Iqtisodiyot
O‘zbekiston eksporti 35 yilda qariyb 19 barobarga oshdi
O‘zbekistonning eksport hajmi so‘nggi 35 yil davomida sezilarli o‘sishni namoyon etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakat eksporti 33,8 milliard AQSh dollarini tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich 1991 yilga nisbatan qariyb 32 milliard dollarga yoki 18,8 barobarga oshganini ko‘rsatadi. Xususan, 1991 yilda eksport hajmi 1,8 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, keyingi yillarda bosqichma-bosqich o‘sish qayd etilgan.
Jumladan, 2010 yilda eksport 13 milliard dollarga yetgan, 2020 yilda 15,1 milliard dollarni tashkil etgan. Keyingi yillarda o‘sish sur’ati yanada jadallashib, 2023 yilda 24,9 milliard, 2024 yilda 27,3 milliard va 2025 yilda 33,8 milliard dollarga yetgan.
Eksport hajmining ortishi mamlakat iqtisodiyotidagi islohotlar, ishlab chiqarish hajmining kengayishi hamda tashqi savdo aloqalarining faollashgani bilan bog‘liq.
Iqtisodiyot
Centrum Air yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirib, yangi xalqaro yo‘nalishlarni ishga tushirmoqda
Centrum Air aviakompaniyasi o‘z yo‘nalishlar tarmog‘ini rivojlantirish doirasida qator yangi muntazam xalqaro yo‘nalishlar ishga tushirilishini e’lon qiladi. Asosiy e’tibor MDH mamlakatlaridagi ishtirokni kengaytirish, shuningdek, Osiyo davlatlari bilan aviatsiya aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Bahor-yozgi jadvalda aviakompaniya Rossiya shaharlariga yangi reyslarni ochmoqda:
Omsk – 3 apreldan, haftasiga 1 marta (juma)
Krasnoyarsk – 29 martdan, haftasiga 2 marta (payshanba, yakshanba)
Samara – 30 martdan, haftasiga 2 marta (dushanba, payshanba)
Sochi – 30 martdan, haftasiga 2 marta (dushanba, juma)
Ulan-Ude – 1 apreldan, haftasiga 1 marta (chorshanba)
Ushbu yo‘nalishlarning ochilishi hududlararo transport qulayligini oshirish hamda O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida muntazam qatnovchi yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, aviakompaniya Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlariga ham aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali mintaqaviy tarmoqni kuchaytirmoqda:
Ostona – 29 martdan, haftasiga 4 marta (dushanba, seshanba, juma, yakshanba)
Uralsk – 22 martdan, haftasiga 2 marta (seshanba, yakshanba)
O‘sh – 1 apreldan, haftasiga 2 marta (chorshanba, shanba)
Lahor – 21 apreldan, haftasiga 2 marta (seshanba, juma)
Mazkur yo‘nalishlarning ishga tushirilishi mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirish, ishbilarmonlik va turistik aloqalarni kengaytirish, shuningdek, hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Barcha reyslar Toshkentdan zamonaviy va qulay Airbus A320 havo kemalarida amalga oshiriladi.
Yo‘nalishlar tarmog‘ini yanada rivojlantirish doirasida aviakompaniya, shuningdek, Toshkent — Samarqand ichki yo‘nalishi hamda Vetnamning Danang va Kamran (Nha Trang) shaharlariga xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yishni ham rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, 30 martdan ilk Yevropa yo‘nalishi — Frankfurtga parvozlarni boshlash ko‘zda tutilgan.
Reyslar jadvali va aviachiptalar narxi haqida batafsil ma’lumotni aviakompaniyaning rasmiy saytidan topishingiz mumkin: centrum-air.com.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
Telefon: (+998) 55−518−88−88
Sayt: centrum-air.com
Facebook: fb.com/centrumairlines
Instagram: @centrumair
Telegram: t.me/centrumair
Iqtisodiyot
Trampning neft narxini qulatgan bayonoti arafasida birjada shubhali bitimlar amalga oshirildi
Neft treyderlari AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan «samarali muzokaralar» haqidagi postni e’lon qilishidan 15 daqiqa oldin bir necha yuz million dollarlik shubhali bitimlarni amalga oshirdi, keyin esa narxlar keskin tushib ketdi, deb yozadi Financial Times.
