Connect with us

Sport

O‘zbekiston 24 yillik tanaffusdan keyin yunon-rum kurashi bo‘yicha JChda oltin medal oldi

Published

on


Xorvatiyaning Zagreb shahrida o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatidan xushxabar. Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Aytjan Xalmaxanov oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Foto: Facebook / unitedworldwrestling

-63 kg vazn toifasida bahs olib borgan Xalmaxanov hal qiluvchi bellashuvda janubiy koreyalik Chung Xan-Jayeni mag‘lubiyatga uchratishga erishdi.

Bu so‘nggi 24 yil ichida yunon-rum kurashi bo‘yicha dunyo birinchiligida o‘zbekistonlik atletlarning qo‘lga kiritgan dastlabki oltin medali bo‘ldi. 

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqada 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini jamg‘arishga erishdi.

Oltin medal: -63 kg: Aytjan Xalmaxanov (yunon-rum kurashi)

Kumush medal: -60 kg: Alisher G‘aniyev (yunon-rum kurashi)

Bronza medal: -57 kg: G‘ulomjon Abdullayev (erkin kurash), -65 kg: Umidjon Jalolov (erkin kurash), -72 kg: Abdullo Aliyev (yunon-rum kurashi).



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Bir monarxga ikki jamoa. Niderlandiya qiroli avval o‘z jamoasini tabrikladi, keyin kyurasaoliklar bilan bayram qildi

Published

on


Qirol bir kunda bo‘lib o‘tgan ikki o‘yinga ham ulgurish uchun katta masofani bosib o‘tdi.

Foto: Getty Images, Reuters

Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr va kirolicha Maksima bir kun ichida ikkita o‘yinni stadiondan turib tomosha qilishdi: avvaliga Ronald Kuman shogirdlari Shvetsiyani qanday tor-mor etganiga guvoh bo‘lishdi (5:1), shuningdek, Kyurasaoning Ekvador bilan o‘yiniga kirishga ulgurishdi (0:0). Ushbu monarxning Dik Advokat boshqaruvidagi jamoaga qiziqishi bejiz emas.

Birinchi bekat – Niderlandiya

FIFA prezidenti Janni Infantino deyarli har bir o‘yinda ko‘rinish berishi hech kimni ajablantirmaydi. Lekin Niderlandiya qiroli bir kechada orasida ming kilometrdan ortiq masofa mavjud bo‘lgan ikki stadionga tashrif buyurishga ulgurib, barchani hayron qoldirdi.

Uning dastlabki manzili Hyuston bo‘ldi, bu yerda Kuman shogirdlari Shvetsiyani tor-mor etishdi (5:1). Monarx o‘yinni Xalqaro futbol federatsiyasi rahbari yonida o‘tirib kuzatdi.

«Men bu yerda FIFA mehmoniman. Agar Infantino o‘yinga tushgan bo‘lsa, uning yonida men ham o‘tiraman. Balki unga Tinchlik mukofoti uchun bir necha nomzodlarimni taklif qilishga ulgurgandirman», – deya hazil qildi Villem-Aleksandr jurnalistlar bilan muloqotda Infantino va Tramp o‘rtasidagi munosabatlarni nazarda tutib.

Jamoasi oson g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, qirol natija uchun qattiq qayg‘urgandi.

«O‘yin vaqti bir necha marta defibrillyator qayerda turganiga qarab qo‘ydim. Ayrim pallalarda qattiq siqilib qoldim», – deya hazillashishda davom etgan monarx.

O‘yin yakunlanganidan keyin u kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olgan va jamoa a’zolarini tabriklagan. Futbolchilardan ayrimlari imkoniyatdan foydalanib, qirol bilan suratga tushib olishgan: xususan, jamoa sardori Virjiyl van Deyk va darvozabon Bart Verbryuggen u bilan selfi olishgan.

Een trots @koninklijkhuis 🧡#NothingLikeOranje #FIFAWorldCup pic.twitter.com/O7lwsfywF0


— OnsOranje (@OnsOranje) June 21, 2026

«U men yaxshi turganim va o‘yin unga yoqqanini aytdi», – deya darvozabondan iqtibos keltiradi Voetbal.

