Jamiyat
O‘zbekiston BAA bilan davlat boshqaruvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi bo‘yicha forum va taqdirlash marosimida nutq so‘zladi.
«Yaxshi xabardorsiz, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lash, aholi va tadbirkorlar uchun munosib sharoitlar yaratish asosiy o‘rin egallaydi.
So‘nggi 10 yilda «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim» degan olijanob falsafani davlat siyosati darajasiga ko‘tardik. Boshqaruv sohasida aholi uchun samarali tizim yaratmasdan turib, hech bir yo‘nalishda kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Chunki har bir fuqaro o‘z kundalik hayotida his qilayotgan ijobiy o‘zgarishlar orqali davlat faoliyatiga baho beradi.
Boshqaruv idoralari odamlar muammosini, ularni qiynayotgan o‘tkir masalalarni o‘z vaqtida va adolatli hal etsa, aholining davlatga nisbatan ishonchi keskin ortadi. Ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiya esa islohotlar samarasini pasaytirib, xalqning umidini so‘ndiradi. Shuni inobatga olib, davlat boshqaruvida yangicha va ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz», – dedi davlatimiz rahbari.
«Samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, sohaga zamonaviy modellarni joriy qilish, Birlashgan Arab Amirliklari erishgan yutuq va ilg‘or tajribani tatbiq etish biz uchun foydali bo‘lmoqda. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda ushbu mamlakat bilan davlat boshqaruvi sohasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi», – dedi Prezidentimiz.
O‘tgan yil noyabr oyida «Byurokratiyani bartaraf etish» hamda sun’iy intellekt bo‘yicha nufuzli xalqaro forumlar birgalikda yuqori saviyada o‘tkazildi.
Shuningdek, davlat boshqaruvida ilg‘or tajriba almashish yuzasidan hamkorlik kelishuvi imzolandi.
«Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi ana shu sheriklikning yorqin amaliy natijasidir.
Prezidentimiz ushbu dasturni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun Amirliklar rahbariyati va shaxsan Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad al-Gargaviyga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz samarali boshqaruv qanchalik muhim ekaniga e’tibor qaratdi.
«Vazirlik va agentliklar, qo‘mita va inspeksiyalar faoliyatini xolis baholash, ularning aholi oldidagi mas’uliyatini yanada oshirish endi doimiy e’tiborimizda bo‘ladi. Bundan buyon «jarayon uchun» emas,«natija uchun» ishlash tamoyili idoralar faoliyatida asosiy mezonga aylanadi», – dedi davlatimiz rahbari.
Shu nuqtai nazardan, «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi mutlaqo yangi boshqaruv madaniyati va dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan islohotdir.
Ushbu dastur davlat idoralari faoliyatini xolis baholash, ularning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, eng ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish hamda sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlaydi.
Joriy yil yanvar-aprel oylarida dastur doirasida davlat idoralari faoliyati, boshqaruv sifati va rahbar kadrlarning yetakchilik qobiliyati xalqaro ekspertlar hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan baholandi.
Tanlovda 40 ta respublika idorasi va ularning xodimlari ishtirok etdi.
Jamiyat
Suyunchi puli bo‘yicha tartibga o‘zgartirish kiritildi
Suyunchi pulini endi hamma birinchi farzandlar olishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli (suyunchi) faqat birinchi farzand tug‘ilganda qayd etilar edi.
Biroq, shunday holatlar ham bo‘ladiki, birinchi tug‘ilgan bola yashashga ham ulgurmay, nobud bo‘ladi. Ammo bolaning tug‘ilishi haqidagi fakt axborot tizimiga onaning birinchi farzandi sifatida darhol qayd etiladi. Navbatdagi tug‘ilgan chaqaloq esa ikkinchi farzand deb hisoblanib, unga suyunchi pulini berish rad qilinar edi.
Muammo qanday aniqlandi?
Prezident Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan ushbu masalaga oid murojaatlarda ham ilk farzandi bilan perinatal yoki erta neonatal o‘lim holati yuz bergan onalar keyingi sog‘lom tug‘ilgan farzandi uchun bir martalik suyunchi pulini berish rad etilayotganidan shikoyat qilayotgan edi.
Prezident Xalq qabulxonasi va Vazirlar Mahkamasining tezkor tahlillari asosida hukumatning yuqorida aytilgan qaroriga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
Yangi tartib qanday bo‘ladi?
