Jamiyat
O‘zbek sirk san’atining mashhur namoyandasi Olimjon Toshkenboyev vafot etdi
Uning rahbarligidagi “O‘zbekiston dorbozlari” guruhi ko‘plab xorijiy mamlakatlarda o‘z san’atini namoyish etgan.
Foto: Madaniyat vazirligi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, o‘zbek sirk san’atining mashhur namoyandasi Olimjon Toshkenboyev 81 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi Madaniyat vazirligi.
Olimjon Toshkenboyev uzoq yillar davomida “O‘zbekiston dorbozlari” guruhiga rahbarlik qilgan va milliy dorbozlik san’ati sohasida samarali faoliyat yuritgan.
Uning rahbarligidagi “O‘zbekiston dorbozlari” guruhi ko‘plab xorijiy mamlakatlarda, xususan, Polsha, Germaniya, Misr, Belgiya, Gollandiya, Shveytsariya, Braziliya, Argentina, Kolumbiya, Ekvador kabi mamlakatlarda o‘z san’atini namoyish etgan.
U «O‘zbeksirk» birlashmasida rejissyor lavozimida faoliyat yuritib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirgan.
Jamiyat
Tashkilotlar korporativ pochtalariga kiberhujumlar kuzatilmoqda
Kiberxavfsizlik markazi so‘nggi kunlarda ayrim oliy ta’lim muassasalari va davlat tashkilotlari xodimlariga tegishli korporativ elektron pochta hisoblari ruxsatsiz egallab olinayotgani haqida ogohlantirdi. Ushbu hisoblar orqali respublika bo‘ylab tashkilotlarga zararli havolalar va fayllar tarqatilmoqda.
Markazning UZCERT xizmati tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida korporativ elektron pochta hisoblarining buzilishi bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlangan.
Dastlabki tahlillarga ko‘ra, bunday holatlar xodimlarning ishonchliligi tasdiqlanmagan internet-resurslarda korporativ elektron pochta manzillari orqali ro‘yxatdan o‘tishi hamda kibergigiyena qoidalariga to‘liq amal qilmasligi oqibatida yuzaga kelmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ruxsatsiz egallab olingan elektron pochta hisoblari orqali 50 dan ortiq tashkilotga ommaviy xabarlar yuborilgan. Ularda zararli dasturlar yoki tashkilotlarning axborot infratuzilmasiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan havolalar joylashtirilgan.
Mutaxassislar bunday xatlar rasmiy yozishmalarga o‘xshash ko‘rinishda yuborilayotgani sababli foydalanuvchilar tomonidan ishonchli deb qabul qilinishi va zararli havolalar ochilishi xavfi yuqori ekanini ta’kidlamoqda.
Shu munosabat bilan tashkilotlar va ularning xodimlariga elektron pochta xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, shubhali havolalar va fayllarni ochmaslik, shuningdek ko‘p faktorli autentifikatsiyadan foydalanish tavsiya etildi.
Jamiyat
Sergeli avtomobil bozori uchun alohida lokal yo‘l tashkil etilmoqda
Toshkent shahridagi Sergeli avtomobil bozori atrofidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida harakatni tashkil etishning yangi sxemasi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, bozorga kirib-chiquvchi transport vositalari uchun alohida lokal yo‘l barpo etilmoqda.
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qilishicha, Sergeli avtomobil bozori poytaxtdagi eng yirik transport oqimini shakllantiruvchi hududlardan biri hisoblanadi. Bozor 5 400 ta avtomobil sig‘imiga ega bo‘lib, har kuni uning Yangi Sergeli ko‘chasiga tutash kirish-chiqish nuqtalaridan 1 500 dan ortiq transport vositasi foydalanadi.
Yillar davomida aynan shu holat Yangi Sergeli ko‘chasida transport yuklamasining oshishi va tirbandliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lib kelgan.