Ammo Villem-Aleksandr jamoa bilan ko‘p vaqt qola olmasdi: u tezda aeroportga yo‘l oldi, chunki bir necha soat o‘tib Kanzas-Sitida Kyurasao va Ekvador o‘rtasidagi o‘yin boshlanishi kerak edi.

Ikkinchi bekat – Kyurasao

2010 yil suverenitet qo‘lga kiritilganiga qaramay, Kyurasao hamon Niderlandiya qirolligining bir qismi hisoblanadi. Qolaversa, milliy jamoadagi 26 futbolchidan 25 nafari Karib havzasidagi orollarda emas, aynan Niderlandiyada dunyoga kelgan.

Qirol shu sabablar tufayli jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun uzoq yo‘l bosib keldi, jamoadagilar ham uni ko‘rishdan xursand bo‘lishdi. Monarx esa stadionga tushishdan oldin to‘q sariq rangdagi formasini ikkinchi jamoasining ranglariga almashtirdi.

Kyurasaoning Ekvador bilan o‘yindagi durang natijasi (0:0) Niderlandiyaning yirik hisobdagi g‘alabasidan ham qadrliroq edi. Bu o‘z tarixida ilk bor mundialda ishtirok etayotgan jamoa tomonidan qo‘lga kiritilgan ilk ochko edi. Villem-Aleksandr esa oila a’zolari bilan birga yana jamoa kiyim almashtirish xonasiga kirib keldi va jamoa bosh murabbiyi, niderlandiyalik taniqli mutaxassis Dik Advokat sha’niga maqtovli so‘zlar aytdi. Keyin esa u barcha futbolchilar bilan qo‘l berib ko‘rishib chiqdi va ular bilan birga raqs tusha ketdi.

Royal Celebration with the King and Queen 💙@koninklijkhuis pic.twitter.com/PLLrVoek80


— Curaçao National Football Team (@TheBlueWaveFFK) June 21, 2026

E’tiborli jihati, uchinchi turda qirol ikki jamoadan birini tanlashiga to‘g‘ri keladi: Kyurasao – Kot-d’Ivuar va Niderlandiya – Tunis o‘yinlari deyarli bir vaqtda boshlanadi, ushbu o‘yinlar o‘tkaziladigan stadionlar o‘rtasidagi masofa esa qariyb 2000 kilometr chiqadi.





Source link

Continue Reading

Sport

JChda 10-kun. Germaniyada kambek, Kyurasaoda sensatsiya, portugallar lagerida mojaro

Published

on


Birinchi turda 5 ta gol urgan shvedlar bu turda 5 ta gol o‘tkazishdi, Kyurasao darvozaboni esa 15 ta seyv bilan rekord o‘rnatdi, kuchli raqibdan ochko olgan debyutantlar guruhdan chiqish uchun nazariy imkoniyatni saqlab qolmoqda; Germaniya muddatidan oldin pley-off masalasini hal qildi, Yaponiyaga ham yirik hisobda yutqazgan Tunis turnirni tark etdi.

Jahon chempionatining ikkinchi turi yorqin o‘yinlar bilan muxlislarni xursand qilishda davom etmoqda: Kyurasao Ekvador bilan o‘yinda sensatsiya ko‘rsatdi (0:0), Yaponiya Tunisni osonlik bilan tor-mor etdi (4:0), Niderlandiya Shvetsiyaga imkon qoldirmadi (5:1), Germaniya Kot-d’ Ivuar bilan o‘yin oxirida g‘alaba golini urdi (2:1).

Maydon tashqarisida ham e’tiborli voqealar bo‘lib o‘tmoqda: Turkiya milliy jamoasi futbolchilari turnirni erta tark etgani uchun uzr so‘rashdi, Angliyadagilar mundialda o‘ynalayotgan to‘plarning g‘ayrioddiy xususiyatini payqab qolishdi, Portugaliyada esa feyk xabar tufayli chiqqan mojaro avj olmoqda.

