Iqtisodiyot
O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishda davom etmoqda
Birinchi yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 6,7-6,8 foiz atrofida o‘sdi, deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligining dastlabki hisobotida. Xizmatlar sohasidagi o‘sish 13,5 foizga baholanmoqda. Oltinsiz eksport 23 foizga, xususan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 1,4 barobarga oshdi. Xalqaro pul o‘tkazmalari 26 foizga ko‘paydi. Davlat budjeti daromadlari 28 foizga, xarajatlari 13 foizga oshdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yil I yarim yillik yakuni bo‘yicha kutilayotgan dastlabki makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar to‘g‘risida Kun.uz’ga ma’lumot berdi.
Makroko‘rsatkichlar
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida iqtisodiyot va tarmoqlarida erishilgan va kutilayotgan natijalardan yalpi ichki mahsulot hajmi 6,7-6,8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Xususan:
sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 6,3 foiz;
bozor xizmatlari – 13,5 foiz;
qishloq xo‘jaligi – 4 foiz;
qurilish ishlari – 9,7 foizga o‘sishi kutilyapti.
Inflatsiya darajasi yil boshiga nisbatan 4,2 foizni (2024 yilning mos davrida – 5,2 foiz) yoki yillik hisobda 8,7 foizni (10,6 foiz) tashkil qildi.
Davlat budjeti daromadlari 144,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31,4 trln so‘m yoki 27,8 foizga ko‘p.
Yarim yillikda budjet xarajatlari 13,1 foizga o‘sib, 173,3 trln so‘mga yetdi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan jami 1,6 mlrd dolllarlik resurslar ajratildi.
Sanoat tarmoqlari
6 oylik sanoat ishlab chiqarishi 460 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Yirik korxonalar tomonidan 56,7 tonna oltin (o‘sish – 3,8%), 80 tonna kumush (16%), 24,7 mln kv m oyna (1,3 barobar), 7 mln tonna sement (10,1%), 29 mln kv m gipsokarton (13,4%), 360 mln kv m ip gazlama (12,3%), 438 mln dona trikotaj mahsulotlari (9,2%), 112 ming tn trikotaj mato (8,4%) ishlab chiqarildi.
Bunda, respublika tovar-xomashyo birjasi bitimlari hajmi 1,3 barobarga (82,7 trln so‘mgacha) oshdi.
Hududlar kesimida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Jizzax (11,8%), Navoiy (10,7%), Xorazm (9,4%), Namangan (9%) va Qashqadaryo (7,2%) viloyatlarida yuqori o‘sish kutilmoqda.
Bunda, hududlarda faoliyat ko‘rsatmayotgan 4,5 mingta sanoat korxonasi faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilib, 112 mlrd so‘mlik quvvat yaratildi va 7 mingta ish o‘rni tiklandi.
Eksport
Joriy yilning I yarim yilida eksport hajmi 16,9 mlrd dollarni (o‘sish – 33%) tashkil etdi. Bunda, tovar va xizmatlar eksporti (maxsus eksporsiz) 23 foizga oshdi (10,4 mlrd dollar).
Yil boshidan 1 557 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etilib, ular tomonidan 650 mln dollarlik eksport amalga oshirildi.
Oltindan tashqari, eksportdagi o‘sish asosan meva-sabzavot mahsulotlari (140 foiz, +243 mln dollar), zargarlik buyumlari (4,6 bar., +170 mln dollar), uran (123 foiz, +97 mln dollar), qurilish materiallari (117 foiz, +61 mln dollar), un (142 foiz, +55 mln dollar), elektr texnika va kabellar (108 foiz, +44 mln doll), farmatsevtika mahsulotlari (120 foiz, +18 mln dollar), turizm (154 foiz, +705 mln doll), axborot (193 foiz, +219 mln doll) va transport xizmatlari (122 foiz, +207 mln doll) evaziga ta’minlandi.
Hududlar kesimida Toshkent shahar (o‘sish 131 foiz, +493 mln dollar), Samarqand (138 foiz, +129 mln dollar), Navoiy (118 foiz, +97 mln dollar), Surxondaryo (162 foiz, +74 mln dollar), Farg‘ona (120 foiz, +67 mln dollar), Xorazm (119 foiz, +39 mln dollar) viloyatlarida eksport hajmlarida yuqori o‘sish sur’atlariga erishildi.
