Sport
o‘zbek klublari budjetdan pul ola boshladi
Shu kunlarda o‘zbek futboli muxlislari orasida bir mavzu muhokama markazida: klublarga davlat budjetidan beriladigan pulning bir qismi berildi, lekin maosh to‘lashda limit bor ekan – bir kishiga 27 million so‘mdan ko‘p maosh berib bo‘lmaskan. Chindan shunaqa bo‘ldi, klublar hisobiga tarixda ilk marta to‘ppa-to‘g‘ri budjetdan milliardlab pul kelib tushdi, lekin nyuanslar bor.
Limit: eng ko‘pi 27 million!
Yangi tartibga ko‘ra, Superliga klublariga homiylik qilib kelgan yirik davlat korxonalari homiylik pullarini bir fondga tashlay boshladi. O‘FA nazorati ostida har bir yuqori divizion jamoasiga 35 milliard so‘m pul bo‘lib-bo‘lib tashlab beriladi. Birinchi partiya allaqachon klublar hisobiga o‘tkazildi. Bu pullarni qanday taqsimlash bo‘yicha O‘FA va PFL rahbariyati ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda aniq qilib aytilgan: davlat bergan puldan hech kimga 27 million so‘mdan ortiq maosh berib bo‘lmaydi. Soliqlarni hisobga olsa, futbolchilar eng ko‘pi bilan 23 million so‘m atrofida maosh olishi mumkin.
Shuningdek, klubdagi boshqa xodimlarga ham qanchadan pul berish mumkinligi belgilab berilgan. Masalan, bosh murabbiy 10 million so‘mdan kamroq maosh oladi. Bu talablar ba’zi klublarni shokka tushirdi. Chunki yil boshida futbolchilar bilan, xususan, sal maosh kechiksa, FIFAga yugurib borib yozishni yaxshi ko‘radigan legioner futbolchilar bilan shartnoma imzolab bo‘lingan, ular 23 millionga butsasining ipini ham bog‘lamasligi aniq. Bundan tashqari, hozir mahalliy futbolchilarning maoshi juda katta, klublar arzonroq tushadi deb legioner olib kelyapti.
Eshitishimcha, poytaxt klublaridan birida legioner futbolchilar bunaqa maoshni eshitib mashg‘ulotlarda qatnashishdan bosh tortibdi. Buni ham tushunish mumkin, ular ham futbol o‘ynab oila boqaman deb boshqa davlatga kelib yuribdi, musofirchilikda yeb-ichgandan tashqari oila uchun 3-4 so‘m topmasa bo‘lmaydi.
«Bunyodkor»ga o‘xshagan klublarda vaziyat yanada qiyin. Chunki «qaldirg‘ochlar» almisoqdan qolgan Rivaldo va Denilsonning qarzlarini to‘lashga majbur. Piar uchun olib kelingan bu futbolchilar, ishoning, o‘zbek futboliga hech nima bergani yo‘q, bermasligi aniq edi. Qarz ham oz emas, deyarli 9,5 million dollar! Bu so‘mda qancha bo‘lishini hisoblashga ham qo‘rqadi odam, kalkulyatorga sig‘may ketsa ham kerak.
Aytgancha, uzoq yillar «Bunyodkor», «Nasaf», «Buxoro», «Mash’al», «Sho‘rtan» kabi klublarni moliyalashtirib kelgan «O‘zbekneftgaz» vakilining aytishicha, tashkilot har yili futbol uchun 300 milliard atrofida pul berib kelgan. Bu 25 million dollar degani, adashmasam. Birgina tashkilot har yili shuncha sarflagan bo‘lsa, o‘n yillar davomida futbol klublariga davlat korxonalaridan qanaqa katta pullar berilganini hisoblab olavering.
Aslida futbol ichidagi odamlar uchun bu yangilik emas, oxirgi paytlardagi xabarlardan keyin ko‘pchilik futboldagi pullarni hisoblab qoldi va juda ko‘p vatandoshlarimiz futbolga qanaqa katta davlat pullari berilishini eshitib hayratdan yoqa ushlamoqda.