Shvetsiya darvozasiga ikki futbolchi dubl qildi

Niderlandiya – Shvetsiya 5:1

Gollar: Brobbi, 5 (1:0). Brobbi, 17 (2:0). Gakpo, 47 (3:0). Gakpo, 54 (4:0). Elanga, 59 (4:1). Sammervill, 89 (5:1)

Niderlandiya: Verbryuggen, van Deyk, van Hekke, van de Ven, Dyumfris, de Yong (Til, 59), Reynders (Kopmeyners, 59), Gravenberh, Gakpo (Lang, 90), Malen (Sammervill, 46), Brobbi (Depay, 72)

Shvetsiya: Nordfeldt, Hin, Lindelyof, Lagerbilke, Chelstrem (Bergvall, 55), Nyugren (Zeneli, 55), Ayyari (Ali, 79), Gudmundsson (Stroud, 90+3), Bernhardsson (Elanga, 55), Isak, Yokeresh

Ogohlantirishlar: Gudmundsson, 53. Ayyari, 75. Bergvall, 80

Shvetsiya 1-turda yirik hisobda g‘alaba qozonib, maqtovlarga sazovor bo‘lgandi (5:1). Ammo o‘shanda raqib guruh autsayderi Tunis bo‘lgandi.  Endi esa yulduzli tarkibga ega bo‘lgan niderlandlar Yaponiya bilan durang o‘ynab qo‘yganidan keyin bor alamini shvedlardan olishdi (5:1).

Gremm Potter shogirdlari 5-daqiqadayoq tezkor gol o‘tkazib yuborishdi. Bu golli hujum maksimal darajada oddiy amalga oshirildi: darvozabon to‘pni oldinga yetkazdi, Brobbi to‘pni yutib oldi va qanotga yetkazib, o‘zi oldinga yugurdi, chap qanotda undan to‘pni qabul qilib olgan Reynders oldinroqdagi Gakpoga uzatma berdi, u esa to‘pni darvozabon hududiga yetib kelgan Brobbiga yetkazdi va hujumchida darvozani ishg‘ol etishdan boshqa variant yo‘q edi. Va bu voqealarning barchasi 10 soniya ichida ro‘y berdi.

17-daqiqada esa ushbu hujumchi endi o‘ng qanotdan Dumfris uzatgan to‘pni yaqin masofadan turib darvoza to‘riga kiritib yubordi va dublni rasmiylashtirdi.

O‘yinning birinchi bo‘limida shvedlar raqibga qaraganda ko‘proq zarba berishdi (9:5), Yokereshning o‘zida uchta xavfli vaziyat yuzaga keldi, ammo niderlandlar darvozaboni Verbryuggen ishonchli harakat qildi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa niderlandlar yana tashabbusni o‘z qo‘liga olishdi va Kodi Gakpo ham ikkita bir-biriga o‘xshash gollar muallifiga aylandi. 

Shvedlar biroz o‘tib qarshi hujumda Elanganing chiroyli goli bilan javob qaytarishdi, ammo yakuniy hisob o‘yin oxirlarida Sammervil tomonidan o‘rnatildi – 5:1. Niderlandlar hozircha rasman guruhdan chiqishmadi, ammo amalda pley-offga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashi mumkin.

Undav qutqardi

Germaniya – Kot-d`Ivuar 2:1

Gollar: Kesse, 30 (0:1). Undav, 68 (1:1). Undav, 90+4 (2:1)

Germaniya: Noyyer, Ta, Shlotterbek (Ryudiger, 46), Braun, Kimmih, Pavlovich (Amiri, 60), Nmecha, Musiala (Leveling, 60), Virs, Sane (Undav, 60), Havers (Goretska, 85)

Kot-d`Ivuar: Ya. Fofana, Kossunu, Agbadu, Konan, Singo (Due, 82), Sangare (S. Fofana, 75), Kesse, Oulai, Diomande (Pepe, 85), Diallo (Adingra, 75), Bonni (Gessan, 75)