Bank-moliya sohasi va investitsiyalar
Joriy yilning iyun oyida iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari qoldig‘i hajmi – 618,5 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,1 foizga, xalqaro pul o‘tkazmalari 26,3 foizga (8,2 mlrd dollar) o‘sdi.
Tijorat banklari tomonidan tashqi manbalardan joriy yil I yarim yillikda jami 3,6 mlrd dollar (yillik reja 6 mlrd dollar) jalb qilindi va qiymati yuz ming dollardan yuqori bo‘lgan 1300 dan ortiq loyiha (ularning jami qiymati 2,3 mlrd dollar) moliyalashtirildi.
Yil boshidan asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 265,2 trln so‘mga (o‘sish 108,3%) yetib, ularning 71 foizini xorijiy investitsiyalar tashkil etdi.
O‘tgan 6 oyda 18,7 mlrd dollarlik xorijiy investitsiya kiritildi. Shundan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar –
16,7 mlrd dollar, davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar –
2 mlrd dollar
Shu bilan birga, budjet hisobidan investitsiyalarni moliyalashtirishga ajratilgan mablag‘ 34,6 foizga oshdi (13,3 trln so‘m).
Qishloq xo‘jaligi
Qishloq xo‘jaligida 177,1 trln so‘mlik mahsulot yetishtirilishi kutilmoqda.
Bunda, meva 5,3 foiz (1,1 mln tn), poliz ekinlari – 6,6 foiz (277 ming tn), go‘sht 3,6 foiz (1,4 mln tn), tuxum 4,4 foizga (3,9 mlrd dona) o‘sadi.
Bozor xizmatlari
Bozor xizmatlari hajmi 459,7 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Bunda, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (o‘sish – 23,2%), moliyaviy xizmatlar (18,2%), transport (13,6%), savdo (9,2%), ta’lim (9,1%), yashash va ovqatlanish xizmatlari (7,5%) sohalarining yuqori o‘sishi kutilmoqda.
Shuningdek, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,9 foizga (246,4 trln so‘m) o‘sdi.
Iqtisodiyot
Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «China CAMC Engineering» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Go Szisze va «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi bosh direktori Pyao Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda eskirgan shinalarni utilizatsiya qilish va texnik uglerod ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar zamonaviy piroliz texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni tashkil etish hamda sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu loyiha doirasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uning amalga oshirilishini izchil rag‘batlantirishga kelishib oldilar.
«Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi kimyoviy injiniring, neft-kimyo va ekologik yechimlar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya texnik uglerod yo‘nalishida 80 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.
Iqtisodiyot
Eron 10 million riyollik banknotni muomilaga chiqardi
Eron markaziy banki 10 million riyollik banknotga murojaat qildi – bu mamlakat tarixidagi eng yirik nominaldir, deya yozadi Financial Times.
10 million riyol – 7 dollardan sal ko‘proq degani.
Markaziy bank yangi kupyura chiqarishdan maqsad «jamoatchilikning naqd pulga ega bo‘lishini ta’minlash»ga qaratilgani, mamlakatda elektron to‘lov tizimlari va internet-banking hali ham barqaror ishlayotganini ta’kidlagan.
Financial Times’ning qayd etishicha, yangi banknot Eronda naqd pulga bo‘lgan katta talab fonida muomalaga chiqarilgan. Eronliklar elektron to‘lov tizimlari ishlamay qolishidan xavotirda, ular hisob raqamlaridan pul yechish uchun banklarda soatlab navbatda turishmoqda. Shu bilan birga, Markaziy bank kredit tashkilotlariga yetarli miqdorda kupyuralar taqdim etayotganini aytayotgan bo‘lsa-da, banklar naqd pul berishda cheklovlar joriy qilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida, ya’ni urush boshlanishidan oldinroq, Eronda inflatsiya yillik hisobda 47,5 foizni tashkil etayotgandi.