Endi yana 27 million masalasiga qaytsak. Klublar bir narsani to‘g‘ri tushunishi kerak, davlat hech kimga futbolchisining 10 ming, 20 ming, 30-40 ming dollarlik maoshini to‘lab berishni va’da qilayotgani yo‘q, bunga majbur ham emas. Davlat xarajatlarning bir qismini mayli, biz beramiz, qolganini o‘zingiz toping, kerak bo‘lsa, eshikma eshik homiy izlang, deyapti.
Klublarni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Ular yil boshida futbolchilar bilan shartnoma imzolab qo‘ygan, futbolchilar kam pulga o‘ynamaydi, butun dunyoda shunaqa. Agar mavsum yakunlangach shunaqa tartib belgilansa, keyingi mavsum klublar ko‘rpasiga qarab oyoq uzatgan bo‘lardi.
27 million hozirgi katta futbolchilar uchun chindan kam pul, lekin o‘rinbosarlar jamoasida yugurib yurgan yosh yigitga buncha pul bersangiz, qanaqa ishtiyoq bilan futbol o‘ynashini tasavvur qilavering. Kechagina maktabni bitirgan, tushlik ovqatini uydan termosga solib olib yuradigan yigitcha o‘yini o‘xshab asosiy jamoaga tushib, uyiga har oy 2 ming dollar pul olib borsa, uning uyida bayram bo‘ladi. Lekin oyiga 10 ming olib yurgan professionalga 2 ming bersangiz, undan natija kutish befoyda.
Aslida davlat bo‘ldi, ertadan futbolga bir so‘m yo‘q, deyishi ham mumkin edi. Lekin «birdan kislorodni uzishni istamadi», har qancha og‘riqli bo‘lmasin, 2-3 yil klublarga oz-ozdan yordam berib turishga qaror qildi. Bu vaqt ichida klublar xususiylashib olishi, homiylar jalb qilishi kerak.
Ko‘pchilik yangi tartibni davlat endi budjetdan futbolga pul berarkan deb talqin qilgandi, lekin bunday emas, davlat o‘n yillardan buyon shundog‘am futbolga berilayotgan pul miqdorini keskin kamaytirdi. Buning ilk achchiq ta’sirini klublar hozirdan seza boshladi. Futbolimiz baribir bu kunlardan o‘tishi, qachondir davlat pullari futbolga emas, asfaltga, maktab, kasalxona qurishga ishlatilishi kerak edi.
Bizning futbol darajasi baland, ishonaman, bu qiyin kunlardan chiqib keta oladigan darajada baland. Hozirgi holatda har ikki tomonni to‘g‘ri tushunish kerak, klublarni, futbolchilarni qoralashga shoshilmang, vaziyatni tushunib olishga harakat qiling. Men hozir kimdir tomonda bo‘lishni istamayman, shunchaki vaziyat qanaqa ekanini tushuntirishga intildim. Futbolimiz yangi tartibni achchiq tajriba sifatida qabul qilib, yangi choralar izlashi kerak. Axir dori ham achchiq bo‘ladi, lekin keyin odamni tuzatadi…
Sport
«Istanbul Boshoqshehir» Eldor Shomurodovni to‘liq sotib oladi
30 yoshli futbolchi Turkiya klubining to‘laqonli a’zosiga aylanadi.
O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiyaning «Roma» klubidan Turkiyaning «Istanbul Boshoqshehir» klubiga rasman ko‘chib o‘tadi. Turkiyaliklar 30 yoshli futbolchini to‘liq sotib olish bandini faollashtirdi.
Rim klubi futbolchi ketishini tasdiqladi. Bungacha forvard turk jamoasida ijarada to‘p tepayotgan edi, ammo kelishuv shartlariga ko‘ra, «Istanbul Boshoqshehir» Superligadagi joyini saqlab qolgandan so‘ng, o‘yinchini sotib olish majburiyatiga ega edi.
Transfer summasi 2,8 million yevroni tashkil qiladi, shu bilan birga «Roma» ijara uchun alohida 3 million yevro olgan. Shuningdek, «bo‘rilar» futbolchining keyingi transferidan 10 foiz ulushga ega bo‘ladi.
Shomurodov Turkiya chempionatida 30 o‘yinda 18 ta gol urib, 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan. «Istanbul Boshoqshehir» chempionat yakuniga 4 tur qolganida 5-o‘rinni egallab turibdi.