To‘rt karra jahon chempionlari turnirni oson g‘alaba bilan boshlashgandi: birinchi turda jamoaga turnir debyutanti Kyurasao raqib bo‘lgandi. Bundestim avvaliga raqibga turnir tarixidagi ilk golni urish imkoniyatini bergan bo‘lsa-da, keyin istagancha gol urgandi (7:1). Ikkinchi o‘yindagi g‘alaba Germaniya uchun uzoq kutilgan pley-off yo‘llanmasini taqdim etishi kerak edi: nemislar oldingi ikki mundialda ham guruhdan chiqa olmagandi. Ikkinchi turdagi raqibni yengish esa oson ish emasdi – birinchi turda Ekvador (1:0) ustidan g‘alabaga erishgan Kot-d’Ivuar ham guruh masalasini shu turda hal qilish uchun maydonga tushgandi.

Nemislar, albatta, uchrashuv favoriti sanalayotgandi. Ammo jamoa o‘yin startida ishonchsiz harakat qildi va tashabbusni afrikaliklarga berib qo‘ydi. Va raqib o‘z imkoniyatidan foydalandi: Frank Kesse jarima maydonida o‘ziga kelib qolgan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.

Shundan keyin ham ivuarliklar himoyaga yotishmadi, aksincha bosim o‘tkazishda davom etishdi va nomdor raqibga qaraganda yaxshiroq ko‘rindi. Ammo hisobni ushlab qola olishmadi. Germaniya safida zaxiradan o‘yinga tushgan Deniz Undav (u oldingi o‘yinda ham zaxiradan maydonga tushib 1 gol va 2 assist muallifi bo‘lgandi) qahramonga aylandi: «Shtutgart» hujumchisi 60-daqiqada maydonga tushdi va 68- va 90+4-daqiqalarda gol urib, jamoasini pley-offga olib chiqdi.

Kyurasaoda ham ochko bor

 

Ekvador – Kyurasao 0:0

Ekvador: Galindes, Pacho, Inkapiye, Franko (Presiado, 83), Alsivar (Rodriges, 46), Vite, Moyzes Kaysedo, Estupinyan (Angulo, 70), Yyeboa (X. Kaysedo, 89), Valensiya, Plata

Kyurasao: Rom, Gari, Floranus, Obispo, Fonvill (van Eyma, 76), Brenet, Komenensiya (Romeratoe, 84), L. Bakuna, J. Bakuna (Gorre, 75), Chong (Margarita, 76), Lokadia (Kastaner, 83)

Ogohlantirishlar: Alsivar, 38 – L. Bakuna, 39. J. Bakuna, 53. Komenensiya, 56. Gari, 75. Kastaner, 90

Bu o‘yin oldidan Ekvador yaqqol favorit edi va amalda ham janubiy amerikaliklar yaqqol ustunlikka erishishdi – xG bo‘yicha 3,05 ga 0,48, zarbalar soni bo‘yicha 27:10, golli vaziyatlar bo‘yicha 5:0, burchak zarbalari bo‘yicha 9:0, to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha 75 ga 25 foiz.

Ammo Enner Valensiya, Moyses Kaysedo, Pervis Estupinyan, Piyero Inkapiye va Vilyan Pacho kabi yulduzlar jamoasi jahon chempionatiga ilk bor chiqqan raqibga qarshi hech narsa qila olishmadi. Kyurasaoliklarning 37 yoshli darvozaboni Eloy Rom kabo-verdelik Vozinyadan ham o‘tib ketdi va 15 seyv ijro etdi. Uning ham instagramdagi o‘quvchilari soni o‘sa boshladi: o‘yin arafasida unda 300 ming o‘quvchi bor edi, o‘yindan keyin bu raqam millionga qarab ketmoqda.

Rom jahon chempionatining bir o‘yinida seyv ijro etish bo‘yicha rekord o‘rnatdi (2014 yilgi mundial 1/8 finalida AQSh milliy jamoasi posboni Belgiyaga qarshi o‘yinda o‘z darvozasi tomon yo‘llangan 16 ta zarbani qaytargandi, ammo o‘shanda jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarda ham o‘ynagan va o‘yin 120 daqiqa davom etib, yevropaliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi).