Vazirlar Mahkamasining yangi qarori (2026-yil 9-apreldagi 154-sonli) bo‘yicha endilikda:
Birinchi va (yoki) undan keyingi farzandlar nobud bo‘lgan taqdirda, navbatdagi tirik tug‘ilgan bola uchun «suyunchi puli» to‘lab beriladigan bo‘ldi.
Jamiyat
Piskentda daryo o‘rtasida qolib ketgan fuqaro qutqarildi
Ma’lum bo‘lishicha, daryoda suv sathi kutilmaganda ko‘tarilgan va suv oqimi yuqoriligi sababli fuqaro xavfsiz qirg‘oqqa chiqa olmagan.
Foto: Telegram / MCHSUzbek
23 may soat 10:20 da Toshkent viloyati Pskent tumani hududidan oqib o‘tgan Ohangaron daryosi o‘rtasidagi quruqlikda bir nafar fuqaro qolib ketganligi va yordam zarurligi to‘g‘risida Olmaliq shahar FVBga xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, daryoda suv sathi kutilmaganda ko‘tarilgan va suv oqimi yuqoriligi sababli fuqaro xavfsiz qirg‘oqqa chiqa olmagan.
Aytilgan manzilga zudlik bilan FVV qutqaruvchilari yetib borib, fuqaroni xavfsiz hududga olib chiqishgan.
Jamiyat
Qozog‘istondan olib kirilayotgan 1,3 mlrd so‘mlik dorilar fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mamlakatga noqonuniy olib kirilayotgan katta partiyadagi dori vositalari to‘xtatib qolindi.
Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istondan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi «S. Najimov» chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtomashinasi tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi 1973-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi transport vositasida oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan 52 turdagi tibbiyot buyumlari va dori vositalari aniqlangan.
Tekshiruv davomida jami 95 ming 369 dona mahsulot noqonuniy tarzda olib kirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir davomida noqonuniy yuklarni qabul qilib olayotgan vaqtda Toshkent tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan shaxs ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlarning umumiy qiymati 1 milliard 323 million so‘mni tashkil etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘smir svetoforda ham to‘xtamagan: Qo‘qondagi mudhish avtohalokat tafsilotlari
Qo‘qonda Malibu minib, svetoforning qizil chirog‘ida ham to‘xtamay yurgan 9-sinf o‘quvchisi oxir-oqibat 9 yashar uch bolani urib ketdi. Ulardan biri – Mina Karimiy ismli qizaloq vafot etdi, tirik qolgan dugonalari esa shifoxonaning reanimatsiya bo‘limida qolmoqda. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, Minaning yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Musibatlar har xil bo‘ladi… Ofatlar, talafotlar, falokatlar, qisqasi, kutilmgan holatlar. Aslida, kutilmagan emas, bu hammasi taqdir. Faqat bandasi uchun kutilmagan bo‘ladi.
Xalqimizda “avval kelgan avval ketsin” degan bir gap bor. Tushunasiz-a bu gapning ma’nosini? Yoshi kattalar o‘limini yengilroq o‘tkazish, bolalar vafotini esa og‘ir qabul qilish inson fitratida bor. Hech kimni bolam deb yig‘latmagin, deb duo qilishardi qariyalar, va bunda olam hikmati bor. Farzand dog‘iga chidash osonmas…
9 yashar Mina Karimiy onasi va singlisi bilan Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida shod-u hurram yashab kelishayotgan edi.
20 may kuni tong saharda uning singlisi tush ko‘rdi. Tushida opasining oyog‘i singan, jannatlarda yurgan emish. Tushi haqida onasiga aytib ham berdi…
Xuddi shu kuni soat 15:45 lar chamasi. Mina Karimiy tengqurlari bilan ko‘chada sayr qilish uchun onasidan ruxsat so‘radi. Rozilik olgan qizaloq dugonalari bilan ko‘chaga yo‘l oldi. Ko‘p o‘tmay, qizini tashqariga kuzatib, o‘zi kir yuvib o‘tirgan ona avtomashinaning asfalt yo‘lda uzoq sirpanib qattiq tormoz bosgani-yu vahimali gursillagan ovozni eshitdi.
Qop-qora Malibu to‘xtagan joyda tumonat odam to‘plangan, yo‘l chetida esa qizi Minaning oyoq kiyimi yotardi. Mushtipar ona surishtira-surishtira qizini shifoxonadan topdi. Qizining yuziga oq choyshab tashlangan edi…
Dugonalari bilan piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan Mina Karimiyni yashirincha uydan mashina haydab chiqib ketgan 9-sinf o‘quvchisi urib yuborgan.