Trampning posti Vashington vaqti bilan soat 07:04 da paydo bo‘ldi, soat 6:49 va 6:50 oralig‘ida esa Nyu York birjasida Brent va WTI nefti savdosi bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 580 million dollarga teng bo‘lgan 6200 dan ortiq fyuchers bitimlari tuzilgan. Tramp AQSh Eron elektr stansiyalariga zarbalarni besh kunga kechiktirishi haqida e’lon qilganidan keyin esa neft narxi quladi, fond indekslari ko‘tarila boshladi. Qayd etilishicha, birjadagi bunday vaziyat ko‘p davom etmagan – Eron tomoni hech qanday muzokaralar o‘tkazilmayotgani haqidagi ma’lum qilgach, indekslar pasayib, neft fyucherslari narxi ko‘tarilgan.
Ayni vaqtda Trampning bayonoti arafasida tuzilgan neft fyucherslari bo‘yicha kelishuvlar muvofiqlashtirilgani yoki yo‘qligi aniq emas. Biroq, birja tahlilchilaridan biri ta’kidlaganidek, tanlangan vaqt «savollar tug‘diradi». «Kimdir hozirgina ancha boyib oldi», – deya izoh beradi nashrning boshqa bir suhbatdoshi.
Oq uydagilar esa «prezident Tramp va uning ma’muriyati mulozimlarining yagona maqsadi – Amerika xalqi uchun eng yaxshisini qilish» ekanini ta’kidlab, insayderlik ma’lumotlari sizib chiqishi haqidagi gumonlarni rad etmoqda.
«Oq uy ma’muriyatning biror-bir amaldori insayder ma’lumotlaridan noqonuniy ravishda foyda olishiga yo‘l qo‘ymaydi va amaldorlar bunday faoliyat bilan dalillarsiz shug‘ullanayotgani haqidagi har qanday ishoralar asossiz xabarlardir», – degan Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Kush Desai.
Iqtisodiyot
Jahon banki Surxondaryoda yo‘l qurishga 200 mln dollar ajratadi
Bank direktorlar kengashi ma’qullagan loyiha doirasida O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan bog‘laydigan mavjud 2 qatorli trassa 4 qatorli qilib qaytadan quriladi. Natijada bu yo‘ldagi o‘rtacha tezlik 65 dan 90 km/soatgacha oshadi.
Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan 200 mln dollarlik loyihani ma’qulladi.
Bosh ofisi Vashingtonda joylashgan bankning 23 mart kungi xabarida aytilishicha, 5 yillik loyiha quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1. Surxondaryo viloyatidagi M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining 91 kilometr qismini rekonstruksiya qilishda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “Avtoyo‘linvest” agentligini qo‘llab-quvvatlash. Bu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikasi va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud 2 qatorli trassa 4 qatorli bo‘ladi.
Yo‘lning ushbu qismi ta’miri yakunlangach, undan kuniga 35 mingga yaqin haydovchi va yo‘lovchi foydalanadi. Avtomagistral, shuningdek, yondosh hududlarning taxminan 550 ming aholisi uchun transport xizmatlari va iqtisodiy imkoniyatlardan kengroq foydalanishni ta’minlaydi. Bunday imkoniyatlarga ta’mirlangan yo‘l bo‘ylab biznesning rivojlanishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi kiradi.
