Iqtisodiyot
O‘zbekiston avtosanoatida so‘nggi 10 yilda qanday tendensiya bo‘ldi?
O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarish so‘nggi o‘n yilda barqaror o‘sish bosqichiga chiqdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatda 457,9 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu 2015-yilga nisbatan 267,4 ming donaga yoki 2,4 barobarga ko‘pdir.
2026-yilning yanvar–mart oylarida esa turli rusumdagi 108 769 dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi.
So‘nggi o‘n yillik dinamikada eng past ko‘rsatkich 2016-yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘sha yili 92,7 ming dona avtomobil ishlab chiqarilgan. Keyingi yillarda tarmoq bosqichma-bosqich tiklanib, 2018-yildan boshlab yuqori o‘sish sur’atlari kuzatildi.
2018-yilda mamlakatda 225,8 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2019-yilda bu ko‘rsatkich 278 mingtaga yetgan. Pandemiya davrida ham sohada keskin pasayish kuzatilmadi.
2021-yilda ishlab chiqarish 242,2 ming donaga tushganiga qaramasdan, 2022-yildan bozorda yangi faollashuv boshlandi. Xususan, 2022 yilda 341,2 ming, 2023 yilda esa 426,1 ming dona avtomobil ishlab chiqarildi.
2024-yilda ishlab chiqarish hajmi 435,2 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam ilk bor 450 minglik chegaradan oshdi.