Sport
O‘zbekiston milliy xokkey jamoasi jahon chempionatining III divizionida g‘olib chiqdi
Xokkeychilar Hongkongda o‘tkazilgan turnir davomida raqiblaridan sezilarli ustunlikni namoyish etib, 97 ta shayba urishga muvaffaq bo‘ldi.
Foto: Federatsiya xokkeya RUz
Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi IIHF 2026 yilgi jahon chempionatining III divizioni B guruhida g‘olib chiqdi. Bu nufuzi jihatdan 6-o‘rindagi liga hisoblanadi.
Latviyalik mutaxassis Normunds Seyyeys bosh murabbiyligidagi jamoa Hongkongda o‘tkazilgan turnir davomida raqiblaridan sezilarli ustunlikni va yuqori sermahsullikni namoyish etdi. Jumladan, Mo‘g‘uliston (26:1), Filippin (28:3), KXDR (20:3), Lyuksemburg (14:0) va Hongkong (9:4) mag‘lub etildi.
Yakuniy jadval quyidagicha: O‘zbekiston – 15 ochko, KXDR – 12, Honkong – 9, Lyuksemburg – 6, Mo‘g‘uliston – 3, Filippin – 0.
Turnirning eng yaxshi bombardiri va mergani O‘zbekiston milliy jamoasi vakili Vadim Kravchenko bo‘ldi. Uning hisobida 35 ochko (19 gol va 16 uzatma) bor.
Kelgusi mavsumda O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatining III divizioni A guruhida ishtirok etadi. Unga Tayvan, Bosniya va Hersegovina, Tailand, Meksika va Janubiy Afrika raqiblik qiladi.
Sport
Superliga. Peshqadamlar poygasi va «Bunyodkor»dan superkambek
O‘zbekiston Superligasida 8-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Peshqadamlar – «Paxtakor» va «Neftchi» navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi. «Bunyodkor» 0:2 hisobida ortda qolayotganiga qaramay, kuchli iroda namoyish etib, yakunda zafar quchdi. «Navbahor» yaxshi tezlanish oldi va qatorasiga to‘rtinchi g‘alabaga erishdi.
17-19 aprel kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 8-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
PAXTAKOR 4:2 DINAMO
Gollar: Doston Hamdamov, 9 (1:0), Bashar Resan, 22 (2:0), Anvar Hojimirzayev, 25 (2:1), Azizbek Amonov, 27 (2:2), Doston Hamdamov, 60 pen (3:2), Bashar Resan, 71 (4:2)
«Paxtakor» o‘z maydonida gollarga boy o‘yinda «Dinamo»ni mag‘lub etdi va peshqadamlikni davom ettirmoqda. Toshkentliklar futbolchisi Doston Hamdamov ikkita gol urdi va to‘purarlar bahsida yetakchilik qilyapti. Uning hisobida 6 ta gol bor. «Dinamo» hamon jadval tubidagi «xavfli hudud»da boryapti.
NeFTChI 2:1 NASAF
Gollar: Yovan Jokich, 17 (1:0), Bobur Abduholiqov, 45+4 (1:1), Jamshid Iskanderov, 64 pen (2:1)
«Neftchi» qiyin kechgan bahsda «Nasaf» qarshiligini sindirdi va «Paxtakor» bilan peshqadamlik uchun kurashni davom ettiryapti. Farg‘onaliklar g‘alaba golini penaltidan urishga muvaffaq bo‘ldi. «Nasaf» uch o‘yindan buyon g‘alaba qozonolmayapti va 6-o‘ringa tushib qoldi.
LOKOMOTIV 0:2 NAVBAHOR
Gollar: Vanya Ilich, 3 (0:1), Ruslanbek Jiyanov, 16 pen (0:2)
«Navbahor» safarda «Lokomotiv»ni ishonchli tarzda mag‘lub etdi va peshqadamlarni ta’qib qilmoqda. Namanganliklar chempionatda yaxshi tezlanish oldi va qatorasiga 4 ta g‘alabaga erishib, uchinchi o‘ringa mustahkam o‘rnashdi. «Lokomotiv» 9-o‘rinni egallab turibdi.