Loyiha yo‘l qoplamasi sifatini yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligi va avtobus bekatlarining qulayligini oshirish bo‘yicha qurilish ishlarini moliyalashtiradi. Shuningdek, suv toshqini xavfidan himoya qiluvchi 180 ga yaqin ko‘prik va drenaj inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Ushbu chora-tadbirlar avtomobil yo‘lining rekonstruksiya qilinayotgan qismida yo‘l-transport hodisalari va o‘lim holatlari sonini kamaytirishga, yo‘lga ketadigan vaqtni qisqartirishga (aholi punktlaridan tashqarida o‘rtacha harakat tezligi 65 dan taxminan 90 km/soatgacha oshadi), yo‘lovchi va yuk tashishning ishonchliligini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining O‘zbekistonning boshqa hududlari va qo‘shni davlatlar bilan transport aloqalari mustahkamlanadi.
2. Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda ko‘maklashish. Ushbu hujjat davlat organlarining transport xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” bo‘ladi. Strategiya yo‘lovchi va yuk tashishni yaxshilash uchun ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga, shuningdek, har xil transport turlari ishini muvofiqlashtirishga yordam beradi.
Hujjat transport sektorining ta’minot zanjiridagi uzilishlar va ob-havo xatarlariga chidamliligini oshirish, shuningdek, sohada chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha iqtisodiy jihatdan samarali yechimlarni joriy etish choralarini o‘z ichiga oladi.
3. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ biznes-jarayonlarini, jumladan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, moliyaviy shaffoflikni oshirish, yo‘lovchi tashishni rejalashtirish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish. Ushbu chora-tadbirlar kompaniyaning operatsion samaradorligi va faoliyati natijadorligini oshiradi, shuningdek, uni yanada rivojlantirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish salohiyatini mustahkamlaydi.
Iqtisodiyot
«Paynet Xolis» kassa apparat o‘rnini bosadimi? Soliq talablari bo‘yicha chalkashliklar yuzaga kelmoqda
Toshkentda faoliyat yurituvchi tadbirkor Kun.uz’ga soliq organlari talablari yuzasidan chalkashlikka duch kelganini ma’lum qildi. Unga avval terminaldan voz kechib, «Paynet Xolis» orqali ishlash tavsiya etilgan bo‘lsa, keyinchalik bu tizim hali test rejimida ekani aytilib, yana kassa apparat talab qilingan. Holat yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi munosabat bildirdi.
Toshkent shahrida gul oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor Kun.uz’ga murojaat qilib, soliq organlari talablari bo‘yicha tushunmovchilik yuzaga kelganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab soliq organi xodimlari unda mavjud bo‘lgan kassa apparati ishlatilmayotganiga e’tibor qaratgan. Shu bilan birga yanvar oyidan boshlab «Paynet Xolis» tizimidan foydalanish tavsiya etilgan.
«Hamma YaTTlarga «Paynet Xolis»ni majburiy ulashdi. «Endi kassa apparatni ishlatmaysiz, barcha cheklarni shu orqali chiqarasiz», deyishdi. Naqd pul bilan to‘lansa, naqd ko‘rsatasiz, karta bo‘lsa, QR-kod orqali to‘lash kerak», deyishdi. Lekin tizim hali to‘liq ishlamayapti, ba’zan QR-kod ham ishlamay qoladi», – deydi tadbirkor.
Keyinchalik u soliq organlari tavsiyasiga asosan terminal tizimidan ham chiqib ketgan. Biroq yaqinda o‘tkazilgan profilaktik tekshiruvda undan yana terminal va chek masalasi so‘ralgan.
«Endi esa bu test rejimidagi masala, kassa apparat majburiy, QR-kodli chek bo‘lishi kerak, deyishyapti. Qaysi biri to‘g‘ri — tushunmayapman», – deydi u.
Soliq maslahatchisi nima deydi?
Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovning izohiga ko‘ra, qonunchilikda «Paynet Xolis»dan foydalanish majburiy emas, biroq fiskal chek berish majburiy hisoblanadi.
Uning ta’kidlashicha, «Paynet Xolis» aslida kassa apparatning muqobili sifatida ishlashi mumkin: tizim orqali tushum kiritiladi, QR-kod shakllanadi, bu fiskal chek sifatida tan olinadi.