Mina Karimiyning onasi o‘zbek, otasi esa afg‘on edi. Otasi bu dunyoni tark etganda, u endigina 4 yoshda bo‘lgan. Otasining taftiga to‘ymagan qizaloq bor mehrni onasidan olayotgandi.
Afsuski, singil ko‘rgan tush o‘ng bo‘lib chiqdi…
“Qizim to‘rt yoshida otasidan ayrilgan edi. Minani yolg‘izlikda o‘stirayotgan edim. Endi qizim jannatlarga, otasining yoniga ketdi.
Kichik qizim o‘sha kuni avtohalokatni tushida ko‘rgan ekan. Tushi haqida aytib bergan edi. Tushimda opamning oyog‘i sinibdi, jannatlarda yurgan emish, deganida hayron bo‘lgandim. Avtohalokatda rostdan ham Minaning oyog‘i singan edi.
Ikki yil avval uni Umraga olib borgan edim. Hajga ham borishni niyat qilib qaytgan edi”, deydi marhuma Mina Karimiyning onasi.
Qo‘qon shahar shoshilinch tibbiy yordam shifoxonasi neyroxirurgi Alisher Umarovning aytishicha, Mina bilan birga avtohalokatga uchragan ikki qizdan birining ahvoli og‘ir, yana biriniki esa barqaror.
Holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Otasining mashinasini haydab chiqib, shaharning Amir Temur ko‘chasida avtohalokat sodir etgan 9-sinf o‘quvchisi ehtiyot chorasi sifatida qo‘lga olingan. Guvohlarga ko‘ra, u qizaloqlarni katta tezlikda urib ketishidan bir necha soniya oldin svetoforning qizil chizig‘idan ham katta tezlikda o‘tib ketgan.
Afsuski, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash uchun har turli choralar ko‘rilayotganiga qaramay, bu choralar har kuni O‘zbekiston yo‘llariga chiqayotgan avtoqotillarga qarshi ishlamayapti. Nega? Chunki ko‘p hollarda ular munosib jazolanmayapti, deya olamiz. O‘ta xavfli qoidabuzarliklar uchun ham bir og‘iz uzr so‘rash yoki arzimagan jarima – qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutlaqo nomutanosib. Toki qonun qoidabuzarlarni ham, ularning arzanda farzandlarini ham tiyib qo‘yolmas ekan, hali ko‘pgina bolajonlarni yo‘llarda yo‘qotamiz.
Jamiyat
Qashqadaryoda ko‘pqavatli bino qurilishi uchun yetkazib berilgan sifatsiz g‘ishtlar yo‘q qilindi
Aniqlanishicha, sopol g‘isht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona tomonidan ko‘pqavatli inshoot uchun me’yoriy hujjatlarga nomuvofiq bo‘lgan sopol g‘isht mahsulotlari yetkazib berilgan.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida qurilish jarayonida foydalanilayotgan sifatsiz mahsulotlar aniqlanib, utilizatsiya qilindi.
Aniqlanishicha, sopol g‘isht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «H.S» MChJ (nomi o‘zgartirilgan) tomonidan davlat buyurtmasi asosida barpo etilayotgan ko‘p qavatli inshoot uchun me’yoriy hujjatlarga nomuvofiq bo‘lgan sopol g‘isht mahsulotlari yetkazib berilgan.
Mazkur holat yuzasidan Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan jamiyatga nomuvofiq mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish hamda ularni utilizatsiya qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
Sifatsiz mahsulotlar Kitob tumani chiqindi poligonida utilizatsiya qilindi.
Korxona kelgusida me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etishi, aks holda qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirildi.
-
Iqtisodiyot4 days agoQirg‘izistonda sanksiyalar tahdidi tufayli 50 ta korxona tugatildi
-
Siyosat2 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun O‘zbekistonda kuchli shamol va yomg‘ir kuzatiladi
-
Iqtisodiyot4 days agoHayot Bank O‘zbekiston moliya sektorida o‘z o‘rnini mustahkamlashda davom etmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago“Yaxshi foyda bo‘lmasa, tashlab ketadiganlardan emasmiz” – Germaniya elchisi
-
Iqtisodiyot4 days agoGo‘sht bahosi: tumanlar kesimida narxlar qanday?
-
Jamiyat4 days agoAndijonda qo‘lbola tarzda dori vositalari ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh etildi
-
Siyosat2 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