10 million riyollik banknotlar muomilaga chiqarilgunicha Erondagi eng yirik kupyura 5 million riyol bo‘lib turgandi. Markaziy bank uni fevral oyi boshida muomilaga chiqargan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni qanday o‘zgardi?
O‘zbekiston 2026 yildagi Iqtisodiy erkinlik indeksida o‘z o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshilagan holda 184 ta mamlakat orasida 86-o‘rinni egalladi. Mamlakat iqtisodiyoti hisobot e’lon qilina boshlanganidan beri birinchi marta «o‘rtacha erkin» darajaga ko‘tarildi. Bir qator indikatorlarda o‘sish kuzatilgan, shu bilan birga, sud-huquq tizimi samaradorligi hamda biznes yuritish erkinligi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yomonlashgan.
O‘zbekiston 2026 yilgi iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnini 14 pog‘onaga yaxshiladi va 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. 2025 yilga nisbatan mamlakatning iqtisodiy erkinlik darajasi 2,3 punktga oshdi va 60,3 ko‘rsatkichga yetdi (maksimal natija – 100 ball). Reytingda O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnilari San-Tome va Prinsipi (85-o‘rin) va Namibiya (87-o‘rin) hisoblanadi.
1998-2026 yillarda O‘zbekistonga berilgan umumiy ballning o‘zgarish dinamikasi
Ko‘rsatkichlar o‘zgarishi
Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 2025 yilga nisbatan 12 ta indikatorning 8 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, 2 ta indikatorda esa salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Shuningdek, yana 2 ta indikator bo‘yicha narijalar o‘zgarishsiz qolgan.
Qonun ustuvorligi:
mulkiy huquqi — 43,1 (+9,6);
davlat yaxlitligi — 32 (+0,8);
sud-huquq tizimi samaradorligi — 13,7 (-0,8).
Davlat aralashuvi darajasi:
soliq yuki — 95 (+2,2);
davlat xarajatlari — 73,7 (+0,1);
fiskal salomatlik — 79,9 (+6,6).
Davlat tomonidan tartibga solish samaradorligi:
biznes yuritish erkinligi — 62,5 (-1,9);
mehnat bozori erkinligi — 48,4 (+0,5);
pul erkinligi — 65,1 (+0,5).
Bozorning ochiqligi:
savdo erkinligi — 80,6 (o‘zgarmagan);
investitsiya erkinligi — 70 (+10);
moliyaviy erkinlik — 60 (o‘zgarmagan).
Mamlakatlar iqtisodiyoti besh guruhga bo‘lingan: erkin (80 dan 100 ballgacha), asosan erkin (70−79,9 ball), o‘rtacha erkin (60−69,9), asosan erkin bo‘lmagan (50−59, 9) va repressiv (0−49,9). Yangi reytingda O‘zbekiston iqtisodiyoti hisobot e’lon qilina boshlanganidan beri birinchi marta o‘rtacha erkin darajaga ko‘tarildi. Xususan, respublika 1998-2006 yillarda repressiv, 2007-2009 yillarda iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan, 2010-2016 yillarda yana repressiv, 2017-2025 yillarda iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoriga kiritilgandi.
«O‘zbekistonda umumiy qonun ustuvorligi zaif. Mamlakatdagi mulkchilik huquqi, sudning samaradorligi va hukumat yaxlitligi reytingi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past», deyiladi hisobotda.
Qo‘shni mamlakatlarning o‘rni qanday?
MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni Armaniston (52-o‘rin) va Ozarboyjon (67-o‘rin) qayd etgan. Keyingi pog‘onalardan Qozog‘iston (68-o‘rin), Moldova (101-o‘rin), Qirg‘iziston (114-o‘rin), Tojikiston (131-o‘rin), Rossiya (145-o‘rin), Belarus (150-o‘rin) va Turkmaniston (160-o‘rin) o‘rin olgan.
Umumiy reytingning eng yuqori 3 ta pog‘onasini Singapur (84,4 ball), Shveytsariya (83,7 ball) va Irlandiya (83,3 ball) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda Venesuela (27,3 ball), Kuba (25,2 ball) va Shimoliy Koreya (3,1 ball) qayd etilgan. 8 ta davlat: Afg‘oniston, Iroq, Liviya, Lixtenshteyn, Samoli, Suriya, Ukraina va Yamanga turli sabablarga ko‘ra reyting berilmagan.