Yangi loyiha doirasida tashkil etilayotgan lokal yo‘l bozor bilan bog‘liq transport oqimini asosiy harakat qatnovidan ajratish imkonini beradi. Endi haydovchilar bozorga kirish va chiqishda umumiy transport oqimiga xalal bermasdan harakatlanishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, loyiha doirasida piyodalar va velosipedchilar uchun alohida infratuzilma yaratilmoqda. Bozor hududidagi avtoturargohlarni tartibga solish maqsadida esa 2 mingdan ortiq avtomobil joyi uchun yo‘l chiziqlari chizilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur yechim Yangi Sergeli ko‘chasidagi tirbandliklarni kamaytirish, harakat xavfsizligini oshirish va jamoat transporti harakati samaradorligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Jamiyat
Pora talab qilgan profilaktika inspektorlari qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Samarqand va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritgan ikki nafar profilaktika inspektorining korrupsiyaviy harakatlariga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahar IIO FMB profilaktika inspektori sobiq ichki ishlar xodimining tizimga qayta ishga tiklanishiga mansabdor tanishlari orqali yordam berishini aytib, buning evaziga 7 ming AQSh dollari talab qilgan. U mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Namangan viloyati Chust tumani IIB profilaktika inspektori fuqaroga nisbatan kelib tushgan murojaatni ko‘rmasdan qoldirganligini ro‘kach qilib, undan 2 ming AQSh dollari talab qilgan. U avval 700 dollar olgan bo‘lib, qolgan 1300 dollarni hamda kelgusida davlat chegarasi orqali chorva mollarini noqonuniy olib o‘tishda ko‘maklashish evaziga yana 2 ming dollar so‘ragan.
DXH, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda inspektor navbatdagi pul mablag‘ini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Har ikki holat yuzasidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelganda bu haqda tegishli organlarga xabar berish so‘ralmoqda.
Jamiyat
Yo‘l talashib ayol haydovchini haqorat qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yo‘l talashgan va ayol haydovchini haqorat qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi.
Poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, voqea 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. 41 yoshli haydovchi M.Sh. (erkak) hamda 34 yoshli T.F. (ayol) o‘rtasida yo‘l harakatidagi kelishmovchilik oqibatida janjal kelib chiqqan. So‘ngra erkak uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.
Holat yuzasidan M.Sh. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ayblanib, 15 sutkaga qamaldi. Ayolga himoya orderi berildi.
«Bundan battar so‘kinishlar, haqoratlar bo‘lgan, telefonimni qo‘limdan yulib olib, telefonni bermasliklar… Men ertalabdan beri titrab, o‘zimga kela olmayapman», dedi ayol suddagi ko‘rsatmasida.
«Men kechirim so‘rayman. Boshqa qaytarilmaydi bunaqa narsa. Hurmat qilib, to‘g‘ri yuraman. Jahlni jilovlab, keyin ko‘chaga chiqishni o‘rganaman. Bunaqa narsa boshqa bo‘lmaydi», dedi haydovchi.
Jamiyat
Ayrim shaharlarda harbiy xizmatchilar uchun ijara kompensatsiyasi oshiriladi
Toshkent va Samarqand shaharlarida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan oylik pul kompensatsiyasi 25 foizga oshiriladi. Shuningdek, mudofaa tizimidagi ayrim fuqaro xodimlarning ish haqi ham bosqichma-bosqich ko‘paytiriladi.
Prezidentning “Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va ayrim fuqaro xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026 yil 10 iyundan boshlab Toshkent va Samarqand shaharlarida harbiy xizmatchilarga turar joyni ijaraga olganlik uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdori 25 foizga oshiriladi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mudofaa ishlari boshqarmalari hamda tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida faoliyat yurituvchi fuqaro xodimlarning ish haqi ham ko‘tariladi. Bunda chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbarlari mazkur tartibdan mustasno hisoblanadi.
Qarorga ko‘ra, ushbu xodimlarning ish haqi 2026 yil 10 iyundan 20 foizga, 2027 yil 1 yanvardan esa qo‘shimcha ravishda 50 foizga oshiriladi.
Mazkur o‘zgarishlar mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini 2026 yil 10 iyundan 1,2 baravarga, 2027 yil 1 yanvardan esa 1,7 baravarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.
Hujjat Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan harbiylar va fuqaro xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning moddiy ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.
-
Jamiyat5 days agoQo‘g‘irchoq teatri san’ati an’analarini asrab qolish alohida ahamiyatga ega – Saida Mirziyoyeva
-
Jamiyat5 days agoToshkentda avtobus orqaga yurayotgan payti piyodani bosib ketdi
-
Mahalliy4 days ago
So‘z mulkining so‘nmas chirog‘i Ibrohim G‘afurov vafot etdi
-
Mahalliy4 days ago
Media haftalik yangi ufqlarni ochmoqda
-
Jamiyat4 days agoMurojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzgan 19 nafar xodim ishdan olindi
-
Dunyodan3 days ago
Aktyor Jeyms Handi qotillik qurboniga aylandi
-
Jamiyat4 days agoOlti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
-
Iqtisodiyot3 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
