ekologiya muammolariga qarshi hamkorlikda harakat qilishi lozimligini ta’kidlab, bir qator aniq takliflarni ilgari surdi:
«Birinchi. Atmosfera havosining sifati yomonlashayotgan sharoitda «Markaziy Osiyoning toza havosi» davlatlararo konsorsiumini ta’sis etish mintaqa aholisi salomatligini himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi deb hisoblayman.
Konsorsium sanoatni modernizatsiya qilib, havoga chiqarilayotgan zararli moddalar uchun tozalash tizimlarini joriy etadigan «yashil» moliyalashtirishning qo‘shma operatoriga aylanishi mumkin.
Ikkinchi. O‘zbekistondagi Yashil universitet huzurida faoliyat yuritayotgan Cho‘llanishga qarshi kurashish, qurg‘oqchilikning oldini olish hamda qum va chang bo‘ronlari haqida barvaqt ogohlantirish markaziga mintaqaviy maqom berishni taklif etaman.
Markaz bazasida ilmiy salohiyatni birlashtirish yerlarning degradatsiyasi hamda tuz va changli bo‘ronlarni monitoring qilish bo‘yicha kuchli tizimni yaratish imkonini beradi.
Uchichni. Texnologik o‘tish jarayonlarini tezlashtirish uchun «Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi»ni shakllantirishni taklif etaman.
Imtiyozli bojxona tartiblarini joriy etish va ekomahsulotlar uchun sertifikatlarni o‘zaro tan olish ishlab chiqarishni jadal modernizatsiya qilish va mahsulotlarimizning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
To‘rtinchi. Markaziy Osiyo iqlim loyihalarining yagona investitsiya portfelini yaratish keyingi qadam bo‘lishi kerak.
Bu bizga tarqoq tashabbuslar bilan emas, balki mintaqani rivojlantirish bo‘yicha yaxlit strategiya bilan harakat qilish imkonini beradi. Bu esa, o‘z navbatida, uni amalga oshirish uchun sheriklarimizda qiziqishni kuchaytiradi.
Beshinchi. Markaziy Osiyo atrof-muhitidagi o‘zgarishlarning yagona mintaqaviy atlasini yaratish ham mintaqamiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.
Aminmanki, bu atlas mintaqadagi cho‘llanish, tuproq degradatsiyasi jarayonlari va suv resurslari holati dinamikasini yaqqol ifoda etadigan fundamental ilmiy-tahliliy bazaga aylanadi.
Oltinchi. Biologik xilma-xillikni saqlash uchun «Markaziy Osiyo Qizil kitobi»ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz. Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bu ishda muvofiqlashtiruvchi bo‘lishi mumkin.
Mintaqa «Qizil kitob»i yo‘qolib borayotgan turlarning shunchaki ro‘yxatidan iborat bo‘lib qolmasdan, sohada hamkorlikdagi ishimiz uchun amaliy platformaga aylanishi lozim.
Yettinchi. Iqlim kun tartibi va ekologik madaniyatni ilgari surish uchun ekologik ta’lim va yoshlarni faol jalb etish juda muhim. Shu maqsadda Bokuda bo‘lib o‘tgan COP-29 anjumani davomida mamlakatlarimiz yoshlari ishtirokida Ekologiya bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tuzilgan edi. Ushbu qo‘mita platformasida 2027 yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazishni taklif etaman.
Sakkizinchi. Ekologik kun tartibini ilgari surish doirasida shu yilning 31 may – 5 iyun kunlari Samarqandda Global ekologik fondning sakkizinchi assambleyasi, sentyabr oyi oxirida esa Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumi bo‘lib o‘tadi».
Davlatimiz rahbari barchani ushbu xalqaro anjumanlarda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Zamonaviy ekologik tahdidlar mamlakatlarimiz barqarorligini sinovdan o‘tkazmoqda.
Bugun qabul qilinayotgan hujjatlarning hayotga to‘liq tatbiq etilishi bizga nafaqat tabiatdagi kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga samarali moslashish, balki ularni texnologik yangilanish, iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikning kuchli omiliga aylantirish imkonini beradi.
Ishonchim komil, ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik an’analariga tayangan va qat’iy siyosiy irodamizni namoyon etgan holda, biz Markaziy Osiyoni ekologik farovonlik va barqaror rivojlanish makoniga aylantiramiz, deya so‘zini yakunladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Siyosat
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rafiqasi Elke Byudenbender hamrohligida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Germaniya delegatsiyasini “Toshkent-Xumo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ashirbay Ramatov boshqa hukumat vakillari bilan birga kutib oldi.