Bundan tashqari, Dik Advokat boshchiligidagi Kyurasao uchun bu jahon chempionatlaridagi ilk ochkoga aylandi. Ikkinchi tur o‘yinlaridan keyin KONKAKAF vakillari Ekvador bilan bir xil ochkoga ega, faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra (Kyurasao turnirni Germaniyaga 1:7 hisobida yutqazish bilan boshlagandi) oxirgi o‘rinda.

Ekvador ikki o‘yinda 40 ta zarba yo‘llab, birorta gol ura olmadi: avvaliga Kot-d’Ivuar bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida gol o‘tkazib, yutqazgandi (0:1), endi kamtarona Kyurasaoni yenga olmadi (0:0). Endi E guruhidan chiqish uchun Ekvador so‘nggi turda Germaniyani mag‘lub etishi kerak bo‘ladi. Pley-offga chiqish imkoniyati Kyurasaoda ham saqlanib qolmoqda: buning uchun ular Kot-d’Ivuarni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.

Yaponiya yubiley o‘yinda porladi

Tunis – Yaponiya 0:4

Gollar: Kamada, 4 (0:1). Ueda, 31 (0:2). D. Ito, 69 (0:3). Ueda, 83 (0:4)

Tunis: Damen, Talbi, Rekik, Bronn (Ben Amida, 46), Sxiri (Xedira, 90), Slimane, Abdi (Ashuri, 90), Valeri, Saad (Garbi, 46), Mejbri, Tunekti (Shauat, 65)

Yaponiya: D. Sudzuki, Itakura, X. Ito, Tomiyasu (Seko, 79), Tanaka, Sano, Nakamura (Yu. Sudzuki, 79), Doan (Sugavara, 74), D. Ito, Kamada (D. Sudzuki, 73), Ueda (Goto, 84)

Tunis – Yaponiya o‘yini natijasini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Birinchi turdagi yirik mag‘lubiyatdan keyin bosh murabbiyidan ayrilgan tunisliklar o‘yini bir necha kun ichida o‘zgarib qolishini kutish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Yaponlar esa jahon chempionatlari tarixidagi yubiley 1000-o‘yinni yorqin o‘tkazishga qaror qilishdi.

Yaponiya to‘rtinchi daqiqadayoq hisobni ochishdi. Daiti Kamada darvozaga orqa qilib turgan holda tovoni bilan aniq zarba yo‘lladi.

10-daqiqada hisob 2:0 ko‘rinishini olishi mumkin edi: Ueda yo‘llagan zarbadan keyin to‘p himoyachilardan birining oyog‘i orqali darvoza to‘riga yo‘l oldi, ammo tunisliklar posboni Aymen Damen so‘nggi lahzada jamoasini qutqarishga ulgurdi – golni avtomatik aniqlash tizimi to‘p darvoza chizig‘ini to‘liq kesib o‘tmagan deb topdi. 

Lekin Ueda birinchi bo‘limning o‘zi baribir o‘z maqsadiga erishdi, ikkinchi bo‘lim boshlarida Dzyun Ito hisobni yirik ko‘rinishga keltirib, tunislik muxlislarning kambek uchun umidlarini so‘ndirdi, o‘yin oxirida Ayase Ueda dublni rasmiylashtirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi (4:0).

Turklar uyalmoqda

Bir kun oldingi o‘yinlar doirasida Turkiya milliy jamoasi Paragvayga yutqazib qo‘ygandi (0:1) va pley-offga chiqish imkoniyatini yo‘qotgandi. Holbuki turnir oldidan ushbu jamoa D guruhi favoritlaridan biri sifatida ko‘rilayotgandi. Endi futbolchilar muxlislardan uzr so‘ramoqda.

«Butun xalqimizdan uzr so‘rayman. Jamoamiz yosh. Oldinda hali turnirlar ko‘p. Ehtimol, bu mening so‘nggi turnirimdir, lekin yosh o‘yinchilarimizni qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman», – degan TRT Spor nashriga «Inter» yarimhimoyachisi Hoqon Chalxono‘g‘li.