«Paynet Xolis» o‘rnatilgan bo‘lsa, bu kassa apparatga umuman chek urmaslik mumkin degani emas. Aslida shu platformaning o‘zida fiskal chek shakllantirilishi kerak. Ya’ni u kassa apparat vazifasini bajaradi», – deydi mutaxassis.
Agar tadbirkor ushbu tizimdan foydalanmasa yoki chek bermasa, e’tirozlar shundan kelib chiqishi mumkin.
«Paynet Xolis»dan foydalanish tadbirkorni kassa apparatdan foydalanish majburiyatidan ozod qilmaydi» – Soliq qo‘mitasi
Davlat soliq qo‘mitasining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, bugungi kunda savdo operatsiyalarini nafaqat an’anaviy kassa apparatlari, balki raqamli platformalar orqali ham amalga oshirish mumkin. Ya’ni:
• to‘lovlarni naqd va naqdsiz qabul qilish
• QR-kod orqali to‘lov olish
• elektron chek shakllantirish – barchasi qonunchilik doirasida ruxsat etilgan.
Shu bilan birga 2026 yil 1 yanvardan boshlab (247 sonli prezident qaroriga asosan) tadbirkorlarda maxsus QR-kod bo‘lishi majburiy bo‘ldi. QR-kod bo‘lmasa, bu kassa apparati yoki terminal ishlatmaslikka tenglashtiriladi.
Shuningdek, qonunchilikka ko‘ra:
• elektron chek — qog‘oz chek bilan teng
• to‘lovni QR-kod orqali qabul qilishni rad etish — jarimaga sabab bo‘ladi
Eng muhim jihat – «Paynet Xolis»dan foydalanish tadbirkorni kassa apparatdan foydalanish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Ya’ni tadbirkor yo kassa apparat ishlatishi yoki «Paynet Xolis» orqali fiskal chek berishi kerak.
Ma’lumot uchun, 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ularning faoliyatini raqamlashtirish orqali soddalashtirishni nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejim joriy etilgani munosabati bilan, QR-kodni faqat bitta ilovada – «Paynet Xolis»da rasmiylashtirish mumkin bo‘ldi. Bu monopoliyani yuzaga keltirish borasida xavotirlarni uyg‘otdi. Joylarda tadbirkorlar ushbu ilovadan foydalanishga majburlangan holatlar ham bo‘ldi.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov jurnalistlarning bu boradagi savoliga javoban bitta yoki ikkita tashkilot bu ishni amalga oshirishi bo‘yicha qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi. «Boshqa to‘lovlarni amalga oshiruvchilar ham o‘zining infrastrukturasidan kelib chiqib bu ishni qilishi mumkin», – dedi u.
Iqtisodiyot
«Italiya – Markaziy Osiyo (S5) + Ozarbayjon» biznes-forumida muhim kelishuvlarga erishildi
Toshkentda o‘tkazilayotgan “Italiya – Markaziy Osiyo (S5) + Ozarbayjon” biznes-forumi doirasida nufuzli mehmonlar ishtirokida muhim chiqishlar bo‘lib o‘tdi.
Jumladan, Italiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Turkmanistondan tashrif buyurgan mehmonlar nutq so‘zlab, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ular o‘z chiqishlarida qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni keng joriy etish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan yechimlarni ishlab chiqish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan ekanini ta’kidladilar.
Ishtirokchilar mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish hamda ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashinuvini kengaytirish orqali barqaror agroekotizimlarni shakllantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mumkinligini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, “Italiya – Markaziy Osiyo (S5) + Ozarbayjon” biznes- forumining yakuniy kommyunikesi qabul qilindi.
Unga ko‘ra, tomonlar qishloq xo‘jaligi va agrooziq-ovqat sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishdilar.
-
Siyosat5 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil Livan janubida quruqlikdan operatsiya boshladi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
-
Mahalliy5 days agoRo‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hindistondan qo’lga olingan tankerni ozod qilishni talab qildi
-
Jamiyat4 days agoCoca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Xizmatlar bozorining qariyb 40 foizi Toshkentda — statistika