Tashrif dasturiga koʻra, davlat rahbarlarining oliy darajadagi muzokaralari tor va kengaytirilgan tarkibda boʻlib oʻtadi. Bo‘lajak muhokamalarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni chuqurlashtirish va strategik hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Muzokaralarda savdo, sanoat sherikliklari, transport, logistika va qishloq xo‘jaligi kabi muhim iqtisodiy sohalar bo‘yicha ikki tomonlama mazmunli hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ikki mamlakat farmatsevtika, kimyo va energetika sohalaridagi qo‘shma tashabbuslarga, ayniqsa yashil texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratish niyatida.
Bundan tashqari, yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish bilan birga, taʼlim va gumanitar almashinuvlarni kuchaytirish imkoniyatlarini oʻrganadilar.
Rasmiy tashrif doirasida bir qator yangi qo‘shma loyihalar va rivojlanish dasturlari amalga oshiriladi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda to‘xtab o‘tgan Malayziya bosh vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda to‘xtab o‘tgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy muloqotda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, ularni amaliy mazmun bilan boyitish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijasida mamlakatlarimiz hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni esa 50 taga yetdi. Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari ayni kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Malayziyaning “Petronas” korporatsiyasi delegatsiyasi bilan muzokaralarning ahamiyatiga to‘xtalib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida strategik loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligini qayd etdi.
Jumladan, neft-kimyo, yuqori texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalardagi loyihalarni ilgari surishga e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida islom moliyasi, hududlararo aloqalar, ziyorat turizmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sonini oshirish hamda madaniyat almashinuvlari yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimni O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qildi
Siyosat
TXIF-2026 doirasida Markaziy Osiyoning eng yirik sanoat ko‘rgazmasi ochildi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat global iqtisodiy muloqotlar maydoni, balki istiqbolli shartnomalar pishib yetiladigan yirik amaliy platformaga aylandi. Anjumanning markaziy va eng kutiladigan voqealaridan biri sifatida, «CAEx» ko‘rgazma majmuasida O‘zbekiston Respublikasining investitsiyaviy, sanoat va eksport salohiyatini namoyish etishga qaratilgan keng ko‘lamli xalqaro ko‘rgazma o‘z ish faoliyatini boshladi.
Qarib 6 ming kvadrat metrlik ulkan maydonni qamrab olgan ko‘rgazmada mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari, davlat idoralari va yirik ishlab chiqarish birlashmalari o‘zlarining eng zamonaviy texnologiyalari va tayyor loyiha paketlari bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma pavilonlaridan joy olgan neft-gaz-kimyo, mashinasozlik, metallurgiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika hamda oziq-ovqat sanoati korxonalari O‘zbekistonda ishlab chiqarish modellari to‘liq transformatsiya bo‘lganini namoyish etmoqda.
Bugungi kunda asosiy urg‘u xomashyo eksportiga emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni mahalliylashtirish, yangi texnik ish o‘rinlarini yaratish va global bozorlarga raqobatbardosh tovarlar bilan chiqishga qaratilgani xalqaro ekspertlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Bu yilgi ko‘rgazma shunchaki mahsulotlar namoyishidan iborat bo‘lmay, balki biznes vakillari, xalqaro moliyaviy institutlar hamda davlat organlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatuvchi jonli «B2B» va «G2B» muloqot maydoniga aylandi.
Forum doirasida rejalashtirilgan panel muhokamalari, tarmoq va hududiy taqdimotlar hamda pitch-sessiyalar xorijlik hamkorlarga O‘zbekistonning investitsiya muhitini ichkaridan turib, aniq raqamlar va amaliy natijalar misolida baholash imkonini bermoqda.
Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 9 mingdan ziyod yuqori martabali delegat, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va global investorlar jam bo‘lgan TXIF-2026 doirasidagi ushbu ko‘rgazma, shubhasiz, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi bosh iqtisodiy va texnologik xab maqomini uzil-kesil mustahkamlaydi.
Ko‘rgazma davomida bo‘lib o‘tadigan qizg‘in muzokaralar yakunida mamlakatimiz sanoatini yangi bosqichga olib chiquvchi ko‘p milliardlik yirik qo‘shma loyihalar va strategik shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga tavallud kuni munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi.
Davlat rahbari o‘z maktubida Si Szinpinni Xitoy va Xitoy Kommunistik partiyasining yirik siyosiy arbobi sifatida e’tirof etib, uning rahbarligi ostida mamlakat modernizatsiyasi izchil davom etayotganini ta’kidladi.
