Iqtisodiyot
O‘zbekiston Pokiston portlari orqali yuzlab portlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri dengiz aloqasini yo‘lga qo‘ydi
«Dunyo» AA xabar berishicha, Pokistonning qator elektron nashrlari O‘zbekiston tashqi savdosida Pokiston portlarining strategik ahamiyati haqida maqolalar e’lon qildi.
Islomoboddagi manbalarga ko‘ra, Pokistonning Daily Ausaf, Sub News English, The Diplomatic Insight, News Network Pakistan va Daily Sub News kabi elektron nashrlarida «O‘zbekiston tashqi savdosida Pokiston portlarining strategik ahamiyati» sarlavhali materiallar chop etildi.
Materiallarda jahon geosiyosatidagi beqarorlik va transport-logistika zanjirlaridagi uzilishlar davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalariga ta’sir ko‘rsatayotgani, shu bois tashqi savdo yo‘laklarini barqaror va turli xavflarga chidamli tarzda shakllantirish muhimligi ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston geografik jihatdan dengizga chiqish uchun kamida ikki davlat hududidan o‘tishni talab qiladigan mamlakatlardan hisoblanadi. Shu bilan birga, Yevrosiyo markazida joylashgani sabab transport tranziti va yuk oqimlarini yo‘naltirishda strategik imkoniyatlarga ega ekani qayd etilgan.
Shu kontekstda ««O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» temiryo‘l loyihasi» hamda unga bog‘liq ««Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» multimodal yo‘lagi» kabi tashabbuslar mintaqaviy savdo aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlangan.
Manbalarga ko‘ra, 2025 yil yakunlarida mazkur koridor orqali tashilgan yuklar hajmi 400 ming tonnadan oshgan va o‘tgan yilga nisbatan 11 foizga ko‘paygan. Shuningdek, import yuklari hajmi 22 foizga o‘sib, 243 ming tonnaga yetgani keltirilgan.
Pokiston OAV ma’lumotlarida O‘zbekiston Karachi porti, Qosim porti va Gvadar porti orqali jahonning yuzlab portlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri dengiz aloqalarini yo‘lga qo‘ygani ta’kidlanib, bu eksport yuklarini Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Osiyo–Tinch okeani bozorlariga tezkor va raqobatbardosh sharoitda yetkazish imkonini oshirishi aytilgan.