SO‘G‘DIYoNA 2:3 BUNYoDKOR
Gollar: Lyupcho Doriyev, 4 (1:0), Lyupcho Doriyev, 26 (2:0), Bilolxon Toshmirzayev, 38 (2:1), Bilolxon Toshmirzayev, 50 (2:2), Bilolxon Toshmirzayev, 69 (2:3)
«Bunyodkor» safarda «So‘g‘diyona» bilan o‘ynadi va 0:2 hisobida ortda qolayotganiga qaramay, kuchli iroda namoyish etib, yakunda g‘alabani ilib ketdi. Bilolxon Toshmirzayev uchta gol urishga erishdi. Toshkentliklar 4-o‘rinni egallab turibdi. «So‘g‘diyona» jadval tubidagi «xavfli hudud»ni tark etolmayapti.
OKMK 3:2 BUXORO
Gollar: Siavash Haqnazariy, 9 (1:0), Mirjamol Qosimov, 12 (2:0), Sherzod Esanov, 29 (2:1), Sherzod Esanov, 34 (2:2), Nodirbek Abdurazzoqov, 77 (3:2)
OKMK muvaffaqiyatsiz startdan keyin qatorasiga 2 ta g‘alabaga erishib, 8-o‘ringa chiqib oldi. Olmaliqliklar bu safar chempionat kashfiyoti bo‘lib turgan «Buxoro»ni mag‘lub etishga erishdi.
MASh’AL 0:1 XORAZM
Gol: Vlatko Stoyanovski, 84 avtogol (0:1)
Yaqqol autsayder «Mash’al» chempionatdagi ilk ochkosini qo‘lga kiritishga yaqin edi. Ammo himoyachisining avtogoli «Xorazm»dan uchralgan mag‘lubiyatga sabab bo‘ldi. Muborakliklar jadval tubiga «mustahkam o‘rnashib» qoldi.
QO‘QON-1912 0:0 ANDIJON
«Qo‘qon-1912» qatorasiga to‘rtinchi durangni qayd etdi, «Andijon» shuncha o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti.
SURXON 0:1 QIZILQUM
Gol: Shahzod Rahmatullayev, 81 (0:1)
«Surxon» so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yutqazdi. «Qizilqum» to‘rtta o‘yindan iborat mag‘lubiyatli seriyasiga barham berdi va 10-o‘ringa ko‘tarildi.
8-turdan keyin Superliga jadvali
Superliga to‘purarlari
Superliga 9-tur o‘yinlari
22 aprel
SURXON – MASh’AL
BUXORO – PAXTAKOR
23 aprel
NAVBAHOR – SO‘G‘DIYoNA
NASAF – LOKOMOTIV
DINAMO – OKMK
24 aprel
XORAZM – NeFTChI
QIZILQUM – QO‘QON-1912
BUNYoDKOR – ANDIJON
Sport
Afro‘za Hamdamova rapid yo‘nalishida jahon chempioni
Shu yilning 14–21-aprel kunlari Serbiyaning Vrniachka Bania shahrida 8–18 yosh toifasida rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkazilmoqda.
Rapid bahslari yakuniga ko‘ra, 18 yoshgacha qizlar o‘rtasida Afro‘za Hamdamova 8,5 ochko bilan jahon chempioni bo‘ldi.
Shuningdek, 12 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Islombek Husanov bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Husnoraxon Husnitdinova esa blits masalalar yechish bo‘yicha jahon chempionatida 2-o‘rinni egalladi.
Blits bahslari g‘oliblari 20-aprel (bugun) kuni aniqlanadi.
Sport
Xokkey. O‘zbekiston jahon chempionatida bir divizion yuqoriladi
Honkongda xokkey bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining III divizion «B» guruhidan o‘rin olgan bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi barcha raqiblarini o‘ta yirik hisoblarda mag‘lub etib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi.
Qayd etilgan natijalar:
O‘zbekiston — Mo‘g‘uliston 26:1
O‘zbekiston — Filippin 28:3
O‘zbekiston — KXDR 20:3
O‘zbekiston — Lyuksemburg 14:0
O‘zbekiston — Gonkong 9:4
Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng terma jamoamiz kelasi yil III divizionning «A» guruhida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
-
Siyosat5 days ago
«Muruvvat» internat uylari «G‘amxo‘rlik» markazlariga aylantiriladi
-
Dunyodan3 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Jamiyat3 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazo qat’iylashtirildi
-
Dunyodan4 days ago
Eron nega Hurmuzni yana qamal qildi?
-
Dunyodan2 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat4 days agoTurk kompaniyalari Farg‘ona xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishni kuchaytirmoqda