Arda Guler ham shu ohangda bayonot berdi.

«Biz qattiq uyatdamiz. Barchamiz top-klublarda o‘ynaymiz va bu turnirda ancha yaxshiroq qatnashishimiz kerak edi. Birorta ham gol ura olmaslikni qabul qilib bo‘lmaydi», – deydi «Real» futbolchisi.

Jo Hart to‘pdan qanday foydalanish kerakligini aytdi

Angliya milliy jamoasining sobiq darvozaboni Jo Hart 2026 yilgi jahon chempionatida foydalanilayotgan «Trionda» nomli to‘p yuzasidan kuzatuvlari natijalari bilan bo‘lishdi. Uning fikricha, 2010 yilgi «Jabulani» to‘plari bilan bo‘lgani kabi, bu to‘p bilan ham olis masofadan zarba berilganida darvozabonlar uchun reaksiya ko‘rsatish juda qiyin bo‘ladi.

«Trionda» chindan ham odatiy modellardan farq qiladi: u atigi to‘rtta paneldan tayyorlangan. Bundan tashqari, to‘p ichiga ma’lumotlarni VAR tizimiga uzatuvchi datchiklar o‘rnatilgan. Bularning barchasi, britaniyalik sobiq futbolchi fikricha, aerodinamik xususiyatlarga kuchli ta’sir qiladi.

BBC efirida Hart Xorvatiyaning Angliya darvozasiga urgan birinchi goli bilan bog‘liq epizodni, shuningdek, Lionel Messining Jazoirga urgan gollaridan birini tahlil qilib, darvozabonlar to‘p tezligi va trayektoriyasini hisoblashda xato qilishmoqda, degan xulosaga keldi. Joning shunga ishonchi komil: bu turnirning borishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Futbolchilar to‘pning bunday xususiyatini bilgan holda, masofadan zarba berishni ko‘paytiradi.

Nevesh va Ronalduning qallig‘i o‘rtasidagi mojaro

Portugaliyaning Kongo DR bilan o‘yindagi muvaffaqiyatsiz natijasidan (1:1) keyin ijtimoiy tarmoqlarda jamoa yarimhimoyachisi Joau Neveshning sevgilisi Madalen Aragaoga taalluqligi ko‘rsatilgan feyk yozishma virusdek tarqaldi. Unda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri go‘yoki uning posti ostida shunday yozgani ko‘rsatilgan: «Boyfrending – ahmoq. Unga to‘pni GOAT (barcha zamonlarning eng kuchli futbolchisi ma’nosida) Krishtianu Ronalduga uzatish kerakligini ayt». Bunga javoban Aragao go‘yoki shunday yozgan: «O‘z GOAT’inga faoliyatini yakunlash kerakligini ayt. U juda xudbin».

OAVning aniqlashicha, aslida bunday yozishma bo‘lib o‘tmagan, bu skrinshot fotoshop yoki sun’iy intellekt orqali yasalgan. Ammo bir qancha yirik nashrlar bu skrinshotni tarqatishdi. Ushbu post mashhur Record Mexico akkauntida ham paydo bo‘lgan va uni Ronalduning qallig‘i Jorjina Rodriges ko‘rib qolgan. U post ostida shunday fikr qoldirgan: «Vau! Yangi avlod ajoyib!»

Shundan keyin Ronalduning minglab muxlislari Nevesh va uning sevgilisining instagramdagi sahifalariga hujum qilishgan. Boshqalar esa yolg‘on ma’lumotga ishonib, reaksiya bildirgan Jorjinaning ustidan kulishmoqda.

Bundan biroz oldin Krishtianuning singlisi Katya Aveyru portugallar jamoasi yarimhimoyachisi Brunu Fernandeshni passiv o‘ynashda ayblagandi va bu ijtimoiy tarmoqda jamoaga nisbatan salbiy fonni kuchaytirdi. Umuman olganda, 23 iyun kuni O‘zbekistonga qarshi o‘ynaydigan Portugaliya milliy jamoasi atrofidagi muhit notinch bo‘lib qolmoqda.