Umumiy iqtisodiy erkinlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa o‘tgan yilgi 59,7 ballda 59,9 ballga oshgan.
Iqtisodiyot
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda
Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini 2030 yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda, bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbirda aytdi.
«Agar hozir Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi «boshi berk» mamlakatda yashayotgan bo‘lsak, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi yakunlanishi bilan biz tranzit davlatiga aylanamiz», dedi u.
Davlat rahbari so‘zlariga ko‘ra, ushbu keng ko‘lamli loyihaning amalga oshirilishi yangi tranzit aloqalarini ochadi va mintaqaning xalqaro ahamiyatini oshiradi. Qirg‘izistonda yuklarni yetkazib berish vaqti sezilarli darajada qisqaradi, bu esa yangi bozorlarga chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Temir yo‘l tarmog‘ining rivojlanishi ichki aloqalarni mustahkamlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizmga kuchli turtki beradi.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi mintaqadagi texnik va muhandislik jihatdan eng murakkab loyihalardan biridir. Uning qurilishi doirasida umumiy uzunligi 120 kilometr bo‘lgan 50 ta ko‘prik va 29 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan. Bu – jami yo‘lning qariyb 40 foizi tunnel va ko‘priklar orqali o‘tadi, degani. Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning umumiy uzunligi 304 kilometrni tashkil etadi.
Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati 4,7 milliard dollarga baholanmoqda. Ushbu mablag‘ning yarmi – taxminan 2,3 milliard dollar Xitoy tomonidan Qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida taqdim etiladi. Qolgan 2,3 milliard dollar uch davlat tomonidan kompaniya ustav kapitaliga quyidagicha nisbatda kiritiladi: Xitoy – 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston – har biri 24,5 foizdan.
Iqtisodiyot
o‘zbekistonliklar go‘sht, sut va yonilg‘i narxlari oshishini ko‘proq sezishgan
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovlarda Toshkent shahrida yashovchilar oxirgi 12 oyda narx-navo 13,3 foizga oshganini aytgan bo‘lsa, andijonliklar 12,9 foizlik inflatsiyani sezganliklarini bildirgan. Qoraqalpog‘istonda sezilgan inflatsiya ko‘rsatkichi esa eng past – 10 foiz.
2026 yil fevral oyida O‘zbekiston aholisi sezgan yillik inflatsiya darajasi yanvar oyiga nisbatan 0,1 foiz bandga pasayib, 11,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
So‘rovnomada 2800 dan ortiq respondent ishtirok etgan. Ular bergan javoblarga qaraganda, sezilgan inflatsiya Toshkent shahrida eng yuqori – 13,3 foizni, Andijon viloyatida 12,9 foizni, Farg‘ona viloyatida 12,2 foizni tashkil etgan.
Qoraqalpog‘istonliklar esa narx-navo oshishini hammadan ham kamroq sezishgan – 10 foiz. Namangan viloyatida yashovchilar 10,4 foiz, Navoiy viloyati aholisi 10,5 foizlik inflatsiyani his etishgan.
Fevral oyida aholi tomonidan narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgan asosiy tovar va xizmatlar quyidagilar: go‘sht va sut, benzin va yoqilg‘i, meva va sabzavotlar, elektr va tabiiy gaz, dorilar, shuningdek, yo‘lkira va tashish xizmatlari.
Daromadlari 2 mln so‘mgacha bo‘lgan aholi qatlami eng kam – 10,4 foizlik inflatsiyani sezgan bo‘lsa, 20 mln so‘mdan ko‘proq daromad topuvchilar oxirgi 12 oyda narx-navo 14,4 foizdan ko‘proqqa oshdi deb hisoblayapti.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Iqtisodiyot4 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat4 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Iqtisodiyot4 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Siyosat5 days agoOnlayn suiiste’mollik va zararli kontentga qaratilgan qonun loyihasi Senatga kiritiladi