«Sizning oqilona rahbarligingiz ostida Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, millatning buyuk tiklanishi va yuksalishiga qaratilgan siyosatingiz mamlakatingiz tarixiga yorqin sahifa sifatida yozilmoqda», – deyiladi tabrikda.
Maktubda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilgani, do‘stlik, o‘zaro ishonch va har tomonlama strategik sheriklik izchil mustahkamlanayotgani qayd etilgan.
Prezident Mirziyoyev, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda Xitoyning doimiy qo‘llab-quvvatlovi muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Tabrik yakunida davlat rahbari Si Szinpinga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, Xitoy xalqiga esa tinchlik va farovonlik tiladi.
Siyosat
«Uzbekistan Airways»ni IPO‘ga tayyorlash boshlandi
«Uzbekistan Airways» aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilish va xalqaro IPO‘ga tayyorlash ishlarini jadallashtirish masalasi Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu jarayonda Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgani va uning boshqaruviga «Franklin Templeton» kompaniyasi jalb qilingani muhim qadam sifatida qayd etildi. O‘tgan oyda jamg‘arma ilk bor xalqaro bozorda 690 million dollarlik aktivlarni joylashtirdi. Bu jarayonda investorlardan qariyb 3 milliard dollarlik buyurtmalar kelib tushgani O‘zbekiston aktivlariga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Endi jamg‘arma portfelidagi 13 ta yirik korxonani IPO‘ga tayyorlash vazifasi turibdi. Ular qatorida «Uzbekistan Airways», «O‘zsanoatqurilishbank», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «O‘zbektelekom» ham bor.
«Franklin Templeton» mutaxassislari milliy aviakompaniya faoliyatini tahlil qilib, 115 ta chora-tadbirdan iborat transformatsiya dasturini ishlab chiqqan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dastur to‘liq amalga oshirilsa, kompaniyaning operatsion daromadlari bir yilda 120 million dollarga oshishi mumkin.
Dasturda marshrutlarni optimallashtirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri sotuvlarni kengaytirish, mijozlar bilan ishlash tizimini yaxshilash, parvozlar samaradorligini oshirish va xizmat ko‘rsatuvchi tarmoq korxonalar faoliyatini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar nazarda tutilgan.
Shuningdek, aviakompaniyaning bozor qiymatini hozirgi 1,6 milliard dollardan 2,3 milliard dollargacha oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi. Biroq taqdimotda dastur ijrosi hozircha kutilgan sur’atda kechmayotgani ham tanqid qilindi.
Prezident kompaniyani xalqaro kapital bozoriga olib chiqish uchun boshqaruv sifatini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish, xalqaro standartlar asosida hisobot yuritish va kredit reytingini yaxshilash zarurligini ta’kidladi.
Yil yakuniga qadar «Uzbekistan Airways» aksiyalarining 15–20 foizini xalqaro IPO orqali sotish rejalashtirilgan. Buning uchun kompaniyaning investitsion jozibadorligini oshirish, aktivlarni qayta ko‘rib chiqish va davlat buyurtmalari bo‘yicha xarajatlarni qoplash mexanizmlarini joriy etish belgilandi.
Shu bilan birga, mamlakatga kelayotgan turistlar soni tez sur’atlarda ortib borayotgani qayd etildi. Yil boshidan buyon O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 27,5 foizga o‘sib, qariyb 5,5 million nafarga yetgan. Shu munosabat bilan samolyotlar parkini kengaytirish va Toshkentni Markaziy Osiyoning yirik aviahabiga aylantirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
-
Siyosat2 days ago
«Ushbu masalani shaxsan nazoratimga oldim» — Saida Mirziyoyeva giyohvandlikka qarshi kurash haqida
-
Mahalliy3 days ago
my.gov.uz — 35 yilda odamlarning vaqtini qaytarib berdi!
-
Jamiyat3 days agoFarg‘onada “Lasetti” qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
-
Jamiyat4 days ago16−18 iyun kunlari Toshkent shahriga yuk mashinalari kiritilmaydi
-
Sport2 days agoEron Amerikaga bordi, Osiyo Yevropaning ta’zirini berayotir – JCh kundaligi
-
Sport4 days agoJCh-2026. Osiyoning ikki jamoasi Yevropa vakillariga qarshi maydonga tushadi
-
Mahalliy3 days ago
Quyoshda turgan suvning ta’mi emas, tarkibi o‘zgaradi… bu esa juda xavfli