21-22 iyun kungi o‘yinlar

21 iyun kuni kechqurun va 22 iyunga o‘tar kechasi JCh guruh bosqichi 2-turi doirasida yana 4 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi:


21.00. H guruhi. Ispaniya — Saudiya Arabistoni
00.00. G guruhi. Belgiya — Eron
03.00. H guruhi. Urugvay — Kabo Verde
06.00. G guruhi. Yangi Zelandiya — Misr



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston-Portugaliya bahsini marokashlik hakamlar boshqaradi

Published

on


Portugaliya bilan o‘yin 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.

Futbol bo‘yicha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining 2-turidan o‘rin olgan Portugaliya va O‘zbekiston milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv rasmiylari ma’lum bo‘ldi.

Mazkur bellashuvni marokashlik FIFA hakami Jalol Jayed boshqarib boradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Zakariya Brinsi va Mustafo Akarkad yordam beradi.

Janubiy Afrika Respublikasi vakillari Abongayl Tom hamda Zaxele Sivela uchrashuvning to‘rtinchi va beshinchi rasmiy hakamlari sifatida faoliyat olib boradi.

O‘zbekiston milliy jamoasining Portugaliyaga qarshi bahsi 23 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.

Musobaqaning 1-turida O‘zbekiston milliy jamoasi Kolumbiyaga qarshi maydonga tushib, 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Abbosbek Fayzullayev jahon chempionati 1-turining eng tezkor futbolchisi bo‘ldi

Published

on


Fayzullayev shuningdek, XXI asrdagi jahon chempionatlarida boshi bilan gol urgan eng past bo‘yli futbolchi sifatida qayd etilib, urugvaylik Jorjian de Arraskaetaga tegishli rekordni yangiladi.

Foto: O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi

O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev 2026 yilgi jahon chempionatining birinchi turidagi eng tezkor futbolchi deb topildi.

SofaScore platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 22 yoshli futbolchi Kolumbiyaga qarshi o‘yin davomida soatiga 36 kilometr tezlikka erishgan. Bu natija birinchi turda maydonga tushgan barcha o‘yinchilar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Fayzullayevdan keyingi o‘rinni xorvatiyalik Yosip Stanishich egallagan bo‘lib, uning maksimal tezligi soatiga 35,9 kilometrni tashkil etgan. Kot d’Ivuar vakili Vilfrid Singo esa 35,8 km/soat natija bilan uchinchi o‘rinni egallagan.

Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston milliy jamoasining mundialdagi ilk goli muallifiga aylandi va shuningdek, XXI asrdagi jahon chempionatlarida boshi bilan gol urgan eng past bo‘yli futbolchi sifatida ham qayd etildi.

Opta statistik platformasi xabariga ko‘ra, bo‘yi 167 santimetr bo‘lgan Fayzullayev urugvaylik Jorjian de Arraskaetaga tegishli rekordni yangiladi. Bo‘yi 173 santimetr bo‘lgan Arraskaeta JCh-2022da Gana darvozasiga bosh bilan gol urgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Nodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi

Published

on


Nodirbek Abdusattorov shu yil fevralida fristayl-shaxmat bo‘yicha FIDE jahon chempionatida bronza medali sovrindori bo‘lgan va 2027 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.

Foto: John Saunders / London Chess Classic

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov blits reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi.

U so‘nggi natijalari evaziga ikki pog‘ona yuqoriladi va Magnus Karlsen hamda Hikaru Nakamuradan keyingi o‘rindan joy oldi.

Ayni paytda Karlsen 2877,4 ochko bilan 1- va Nakamura 2838 ochko bilan 2-o‘rinda joylashgan.

Abdusattorov 2802,5 ochko bilan 3-o‘rinda. 

Nodirbek Abdusattorov shu yil fevralida Germaniyaning Vayssenxaus kurortida o‘tgan fristayl-shaxmat bo‘yicha FIDE jahon chempionatida bronza medali sovrindori bo‘lgan va 2027 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.